CHAG'ONIYON ADABIYOTI (X-XI asrlar)
Chag'oniyon tarixiga chizgilar. Ko'hna Surxon vohasi
qadim Baqtriya davlati tarkibidagi viloyatlar sirasiga kirgan, bu eramizdan
avvalgi IX-VIII asrlarga to'g'ri keladi. Keyingi asrlarda qadim Baqtriya
sarhadlarida yangi davlatlar barpo bo'lib, Baqtriya shu yangi davlatlarning
tarkibiy qismlariga aylana boshlaydi. Bular: Ahamoniy (miloddan avvalgi
VII-IVasr)lar, Iskandar Zulqarnayn yurish (mil. av. IV asr)lari, Salavkiy (Mil.
av. IV-III asr)lar hukumati, Yunon-Baqtriya (mil.av. III-II asrlar) davlati,
Saklar (mil. av. II) xuruji, Parfiya davlati (mil. av. I asr), Yuyechje qabila
(mil.av. I va milodning I asri)larining kirib kelishi, Kushon saltanati
(milodiy I-III asrlar), Eron Sosoniy (III-IV asr)lari shahonshohligi bilan
bog'liqlar kasb etadi. Surxondaryo viloyati hududlari ilk o'rta V-VIII asrlarda
Taxoriston atamasi bilan yirik tarixiy-madaniy mintaqa tarkibiga tobe edi,
ushbu atama dastlab eramizning 383 yilidagi matnlarda paydo bo'la boshlagan.
Taxoriston hududlari VI asrga kelib kengaydi va u qator viloyatlarga ega
bo'ldi, shunday viloyatlardan Da-mi (Termiz) hamda Chi-o-yan-na
(Chag'aniyon)lar hozirgi Surxondaryo zaminida joylashgan edi.
Qadim Baqtriya bag'rida paydo bo'lgan Toxariston zaminiga IV asrga kelib xioniy
(xionit) nomi bilan yuritiladigan qabilalar kirib keldi va bu zaminni
Sosoniylardan tortib oldi. Chunki Toxariston tuprog'i kushonlar saltanati
inqirozidan so'ng Eron Sosoniylari tasarrufida edi, endilikda bu tuproqqa
xionit va eftaliy (eftalit) qabilalari harakati boshlanadi. Avvalgi Toxariston
yerlariga Sosoniy (III-V asr)lar, so'ngroq Xioniylar va Eftaliy (eftalit, V
asr)lar kirib keldi, shu tariqa Toxariston yerlari V-VII asrlar mobaynida
Sosoniylar, Xioniylar, Kidariy (ikkinchi bir nomi taxor)lar hamda Eftaliylar
o'rtasida talash maydoniga aylandi. Bu voqealar ushbu yurtlarda topilgan
Sosoniylar va Eftaliylarning tangalari bilan o'z isbotini topgan. VII asr
oxirlari va VIII asr boshlarida bu zaminda Chochdagi turkiy hukmronlar
tangalariga taqlidan tangalar zarb etiladi, demak, VIII asrdan e'tiboran bu
yurtga Turkiy xoqonlik hukmronligi kirib kela boshlagan ekan.
