
Uning padari buzukvori Ali ibn Hasan bilimdon muhaddis olim bo`lgan, ilm
izlab Bag`dodga borgan, o`sha davrning taniqli olimlari bilan xadisning turli
masalalari borasida ilmiy munozaralarda faol ishtirok etgan. Volidai
muhtara-masi hamda tog`asi ham hadisi nabaviyyaning durust bilimdonlari
hisoblanishgan. Binobarin, Hakim at-Termiziy o`z dunyoqarashiga ulkan ta`sir
ko`rsatgan bilimli va ilmiy muhitda voyaga yetgan.
Yozma manbalarda Hakim at-Termiziy ustozlari haqida ishonchli ma`lumotlar
keltirilgan. Uning dastlabki ustozi otasi Ali ibn al-Hasan at-Termiziy bo`lgan.
Al-Xotiyb al-Bag`dodiyning "Tarixi Bag`dod" asarida bir muncha
ma`lumot keltirilgan. Ustozlari orasida Qutayba ibn Sa`id as-Saqafiy al-Balxiy
(798 — 888 yillar), Ibn Xib-bonning "Mashxur kishilar to`g`risida
kitob" asarida ancha dilbar gaplar aytilgan Solih ibn Abdulloh
at-Termiziy, bir qancha vaqt Termiz qozisi bo`lgan Solih ibn Muhammad
at-Termiziy, Sufyon ibn Vakiy` (vafoti 860 yil), Hasan ibn Umar ibn Shafiq
al-Bahriy (vafoti 840 yil), Ahmad ibn Hadravayh (vafoti 854 yil), Abu Turob
al-Naxshabiy, Yahyo ibn Maoz ar-Roziylar (vafoti 875 yil) bo`lishgan.
Hakim at-Termiziy xayoti va faoliyatini tavsiflovchi yozma manbalar
ma`lumotiga asoslangan holda uning uzun hayotini quyidagi bosqichlarga bo`lish mumkin.
Birinchi bosqich — sakkiz yoshgacha bo`lgan bolalik yillari. Taassuflar
bo`lsinki, uning hayotining bu davri haqida aniq ma`lumotlarga ega emasmiz.
Shunday bo`lsa-da, u o`z tengdoshlaridan farqli ravishda, shu yoshga xos turli
o`yinlarga ko`ngil ko`ymagan, balki o`zini istiqboldagi ilmiy hayotga tayyorlab
borgan — ustozlaridan ko`proq dars olgan, turli ilmlarni (ayniqsa kalom ilmini)
o`rgangan, sirli ma`naviy hayotga o`zini chog`lagan, deb aytish mumkin.
Ikkinchi bosqich Hakim at-Termiziyning sakkiz yoshdan yigirma sakkiz
yoshgacha bo`lgan hayotini o`z ichiga oladi. Bu davrda u turli shayxlardan
bilim o`rgangan. Ilm izlab Sharqning boshqa shaharlariga borgan, Makkada
bo`lib, Baytullohni ziyorat qilgan. Hayotining shu davrida u hadis o`rganishga
hamda fiqh masalalariga ko`proq e`tibor bergan.
Alloma hayotining uchinchi bosqichida Qur`oni karimni chuqur o`rganish
bilan mashg`ul bo`lgan. U kalomullohni, uning mohiyatini chuqur o`rganish,
ro`za tutish, ibodat qilish, taqvo va hokazolar bilan shug`ullangan.
Al-Antokiyning "Qalb muolajasi" falsafiy-tasavvufiy asari unga
ayniqsa qattiq ta`sir ko`rsatgan.
Hakim at-Termiziyning shogirdlari ham ko`p bo`lgan. Bular: Abu Muhammad
Yahyo ibn Mansur al-Qoziy (vafoti 960 yil), Abu Ali Mansur ibn Abdulloh ibn
Xolid az-Zuhliy al-Hiraviy, Abu Ali al-Hasan ibn Ali al-Jurjoniy, Ahmad ibn
Muhammad ibn Iso, Abu Bakr Muhammad ibn Umar al-Hakim al-Varroq, Muhammad ibn
Ja`far ibn Muhammad ibn al-Xaysam ibn Umron ibn Burayda va boshqalardir.
Hakim at-Termiziyning ilmiy-ijodiy faoliyati uning boshqa mamlakatlar va
shaharlarga sayohati bilan chambarchas bog`liq. U Balxda, Nishopurda bo`lgan,
fan va madaniyat yuksak rivojlangan Bag`dodga borgan. Bu shaharlarda u mashxur
olimlar bilan uchrashgan, ilmiy munozaralarda qatnashgan. Shunday bo`lsa-da,
Hakim at-Termiziyning ilmiy-ijodiy hayotida uning ona shahri — Termiz juda
muhim rol o`ynagan, o`zining asosiy asarlarini alloma shu yerda yaratgan. Uning
mav`izayu xutbalari, shuningdek ayrim asarlari va, eng avvalo mu-sulmonlik
marosimlari, Allohga oshiqlik, sufiylarning ayrim toifalari, "xotamul
anbiyo" bilan bir qatorda bo`lgan "xatmul avliyo" to`g`risida
mulohaza yuritilgan "Xatmul-avliyo", "Ilal ash-shari`a"
faqihlar va arboblarning ma`lum qismida norozilik uyg`otgan. Hakim at-Termiziy
badxohlar ta`qibidan qutulish uchun Balxga, so`ng Nishopurga ketishga majbur
bo`lgan. U yerlarda allomani kuvonch bilan kutib olishgan. Keyinchalik u
yerlarda tarafdorlari va izdoshlari ko`paygan.
Комментариев нет:
Отправить комментарий