Amir Temur vorislari o'rtasidagi o'zaro toju taxt kurashi, ichki nizolarning jiddiy keskinlashuvi Temuriylar saltanatining inqiroziga sabab bo'ldi. Bu esa Temuriylarga qarashli yerlarning birin-ketin dashti-qipchoqlik Shayboniyxon tomonidan istilo qilinishiga olib keladi. Muhammad Shayboniyxon 1499 yildan boshlab Movarounnahr tomon jiddiy harakat qila boshlaydi, u dastlab Movarounnahrning markaziy shaharlari Samarqand, Buxoro va boshqalarni istilo qilgach, harakatini Temuriylarning janubiy yerlari tomon davom ettiradi. Temuriylar davlatining boshqa hududlarida bo'lgani singari, bu yerlarda ham mahalliy hokimlarning o'zaro bir-birlarini qo'llab-quvvatlamasligi, ishonchsizliklari shayboniylarga qo'l keladi.
Shayboniylar istilosi arafasida Termiz va Chag'oniyonga qo'shni bo'lgan Balxda
Sulton Husayn o'g'li Badiuzzamon hokimlik qilar edi, u Termiz shahrini
Shayboniylarga topshirmaslikka urinib ko'radi. Xuddi shu davrda Hisor va
Badaxshon viloyati hokimi Xusravshoh juda kuchli va boy bo'lgan o'z
viloyatining kuchiga yetarli baho bera olmaydi. U Temuriy shahzodalarga yordam
berish o'rniga, ulardan qo'rqadi, 20 ming askar bilan Badiuzzamon Xusravshohni
Termizda uzoq kutadi. Xusravshoh bu paytda Shayboniylar kelayotganini eshitishi
bilan o'z mulkini tashlab qochadi va oqibatda undan madad kutib turgan
Badiuzzamon Termiz shahrini tark etib, Balxga qaytishga majbur bo'ladi.
Shayboniyxon 1504 yili Termiz va Jayxun ?qasidagi yerlarni o'z qo'l ostiga
oladi va shaharga Shayboniylardan Said Muhammad Sulton hokim etib tayinlanadi. Muhim
strategik ahamiyatga ega bo'lgan Termizning qo'ldan ketishi, kelajakda
Amudaryoning narigi qirg'og'idagi Temuriylarga qarashli yerlarning istilo
qilinishiga yo'l ochar edi. Ana shu tariqa bu orada 1505 yili Hisor hech qanday
qarshiliksiz Shayboniyxon tomonidan egallab olinadi va shundan so'ng Bag'lon,
Qunduz, Badaxshonlar Mahmud Sulton hamda Muhammad Temur sultonlar tomonidan
istilo qilinadi. Xusravshohga tobe bo'lgan mulklar Shayboniyxon qarindoshlariga
taqsimlanadi va Chag'oniyon esa Mahdiy Sultonga beriladi.
Shayboniyxon vafotidan so'ng, 1511 yilning yanvar - 1512 yilning fevral
oylarida Shayboniy sultonlar Vaxshdagi Puli Sanginda Boburiylar tomonidan
mag'lubiyatga uchraydi. Buning natijasida Chag'oniyon, Hisori Shodmon va
Qubodiyon Boburiylar qo'l ostiga o'tadi. Ammo oradan ko'p vaqt o'tmay, 1513
yilda Boburiylar lashkari Shayboniylar sulolasidan bo'lmish Ubaydulloxon
tomonidan quvib chiqariladi.
Balx va Jayhun daryosining o'ng sohilidagi yerlarga XVI asrning 20-yillarida
Boburiylar tomonidan doimiy ravishda xavf solib turilgan. Pirmuhammadning
amalga oshirgan izchil ichki hamda tashqi siyosati tufayli XVI asrning
40-60-yillarida Termiz va Chag'oniyonda ma'lum bir davr osoyishtalikka
erishilgan edi. Ammo Buxoro va Balx o'rtasidagi muhim harbiy istehkom bo'lgan
Termiz Shayboniylar va ularning Balxdagi gumashtalari o'rtasida tez-tez yuz
beradigan jan-jallar tufayli o'zaro kurash maydoniga aylangan edi. Shayboniylar
saltanatining yirik arboblaridan biri sanalgan Abdullaxon ham hokimiyatni
mustahkamlashda Termizning strategik mavqeiga alohida e'tibor qaratadi. Uning
1572 yil may-iyun oylarida Termizni egallash uchun olib borgan kurashi bunga
misol bo'ladi. Hofiz Tanishning bergan ma'lumotlariga qaraganda, Termiz hokimi
etib Abdullaxonning amakivachchasi Mahmud Sulton tayinlangan edi.
Daryo qirg'og'idagi ko'hna Termiz qal'asi o'zbeklar hukmronligi davrida ham
mavjud edi. Bu davr haqida Xofiz Tanish Buxoriyning 1572 yili yozilgan
«Sharafnoma-i-shohiy» («Podshohni sharaflovchi kitob») asarida Termizning
topografik o'rni, shahardagi binolar, osori-atiqalari, xalqning etnik tarkibi
xususida ma'lumotlar beradi. O'sha paytda Termiz Abdullaning dushmani-Balx
hukmdori Dinmuhammadga bo'ysunardi. Abdullaxon Termizni qamal qilishdan oldin
Hakim Termiziy va Abu Bakr Varroq mozorlarining shayxlarini yoniga chorlab,
ularni maxsus sovg'alar bilan siylaydi.