Endi Chag'oniyon atamasiga kelsak, bu nom yozma manbalarda VI asrdan boshlab
uchraydi va solnomavis ad-Dinovariy (vafoti 952)ning «Kitob al axbor»da
bitishicha, sosoniy Xusrav I Anushervon (hukmronligi 531-579) qo'shinlari
Eftalit (tarixiy manbalarda eftal, xaftal, xaytal, goho eftalon shaklida ham
bitiladi) davlatining Toxariston, Kobuliston va Chag'oniyon viloyatlarini bosib
oladi. Tarixiy voqealarga murojaat qilsak, 563-567 yillarda Eftaliylar bilan
Turkiy xoqonliklar o'rtasida Buxoro o'rtasida to'qnashuv ro'y beradi va
ularning birinchisi qattiq shikast topadi. Shikast topgan Eftaliylarning
qolgan-qutgan qismi Chag'oniyonga chekinadi va asli Eftaliylardan bo'lgan
Chag'oniyon hokimi Fag'onishni o'zlariga yo'lboshchi qilib ko'taradilar. 571
yili Chag'oniyon Xusrav I Anushervon ixtiyoriga o'tadi, bu hodisa ikki xil
izohlanadi: Fag'onish go'yo turkiy xoqonlarga qarshi kurashda Anushervonga tayanmoqchi
bo'lgan yoki turk xoqoni Istamiy bilan Anushervon shartnomasiga binoan
Chag'oniyon Sosoniylarga tegadi. Chag'oniyon Eftaliylar davlati tarkibida
yetmish yil turdi, hatto, Chag'oniyon hokimi Eftaliylar uyushmasining
rahnamosiga aylandi, ko'rinadiki, Chag'oniyon Sosoniylar va Eftaliylar davlati
tarkibida ko'p jihatdan mustaqil bo'lgan. Chag'oniyonda VII asrga kelib sulola
almashuvi ro'y beradi, Eftaliylar o'rniga turk xoqonligi sulolasi ustuvorligi
kuchaydi. Chag'oniyonni idora qilgan eski Chag'onxudotlar sulolasi o'z mavqeini
saqlab qolgan holda Turk xoqonlariga suyandilar, turkiy qabilalarning
Chag'oniyonga kirib kelishi 589 yildan boshlanadi.
Turk xoqoni (qoon, qog'on, xoqon, xon) Tun Yabg'u (Yabu-jabu, hukmdor, bak,
bek, biy 618-680 yillar) davrida Toxaristonni boshqarish uning o'g'li Tardu
Shodi zimmasiga yuklatiladi. Chag'oniyonda turkiy qabilalar sulolasi
mustahkamlanib bordi, Chag'oniyon hukmroni Tish Uzoq Sharq mansha (718-719)
larida Toxariston yabg'usi, ya'ni bosh hukmroni tarzida tilga olinishining o'zi
jiddiy voqeadir. Ana shu Tish-Chag'oniyonning chag'onxudoti o'z qo'shnilari
Shuman va Axarun hukmron (Qoratog' daryosi va Hisor vohasi o'lka)larini
bo'ysundirish uchun Qutayba lashkarlarini madadga chaqiradi. Movarounnahr
yerlariga onda-sonda hujum qilib, talon-tarojlik yurishlarini amalga oshirib
turgan arablar uchun bu qulay hodisa edi. Shu munosabat bilan arab qo'shinlari
Surxon vohasiga kirib keldi va Chag'oniyonni egallab oldi. Arablarning
Chag'oniyonga ilk hujumi 667 yilda ro'y bergan edi, 651 yili arab qo'shin
boshlig'i bilan Chag'oniyon shohi yakkama-yakka jang qilganini yaxshi bilamiz.
Bu hodisa va voqealardan shu narsa aniqki, Chag'oniyon shohi, demak, butun
boshli arab bosqiniga qarshi harakatning rahnamosi bo'lgan. Qolaversa, 650 yillarda
Chag'oniyon o'lkasining hokimi Turontosh edi, uning ismi turkiy tilli aholi
vakili ekanini ochiq ko'rsatib turibdi. Binobarin, ilk o'rta asrlarda
Toxaristonda turkiy xalqlarning alohida siyosiy va ijtimoiy mavqeini ilmiy
tadqiqotlar aniq isbotlab turibdi.
Qutaybaning Chag'oniyonga kirib kelishi bilan umum Chag'oniyon yangi islom dini
ta'siriga berilib ketdi deb bo'lmaydi, balki asl boshqaruv hali-hanuz
chag'onxudotlar ixtiyorida edi va ular hukumati oz emas, ko'p emas yuz yilga
yaqin turgan. G'alati tomoni shundaki, Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga
yurish qilgan arab qo'shinlariga birinchi galda Chag'oniyon xudotlari
(Movaraunnahr viloyatlarini arab istilosigacha bo'lgan davrda turli nomlarda
ataluvchi mahalliy hukmronlar boshqarganlar, ya'ni Termizni shoh, Buxoro va
Chag'oniyonni xudot, So'g'dni ishxid, Farg'onani afshin, Xo'jandni dehqon,
Xorazmni podshoh) harbiy ko'mak berar edi. Chunonchi 706 yilgi Qutayba binni
Muslimning Buxoro va Paykandga hamda 737 yilgi Asad binni Abdullohning Xuttal
(Xaptal-Eftal) hamda turk qog'onligiga qarshi yurishlarida Chag'onxudot shaxsan
hamroq bo'lgan edi. Xuttalning Xutlon (hozirda Xatlon) shaklini shoir Munjik
Termiziy bir baytida tilga olib o'tadi:
Birodaron maro z-in sipas siyah makuned,
Ba madhi xojai xutlon ba jashnho xoma.
mazmuni:
Bayramda Xutlon xojasi madhiga qo'limga qalam olsam,
Og'aynilar, bundan buyon meni qoralamang.
Qolaversa, VII asrning 70-yillarida boshlangan
Muqanna rahnamoligidagi oq kiyimlilar harakatiga chag'onxudotlar ro'yxushlik
bildirishmadi, balki ularga qarshi siyosat yuritishdi.
Chag'oniyon mulki Toxariston(bu nom hozirgi Afg'oniston islom davlatidagi Taxor
viloyati nomida saqlanib qolgan) tarkibidagi eng yirik va eng kuchli o'lka edi,
boisi bu o'lkaning o'ziga xos an'analari hamda ajoyib sulolaviy tarixi
mavjuddir. Bu hududda katta-katta qishloqlar va ulkan shaharlar qad ko'tara
boshladi, bu yurt o'zida zarb qilingan xususiy tangalariga ega edi. Chag'oniyon
hukmronlari boshqa uzoq va yaqin hukumatlar bilan diniy, iqtisodiy hamda
sulolaviy aloqalarni yaxshi yo'lga qo'ydi, oqibatda, savdo-sotiq ishlari ancha
rivoj topdi. Ayniqsa, Afrosiyob saroyi xarobalari topilib ochilgandan keyin
Samarqand shohi Varxuman saroyi devorlarida bitilgan bitiklar o'qilgach, shu
narsa aniqlandiki, VII asrning 2-yarmida Samarqandga (650-670 yillar)
Chag'oniyon davlati elchilariga devonxona boshlig'i, ya'ni dapirat
(dabir-yozuvchi-kotib) rahbarlik qilgan ekan va Samarqand shohi Varxumanga
sovg'a-salomlar bilan birgalikda kelin ham olib kelgan ekan. Yana ham qizig'i
shundaki, Chag'onxudotlarning hukmronligi kezlarida 719 yilda Chag'onxudot Tish
(Tishtriya-Sirius, avestacha, eng ravshan yulduz) tarafidan Chin (Xitoy)ga
moniylik dini peshvosi Mo-Jo boshchiligidagi elchilar jo'natilganini ham
bilamiz. Qarang, Surxon vohasi Zardushtiylik va Buddaviylik dinlarining maskani
bo'lishi barobarida bu yerda demak, Moniylik dini ham rivoj topgan va rasm
bo'lgan ekan.
Endi umumiy xulosalarga kelsak, Chag'oniyonda VI-VII asrlar chog'i shohlar
saltanati (bu hodisa sosoniylar bilan bog'liq) hukm surgan, so'ngra VII asrning
2-choragidagi turkiy xoqonlikka tobin Yabg'u hamda Shodilar ustuvorligi ro'y
bergan. VIII asrdan boshlab Chag'onxudotlar hukmronligi o'z faoliyatini
boshlaydi va bu qancha davom etganligi ma'lum emas. Har holda Chag'onxudotlarning
hukmronligi arab istilosidan so'ng barham topgan ko'rinadi. Ana shu zaylda arab
istilosining yemirilishi bilan, bizningcha, Termiz va Chag'oniyon asta-sekin
Tohariylar hamda Somoniylar davlati tasarrufiga o'ta boshlaydi. 1X asrning
2-yarmidan boshlab Chaoniyonda bizga noma'lum bo'lgan amirlar sulolasi
hukmronlik qilgan, ammo X asrdan e'tiboran bu zaminda Muhtojiylar sulolasi
ustuvorligi sezilarli darajada oshib boradi. Bu yurt X-XII asrlar mobaynida
Qoraxoniylar, G'aznaviylar va Saljuqiylar qaramog'iga kirganligi tarixdan
ma'lum.
Chag'oniyon amirligi sarhadlari keng bo'lib, uning hududlariga Boysunu Darband,
shimoldan Hisoru Dushanbe, janubdan Jarqo'rg'ondan yuqori tumanlar, sharqdan
Bobotog' etaklarigacha cho'zilgan zaminlar kirgan. Umumvoha Chag'oniyon nomi
bilan yuritilgan, qadimda Surxon daryosi esa Chag'onrud deyilgan, Chag'oniyon
va Chag'onrud ko'hna Sak elati nomi ila hamohangliklar kasb etadi, ya'ni daryo
atamasi Sakonrud-Shakonrudning talaffuzdagi o'zgarishlari natijasidir. Bu esa Chag'oniyon
(Sakoniyon-Shakoniyon yoxud Chag'on-Sakon-Shakon-Chakon)ga ham to'kis
taalluqlidir. Zero, bu nom ayrimlar aytganidek Chag'ona so'zi (qizil yoki
musiqa asbobi)ga mutlaqo aloqador emas. Saklarning Baqtriya bilan aloqasi
qadimdan mavjud ekanligi ma'lum, chunonchi Ahamoniylar davridayoq, balkim undan
ham ilgari Sak va Boxtarlarning qo'shinlari yagona lashkarga biriktirilib
Eron-Yunon urushlarida qatnashganini yaxshi bilamiz. Chag'oniyonning qadimgi
markazi hozirgi Qizilsuv (Sangardak)ning Surxonga quyiladigan chap sohilida
xarobaga aylangan Budrachtepa o'rnida bo'lgan, keyinroq bu markaz hozirgi
Denovga ko'chgan. Voha ham va uning markazi ham Chag'oniyon deyilgan, arab
manbalarida Chag'oniyon Sag'oniyon tarzida bitilgan. Bu esa arab tilida «ch»
tovushning yo'qligi tufayli ro'y bergan hodisadir.
Chag'oniyon shahri haqida ilk bor xitoy tarixchi sayyohi Syuan Szyan xabar
beradi, bu 630 yillar atrofiga to'g'ri keladi. Syuan o'z kundaligida ushbularni
bitib qoldirgan: «Chag'oniyon shahri 10li (bu 3 km.ga to'g'ri keladi) masofada
o'rab olingan va Termiz shahridan ikki marta kichik, lekin Qabodiyon markaziy
shahri bilan teng». X asrga kelib muarrix al-Istaxriy (849-934) ma'lumotlari
shuni ko'rsatadiki, endilikda, Chag'oniyon shahri o'z maydoni jihatidan Termizdan
katta, biroq Termiz o'z aholisi va boyligiga ko'ra Chag'oniyondan ustunroq
ekan. Qisqasi, Chag'oniyon shahri oxirgi uch yuz yil ichida shimoliy
Toxaristonning madaniyati eng yuksak rivojlangan, ilm-fan ravnaq topgan
markaziy shaharlaridan biri sifatida barcha sarchashmalarda ulug'lanadi.
Tarixchilardan al-Istaxriy («Kitob al masolik val mamolik»-«Mamlakatlar
masalasi kitobi», 933 yil) va al-Muqaddasiy (946-1000. «Ahsan at taqosim fi
ma'rifat al iqlim»-«Iqlimlarning to'g'ri va ilmiy taqsimoti» 985 yil)larning
yozishicha: «Chag'oniyon shahrida qo'rg'on bo'lib, unda chiroyli va katta bozor
bor, bozor o'rtasida xushbichim masjid qad ko'tarib turadi, masjidda maxsus
pishiq g'ishtli xonalar mavjud. Shahardagi har bir xonadon suv bilan
ta'minlangan, sug'orish ishlari yaxshi yo'lga qo'yilganidan shahar atrofi qalin
ko'kalamzor bilan qoplangan, turli anvoyi o'simliklar bilan o'ralgan, o'tning
balandligidan otlar ko'rinmaydi, qishda bu yerda qush ovlanadi. Shahar ahli
asli musulmon bo'lib, ular o'ta mehmondo'st xalqdir...». Manbalarda goho daryo
nomini Chag'oniyon ham deyishgan, chunonchi ?qut Hamaviy (1179-1229) «Mo''jam
al-buldon» («Shaharlar lug'ati»)da Termiz haqida gapirar ekan:
«Termiz-Amudaryoning sharqiy tomoniga joylashgan katta shahar. Uning hokimi
turadigan joy as-Sag'oniyonga yopishgan». Matnda keltirilgan as Sag'oniyon
aslida Chag'oniyon bo'lib, demak qadimda Surxon (Chag'onrud-Sag'onrud) ba'zan
voha nomi kabi Chag'oniyon deb yuritilgan ekan. Buni Hofizi Abru (1362-1431)
ham tasdiqlaydi: «Termiz-Jayhun kanori bo'yida shahar... Ekinzorlari
Chag'oniyon (Surxon) suvidan ichadi». Ammo daryo aksar holda Chag'onrud nomi
ila atalishini «Hudud al olam» kitobi isbotlaydi: «Chag'onrud Chag'oniyondan
oqadi va Termiz yonida Jayhunga quyiladi».
Chag'oniyon ko'hna zamin, u turli zamonlarda turfa nomlarda ataladi, chunonchi,
Baqtriya, Yunon-Baqtriya, Kushon, Toxariston, Chag'oniyon va nihoyat hozirgi
atamasi Surxondaryo nomini olgan. Baqtriya degan yurtda Bubaken, Gaboz,
Pareytaken nomli viloyatlar borligi tarixda raqam etilgan va Rustam hamda
Alpomish turkum dostonlarning yaratilishi, tarqalishi holatlari ham Surxon
zamini bilan bog'liq ekanligi ancha muhimdir.
Chag'onrud - pahlavonlar yurti. «Alpomish» dostoni Surxon vohasi zamini ila
bog'liq va u shu o'lka bag'rida yo'g'rilgan, dostonda ta'riflangan Boysun
qo'ng'irot eli va Boboxon tog'i atamalarining o'zi bunga aniq dalil. Yunon
muarrixlaridan Aristobul, Klitarx, Ptolemey Lag va qisman Kallisfen
solnomalarida (ularning barchasi Iskandar harbiy yurishlarining ishtirokchilari
va lashkarboshilari) qadim Baqtriyaning saxovali, serunum, go'zal go'shalaridan
sanalmish Pareytaken (ba'zan Paretaka-Paritaka), Gabaza (goho
Gaboz)-Gazaba(Gaza-tepalik, tog' bilan bog'liq B.M.), Bubakena (farazan
Babaken-Abaken, ob-suv, sersuv o'lka B.M.) singari viloyatlari haqida xabarlar
beriladi. Paraytaken-Sherobod vohasi, Gaboz-Boysun vohasi, Bubaken esa Bobotog'
(Boboxon-Bobokon-Boboken) etaklarida joylashgan so'lim voha ekanligi allaqachon
o'z isbotini topgan. Pareytaken tog'li o'lka ma'nosiga ega, boisi pourata,
parvata ko'hna sankritchada tog' demakdir, chunonchi, Ko'hitang etaklaridagi
qishloqlarning bir turkum nomda yaqin-yaqinlargacha Dahparkent (goho
Dahparikent) deb atalishi buning jonli guvohidir. Zero, Pareytaken va
Dahparkent tarkibida «par» birikmasi mavjudligi buning to'kis isboti
(Parkana-Farg'ona va Parkent ham shundan)dir. «Bu yurtda miloddan avvalgi
VIII-VII asrlarda «Qadimgi Baqtriya podsholigi» tashkil topdi. O'zbekiston
hududidagi eng qadimgi shahar shu yurtda shakllandi. Bu yurt zardushtiylik
dinining ilk makonidir».
Boysun nomli maskan Qoraqalpoq zaminida ham mavjud, boisi chorvador ellar tinim
va qo'nim bilmay ko'chib yurishgan, zero chorvador uchun yaylov-yashash manbai,
hayotiy zarurat. Ko'chmanchi chorvadorlar qaysi maskanga kelib qo'nmasinlar,
odatan, o'zlarining ilk maskanlari nomini tabiiy ravishda yangi maskanga olib
kelishgan. Endi Boysun nomining shimoldan janubgami yoki janubdan shimolgami
borib qolishiga kelsak, aynan, shimoldan janubga ko'chish bilan bog'liq farazlarga
yopishib olish masalaning tub mohiyati yechimini aks ettira olmaydi. Chunki
ko'chmanchi chorvador elat faqat janubga emas, balki janubdan shimolga ham
siljib turgan va bu jarayon uzluksiz davom etgan, ya'ni aks ta'sirlar hodisasi
ham zinhor e'tibordan soqit qilinmasligi lozim.
Bizning voha Surxondaryo deb ataladi, joy nomlarining aksari daryo nomi ila
atalishi ko'hna tarixdan ma'lum, chunonchi Surxondaryo, Qashqadaryo, Murg'ob
(Marg'iyona) va hakozo. Qadimgi Surxon daryoni Chag'onrud, umumvohani esa Chag'oniyon
deb yuritishgan, ushbu atama G.A Pugachenkovaning fikricha ko'chmanchi Saklar
nomi ila chambarchaslik kasb etadi. Chag'onrud asli Sakonrud yoki
Shakonrudning, Chag'oniyon bo'lsa, Sakoniyon va Shakoniyon atamalarining
talaffuzdagi o'zgarishlari natijasidir. Ingliz olmi I.Markvart esa Chag'on
so'zi mo'g'ulcha Sagan (oq) so'zidan kelib chiqqan degan farazni ilgari suradi.
Chunonchi vohamizning yurtsevar va elparvar shoiri Nizomjon Parda Amudaryoning
Oqdaryo deb atalgan manbaga duch kelganini hikoya qiladi. Akademik
E.V.Rtveladzening gumonicha, Chag'on so'ziga ko'plik «on» ko'shimchasi keyingi
asrlarda ilova etilgan. Basharti Chag'on so'zining o'zagi Chag' bulsa, u holda
Chag'oniyon atamasiga birato'la ikkita ko'plik «on» ko'shimchasi tirkalgan bo'lib
chiqadi. Adabiyotshunos olim M.Azimov «Chag'oniyon adabiyoti» haqida so'z»
(«Surxon tongi» gazetasi, 3 dek. 2003 y.) maqolasida Chag'onrudning Sakonrud
yoki Shakonrud shakllariga qarshi chiqib, «ch» «s» «sh» tovushlarining biri
ikkinchisiga o'tmaydi degan g'ayri ilmiy aqidani ilgari surishdan oldin, loaqal
poyitaxtimiz Toshkentning qadimda Choch-Shosh deyilganiga e'tibor qilsa kifoya
edi. Yuqoridagilar yetmaganday, bu olimimiz Chag'oniyon nomini fors-tojikcha
chag'andar (lavlagi, chag'-cho'g') so'zidan izlab o'zicha folbinlik qiladi.
Nazarimizda Chag'oniyon atamasini ushbu xilda hal etib bo'lmaydi, buning uchun
birgina Surxon vohasi geografik muhiti bilan o'ralashib qolmasdan, balki kuhna
Chag'oniyonning ajralmas ikkinchi bo'lagi Hisor vodiysi va shu hudud bog'liq
joy nomlarini ham bahs doirasiga tortish kerak. Ayni zamonda Vaxsh vodiysi va
Panj vohasi joy nomlarini ham hatto qarab chiqishga to'g'ri kelar, zotan ma'lum
bir joy nomi tarixini aniqlash oson ish emas. Yuqorida zikr eitilgani kabi bu
so'z tarkibida «Sag'» yoki «Chag'» o'zak bo'lishi ehtimoli bor,
G.A.Pugachenkovaning ta'kidicha, Eron Sakistonini boshqargan sosoniy
podshozodalar «Sag'onshoh» deb atalar ekan. Keyin taxorlarning yana bir nomi
Sak-yuyejiy ekanini ham zinhor unutmasligimiz lozimga o'xshaydi. Akademik
E.V.Rtveladze bu nomning ildizlarini Chag'oni so'zidan izlashga harakat qiladi
va bu nom viloyat nomining mahalliy atamasi bo'lsa kerak degan xulosaga keladi.
