Varroq at-Termiziy
Varroq at-Termiziy
Bu ulug' zotning ismi-sharifi qadimiy manbalarda
quyidagicha bitiladi: Ash-shayx Abu Bakr Muhammad binni Umar al-Hakim al-Varroq
at-Termiziy. Ash-shayx va al-Hakim - unvon, Abu Bakr-kunya, Muhammad-ismi,
Umar-otalarining ismi, Varroq-taxal-lusidir. At-Termiziy deyilishiga bois, uni
boshqa Varroq taxallusli allomalardan farqlash uchun ishlatilgan va shu orqali
ul zoti sharifning termizlik ekanligi ta'kidlangan. O'tmishda qadimiy va ko'hna
kitoblarni qayta ko'chirish va muqovalash bilan shug'ullangan kishilarga
«varroq» deyilgan. Keyinchalik bu istiloh shoir va adiblarga nisbatan ham
qo'llana boshlaydi. «Varroq» so'zi arabcha «varoq» so'zidan olingan, Abu Bakrga
bu taxallus nima uchun berilgani noaniq, ammo buyuk yurtdoshimizning she'riy devoni
borligini mutafakkir Alisher Navoiy e'tirof etadi.
Varroq Termiziy asli Balxning Ayoz degan joyida dunyoga kelgan va xuddi shu
Balxdagi Siyoxjurd (goho Siyohgurd) qishlokida olamdan ko'z yumadi, o'z
vasiyatiga ko'ra Termizda dafn etiladi. Varroqning tavallud sanasi aniq emas,
lekin allomaning vafoti yili sifatida 907 (hijriy 294) yil qabul qilingan,
biroq bu sanani hali barqarorlashtirish lozim. Varroq umrining ma'lum qismini
Balxda o'tkazadi va mashhur so'fiy Ahmad Xizraviya (vafoti 855)ning yaqin do'stlaridan
biri bo'lgan. Varroqning ota-bobolari termizlik, Varroq zoti oliylari, buyuk
ajdodimiz ulug' muhaddis Iso Termiziy (824-892)ning tog'alari hamdir. Varroq
Termiziy muqaddas «qur'oni Karim»dan tashqari yana osmoniy kitoblardan «Tavrot»
va «Injil» larni ham o'qigan bo'lib, davrining eng odobli avliyosi degan nom
bilan shuhrat qozongan. «Tavrot» va «Injil»ni o'qiy oladigan kishi, tabiiyki,
yahudiy va yunon tillarini mukammal egallagan bo'lishi lozim edi, demak, Varroq
bu tillarni bekamu ko'st bilgan.
Zamondoshlari tomonidan ilm va xikmat xazinasi tarzida ta'riflangan Varroq
Termiziy hakimiya tariqati asoschisi al- Hakim at-Termiziyning sodiq shogirdi
va Hakim Termiziy sulukining sobit davomchilaridan biridir. Varroq ayni zamonda
al-Hakim xususidagi naql va rivoyatlarning saqlanib qolishida hamda bizgacha
bezavol yetib kelishida katta xizmat qildi. Al-Hakim hayotiga oid ibratli
rivoyatlarni keyingi davr avliyoshunoslari (Hajviriy, Ansoriy, At-tor) o'z
tazkiralari («Kashful maxjub», «Tabaqatus so'fiya», «Tazkiratul avliyo»)ga
ilova etar ekanlar, albatga, Varroqqa havola qilishadi. Varroq haqidagi shu
kabi rivoyatlar uning o'z shogirdlari Abulqosim Hakim Samarqandiy va Hoshimiy
So'g'diylar orqali yetib kelgandir. Ustoz va shogardlar bir-birlaridan ko'p naql
qilishar va hatto Hoshimiy So'g'diy umrining oxirigacha Varroqning yonida
bo'lgan. Attor (vafoti 1221)ning aytishicha, Varroq muridlarini safar qilishga
rag'batlantirmas ekan, bu hodisa esa o'z navbatida Naqshbandiya tariqaning
«Safar dar Vatan», «Hilvat dar anjuman» qoidalarining mohiyatan hakimiya
tariqatining davomi sifatida jaranglashini isbotlaydi. Chunki hakimiya sulukida
uzlatga chekin (uzoq safarga ket) masdan uning talablarini uyda, ya'ni maskanda
ham bajo keltirish mumkinligi targ'iboti va tashviqoti ustuvor sanaladi.
VarroqTermiziy qator asarlarning muallifi, uning «Kitob al-ixlos», «Kitob
al-huruf», «Kitob al-ajab», «Kitob hadiqat al-botin», «Odob al-olim val
mutuaallim» tasnifotlari mavjud. Varroqning «Odob al-olim val mutuaallim»
kitobi 1939 yili qohirada nashr etilgan, unda bilim haqida so'fiyona qarashlar
talqini tajassum topgan. So'fiyona talqinga binoan, iymon (e'tiqod)dan so'ng
yaqin (ishonch) turar ekan, buni Varroqning o'zi ham e'tirof etadi. So'fiylik
ta'limotida ishonch (ya'ni yaqin) aksar vaqt nur tarzida namoyon bo'lishi
ta'kidlanadi, demak, so'fiylikda nur - bu ilm, aniqrog'i nur - bu Olloh.
Shundan Varroq Olloh taoloni faqatgina ilm vositasida anglash, bilish va topish
mumkin, degan da'voni ilgari suradi. Xulosa shuki, nur - Olloh, yaqin (ishonch)
- Olloh, iymon (e'tiqod)-Olloh, demak, barcha narsalar zamirida Olloh yotadi va
Olloh - barcha hodisotlarning asil ibtidosi. Varroqning bu fikrlariga al-Hakim
at-Termiziy so'zlari ravshanlik kiritadi. Al-Hakim aytadi: «Olloh dastlab
ilmni, undan keyin hikmatni yaratgan, hikmatdan adolat va haqiqatni vujudga
keltirgan ham Ollohdir».
Mahmud ibn Vali (XVII asr)ning ta'kidlashicha, al-Hakim at-Termiziy va Abu Bakr
Varroq janobi oliylarning nurafshon qabrlari Termiz shahri devorlarining
janubiy tomonida joylashgan. Allomalar qabri joylashgan mahallaning nomi
Mashohid deyilgan va bular shuning isbotiki, Varroq qabri ustozi al-Hakim
qabriga yaqin yerda bo'lgan. Qolaversa, Varroq qabrini Kaptarxonada yoki
Jarqo'rg'onda deb e'tirof etuvchilarning fikri ham o'z galida inkorini topadi.
Varroq o'z zamonasi obidlarining qiblagohi, zohidlarining eng muqaddas
nisbalarini olgan ulug' mutafakkirdir. Bizgacha Varroqdan ko'plab hikmatlar va
hayotidan ibratli rivoyatlar yetib kelgan, quyida shulardan ayrimlarini hukmingizga
havola etamiz.
Hikmatlar: Jami barakotlarning kaliti sabrdadir. Sabrni ehtiyot qil, zero, sabr
sen bilan nafs o'tasidadir. Sadoqatni asragin, chunki u sen bilan Olloh
o'rtasidadir. Kimki, o'z ishlarining rivojini osmondan deb bilsa sabr qilsin va
kimki bu ishlarni yerdan desa hayratlansin. Kimki o'z nafsiga mahliyo bo'lsa,
kibr va hasad, xorlik va xo'rlik unga sherikdir. Sukut oriflik (xudoni
bilish)ning belgisidir va bu xil oriflarning kalomi hamisha maroqlidir.
Anbiyodan keyin hakimlar turadi, hikmat ahlini aytmasa, nubuvvatdan so'ng hech
narsa yo'q, ahli hikmatning hukmi amri vojibdir. Hikmatning nishonasi sukutdir
va so'z aytish hojat qadar bo'lmog'i zarur. Varroqdan zuhd haqida so'rabdilar,
u debdi: Zuhd (arab alifbosida uch harfdan iborat so'z), ya'ni Zo(zayn) - tarki
ziynat, Ho(hoyi havvaz) - tarki havo, ya'ni kibru havo tarkini shior aylamak,
Dol - tarki davlat. Varroq hamisha e'tirof etar ekan: Ko'p so'zlash yurakni
xasta qilur.
Rivoyat: Varroq butun umr Xizr alayhissalomni ko'rish niyatida yashabdi. Varroq
odati bo'yicha har kuni qabristonga borib kelar va shu borib kelish chog'ida
«qur'oni Karim»dan qator suralarni ichida o'qir ekan. Bir kuni endi uyidan
chiqqan mahal, unga bir nuroniy chol salom beribdi va men bilan suhbat
qurasanmi deb so'rabdi. Varroq bajonu dil ko'nibdi. Ular suhbatlashib
qabristonga borib qaytishibdi va xayrlashish payti haligi nuroniy chol unga
debdi: «Sen butun umr Xizrni ko'rmoq orzusida eding, men Xizrman. Sen bugun men
bilan suhbat qurib, o'zingning eng sevimli mashg'uloting «qur'on» o'qish
odatini buzding. Agar Xizr bilan suhbat qurmoq shunday bo'lsa, boshqalar bilan
suhbat qurish qanday bo'lar ekan!»
Yusuf Hayyot Termiziy
Yusuf Hayyot Termiziy IX-X asrlar yetuk shayxi, islom dini donishmandlaridan
biridir. U kishi so'zda juda o'tkir bo'lgan, uning ajoyib fazilatlarini Varroq
Termiziy yuqori baholagan. Alisher Navoiy «Nasoyimul muhabbat»da donishmandona
ta'birlardan, ma'no-mohiyati obdan sharhlanishi lozim hikmatlardan bittasini
Yusuf Hayyot Termiziydan keltiradi: «Sen uyingdan qanchalar uzoqqa ketma,
baribir, qayta uyingga qaytasan». Hayyot Termiziyning bu aytganlaridan
murod-muddao shuki, inson nechog'lik yuksak ufqlarga faxru g'ururga intilmasin,
u, albatta, uyiga- tuproqqa qaytadi, u tuproqdan yaratilgan va tag'in tuproqqa
- o'zligiga qaytishi muqarrar. Varroq Termiziy aytar ekanki: «Hayyot
Termiziyning bu so'zlari yuz yillik ibodatdan yaxshirokdir».
Комментариев нет:
Отправить комментарий