Termiz va uning atrofidagi yerlar XVII asrda o'zbeklarning qo'ng'irot urug'i
qo'liga o'tdi. Bu davr haqida balxlik yirik tarixchi Mahmud ibn Vali o'zining
«Bahr ul-asror fi manoqib al-ahyor» («Olijanob kishilar haqida sirlar dengizi»)
asarida Termiz to'rtinchi iqlimdan va Movarounnahrning yirik shaharlaridan biri
ekanligini, uning mustahkam devorlari Jayhun qirg'og'ida qad ko'targanligini,
darvozasi ham daryo tomonda ekanligini qayd etadi. Muallifning ta'kidlashicha,
shaharda qishloq va mahallalar ko'p bo'lgan. Surxondaryoning shimoliy
qirg'og'ida joylashgan, asli nomi Solihobod bo'lib, mahalliy xalq tilida
Salavot deb yuritilgan mavze shaharning eng muhim manzillaridan hisoblangan.
Salavot XVII asr boshlarida ham mavjud bo'lgan Chingil-ariq (Jingil ariq)
qishlog'i bilan yonma-yon joylashgan. Salavot hukmdorning qarorgohi, bozor,
madrasa va juma masjidi hamda baland minoralari alohida holda ajralib turgan.
Yana Mahmud ibn Valining ta'kidicha, viloyatda bog' va ekinzorlar kam uchraydi,
yeri qumloq bo'lganligidan iqlimi issiqdir, bu yerda g'alla va qovun yaxshi
yetiladi.
O'z davri siyosiy maydonida yirik mavqe va maqomga ega Abdullaxon 1584 yili
Amudaryoning o'ng qirg'og'idagi yerlarni, jumladan Termiz shahrini o'g'li
Abdulmo'minga in'om etadi. Buxoro taxtini 1601 yili egallagan
Joniy(Ashtaoxoniy)lar Chag'oniyon yurtida o'z hukmronligini o'rnatib, unga
Shayboniy Jonibek Sulton avlodi Muhammad Salim Sulton hokim etib tayinlanadi.
Termiz hokimi va qal'a kutvoli amir Odilbiy Joniylarga bo'ysunmaslikka harakat
qilib qarshilik ko'rsatadi. Boqi Muhammad 1602 yilning bahorida Termiz va
Chag'oniyondagi qarshiliklarni bostirib, bu yerlarni Joniylar davlatiga tobe
qiladi. Xullas, XVII asrdagi o'zaro urush-janjallar Termizning qadimiy rivoji
va mashhurligiga salbiy ta'sir ko'rsata boshlaydi. Shahar 1646-1647 yillarda
hatto Boburiylar sslolasidan bo'lmish hind shahzodasi Avrangzeb tomonidan
istilo qilinadi va boshqariladi. Keyinchalik musulmon xind sarkardasi Saodatxon
tomonidan Termiz qayta istilo qilinib, talanib, vayron etiladi.
Ashtarxoniylar davrida o'zbek urug'larining o'zaro raqobati natijasida
markazning ta'siri pasayib boradi, alalxusus 1702 yili Ubaydulloxon hukmronligi
davrida markaz bilan mahalliy hukmdorlar kurashida Termiz hokimi katta mavqega
ega edi. Qo'ng'irot urug'idan bo'lgan Sheralixon o'zining ittifoqchilariga
tayanib Ubaydulloxonga bo'ysunmay qo'yadi. Sheralixonning niyati Shayboniylar
va Ashtarxoniylar davridagi o'zaro kurash iskanjasida tanazzulga yuz tutgan
Termizni qayta tiklashga urinib ko'rish edi. Ammo bu urinishlar natija
bermagach, Sheralixon o'z mulki doirasida qal'a qurdiradi va unga Sherobod
nomini beradi. Ashtarxoniy Ubaydulloxon bo'lsa, Muhammad Rahimbiyning maslahati
bilan Termiz hokimligiga nayman urug'idan bo'lgan Ne'matullo to'qsaboni
tayinlaydi. Sheralixon bu orada Ne'matulloning Termizga kelishini kutmasdan
Sherobod qal'asiga ketib qoladi. Ana shu qo'ng'irot urug'ining umumiy
yig'ilishida aniq bir fikrga kelisha olmaslik tufayli, bu qavim ahli ikkiga
bo'linadi: ularning bir qismi Sheralixonni ?qlab Sherobodga ketishadi,
qolganlari o'z joylari Termizda qolishadi.
Termiz shahri o'z tarixining eng qora kunlarini boshidan kechirayotganda vohada
yangi markaz shakllana boshlaydi, keyinchalik Buxoro amirliganing yangi hududiy
birligi - Sherobod bekligi tashkil qilinadi. Xuddi shu davrda Chag'oniyon
(Budrach)ning batamom tushkunlikka yuz tutishi oqibatida yangi shahar
Qizilsuvning yuqori havzasida Dehi nav (Denov-yangi qishloq) shakllanadi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий