IJTIMOIY-IQTISODIY
HAYOT
Eramizning I-IV
asrlarida hukmronlik qilgan Kushon imperiyasi davrida Surxondaryo vohasi
iqtisodiy, madaniy jihatdan taraqqiy etadi. Ammo III asrning ikkinchi yarmida
saltanatda yuz bergan kuchli to'qnashuvlar, imperiyani halokat yoqasiga olib keladi. Kushon saltanati Eron
Sosoniylari qo'shinlari tomonidan mag'lubiyatga uchragach, uning yerlarida
bosqinchilarga qaram viloyat tashkil etiladi. Bu yerlar asosan Baqtriya -
Toxariston hududiga to'gri keladi, viloyatni asosan sosoniy shahzodalar idora
qila boshlaganlar.
Mamlakatimiz tarixida alohida e'tiborga ega bo'lgan Tohariston mil.avv. I
ming yillikning so'nggi II-I asrlariga kelib mintaqaning Baqtriya qismida
Toxariston vujudga keldi. Toxariston tarixiy manbalarda milodiy 338 yildan boshlab
uchrasada, lekin tohar(yuyechjey)lar o'z hukmronligini o'rnatgan.
Yuyechjeylar xunlar tazyiqidan qochib, Baqtriya hududiga kelib joylashdilar,
miloddan avv. 130 yil toharlar Baqtriyaning yunonlar ta'siriga uzil-kesil
chek qo'ydi. Ular Amudaryoning o'ng qirg'og'ida joylashgan hududlarni hamda
Surxon vohasining qo'yi oqimidagi viloyatlarni o'z tasarruviga oldilar. Xitoy
tarixchilarining manbalariga asoslanib, Toxariston shimoldan kirib kelgan
toxarlar (yuyechjiylar) hamda mahalliy mavqeiga ega bo'lgan 5 ta siyosiy
xonadon tomnidan boshqarilgan. Bular Xiyumi, Shuanmi, Guyshuan (Kushon),
Xaytun, Gaofu xonadonlari. Ularning har biri ustidan turuvchi sardor yabg'u
(jabg'u) unvoniga ega bo'lgan rahbarlar ishni boshqargan. Toxariston
siyosiy-ma'muriy boshqaruvida Xitoy manbalarida qayd etilishicha, Yuyechjiy
aslida ko'chmanchi davlat ahli mol-holi bilan bir joydan ikkinchi joyga
ko'chib yuradi, urf-odatlari xunlarnikiga o'xshash bo'lgan.
Toxaristonda toxarlar iqtisodiy va madaniy hayotga ko'p aralashmay mahalliy
sulolalardan soliq olish hisobiga yashaganlar. Baqtriya Toxaristonda 1
millionga yaqin aholi yashab, mamlakatda sun'iy sug'orish, hunarmandchilik,
quruvchilik, to'qimachilik ancha rivojlangan. Buyuk ipak yo'lining
rivojlanishi natijasida janubiy Yevropa, Kichik Osiyo, Hindiston bilan
bog'laydigan savdo-sotiq yo'llari rivojlandi. Toxariston bilan Xitoy
o'rtasida iqtisodiy savdo aloqalari ancha taraqqiy etdi va ushbu hududda
iqtisodiy-madaniy taraqqiyot ancha yuksaldi. Xitoy sayyohi Chjan Syanning
taxminan mil. avv. 128 yil ma'lumotiga qaraganda yuyechjiylar Toxaristonda
tinch hayot kechirishib, ular xunlarga qarshi urushga qatnashishga rozi
bo'lmaydilar. Toxariston
milodiy I-IV asrlarda dong taratgan Kushonlar imperiyasining tashkil topishda
alohida hissa qo'shganlar.
IV asrning 60-70-yillarida Shopur II Markaziy Osiyo yerlariga shimoldan kirib
kelgan xioniylar bilan kurash olib boradi va ikkinchi marotaba yengiladi.
Milodiy 380 yilda xion qabilalarining harakati tufayli Shimoliy Toxaristonda
xion qabilalarining mustaqil viloyati vujudga keladi. Sharqiy Toxaristonda
esa eftaliylar uyushmasidan iborat birlik tashkil topadi. Mamlakatimiz
tarixida alohida o'rin tutgan eftaliylar davlati ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan
rivojlangan davlatlar qatorida ajralib turgan. Eftaliylar siyosiy hukmronligi
V asr va VI asrning ikkinchi yarmiga qadar mavjud bo'lgan. Eftaliylar haqida
xitoy, hind, fors, arman, suriya, lotin tarixiy manbalari ma'lumot beradi.
Xitoy manbalarida Eftaliylar ida, iyada, idan, idyan atamalari bilan, suriya
va lotin manbalarida eptal, abdal; arman manbalarida idal, tetal, xeptal;
arab va fors manabalarida haytal, yaftal, hatal; hind manbalarida huna kabi
nomlar bilan qayd etilgan. Xitoy manbalarida eftaliylarni yuyechji yo uyg'ur
qabilalariga tegishli ekanligi ta'kidlab o'tiladi. Vizantiyalik tarixchi
Prokopiy eftaliylar xunnlardandir, tanalari esa oq, deb ma'lumot beradi.
Pahlaviy yozuvida bitilgan «Bahman-Yasht»dagi manbada Erondagi podshohlik va
oliy hokimiyat eroniy bo'lmagan qulvachchalarga, ya'ni xion, turk, haftal
(eftal), tibetliklar qo'liga o'tdi. Shuningdek «Bahman-Yasht»da lo'nda qilib
eftaliylar eroniy emas, deb yozib qo'yilgan. Xitoy manbalarida Idan
(eftaliylar) sulolasi Xan sulolasi davridan ma'lum katta Yuyechji avlodidir.
Daxya (Baqtriya) bu Tu xo la (toxariston) demakdir. Bu yerlik hukmdorlarning
nomi Iede (Eftal, eftalan, eftalit) bo'lib, bu nom bilan davlat nomi atalgan.
Eftal avlodlari mamlakatni mustahkamlash uchun bir qator muhim islohotlar
o'tkazib, o'zlarini hukmron mavqelarini ancha mustahkamlab oldilar. Taxminan
457 yili Vaxshunvar (Axshunvar) boshliq Eftaliylar Chag'oniyon (Surxondaryo
viloyatining Termizdan yuqori qismlari), Toxaritson, Badaxshonda o'z
hokimiyatlarini o'rnatdilar. Rim tarixchisi Prokopiy (VI asr)ning yozma manbalarida
«Eftaliylar davlatni qonunlar asosida boshqaradilar», deb ta'kidlaydi. Chunki
davlatni ma'muriy-siyosiy jihatdan boshqarish uchun mukammal qonunchilik
hamda qattiqqo'l siyosiy boshqaruv tizimi mavjud bo'lgan. Eftaliylar davrida
mintaqada so'g'dcha, xorazmcha, buxorocha, karoshti (kxaroshtxi), eftaliycha
yozuvlar madaniy jarayonga o'z hissasini qo'shgan. Eftaliy yozuvi haqida
chinlik Syuan Szan quyidagicha ma'lumot keltiradi: «Yozuvlaridagi asosiy
harflar soni yigirma beshta bo'lib, ular yordamida iboralar, so'zlar
yasaydilar. Sahifaga xatni eniga tushiradilar, chapdan o'ngga qarab
o'qiydilar». Eftaliylar davlatidagi xalqlar zardushtiylik, qadimiy
e'tiqodlardan Siyovush, Anaxita, Mitraga, Buddoviyparastlik (asosan Shimoliy
Hindistonda) kabi dinlarga e'tiqod qilgan.
Sosoniylar Eroni Toxariston yerlarini yana qaytarib olish uchun harbiy
harakatlar olib boradi. Xususan, Yozdigard II davrida bu harakatlar yanada
kuchayadi. Arman tarixchisi Yegishe Vardanetning yozishicha, Sosoniylar shohi
Xoiniylar bilan ikki yil kurash olib borib, ularni bo'ysundira olmagan.
Sharqiy Toxaristondagi boy berilgan yerlarni qaytarib olish uchun Eftaliylar
bilan Sosoniylar o'rtasidagi to'qnashuvlar V asrning 30-yillaridayoq sodir
bo'lgan edi. Arman tarixchisi Vardanetning yozishicha, V asrning 50-yillarida
Eftaliylar ittifoqining kuchayib ketishi natijasida, ular janubdagi yerlarga
qarab siljiy boshlaganlar. Taxminan 457 yilda Vaxshunvar boshchiligidagi
Eftaliylar Chag'oniyon, Toxariston, Badaxshonda o'z hokimiyatini o'rnatadilar.
Eftaliylar VI asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyoning bu katta qismini
birlashtirgan kuchli davlat tuzadi. Qisqa vaqtga bo'lsa-da, o'z davlatining
asosiy o'zagini tashkil etgan Toxariston yerlarini Sosoniylar Eroniga
qaramlikdan saqlab qola oladi. 563-567 yillarda turk xoqonligining hujumi
tufayli Eftaliylar mag'lubiyatga uchraydi, ammo Eftaliylar hukmronligi
Chag'oniyonda saqlanib qoladi.
Turk haqoni Istemi va Xusrav I Anushervon orasida tuzilgan shartnomaga ko'ra
Xusrav I Anushervon 571 yili Chag'oniyonni va Eftaliylarga qaram bo'lgan
boshqa joylarni oladi. Shu tariqa, Chag'oniyon deyarli yetmish yil Eftaliylar
davlati tarkibida bo'ldi. Chag'oniyon Eftaliylar tarkibida ham, Sosoniylar
davlatiga kirganda ham muayyan darajada mustaqil bo'lgan. Qizig'i shundaki,
Xusrav Anushervon egallagan o'sha vaqtdagi barcha Baqtriya viloyatlari
orasida ad-Dinovariy faqat Taxoriston va Chag'oniyonni ko'rsatib
o'tadi.
O'zbekiston janubining Eftaliylarga bo'ysunganligini Peruz tangalariga
taqlidan yasalgan eftalit tangalarining Termiz, Xayrobodning barcha hududidan
topilganligi ham tasdiqlaydi. Bir muncha keyinroq, aniqrog'i VII - VIII
asrlar birinchi yarmida Chag'oniyonda Chochning turkiy hokimi va Markaziy
Osiyoning boshqa viloyatlari hukmdorlari tangalariga taqlidan zarb qilingan.
Bu tangalarning old tomonida hukmdor va uning rafiqasining tasviri, orqa
tomonda esa yuqori va pastki uchlari ilgaksimon romb shaklidagi tamg'a
bo'lgan. Sosoniylar zarb qilgan tangalarga taqlidan yaratilgan oldingi
tangalar bilan Chochning turkiy hukmdorlari tangalariga taqlid qilib zarb
etilgan mazkur tangalarning bir-biridan keskin farq qilishiga asoslanib,
Chag'oniyonda VII asrning birinchi yarmida hukmdor sulolalar almashuvi sodir
bo'lgan va oldin hukm surib kelgan Eftaliylar sulolasi o'rniga bu yerda
hokimiyatga turkiy sulola kelgan, deyish mumkin. Ammo Chag'onxudotlarning
eski sulolasi o'z mavqelarini saqlab qolgan holda Sosoniylarga emas, balki
589 yilda Toharistonga kirib kelgan turklarga moslashib olgan degan taxmin
bor, chunki turklar bir necha marta Toharistonga bostirib kelganlar.
Qoon Tun Yobg'u davrida (618--630) Tohariston uzil-kesil turklarga qaram
bo'ldi. Turkiy qabilalar Toharistonga, ayniqsa, uning shimoliy qismiga
ko'plab kirib borgan. Mazkur jarayonlar yuz bergan vaqtda Surxon vohasi
Toxaristonning shimoli-g'arbiy qismini tashkil etgan. Xitoy manbalarida
(Syuan-Szyan, Xoy-Chao tafsilotlarida, VII-U1II asrlar) Shimoli-g'arbiy
Toxariston yerlarida Termiz va Chag'oniyon mulkliklari mavjudligi tilga olib
o'tiladi. Termiz Amudaryoning o'ng qirg'og'idagi yerlarni va hozirgi Angor,
Jarqo'rg'on tumanlarini o'z ichiga olgan. Chagoniyon esa Chag'onrud
(Qizildaryo) daryosining yuqori havzasidagi yerlarni, Hisor va Bobotog' tog'
oldi maydonlarini o'z tarkibiga olgan. Mulkchilikning markaziy shahri
Budrachtepa o'rnida joylashgan, shuningdek, bu davrda Kuftan mulkligi ham
bo'lib (bu arxeologik dalillarga ko'ra, Sherobod vohasiga to'g'ri keladi),
uning poytaxti Xushvara deb atalgan.
VII asr o'rtalarida Xurosonni istilo qilishni tugallagan arablar Toxariston
yerlariga ham harbiy harakatlarini boshlaydilar. 651 yilda arablar bilan
bo'lgan jangda chag'oniyonliklar ham ishtirok etadilar. 652 yil boshida
Xuroson noibi Abdulloh ibn Amir Chagoniyonni egallashga muvaffaq bo'ladi. 676
yilda Xuroson noibi Said ibn Usmon Termizni bosib olib, shaharni talon-toroj
qiladi. Arablar tomonidan olib borilgan bu harbiy harakatlar vaqtinchalik
muvaffaqiyatlar bo'lib, hali ular keng miqyosdagi harakatlar uchun hozirlik
ko'rmoqda edilar. 689 yilda arablarning isyonkor qaysim qabilasining rahbari
Abdulloh ibn Xozimning o'g'li Muso ibn Abdulloh kichik harbiy guruh bilan
Termizni qo'lga olib, Termizshohni shahardan quvib chiqaradi. Mahalliy aholi
orasida katta obro'ga ega bo'lgan Sobit ibn qutba al-Xuzanning Muso ibn Abdulloh
tomoniga o'tishi va uni qo'llab-quvvatlashi natijasida Muso arab xalifasi
uchun soliq yig'uvchilarni Movarounnahrdan haydab chiqarishga muvaffaq
bo'ladi. Bu yig'imlarning, ya'ni oliq-soliqlarning Termizda to'planishi
natijasida shahar arablarning Movarounnahrdagi markaziga aylanadi. 704 yili
arab lashkarboshisi Usmon ibn Mas'udning so'g'd xukmdori va Xuttalon podshosi
bilan birgalikda amalga oshirgan yurishi natijasida Muso ibn Abdulloh boshliq
isyonkorlar daf etilib, Termiz egallanadi.
Arablar Movarounnahr yerlarini butunlay bosib olishga xalifa Abdumalik ibn
Marvon (685-705) davrida kirishadilar. Ular Toxariston yerlarining
mayda-mayda mulkliklarga bo'lingani va ular o'rtasida doimiy adovat
mavjudligidan ustalik bilan foydalanadilar. 704 yili Chag'onxudot Tish
Taliqon (Afg'oniston Taxor viloyati) shahriga oltin kalit va sovg'a-salomlar
bilan tashrif buyurib qo'shni Shumon, Aharun mulkliklariga qarshi kurashlarda
arablardan yordam so'ragan. Chag'oniyon hukmdorlari arablarning harbiy
yurishlarida ishtirok etgan. Masalan, 706 va 709 yillarda Qugayba bin
Muslimning Buxoro va Paykand yurishlari bunga misol bo'la oladi.
Biroq hali arablar shu vaqtdan boshlab Chag'aniyonga mustahkam o'rnashib
olishgan va islom bu joyda hukmron din bo'lib qolgan deb bo'lmaydi. Chunki
viloyatda amaldagi hokimiyat bu yerda kamida yuz yildan buyon hukmronlik
qilib kelgan Chag'onxudotlar qo'lida edi. Ayni paytda, arablarning Markaziy
Osiyodagi boshqa viloyatlar hukmdorlari bilan olib borgan urushlarida
chag'onxudotlar arablarga ko'mak ham berganlar.
Chag'oniyon Toharistonda nisbatan yirik va qudratli viloyatlardan sanalgan va
uning avloddan-avlodga o'tib kelgan o'z hukmron sulolasi Tohariston hukmdori
bo'ladi. Chag'oniyon hududida ko'plab qishloqlar, yirik shaharlar bo'lgan,
o'z pulini zarb qilib chiqargan. Bu viloyat shohlari boshqa davlatlar bilan
diplomatik, diniy va sulolaviy aloqalar o'rnatganlar. Masalan, Afrosiyob
saroyidagi devoriy yozuvlarda ta'kidlanishicha, V.A.Livshis o'qiganiga
qaraganda, VII asrning ikkinchi yarmida Samarqandni boshqargan shoh Varxuman
saroyiga Chag'oniyon hukmdori nomidan elchi kelgan.
737 yilda arab lashkarboshi Asad ibn Abdullohning Xuttalon va turk hoqoniga
qarshi harbiy yurishida ham chag'onxudotlardan biri harbiy yordam bergan.
Chag'oniyon hukmdori Muqanna boshchiligida ko'tarilgan qo'zg'olonga qarshi
turgan. Shu sababli 775- 776 yillarda Muqanna lashkarboshilari Sarixamo va
Garicha Termiz va Chag'oniyonni bir oy davomida talaganlar.
Bu davrda Chagoniyon Toxaristonning yirik va qudratli mulklaridan biri
bo'lgan. Chag'oniyon o'zining sulolaviy dinastiyasiga ega bo'lgan. Mulklikda
ko'plab shahar va qishloklar bo'lgan, tanga zarb etilgan. Chag'oniyon
shohining ko'plab davlatlar bilan diplomatik, diniy va sulolaviy aloqalar
olib borganligi ba'zi manbalarda, jumladan, Afrosiyobdagi devor suratlarida
ham aks etgan. VIII asrning to'rtinchi choragida abbosiylarning faol harakati
tufayli Toxaristondagi barcha sulolalar tugatiladi.
Termiz va Chag'oniyonda sodir bo'lgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar Arab
xalifaligi tarkibida bo'lgani sababli musulmon dunyosi mamlakatlari bilan
uzviy bog'liq holda kechgan. 806-810 yillarda abbosiylarga qarshi ko'tarilgan
Rafi ibn Lays qo'zg'olo-nini bostirishda Termiz va Chag'oniyon xalqlari
ishtirok etishgan. IX asrdagi Termiz va Chagoniyonning siyosiy hayoti haqida
ma'lumotlar kam saklangan. 821 yildan boshlab bu o'lkalar ham Toxiriylar
davlati tarkibida bo'lgan. Buni Abdulloh ibn Tohir davrida yozilgan soliq
ro'yxatida Termiz va Chag'oniyonni ham uchrashidan bilish mumkin. Bunda
Chag'oniyon arab xalifasi xazinasiga yiliga 48.500, Termiz esa 47.100 dirham
to'lab turgan.
820-913 yillarda yashagan Ibn Xordadbeh (asli ismi Abulqosim Ubaydulloh
Xurdadbeh)ning «Kitob masolik ul-mamolik» («Yo'llar va mamlakatlar haqida
kitob») nomli asarida: «Termiz daryo ?qasida, devorlarini Amuning suvi yuvib
turadigan qoya ustida joylashgan», deb e'tirof etadi. Xuddi shu ma'lumot X
asrda yashab ijod qilgan Abulfaraj Qudamaning «Kitob ul xiroj va san'at
al-maktub» («Xiroj undirish va maktublar yozish san'ati haqida kitob») nomli
asarida aynan takrorlangan.
Yirik olim, qomusiy bilim egasi Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir at-Tabriy
«Tarix ar-rusul val-muluk» («Payg'ambarlar va podsholar tarixi»), IX asrining
ikkinchi yarim va X asrning birinchi choragida yashagan sayyoh va geograf
olim Abu Ishoq Ibrohim ibn Muhammad al-Forsiy al-Istaxriy (850-934) «Masolik
ul-mamolik» («Mamlakatlarga olib boradigan yo'llar haqida») asarlarida ko'p
mamlakatlar qatori Movarounnahr, xususan, Termiz viloyatining chegaralari,
iqlimi, ma'muriy bo'linishi, aholisi va uning mashg'uloti, mashhur kishilari,
savdo-sotiq masalalari haqida ma'lumot bergan. Ularda aytilishicha, Jayhun
bo'yidagi Termiz qal'asi va shahriston shahar chekkasida joylashgan hamda
mustahkam devor bilan o'rab olingan rabotdan iborat. Hukumdor saroyi qal'ada,
qamoqxona (zindon) kuhandizda emas, shahristonda, ya'ni bozorning o'rtasida
bo'lib, shu yerda jome' masjidi mavjud, nomozgoh (fuqarolar nomoz o'qiydigan
joy) esa rabotda, ya'ni devorning ichkarisida qad ko'tarib turibdi. Bozor
ichkarisidagi imoratlar xom g'ishtdan qurilgan, keng ko'chalarga va maydonga
pishiq g'isht yotqizilgan. Jayhun bo'yida, daryoning kechuv joyida shahar
aholisi istiqomat qiladi, Termizning ekinzorlari Sag'oniyon (Chag'onrud) daryosi
suvi bilan sug'oriladi, aholi uchun ichimlik suvi quvurlar yordamida Jayhun
daryosidan olingan.
X asr oxirida yashagan Al-Muqaddasiy (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu
Bakr al-Muqaddasiy) o'zining «Ahsan at-taqosim fi ma'rifat al-aqolim»
(«Iqlimlarni o'rganish uchun yaxshi qo'llanma») nomli asarini yozib
qoldirgan. Muallif, Termiz Jayhun bo'yidagi eng katta shahar ekanligini,
hamma joydan bu yerga ko'plab ziyoratchilar, savdogarlar kelishini qayd
qilgan. Shaharning Kuhandiz qal'asi alohida ta'kidlanadi, Kuhandizda bitta,
shahristonda esa uchta darvoza borligi e'tirof etiladi. Al-Muqaddasiy,
shuningdek, yuqoridagi fikrlarni tasdiqlab, Sag'oniyon shahri Ramiuga, uning
viloyati esa Falastinga o'xshashligini, uning pishiq g'ishtdan terilgan
baland ustunli, ravoqsiz masjidi bozorning o'rtasida joylashganligini,
shaharning har bir mahalla va uy-xonadonlariga sopol suv quvurlari
o'tkazilganligini ta'kidlaydi.
X asrning ko'zga ko'ringan yirik olimi Istaxriyning shogirdi sayyoh geograf
Ibn Xavqal (Abulqosim ibn Xavqal an-Nasibiy) uztozining iltimosiga ko'ra
«Kitob ul-masolik»ning xatolarini tuzatib, unga xaritalar ilova qiladi. Ibn
Havqal o'zining «Kitob surat al-ard» («Yerning shakli») nomli asarining
Movarounnahr qismiga tarixiy voqealarni kiritib, kitobning qimmatini
oshirishga erishadi. Sag'oniyon Amudaryoga Termiz shahridan pastroqda
qo'shilishini tasvirlagan Ibn Xavqal o'z asarida Istaxriy qo'llagan «qal'a»
atamasini ishlatmaydi, balki faqat kuhandiz-eski qo'rg'on haqida ma'lumot
keltiradi.
1005 yilga kelib Somoniylar davlatining qulashi natijasida Termiz va
Chag'oniyon o'lkalari ham G'aznaviylar va Qoraxoniylar o'rtasidagi kurash
maydoniga aylanadi. Chunki ikkala davlat o'rtasidagi chegara Jayhun deb
kelishilgan holda, ammo mazkur chegara ikkala davlat tomonidan ham tan
olinmagan. Qoraxoniylar daryoni kechib Xurosonga yurish qilsalar, o'z
navbatida G'aznaviylar Movarounnahrga javob yurishini qilganlar. Har ikkala
holatda ham jabrni Termiz xalqi tortgan, ushbu janglar oqibatida odatdan
xalqning mol-mulki talon-toroj qilingan. Jumladan, 1006 yilda
Qoraxoniylarning Subosh Tegin boshchiligidagi lashkari Termizni egallab,
aholini talon-toroj qilish bilan chegaralanib qolmasdan, shaharni vayronaga
aylantirishadi.
Termiz o'z navbatida Qoraxoniylar va G'aznaviylar o'rtasida bo'lib turadigan
muzokaralar va rasmiy uchrashuvlar joyi ham bo'lgan. Shunday rasmiy
uchrashuvlardan biri 1025 yilda bo'lib o'tgadi, tarixchi Gardiziyning
yozishicha, 1025 yili Sulton Mahmud G'aznaviy katta qo'shin bilan Balx
shahriga kelgan. Bu yerda Movarounnahrdan kelgan odamlar Buxoro va Samarqand
hokimi Ali Tegin ustidan amirga shikoyat qiladilar. Movarounnahrni ko'rish
niyatida bo'lgan Mahmud G'aznaviy bundan foydalanmoqchi bo'ladi va u katta
qo'shin bilan Balxdan Amudaryo tomon yo'l oladi. Surxondaryo ustiga
vaqtinchalik ko'prik qurishga buyruq beradi, af-suski, Gardiziy nechundir
Mahmud G'aznaviyning Amudaryodan kechib o'tganligini qayd qilmaydi. Ammo
Mahmud G'aznaviyning 1017 yilda Xorazmga qilgan yurishi payti Termiz yaqinida
Amudaryo ustida ko'prik qurdirib, shu orqali daryodan o'tganligi shoir
Farruxiy qasidalarida o'z ifodasini topgan. Ushbu ko'prikning qurilishi va
uning Payg'ambar oroli orqali o'tganligini taxmin qilish mumkin. Termizda
katta jang oldidan o'z qo'shinini jamlab turgan Mahmud G'aznaviy istiqboliga
atrof viloyatlarning amirlari peshvoz chiqadi, bular orasida Chag'oniyon
amiri ham bor edi, afsuski uning nomi eslatilmagan. Balx shahri yonida 1008
yili ro'y bergan jangda G'aznaviylar o'z g'animlari Qoraxoniylar lashkarini tor-mor
etganlaridan so'ng, Termiz G'aznaviylar davlati tarkibiga batamom qaram
etiladi. Termiz G'aznaviylar davlatida nafaqat yirik savdo markazi, balki
mamlakatning shimoliy chegaralarini Qoraxoniylar hujumidan himoya qiluvchi
qal'a vazifasini ham o'tay boshlaydi.
Xuddi shu davrda Chag'oniyon amirligi hukmron sulolalar Qoraxoniylar va
G'aznaviylar o'rtasidagi o'zaro kurash vaziyatini to'g'ri baholab o'z
mustaqilligini saqlab qola olgan. Chag'oniyon qudratli G'aznaviylar davlatiga
qo'shni bo'lsa-da, uning amirlari Muzaffar Qiya va Faxr ad-Davla Ahmad ibn
Muhammad o'zlarini Qoraxoniylar vassali deb hisoblaganlar. Chag'oniyon
davlatining siyosiy hayotini o'sha davrda zarb etilgan va arxeolog olimlar
tomonidan qazib topilgan tangalar orqali anglash mumkin. Mavjud tangalar
shundan dalolat beradiki, 1025-1027 yillarda Chag'oniyon Qoraxoniylar davlati
tarkibida bo'lgan, 1027-1039 yillarda esa mustaqil davlat sifatida faoliyat
yuritgan. Ammo keyingi 1038-1039 yillar va 1042-1043 yillarda Chag'oniyon o'z
mustaqilligidan mahrum bo'lib, uni qoraxoniy Bo'ri Tagin idora qilgan. Biroq
Termiz va hatto Chag'oniyon ham 1031 yillar, aftidan 1041 yillargacha hali
G'aznaviylar tasarrufida bo'lgan ko'rinadi. Buni muarrix Abulfazl Bayhaqiy
o'zining «Mas'ud tarixi» nomli asarida to'kis yoritgan, unda 1031 yilning
15-18 aprel voqealari hikoya etiladi. Hikoya qilinishicha, Sulton Mas'ud ibn
Mahmud G'aznaviy 1031 yilning 15-18 aprel kunlari Termizda bo'ladi, Jayhun
sohillarida ov qiladi, to'rt sherni shaxsan o'zi otib o'ldiradi, dabdabali
maishat uyushtiradi. Termiz ahli va uning kutvoli (qal'a boshlig'i) Qutlug'
kamoli ehtirom ila Sulton Mas'udni kutib oladilar, katta tantana
uyushtiriladi, sozandalar, xonandalar, bozandalar tinim bilmay xizmatga shay
turadilar. Hatto tarixchi Bayhaqiyning shaxsan o'zi bu xil cheksiz hurmat
bilan qarshi olinish hodisasini Termizdan boshqa joyda uchratmaganini bir
guvoh sifatida hayajonlanib so'zlaydi. Demak, hali XI asrning 30 -yillari
Termiz va Chag'oniyon G'aznaviylar ixtiyorida ekanligi ancha oydinlashadi,
chunki Termizga tashrif buyurgan Sulton Mas'ud huzuriga Chag'oniyon amir ham
kelgan edi.
Termiz va Chag'oniyon 1056 yildan e'tiboran Saljuqiylar davlati tarkibiga
qo'shib olinadi, 1063 yilga kelib Chag'oniyonni to'la bo'ysundirish uchun
Ssaljuqiylar sultoni Alp Arslon harbiy yurish uyushtirishga majbur bo'ladi.
Ibn al-Asir bergan ma'lumotlarga qaraganda, Saljuqiylarga buysunishni
istamagan Chag'oniyon hokimi Muso Saljuqiylar qo'shinining Chag'oniyon
shahriga yaqinlashib kelayotganini bilgandan so'ng, oz sonli jasur
kishilardan iborat kichik to'da bilan Sina qishlog'idagi baland tog'da
joylashgan Qizqo'rgon qal'asiga o'rnashib olib, qarshilik ko'rsata boshlaydi.
Ammo katta qo'shinga ega bo'lgan Alp Arslon qal'ani qo'lga olib, Musoni qatl
etadi va butun viloyatni o'z davlati tarkibiga qo'shib oladi.
Chag'oniyon va Termizni Alp Arslon 1065 yili ukasi Ilyosga iqto sifatida
in'om etadi, Termizning harbiy jihatdan mavqei Qoraxoniylarni mazkur shaharni
egallash orzusidan bir kun ham voz kechtirmagan. 1072 yilda qoraxoniy Shams
al-Muluk Termizni egallaydi va kelasi yili Saljuqiylarning shaharni egallash
uchun qilgan harbiy harakatini qaytaradi. 1073-1074 yillarda shaharni
saljuqiy Sulton Malikshoh Qoraxoniylardan qaytarib oladi va shaharning
mudofaa inshootlari mustahkamlanadi.
Tarixda Saljuqiylarning Movarounnahr yerlariga kirib kelishi X asr bilan
bog'lanadi, o'sha kezlarda Balxash ko'lining janubidan Volgagacha bo'lgan
keng hududda turkiy xalqlarning o'g'uz qavmi yashar edi. Ko'plab qabila va
urug'larga ega bo'lgan o'g'uzlarning bir kichik urug'i orasidan chiqqan
Saljuq ismli shaxs katta harbiy kuch boshlig'i darajasiga erishadi. Saljuq
o'z tarafdorlari bilan X asrning o'rtalarida Sirdaryoning o'rta oqimlarini
tark etib, daryoning quyi oqimi chap qirg'og'ida joylashgan Jand viloyatiga
kirib kelishadi va shu yerda o'rnashadilar. Albatta, ular o'sha davrning
hukmron sulolasi bo'lmish Somoniylarning tarafdori sifatida Movarounnahrning
siyosiy hayotiga faol aralashib turishdi, bu esa tabiiy hol edi.
Saljuqiylar ana shu zaylda asta-sekinlik bilan Movarounnahrning dasht va
yaylovlarini o'zlariniki qilib egallay boshladilar. Tarixiy manbalarning
guvohligicha, Mahmud G'aznaviyning roziligiga ko'ra, Saljuqiylardan ming
oilaga yaqini 1025 yili Xurosonning Saraxs, Farova va Obivard atroflaridagi
yaylovlarda joylashib oladilar. Saljuqiylarning o'z manfaatlaridan kelib
chiqib qilgan ba'zi bir harakatlari tabiiyki, hukmronlik qo'lida bo'lgan
G'aznaviylarga xush ?qmas edi. Bu ziddiyatlar o'zaro nizolarni
chuqurlashtirdi va oxir-oqibat keskin hamda hal qiluvchi qurolli to'qnashuvga
sabab bo'ldi. G'aznaviylar va Saljuqiylar o'rtasida 1040 yili Dandonikon
atrofida sodir bo'lgan jangda Saljuqiylar G'aznaviylarga qaqshatgich zarba
berdi. Saljuqning nevarasi Tug'ralbek (1038-1063) butun boshli Xuroson
hukmdori deb e'lon qilindi, endilikda Saljuqiylar harbiy harakatlarni keng
quloch yoydirib, Xuroson va Xorazmni bo'ysuntirdi (1038-1044), birin-ketin
G'arbiy Eronni, Ozarbayjonni, Iroqni (1042-1055) ishg'ol qildilar. Hattoki,
Xalifa al-Qoyim (1031-1075) Tug'ralbekni sulton hamda «Sharq va G'arb
podshohi» deb, ilojsiz ravishda tan oldi. Ana shu voqealar asnosida
Tug'rulbek Rayni va uning inisi Chag'ribek Dovud Marvni o'zlariga poytaxt deb
e'lon qilishdi. Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridan bo'lgan Termiz X1
asrning birinchi yarmida G'aznaviylar davlati tarkibida edi va G'aznaviylar
sulolasining noibi Abulhasan Muhammad Amirak Bayhaqiy o'n yil mobaynida
Termizni Saljuqiylardan himoya qildi. Chag'ribek Dovud o'z o'g'li Alp-Arslon
hamkorligida qo'shin bilan Termizga yo'l olar ekan, Bayhaqiyga maktub
yo'llab, unga vazirlik mansabini va'da qiladi va qarshilik ko'rsatishning
foydasi yo'qligini, G'aznaviylardan yordam kutish noo'rinligini uqtiradi.
Umumiy vaziyatdan kelib chiqqan va bexuda qon to'kilishini istamagan Boyhaqiy
taslim bo'ladi, lekin Saljuqiylarga xizmat qilishdan bosh tortib, G'aznaga
ketib qoladi. Shunday qilib, Termiz tinch yo'l bilan Saljuqiylar qo'liga
o'tadi, Sulton Mas'udning o'g'li Mavdud 1048 yilda Termizni qaytarib olish uchun
harbiy yurish qiladi, ammo yo'lda vafot etadi. Saljuqiy Chag'ribek Dovud
ushbu mavzelardagi Balx, Termiz va atrofdagi mulklarni qo'lga kiritgach,
ularga o'g'li Alp-Arslonni hukmdor qilib tayinlaydi. Manbalarda raqam
qilinishicha, Alp-Arslonning vaziri Abu Ali ibn Shazak ko'plab obodonchilik
va qurilish ishlarini amalga oshiradi. Saljuqiylar saltanati ustuvorligi va
ular yuritgan davlatchilik siyosati qanchalik barqaror bo'lmasin, ularda ham
beqaror siyosiy vaziyatning kelib chiqishi uchun sharoit pishib yetilgan edi.
Bu hol tabiiy ravishda Saljuqiylar davlatining tarkibiga daxldor sarzamin
hamda hududlar taqdiriga o'z ta'sirini ko'rsata boshladi. Saljuqiylar
sulolasining asosiy g'animlari - Qoraxoniylar G'aznaviylar uzluksiz va
tinimsiz ravishda Termiz shahriga tahdid solib turdi. Qoraxoniy hukmronlardan
Tabg'achxon Ibrohim ibn Nasr XI asr o'rtalarida qisqa muddat ichida Termizni
o'z tasarrufiga oladi, ammo Alp-Arslon tezlikda shaharni yana Saljuqiylar
ixtiyoriga qaytaradi.
Tug'ralbek 1063 yili olamdan o'tadi va natijada Alp-Arslon Saljuqiylar
saltanatining bosh hukmdoriga aylanadi va u ukasi Ilyosga Termiz shahrini
topshirdi. Alp-Arslon 1072 yilda vafot etadi va vaziyatdan foydalanishga
harakat qilgan Qoraxoniy Shams ul-muluk Termizni qaytarib oladi. Bu orada
Alp-Arslonning Ayoz ismli o'g'li Termizni qayta qo'lga kiritish uchun harbiy
harakatlar olib boradi, biroq ming taassufki, u 1073 yilning 1 fevralidagi
ikki tomon to'qnashuvida mag'lub bo'ladi. Ayozning qo'l ostida bo'lgan o'n
ming otliqning bir qismi Qoraxoniylar tarafidan qirib tashlandi va ularning
katta qismi Amudaryoga cho'ktiriladi. Yuqoridagi voqealar davomida Shams
ul-muluk inisi Buga Tegin Xidirni Termizga jo'natib, o'zi esa Saljuqiylarga
qarshi urushga hozirlik ko'ra boshlaydi. Alp-Arslon vafotidan so'ng
Saljuqiylarning yangi bosh hukmdori Sulton Malikshohga Qoraxoniylarning bu
qiliqlari ?qmasligi tabiiy edi. Bu ham yetmagandek, Shams ul- muluk
ustiga-ustak Sulton Malikshoh nomiga xat yuboradi va xatda Termiz shahrining
Movarounnahr sarzaminiga daxldorligi, shunga ko'ra shaharni Koraxoniylar
vakili boshqarishi maqbulligi ta'kidlangan edi. Aftidan Shams ul-muluk
maqsadga erishadi, boisi xatdan murod Malikshohni ochiqchasiga jangga undash
edi. Oqibatda Malikshoh mashhur vazir Nizom ul-muluk hamrohligida 1074
yilning kuzida Termizni qamal qilib, shahar handaqlar(maxsus himoya
chuqurlar)ini turli-tuman narsalar bilan to'ldirib, shahar devorlariga yaqin
keltirib toshotar manjanaqlarni to'g'rilab qo'yadi. Natijada ilojsiz qolgan
shahar aholisi taslim bo'lib, rahm-shafqat so'raydi va Malikshoh aholiga
omonlik beradi. Ammo jangdan keyin ikki g'ulom(qul)ning bahsi tufayli harbiy
harakatlar yana avjiga chiqadi, qal'a aholisi asirga mahkum etiladi. Keyinroq
Malikshohning amri ila sipohsolor Sov Tegin rahbarlik qilib qal'ani
ta'mirlatadi, qal'a devorlari pishiq g'ishtlar bilan qoplanib
mustahkamlanadi. Oradan bir yil fursat o'tar-o'tmas Shams al-muluk Termizni
qisqa fursatda egallaydi, biroq o'zi jangda mag'lubiyat alamini tortadi.
Ana shu tariqa Termiz shahri bir paytlar G'aznaviylar va Qoraxoniylar
o'rtasida talash maydoniga aylangan bo'lsa, endilikda Saljuqiylar va
Qoraxoniylar ichki nizolarining markaziga aylandi. Bu ham mayli, eng
dahshatlisi shuki, Saljuqiylarga qarshi ko'tarilajak har qanday isyon muqarrar
ravishda ayni Termizda sodir etilar edi. Jumladan, 1080-1081 yillari Termizda
Malikshohga qarshi g'alayon ko'tarilib, shahar biror begonaga emas, balki
xuddi Malikshohning inisi Tekesh ixtiyoriga o'tadi. To'g'ri Malikshoh yana
bir karra har jihatdan, ayniqsa, harbiy nuqtai nazardan zarur qutblarni
namoyon etgan Termiz shahrini qaytarib olishga erishadi. Biroq Malikshoh
vafoti(1092 yil)dan so'ng 1094 yilgi voqealar rivoji shuni ko'rsatadiki,
Arslon Arg'un ibn Alp-Arslon Xuroson sipohsolorligiga talabgor chiqib, yangi
taxt tepasiga kelgan Sulton Berk Yoruqqa qarshi harakatlar qilib Balx, Termiz
va boshqa shaharlarni egallaydi. Albatta, Sulton Berk Yoruq javob choralarini
ko'radi, zero harbiy jihatdan ahamiyati beqiyos Termiz shahrini hech kim ham
ko'ldan chiqargisi kelmas edi. Sulton Berk Yoruq yuqoridagi xulosalardan
kelib chiqib, Arslon Arg'unga qarshi uning ukasi Bo'ribars ibn Alp-Arslonni
yo'naltirdi. Aka-uka qo'shinlari o'rtasida bir necha to'qnashuvlar bo'lib
o'tadi, nihoyat 1095 yili Bo'ribars mag'lub etiladi va asirga olinadi. U
hibsda bir yilcha saqlanadi va akasi Arslon Arg'un buyrug'i bilan bug'ib
o'ldiriladi, bu orada Arslon Arg'unning o'zi ham g'ulomi tomonidan 1096 yili
narigi dunyoga jo'natiladi. Shunday qilib, aka-ukalarning qismati fojia bilan
yakun topadi va Termiz shahri 1097 yildan e'tiboran takror Sulton Berk Yoruq
tasarrufiga o'tadi.
Yuqorida zikr etilgan Arslon Arg'un isyoni, Termizning qayta 1097 yili
Saljuqiylar tobeligiga o'tishidan 1102 yilga kelib shaharning Qoraxoniylar
sulolasi vakili Qodirxon Jabroil tomonidan ishg'ol etilishi va tezda
Saljuqiylarning shaharni qaytarib olishi oralig'idagi, ya'ni 1097-1102 yillar
voqealari mavhum qolib kelmoqda. Shu oraliq voqealari bahsli bo'lib, turli
talqinlar ilgari surilmoqda, jumladan Hakim-at-Termiziy maqbarasi yozuvlarida
Sulton Abul Muzaffar Ahmad Tiga Tegin nomidan qayd qilingan. Ana shulardan
xulosa yasagan akademik M.YE.Masson yozuvdagi Sulton Abul Muzaffar Ahmad Tiga
Teginni qoraxoniy hukmron Ahmad ibn Xizr deb hisoblaydi va Termizni XI
asrning oxirida Qoraxoniylar tasarrufiga o'tgan degan fikrni ilgari suradi.
Ayrim olimlar bu fikrga qarshi fikr aytadilar, to'g'ri Termiz shahri ma'lum
muddat qo'ldan-qo'lga o'tib turgan bo'lishi mumkin, lekin umuman mintaqada bu
davrda Saljuqiylar ustuvor maqomga egaligi tarixdan ma'lum. aznaviylar
sulolasidan Bahromning hukmdorlik qilishi bevosita isbotlanadi. Qolaversa,
Termizni XII asrning 20-30-yillari Sulton Sanjarning opasi Gavharning o'g'li,
asli G'aznaviylar sulolasidan Bahromshoh boshqarganini yaxshi bilamiz. Sulton
Sanjar 1118 yili taxt tepasiga kelgach, jiyani Bahromshohni yaqindan turib
hamisha qo'llab-quvvatlab keldi, o'rni kelganda aytish joizki, Sulton
Sanjarning poytaxti Marv bo'lsa-da, u og'ir damlarda faqat Termizdan najot
topar edi.
Saljuqiylar va Qoraxoniylarning birlashgan qo'shinlari 1141 yilning 9
sentabri kuni Samarqand yaqinidagi Katvon cho'lida Movarounnahr hududlariga
sharq tomondan bostirib kirgan Qoraxitoylar bilan to'qnashadi. Bu jang
Qoraxitoylar foydasiga hal bo'ladi, oqibatda Markaziy Osiyodagi siyosiy
kuchlarning muvozanatiga keskin ta'sir o'tkazadi. Mag'lub Sulton Sanjar
Termizga chekinadi, uning birdan-bir umidi Termiz ahlidan edi, ammo
mag'lubiyat Sulton Sanjarning siyosiy maydondagi obro'yiga shikast yetkazadi,
albatta. Masalan, Alouddin Otsiz Xorazmshoh fursatni g'animat bilib,
mustaqillikka intiladi, harqalay Sulton Sanjar Xorazmni qaytadan
buysundirishga erishadi. o'zining hokimiyatini bo'ysundirishga majbur bo'ldi.
Sulton Sanjar markaziy hokimiyatga tahdid solib turuvchi Alouddin Otsizni
jilovlash va uning bejo harakatlaridan voqif bo'lib turish maqsadida Xorazm
mamlakatiga mashhur shoir Adib Sobir Termiziyni elchi sifatida jo'natadi.
Marakaziy hokimiyatga doimo adovatda bo'lgan Alouddin Otsiz Xorazmshoh
xufiyona tarzda ikki qotilni Marvga yuboradi, qotillarning yagona vazifasi
Sulton Sanjarni o'ldirish edi. Bundan tasodif xabar topib qolgan Adib Sobir
Termiziy zudlik bilan chora-tadbir ko'rib voqeadan Sulton Sanjarni voqif
etadi va uning hayotini saqlab qolinishiga sababchi bo'ladi. Eng mudhish
tomoni shundaki, buni sezib qolgan Alouddin Otsiz Xorazmshoh buyuk shoir Adib
Sobir Termiziyning qo'l-oyoqlariga kishan solib uni asov Amudaryoga
cho'ktirtiradi. Bu voqealar 1147 yili sodir bo'ladi va 1148 yili Sulton Sanjar
intiqom olmoq niyatida katta qo'shin bilan Xorazmshoh ustiga yurish qiladi.
Balx hududidagi o'g'iz qabilalari 1153 yili markaziy hokimiyatga qarshi
g'alayon ko'taradilar, Sulton Sanjar ularning ustiga qo'shin tortadi. Ming
afsuski, Sulton Sanjar qo'shini o'g'izlar tomonidan yengiladi, o'zi asirga
olinadi va u uch yil mobaynida o'g'iz amirlari tutqunligida yashaydi. Sulton
Sanjar 1156 yilining kuz oyida asirlikdan qochadi va Termiz shahriga keladi.
Tarixchi Ravandiyning hikoya qilishicha, bu voqealar Sulton Sanjarga sodiq
qolgan termizlik mulozimlar tomonidan amalga oshirlgan ekan. Ayniqsa, o'sha
paytdagi Termiz shohi Abulmuzaffar Imoduddin Feruzshoh Ahmad bin Abo Bakr
ayni shu voqealar rivojida muhim maqomga ega bo'ldi. Goho manbalarda Termiz
shohni Imoduddin Ahmad ibn Bakr Qumoch tarzida tilga olib o'tiladi, har qalay
bu davr voqelariga yanada ravshanliklar kiritish kerakdek ko'rinadi.
Tarixchilardan Juvayniy, Ravandiy, Vatvot, Oqsaroyli raqam qilishlariga
qaraganda yuqoridagi voqealar davomida Termiz shahri Xuroson poytaxtiga
aylanadi. Chunonchi, Sulton Sanjar Termiz shahridan turib, atrofdagi barcha
hukmdorlarni da'vat qilib, unga kelib qo'shilishi haqida murojaat qiladi.
Lekin Termiz shahrida jamlangan Sulton Sanjar mulozimlari o'rtasidagi mavjud
keskin ziddiyatlar Sulton rejalarining amalga oshishiga jiddiy to'sqinlik
qiladi. Ana shu adovatlar tufayli Sulton Sanjar mulozimlari bir-birlarini
o'ldirish bilan mashg'ul bo'lib, asosiy rejalar ikkinchi o'ringa tushib
ketadi. Tomonlar pirovard-natijada ma'lum ma'noda bitimga kelishadilar,
kelishilgan shartnomaga binoan garovga olingan Sanjar hibsdan ozod etiladi va
u Marvga ravona bo'ladi. Sulton Sanjar ko'p o'tmay Marvda 1157 yilning aprel
oyida bandalikni bajo keltiradi.
Sulton Sanjar vafotidan keyin ham, u bilan bog'liq ayrim mojarolar davom
etdi, shunday voqealardan biri 1158 yilning avgust oyida ro'y beradi.
Xuttalon hukmdori Abushujo' Farruxshoh go'yo Sulton Sanjar da'vatiga binoan
Termizni qurshab olib, qamal e'lon qiladi. Termiz hukmdori Ahmad ibn Abu Bakr
ibn Qumoch o'z navbatida Farruxshohni jangda mag'lubiyatga uchratib, uni
chekinishga majbur qiladi. Termiz shahri XI-XII asrlarda Saljuqiylar
saltanatining ijtimoiy-siyosiy marakazlaridan biriga aylandi va har sohada
taraqqiyotga erisha boshladi. Bu davrda shahar hududi kengaydi, bir qator
yangi inshoot hamda serviqor bino va minoralar qad ko'tardi, shaharda
savdo-sotiq rivoj topdi. Shaharda savdo-sotiqning rivoji qator omillar bilan
izohlanadi, avvalo shaharning jug'rofiy joylashuvi, Buyuk ipak yo'li chorrahasida
ekanligi, ikkinchidan mazkur shaharda hunarmandchilikning jadal
o'sganligidandir. Shular bilan bir qatorda shaharning daryo sohilida va
ayniqsa, uning kechuv joyda joylashganligi, alalxusus yirik bandar (port)
shahri ekanligi ham uning yirik savdo markaziga aylanishiga ijobiy ta'sir
ko'rsatdi.
Bilamizki, Termiz qadim-qadimdan savdo markazi edi, zero bu yerda
hunarmandchilikning turli sohalari taraqqiy etdi, shahar hunarmandlari
tomonidan tayyorlangan mahsulotlar qo'shni davlatlarga chiqarilgan. Bu davrda
Termiz o'zining topografik qiyofasi, aholisining kasb-kori, ichki va tashqi
aloqalari bilan o'rta asr sharqining hunarmandchilik va gavjum savdo
markaziga aylanadi. Hunarmandchilikning rivoj topib, uning turli-tuman
tarmoqlari bo'yicha ixtisoslashishning kuchayishi, shaharlarning tarixiy
topografiyasini ham o'zgartirib yubordi. Shahar hunarmandchilik mahallasining
soni ortib, kasb-hunar bilan bog'liq bo'lgan yangi-yangi guzarlar, ko'chalar,
bozor rastalari vujudga keldi. Shaharda zargaron (zargarlik), misgaron
(misgarlik), suzangaron (ignasozlik), shishapazon (shisha pishiruvchilar)
kabi hunarmandchilik sohalari bilan bir qatorda to'qimachilik va binokorlik
yetakchi o'rinni egallay boshladi.
Termiz shahri uchun IX-XII asrlar gullab yashnash davri bo'ladi, u yirik
feodal shahar, ma'muriy savdo, hunarmandchilik markaziga aylanadi. Shaharda
temirchilar mahallasi besh gektar yerni ishg'ol etardi, temirchi hunarmandlar
qishloq xo'jaligi va turmush uchun zarur bo'lgan boshqa qurol va ashyolar
tayyorlar edi. Qurolsozlar, simgarlar, shishadamgarlar ishi va simobdon
ishlab chiqarish keng yo'lga qo'yildi, bunday idishlarda simobdan tashqari
boshqa suyuq jismlarni, ya'ni xalq tabobatida qo'llanadigan xushbo'y
birikmalar muattar (molekulasi tarkibiga bir yoki bir necha benzol yadrosi
bo'lgan organik birikmalardan iborat) dori-darmonlarni saqlash mumkin edi.
Shaharda sopol idishlar ishlab chiqarishda va uni sirlash shaklining
turli-tumanligi, mustahkamligi hamda sifati ancha oshdi. Shahar XI asrda
jadallik bilan rivojlandi, uning sug'orish tarmog'i rivojlandi, u har
jihatdan o'sdi. Shaharning jadal ravishda o'sishi bilan ahvol ham yangilandi,
binolar tashqi qiyofasi o'zgardi, shaharning yangi qismi rivojiga yirik
inshootlar bozor, hunrmandlar mahallasi qurilishiga katta ahamiyat beriladi.
Ilgari qurilgan devorlar pishiq g'isht bilan qoplanadi. 1073-1074 yillarda
Malikshoh topshirig'i bilan shahriston devorlari yana mustahkamlanadi. Arab
zamin bitikchisi Maqdisiy(X asr)ning yozishicha Termizda sovun va muattar
(xushbo'y ton)ni ko'plab ishlab chiqarish va uni chetga sotish keng yo'lga
qo'yilgan. Termiz hunarmandlari sharq bozorlarida baliq, kir yuvish ishqori,
qo'lda to'qilgan matolari bilan shuhrat topganlar. Hatto, vizantiyalik
savdogarlar Termizdan kelib paxta olib ketishgan, o'z galida Termiz bozorida
boshqa shaharlardan keltirilgan mahsulotlar bilan savdo qilingan.
Manbalarning guvohligicha, XI-X11 asrlarda faqat Termiz shahrining ichida 16
mingdan ziyodroq aholi yashagan, bu o'rta asr sharoitida katta ko'rsatgichdir.
Shaharda jamoa va xususiy qurilishlar X1-X11 asrlarda avjga chiqadi, g'ishtga
bo'lgan talab o'sadi, uni ishlab chiqarish kengayadi. G'isht ishlab chiqarish
va yangi g'isht quyish maydonlari bir necha gektarga kengayadi hamda katta
hududni egallaydi, endilikda bu yerda 20 dan ortiq g'isht pishiradigan
xumdonlar paydo bo'ladi. Termiz shahri XI-X11 asrlarda galma-gal
G'aznaviylar, Saljuqiylar va Qoraxoniylar qo'liga o'tib turganli tarixiy
manbalarda to'liq ifodasini topgan. Shu davrda shaharda shohlar saroyi
quriladi va uni Termizshoh unvonli hukmdor idora qila boshlaydi. Shahar yana
obod bo'ladi, tijorat va hunarmandchilik rivojlanadi. Sobir Termiziyning
zamondoshi Anvariy bu yerga kema orqali kelib, uning go'zalligini
qasidalarida buyuk muhabbat bilan tasvirlaydi. O'rta asrlarda feodal yer
egaligining rivojlanganligi, hunarmandchilik va savdo-sotiqning taraqqiy
etganligi ta'kidlanadi.
Termiz shahri XI asr oxirida yana Qoraxoniylar davlati tarkibida bo'ladi,
1056 yilga kelib qayta Saljuqiylar qo'l ostiga o'tadi.
Sulton Saodat 1029-1030 yilda Termizni g'aznaviy Bahromshohga topshiradi. XII
asrning ikkinchi yarmida Saljuqiylar davlati qulagandan so'ng Termiz va
Chag'oniyon qarluqlar qo'l ostiga o'tadi.
Xullas, XIII asr boshlariga qadar Termiz va Chag'oniyon navbatma-navbat
Qarluqlar, Guridlar, Qoraxoniylar hukmron sulolari qo'l ostida bo'ladi. 1206
yilda Guridlar davlati tarkibida bo'lgan Termizni Qoraxitoylar va
Qoraxoniylar bilan ixtilofda bo'lgan Muhammad Xorazmshoh egallaydi,
Chayuniyon ham uning ulkan davlati tarkibiga kiradi. Termiz va Chag'oniyon
Xorazmshohlar davlatida muhim o'rin egallagan, Termizda oltin dinor,
Chag'oniyonda kumush dirham pullarning zarb etilishi shundan dalolat beradi.
Muhammad Xorazmshohning ulkan siyosiy rejalarida Termiz sayyidlari katta
ahamiyat kasb etadi, hatto ulardan biri A'lo al-Muluk musulmonlarning yangi
xalifasi deb e'lon qilindi.
Markaziy Osiyo sarhadlarida mo'g'ul qo'shinlarining paydo bo'lishi bilan
vaziyat tubdan izdan chiqadi va 1220 yilning kuzida mo'g'ul qo'shinlari
Termiz va Chag'oniyon yerlarini egallash uchun yurish boshlaydi. Termiz -
Balx va Hindiston yo'llaridagi kechuv joyi edi, shahar ahli o'zining Amudaryo
bilan chegaralangan qal'alariga tayanib, Chingizxonga qarshilik ko'rsatadi.
Shahar mudofaasini o'sha paytdagi shahar noibi Faxriddin Habash boshqaradi,
o'n bir kunlik jangu jadaldan so'ng Termiz mo'g'ullar tomonidan zabt etiladi,
shahar aholisi qatl uchun mo'g'ul askarlarga taqsimlab beriladi. Juvayniy
shunday deb yozadi: «Bir xotin o'lishi oldidan o'zining qotilidan shafqat
so'rab, yalinib yolvorgan. O'zini fido qilib, yutgan qimmatli durini berishga
va'da beradi. Mo'g'ul shu damda ayol qornini yorib uning ichidan dur topgan,
shundan so'ng hamma xotinlarning qorinlarini yorib qarashga farmon berildi».
Chingizxonga qattiq qarshilik ko'rsatgan Termiz Sharafiddin Ali Yazdiyning
«Zafarnoma» asarida «Madinat ur-rijol» («Mardlar shahri») deb tilga olinadi.
Mo'g'ul istilosi natijasida qadimiy Termiz shahri batamom vayronaga aylangan
edi, istilodan so'ng u o'zini qayta tiklay olmadi, uning o'rnini vayrona
bo'lgan tashlandiq tepalar egalladi. Chunki, birinchidan, omon qolgan xalq
mo'g'ul hukmi tufayli halok bo'lgan qarindoshlari ruhini bezovta qilgisi
kelmaydi, ikkinchidan, uzoq davom etgan jang xalqning tinka-madorini quritgan
edi. Yangidan bunyod bo'layotgan shahar esa janubiy yo'nalishda daryo bo'ylab
joylashib, o'zining qaddini tez rostlay boshlaydi, lekin u yirik himoya
devorlari bilan o'rab olinmaydi, qurilish ishlari sust olib boriladi. Termiz
shahrini boshqarish, butun Chag'oniyon hududini nazorat qilish Chig'atoyning
nevarasi Yesun Tuva ixtiyoriga beriladi.
Termiz tarixini tadqiq qilishda o'rta asr yozma yodgorliklarining ahamiyati
kattadir. Hozirgi zamon tarixnavislari shahar tarixi va madaniy taraqqiyoti
manzaralarini tiklashda, uning yanglish sahifalarini haqiqat qo'li bilan
tuzatishda o'sha manbalarga tayanadilar. Buyuk arab sayyohi Ibn Battuta
(1304-1372) hayotining 28 yilini safarga bag'ishlab Shimoliy va G'arbiy
Afrika, Arabiston yarim oroli, Turkiya va Eron, Markaziy Osiyo va Hindiston,
Sharqiy Yevropa va Ispaniya, Afg'oniston va Xitoyning ko'plab shaharlarini
ziyorat qiladi, qolgan umrini o'z taassurotlarini batafsil bayon qilishga
bag'ishlaydi. Sayyoh Markaziy Osiyoga 1333 yilda keladi, bu davrda Termiz
Chig'atoy ulusi tasarrufida bo'lib, mamlakatda mo'g'ul xonlari orasida
birinchi bo'lib islomni qabul qilgan Alovuddin Tarmashirin (1326-1334)
hukmronlik qilar edi. Xorazm, Buxoro, Samarqand shaharlarida va sSlton
Tarmashirin qarorgohida mehmon bo'lgan Ibn Battuta Termizga taxminan may
oyining oxirida keladi. Oldinroq sayyoh shahar hukmdori A'lo al-Muluk
Xudovandzoda bilan uchrashib, undan maxsus yo'llanma oladi. Ushbu
ma'lumotning o'ziyoq shahrimiz tarixidagi qorong'i sahifalarni yoritishda
katta ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, Termizda ham Markaziy Osiyoning
boshqa ko'plab shaharlari kabi, hokimiyat mo'g'ullar qo'lida bo'lsa-da
mahalliy xalq vakillari hukmronlik qilishgan. Ikkinchidan, A'lo al-Muluk
Termiz sayyidlari xonadoni vakili bo'lib, bu boshqa manbalarda ham qayd
qilingan. Bu ayrim tadqiqotchilarning, shubhasiz, Chingizxon Termiz aholisini
butunlay qirib tashlagan, degan fikri haqiqatga zid ekanini tasdiqlaydi.
Shu davrda mo'g'ullar tomonidan vayron etilgan Balx XIV asrning birinchi o'n
yilliklarigacha xaroba holida qolgan. Termiz shahri tez orada boshqa bir
joyda yangidan qad ko'taradi. XII-XIV asr Xitoy manbalarida aytilishicha,
Termiz eski va yangi shahardan iborat bo'lgan. Bir necha yuz oilani tashkil
qiluvchi aholi chorvachilik bilan shug'ullangan, Amudaryoning sharqida
joylashgan Tis -li-mi shahri baliqlari bilan mashhur bo'lgan, to'qay va
qamishli chakalakzorlar g'arbga tomon cho'zilib ketgan. Akademik
I.YU.Krachkovskiy ta'biri bilan aytganda, «xonaki kitobxon emas, balki o'rta
asrlarning eng yirik, tajribali geograf-sayyohi» bo'lgan Ibn Battuta
(Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad Ibrohim ibn Yusuf
al-Lavoti Tajniy) Termiz orqali o'tgan. U «Tuhorat an-nuzzar fi-g'aroyib
al-amsar va ajoyib al-afsar» nomli asarida yozishicha, Termiz «o'zining
chiroyli imoratlari va bozorlari bilan mashhur bo'lgan katta shahardir.
Shaharni ko'plab ariq va anhorlar kesib o'tadi, uning chiroyli bog'lari bor,
juda shirin uzum va behilar yetishtiriladi. Aholi go'sht va sutni ko'p
iste'mol qiladi. Shaharliklar hammomga tushganlarida qatiq va tafla deb
ataluvchi loy sovun bilan yuvinishgan. Bu narsalar har bir hammomchida
bo'lgan. Hammomda ko'plab ko'zalar saqlanib. ular qatiq bilan to'ldirilgan,
qatiq va taflada yuvinish sochni tozalaydi va yumshoq qiladi. Eski Termiz
Jayhun bo'yida joylashgan edi. Chingizxon uni vayron etgandan so'ng, yangi
shaharni daryodan 2 mil (4 km) uzoqlikda barpo etdilar».
Ibn Battuta Chingizxon bosqini natijasida Termiz vayron qilinganligini aytib,
yangi shahar ikki arab milyasi uzoqliqda qurilganligini ma'lum qiladi.
«Sayohatnoma»da yangi Termizning tasviri shunday berilgan: «Bu chiroyli
imoratlari va bozorlari ko'p bo'lgan yirik shahardir, uni boshdan-oyoq
anhorlar kesib o'tadi, bog'lari ham juda ko'p. Ayniqsa, uzum bilan behisi
juda shirin, go'sht, sut juda serob». Sayyoh Xorazmda bo'lganida, u yerga
daryo orqali o'n kun muddatda Termizdan bug'doy va so'li keltirilganiga guvoh
bo'ladi, demak, Termiz XIV asrning birinchi yarmida yirik iqgisodiy markaz
bo'lgan.
Ibn Battuta sayohati davomida so'fiylarning xonaqoxlaridan, ularning
mehmondo'stligidan ko'p marta foydalangan. Xonaqoxni sayyoh Mag'rib an'anasi
bo'yicha zoviya deb atagan va u Termiz haqidagi taassurotlarida buni alohida
ta'kidlanadi: «Biz bu yerda katta yer va bog'lar sohibi eng muhtaram va
obro'yli shayxlardan biri shayx Azizon zoviyasiga qo'ndik. Shayx o'z
boyliklarini ziyoratchilarni boqishga sarflar edi». Fikrimizcha, bu zoviya
hozirgi Sulton Saodat maqbarasi bo'lishi kerak, chunki, birinchidan, taomilga
ko'ra, xonaqoxlar maqbaralar qoshida bo'lgan, ikkinchidan, Sulton Saodat
maqbarasining shayxlari asrlar davomida Azizon maqbaralariga ega bo'lganlar.
Termiz shahrida buyuk sayyohni hayratda qoldirgan yangilik - bu
hamshaharlarimizning bosh yuvishda qatiqni ishlatishi bo'lgan. Chunki, boshqa
mamlakatlarda bu davrda bosh yuvishda asosan loy yoki uning biror turdagi
aralashmasi ishlatilar edi. Hokimning homiyligi tufayli shahar a'yonlari Ibn
Battutani munosib kutib oladilar. «Termizda ekanli-gimizda bizga har kuni yeguliklar
keltirib, mehmon qilib turishdi», - deb yozadi u va shahar qozisi Qavomiddin
bilan tanishganligini eslatib o'tadi. Keltirilgan tafsilotlardan ma'lum
bo'ladiki, qozi Qavomiddin janoblarining laqabi ham Xudovandzoda, ya'ni
sayyidlar xonadoniga mansub ekan. Keyinchalik ibn Battuta qozi bilan uning
ukalari Ziyovuddin, Burhoniddin, Imomiddin va Sayfiddinlarni Hindistonda
uchratganini yozadi. Qozi Qavomiddin janoblarining o'g'illari Hindiston
podshosining vaziri Xoja Jahonning ikki qiziga uylanganligi ham «Sayohatnoma»
orqali ma'lum bo'lsa-da, ular yuqorida ismlari keltirilgan sayyidlarning
avlodlari shajarasida qayd qilinmagan, bu esa ularning Hindistonga ketib
qolganligini bilan izohlanadi.
Mahmud ibn Vali o'zining «Bahr ul-asror fi-manoqib al-ahyor» kitobida:
«Garchi Termiz Movarounnahrga taalluqli hududlardan bo'lsa-da, biroq hozirda
u Balx tarkibiga kiradi», - deb bitadi. Asarning yana bir joyida esa «Balxdan
Jayhungacha 20 farsax keladi, uning taniqli kechuv joylaridan biri
Yorgohdir», deydi. Boshqa bir tarixchi Hofizi Abro'ning ta'kidlashicha, bu
kechuv joyi Termiz yaqinida bo'lgan. Rus olimi V. F. Minorskiy o'zining
«Yunon kechuvi» nomli asarida: «Yorgoh (Yerdagoh) kechuvi Termizning o'ziga
Aleksandr Makedonskiy tomonidan asos solingunicha ham bor bo'lib, Amudaryo
orqali o'tuvchi muhim guzargoh bo'lgan», degan fikrni bayon qilgan. Mahmud
ibn Vali asarining qimmatli tomoni shundaki, unda bir paytlari bo'lgan va
endilikda yo'q joylar xususidagi ma'lumotlar ham saqlangan. Masalan, muallif
«Ayn Ahmad» degan buloq xususida quyidagilarni bitgan: «Ayn Ahmad» Termizdagi
buloq bo'lib Jayhun yaqinidadir, u bilan Jayhun daryosi oralig'i hammasi
bo'lib, o'n qadam keladi. Buloq suvi Jayhunnikiga qaraganda shirinroq. U
hayrat va shoddikka sabab bo'lishi bilan tanilgan».
Muarrix o'z asarida har xil munosabat bilan Termiz va Chag'oniyondagi boshqa
aholi istiqomat qiladigan shahar, qishloqlar xususida ham to'xtaladi.
Masalan, bir o'rinda Jayhun bo'yidagi shahar borasida qisqacha qilib: «Bu
shaharning qishloqlari va aholi istiqomat qiladigan joylarida muqaddas joylar
va sig'iniladigan maqbaralar ko'p» desa, yana bir o'rinda Termiz xususida
batafsil ma'lumot beradi: «Termiz Movarounnahr shaharlaridan bo'lib,
to'rtinchi iqlimdadir. U Jayhun daryosi qirg'og'ida joylashgan bo'lib,
mustahkam devorlar bilan o'rab olingan, janubiy qismi Jayhun daryosi uzra
yuksalib turadi, qishloqlari va aholi istiqomat joylari ko'p, uning eng muhim
qismlaridan biri Salavot bo'lib, bu yerda hokim saroyi, bozor, madrasa va
katta jome' masjidi bor. Baland minorasi ham mavjud. Bu hududda bog'u bo'ston
kamroq, u yer qumli joy bo'lib, shu sababdan iqlimi issiq. g'allasi va
qovunlari yaxshi bo'ladi. Shubhasiz, bu hudud odamlari jasur va dovyurak
emaslar, ular orasida chiroyli chehrali va qaddi-qomati kelishgan kishilar
kam».
Muallif asarida termizlik sayyidlar haqida iliq gaplarni aytadi. Ularning
qadim-qadim davrlardan buyon hukmronlik qilib kelganligi, diniy mahkamalarga
ham rahnamolik qilganliklari, ular orasidan ko'plab shayxu ulamolar yetishib
chiqqanligini ta'kidlab, shulardan Hakim Termiziy va Varroq Termiziylarni
tilga oladi. Mahmud ibn Valining «Bahr ul-asror»ida Zul-Kifl payg'ambar,
Ishoq Kunda Shikin qabrlari, bu yerdan yetishib chiqqan buyuk insonlar qatori
esa Jaloliddin Rumiyning ustozi Burhoniddin Sayyid haqidagi bitiklarni o'qish
maroqlidir. Mahmud ibn Valining: «Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi haqida
eshitdimki, kimki bu tabarruk joyda ikki rakaat namoz o'qisa, bu boshqa joyda
o'qilgan yetti yuz rakaat namoz o'qish bilan tengdir», degan gaplari diqqatga
sazovordir.
Surxon vohasining rivojida Amir Temur shaxsining alohida o'rni bor. Keyingi
tarixiy izlanishlar shu narsani aniq ta'kidlamoqdaki, Amir Temurning davlat
boshqaruv faoliyatida Surxon vohasining o'ziga xos o'rni bo'lib, uning janubiy
mamlakatlar bilan olib borgan jamiki harakati Termiz bilan bog'liq edi.
Ayniqsa, Temur bilan amir Husaynning Arsifda turganlarida ularning ishonchli
kishisi Tomuqaning Termizdagi savdo-sotiq ishlari bilan tanishuvi, Temur
qopiqqa yetganda mo'g'ul jetelarining Movarounnahrni talab chiqib ketganligi
to'g'risidagi ma'lumotni bunga misol qilib keltirish mumkin. Bu voqeadan
Termiz - Temur qopiq katta ahamiyatga ega bo'lgan harbiy-strategik markaz
bo'lganini, Amir Temur o'z armiyasiga yangi kuch qo'shib, uning iqtisodiy
ta'minotini Termizda mustahkamlab olganini bilishimiz mumkin. Tarixchi olim
B. Ahmedov o'zining «Amir Temur» tarixiy romanida Surxon vohasidagi yirik
iqtisodiy markaz Denov va Termizni tilga olib o'tib, quyidagi tarixiy manbani
keltirib o'tadi: «Ma'lum bo'lishicha, mo'g'ullar bilan yovlashib, Samarqand
tog'lari va Qoratog'da yashirinib yurgan Chig'atoy beklari: Sulaymon Barlos,
Amit Muso, Joku Barlos, Jaloliddin Barlos va Hunduka Barloslar Termizga kelib
tushibdilar». Demak, Termiz o'zining harbiy-strategik ahamiyati bilan alohida
ahamiyatga ega bo'lib, Jayhun kechuvining qulay joyida joylashuvi ko'pincha
urushlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lgan. Termiz o'zining iqtisodiy,
madaniy rivoji bilan alohida ajralib turgan shahar, uning atrofida qishloq
xo'jaligi ancha rivojlanib, bog'dorchilik va sabzavotchilik keng ko'lamda
olib borilgan.
O'z navbatida shahar qo'shinlarni, lashkarlarni boqishga ham alohida xizmat
ko'rsatgan. Amir Temur Balx jilg'asida og'ir ahvolda qolganda Termizdagi
beklarning yordami tufayli qurshovdan chiqib olib, katta hujumga
tashlanganligini, shu jangdan keyin Amir Temur Jayhun daryosidan Termiz
kechuvi orqali o'tib, Movarounnahrga qadam qo'yganligini tarixiy manbalar
orqali bilishimiz mumkin. Bundan shunday xulosaga kelish mumkin: Amir Temur
Termiz atrofida lashkargoh qurib o'tiradi, u o'z ona zaminiga qadam qo'yib
endi erkin nafas olishga kirishadi. Temur o'zining jangovar yurishlari
davrida juda katta harbiy tajribani egallab, Termizda turgan vaqtida bu
tajribalarini ancha mukammallashtirib oladi. Chunki Temur o'zi amal qilgan
to'rt narsadan ikkitasini: ya'ni qat'iy qaror, tadbirkorlik va hushyorlikni
hamda ehtiyotkorlikni, aynan Termiz voqeasidan keyin bilib olgan bo'lishi
mumkin. Akademik Bo'riboy Ahmedov bu haqda quyidagicha yozadi: «Termiz yonida
yuz bergan voqealar uni tinchitmadi. Kechayu kunduz shu haqida o'yladi.
Xo'sh, nega bu voqea sodir bo'ldi? Bunga nima sabab? O'zining bir qadar
beparvoligimi? YO sotqinlik sodir bo'ldimi? Bularning har ikkisi mavjud,
lekin yana bittasi bor. Har kishining so'ziga ishonavermaslik, uni
qayta-qayta tekshiruvdan o'tkazish zarur». Bu voqeadan keyin Amir Temur o'z
armiyasini harbiy jihatdan mustahkamlab, ishonchli, yaqin odamlarni o'z
atrofida to'plab, har qanday sharoitda unga pand bermaslik uchun, ya'ni amir
Husayn va uning Tomuqa xizmatkorlarining xoinligini inobatga olib, yagona
qarorga keladi. Amir Temur o'z tuzuklarining quyidagi bo'limida, ya'ni
«lashkarini ittifoqqa keltirish uchun qilgan o'n ikkinchi kengashada: unga
Termizga kelib qo'shilib, og'ir vaziyatda yordam qilgan kishilar masalasida
quyidagi fikrni qayd etadi: «Amir Joku, Iki Temur, Amir Sulaymon va Amir
Jaloliddinlarni -xilvatroq yerga chorladim hamda ularni o'zimga ittifoq
qilmoqchi bo'ldim. Xilvatda ular bilan suhbat qurib, «davlatimga sherik
bo'lasizlar», dedim. Bu bilan o'zlariga ishonch va menga xizmat qilishda
qatiyat uyg'otdim». Bu voqea-harakat tufayli Amir Temur juda katta
harbiy-siyosiy obro'ga ega bo'ladi.
«Temur tuzuklari»da ushbu tarixiy voqea yana bir bor eslatiladi: «Termiz
kechuvidan narigi qirg'oqqa o'tgach, Kahalka qal'asi (Termizga yaqin qadimiy
qal'a) tarafiga qorovullar yubordim. Jayhun bo'yida bir necha kun turdim va
qorovullar olib keladigan xabarni sabrsizlik bilan kutdim». Bundan shu narsa
ma'lumki, Amir Temur siyosiy faoliyatining mustahkamlanishida Termiz va
Chag'oniyon viloyatining alohida o'rni bor. Amir Husaynga nisbatan 1370 yili
amalga oshirilgan harbiy yurish tarixda Termiz va Chag'oniyon viloyatlari
uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etganini yaxshi bilamiz. Amur Temur hamisha
Termiz va uning atrofida bo'lganida o'zining keyingi jangida sodir etiladigan
harakatini yana bir bor sinovdan o'tkazish maqsadida qisqa muddat to'xtaydi.
Barong'or bilan bo'lgan janglarda ishonchli amirlar Joku barlos bilan amir
Sayfiddinni qo'yadi. Amir Temurning Termizga yaqin Biyo qishlog'ida to'xtab,
«Temur tuzuklari»da qayd etilgan: «Birinchisi - davlat va saltanatimga
bog'langan mening birinchi tuzugim - Tangri taoloning dini va Muhammad
Mustafoning shariatiga dunyoda rivoj berdim. Har yerda va har vaqt islom
dinini quvvatladim», degan fikriga e'tibor berishga to'g'ri keladi. Chunki,
Biyo qishlog'ida Amir Temur Makkayu Mukarrama sayyidlarining boshlig'i Sayyid
Baraka bilan uchrashib, uning hamda sayyidlar, mashoyixlar, ulamolar, fozil
kishilar duosini olib, otasining bergan, ya'ni «Alardin diniy, huquqiy, axloq
masalalarini, harom bilan halolni ajratishni o'rgangin. Shuning uchun ham
majlislaringni shular bezab tursin», degan maslahatiga amal qiladi. Xuddi shu
uchrashuvda Sayyid Baraka hammaning ko'z o'ngida toju taxt va saltanat ramzi
bo'lmish nog'ora bilan bayroqni Temurbekning qo'liga tutqazadi. Bu Olloh va
Islom dinining Amir Temurga nisbatan bergan ulug' qudrati edi. Butun Termiz,
Xuttalon, Chag'oniyon, Balx, Hirot, Hisor, Kesh, Samarqand, Buxoro, Xorazm
bo'ylab Temur deya hayqirayotgan qalandarlar, darveshlar vajohatlaridan uning
dushmanlarining dami ichiga tushib ketadi.
Kim islom g'alabasini tilasa, o'sha Temur uchun ovoz bersin! Bunday
hayqiriqlar Termiz, Chag'oniyon, Xuttalon, Balx shahrining har bir burchagida
yangrardi. Munajjimlar esa atroflariga odamlarni to'plab, tungi osmonda
charaqlab turgan yulduzlarni ko'rsatib, Temur yulduzi porlayotganiga ishora
qilishardi: Sohib-ul-qiron! Sohib-ul-qiron! Munajjimlar Temurga shunday
unvonni, ya'ni yulduzlar sultoni unvonini taqdim qilishadi. Amir Tumur
Sohibqiron Biyo qishlog'idagi marosimdan keyin bo'lg'usi jangga hozirlik
ko'rish maqsadida Chag'oniyon viloyatining markazi Chag'oniyonga borib
tushadi. Chag'oniyon ibn Hurdodbekning ta'kidlashicha, u daryo bo'yida
joylashgan. «Hudud al-olam»da yozilishicha, uning atrofi keng dalali,
dehqonchilik qilish, sug'orish uchun juda qulay bo'lib, Abu al-Hasan ibn
Mahmudga qarashli katta bog' va qo'rg'on mavjud. Chag'oniyon ahli va beklari
Amir Temurga sidqidildan xizmat qilib, katta miqdorda askar, oziq-ovqat, ot
va chorva mollari hamda urush anjomlari yetkazib beradi. Amir Temurning
Chag'oniyonda bo'lgan vaqgida Kufton (Guftan, hozirgi Sherobod vohasi),
Barmangan (ba'zi manbalarda Charmangan yoki Jarminkan hozirgi Jarqo'rg'ondan
4 km janubi-g'arbdagi Kultepa shahri markazi), Xuttalon, Hisor, Temur
qopug'idagi yerlarda katta miqdorda kuch to'playdi. Ana shu Olloh bergan
kuch-qudrat hamda Sayyid Baraka bergan qutlug' shohiy duo kuchi bilan
aql-zakovatli mashhur sarkarda Amir Temur Balxni egallab, anchadan buyon unga
bo'ysunishni istamayotgan Amir Husayn ustidan zafar g'alabasini qo'lga
kiritadi.
Jahongir Amir Temurning aqlli, tadbirkor, kuchli harbiy sarkarda, sharoitni
to'g'ri tushuna oladigan siyosatchi ekanligini u tomondan amalga oshirilgan
har bir ish yakunidan bilish mumkin. Uning 1384 yil bahori boshida Eron
zaminini o'ziga bo'ysundirish maqsadida Termiz atrofini lashkargohga
aylantirib, Termiz sayyidlari himmati bilan Forsga yurish qilganligi, bu
yurish uchun mavjud harajatlar shu o'lkada to'planganligi tarixiy manbalarda
alohida ta'kidlanadi. B. Ahmedov «Amir Temur» tarixiy romanida: «U yana
Termiz va uning tevarak-atrofini lashkargoh deb e'lon qildi, viloyatlarga
lashkar to'plash uchun tavochi va jarchilar yubordi. Movarounnahr
viloyatlaridan chiqarilgan barcha lashkar o'n kun deganda shu yerga - Termiz
va uning tevarak-atrofiga yig'ildi. O'sha 1384 yil bahorining avvalida Amir
Temurning cho'l qumlari va daraxt bargidan ham ko'p lashkari Jayhundan o'tib
qubbat ul islom Balxning jilg'asiga kelib qo'ndi», deb yozadi. Bu
voqealarning tarixiy izohiga e'tibor bersak, Amir Temurga tobe bo'lgan Termiz
va Chag'oniyon o'lkasi unga doimo iqtisodiy-siyosiy tayanch bo'lganligi, bu
o'lkada hech qachon unga qarshi fitna-fasod bo'lmagani aniq va ravshandir. Bu
sadoqat evaziga Amir Temur bu yurtlarning ijtimoiy-iqgisodiy jihatdan
rivojlanishiga alohida e'tibor berdi.
Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafarnoma» asarida ko'hna Termiz haqida ma'lumot berar
ekan, 1399 yil 11 sentabrda Kesh (Shahrisabz)dan Balxga borayotgan Amir Temur
bir necha termizlik sayyidlarning qabrlarini, jumladan, Xoja Muhammad Ali
Hakim Termiziy va Shayx Abu Bakr Varroqning mozorlarini ziyorat qilib
o'tganligini eslatadi. Amir Temur 1404 yilning yozida Balxdan orqaga
qaytayotganida ham Termiz sayyidlaridan Xudovanzoda A'lo al-muluk xonadonida
to'xtab o'tadi. Xuddi shu yilning kuzida Ispaniya qiroli Genrix III ning
elchisi Klavixo ham Termizda bo'lgan edi. Rui Gonsales de Klavixoning
«Samarqandga, Temur huzuriga sayohat kundaligi» («Dnevnik puteshestviya v
Samarkand ko dvoru Timura» (1403-1406 g.g.) asaridagi ma'lumotga ko'ra, Temur
Xurosonga qilayotgan yurishida Amudaryoga qayiq ustida turuvchi ?g'och
ko'prik qurdiradi va qo'shinlar o'tib bo'lgach, uni buzdirib tashlaydi. Bu
davrda Kichik Hindiston deb ataluvchi mazkur hudud Balx tumaniga qarashli
edi. Termiz tumaniga tegishli qadimgi kechuv joylari Sho'rob va Cho'chqa
Guzar Aleksandr Makedonskiygacha ham bor edi, bu joylar ilgari Kichik
Hindistonga bo'ysungan bo'lsa, endi Temurbek tomonidan Samarqand saltanatiga
bo'ysundirildi, deb qayd etildi. Sohibqiron saroyiga Kastiliya va Lion qiroli
Genrix III nomidan elchi bo'lib kelgan Rui Gonsalis de Klavixo Termiz
shahrini shunday ta'riflaydi: «Termiz juda katta va aholisi zich, unda tashqi
devor mudofaa istehkomlari yo'q. Shahar atrofida ko'plab bog'lar va anhorlar
joylashgan. Bu shaharga kirganimizdan so'ng doimo xilma-xil mollar
sotiladigan gavjum ko'cha va maydonlardan yurib bordik. Bu shahar elchilarga
ko'p marotaba marhamat ko'rsatdilar».
Temur davrida Chag'oniyon o'lkasining markaziy shahri Chag'oniyon ham
rivojlanadi. Buni Termiz, Chag'oniyon, Navand (Chag'oniyonning yana bir
markazi)da Temur va Temuriylar davlati hududida muomalada bo'lgan dirham (mis
tanga pul)lar zarb etilganidan ham bilsak bo'ladi. Tarixiy manbalarning
guvohlik berishicha, Termiz qal'asining qayta tiklanishi temuriy Xalil Sulton
farmoni bilan amalga oshirilgan. Xuroson hukmdori Shohrux Mirzoning Anhud va
Balx viloyatlarida ta'siri kuchayishidan tahlikaga tushgan Xalil Sulton 1407
yilda Amudaryo bo'ylab joylashgan Termiz qal'asini qayta tiklattirgan.
Amir Temur vafotidan so'ng, merosxo'rlar o'rtasida ziddiyatlar va urushlar
kuchayib ketadi, mamlakat hayoti izdan chiqib, madaniyati halokat ?qasiga
kelib qoladi. Bu xavfning oldini olish uchun Shohruh Mirzo ko'rsatmasi bilan
Amudaryo chegara deb belgilanadi, 1407 yili Balx va uning atrofidagi yerlar
egallanadi. Ibn Arabshoh ma'lumotiga ko'ra, «Shu voqeadan so'ng. Shohrux
Mirzo ko'rsatmasi bilan Xalil Sulton Amudaryoni chegara deb belgilaydi va
sohildan eski Termiz qal'asini tiklash haqida buyruq chiqarishga majbur
bo'ladi». 1431 yili Shohruh Mirzo topshirig'iga ko'ra yozilgan Hofizi
Abruning geografiyaga doir asarida Amudaryoning Orol dengiziga emas, balki
Kaspiy dengiziga quyilishi, Movarounnahr va uning yirik shaharlari Buxoro,
Samarqand, Kesh, Nasaf, Termiz, Xo'jand haqida ma'lumotlar berilgan. Hofizi
Abru Termiz shahri bilan qal'a bir joyda, bundan tashqari, Termiz tashqi
shaharga ham ega ekanligini, imoratlar paxsadan qurilgan, bozor va jome'
masjidi shaharning markazida bo'lganligini ta'kidlaydi.
Buyuk geografik kashfiyotlar arafasida bo'lgan Temur davri butun Turon zamin
xalqaro savdosining yuksak rivojlangan bosqichi bo'lib hisoblanadi. Kichik
Hindiston (g'arbiy Yevropa adabiyotida Kichik Hindiston va Eron oralig'idagi
hududlar, ya'ni Afg'oniston, Belujiston va Mekron nazarda tutilgan)dan
Samarqand sari yo'l olgan karvonlar Termiz va Yorgoh kechuvidan o'tgan. Bundan
ko'rinadiki, Surxon vohasi hududi Temur davri savdosida muhim ahamiyat kasb
etgan. Temur va temuriylar davrida vohada nafaqat savdo, balki iqtisodiy
hamda madaniy siljishlar ham yuz berganini XIV-XV asrlarga oid bo'lgan 80 dan
ortiq obidadan topilgan ashyoviy manbalar isbot eta oladi. Bu yodgorliklardan
qazib olingan, sifat darajasi bilan Xitoy chinnisiga tenglashgan sopol
buyumlar, zargarlik namunalari, me'moriy koshinlar Surxon vohasi amaliy
san'atining Temur davlati markaziy shaharlari madaniyati bilan hamohang
taraqqiy etganligidan dalolat beradi.
|
Комментариев нет:
Отправить комментарий