«Hudud ul olam»da Hindistondan ibtido topib, Josht (balki Chosh-Chochdir) hududlariga
borib tugayotgan ulkan tog' tizmasi haqida ma'lumot beriladi va uning Shaknon
(ehtimol Shug'nondir), Vaxon va Josht hududida behisob tarmoqlarga bo'linib
ketishi hikoya qilinadi. Nazarimizda Shaknon atamasiga e'tibor qaratishga
to'g'ri keladi, boisi Shaknonning Saknondan yoki Chaknondan paydo bo'lganini
kim inkor eta oladi?
Saklar nomi bilan ataluvchi jo'g'rofik nomlar O'zbekiston Respublikasi zaminida
Surxon vohasida, Eron zaminida Seyiston (goho Sijiston ham deyiladi) viloyati
va ushbu viloyatdagi Seyiston daryosi nomida saqlanib qolgan. Zero, akademik
V.V.Bartold ta'kidlaganidek, Sakiston-Sahiston-Sayiston atamasi, nihoyat,
Seyiston shaklini olgunga qadar uzoq bir davrni bosib o'tganligi sir emas. Ha,
aytganday M.Azimov daryolarga elat nomi mutlaqo qo'yilmaydi degan da'voni
ilgari surib, o'zicha yangi qonun chiqaradi. Ana shu saklar Rustami doston
turkumiga oid rivoyatu naqllarning dastlabki ijodkorlaridir. So'ngroq bu
naqllarni ulardan so'g'diylar o'zlashtirib olganligini bilamiz. Saklarning
qadim Baqtriya hududlariga kelishi miloddan avvalgi II asrlarga borib taqaladi,
ular Yunon-Baqtriya davlatini mahv etganlar. Biroq bu zaminga Kushonlarning
kelishi munosabati bilan saklar Seyistonga borib joylashadi. Saklarning
kattagina guruhi hisoblanmish amyurgiylar Baqtriya zamini bilan bundan burun
ham aloqador va bog'liq bo'lganligi tarixdan ma'lum. Seyistonning tub aholisi
jangari bo'lmagan va «Rustami doston» rivoyatlarini faqatgina jangovar ruhdagi
elat yaratishi mumkin edi.
«Avesto»da ana shu saklar Tur deb bitiladi va ular ko'chmanchi bo'lgani
aytiladi, Turning Turk so'ziga aloqasi bor-yo'qligi hozircha bahsli. Ayrim
farazlarga ko'ra Turk so'zidagi «k»-tovushi, ehtimolki, avestacha yoki
baqtarcha-«lar» ko'plik qo'shimchasini ifoda etgan. Bu xil hodisani tojik
(tazi-tozi-tozik) so'zidagi «k» tovushi misolida ham yaqqol ko'rsa bo'ladi. Eng
qadimgi zamonlarda saklarni tarixchi Polibiy (208-271 yillar)ning yozishicha
«Aspasiak» deyishgan. Ular Oks (Amudaryo) va Tanais (Don) daryolari oralig'ida
yashagan, lekin ko'pchilik Tanaisni Iskandar yurishlarigacha Sirdaryo deb
tushungan, Sirdaryo esa Aristobul ta'kidlaganidek Yaksart deb atalgan. Aspasiak
tarkibida aspa-asp-ot, saik-saak-sak-chavandoz ma'nosini anglatadi, xuddi shu
chavandoz turlarni Gerodot (484-425)ning xabaricha, eroniylar sak, yunonlar
skif deb atashar ekan. Sak so'zi shu kabi qudratli, epchil, chaqqon, jasur,
azamat, mard ma'nolariga ega ekanligi ko'plab manbalarda o'z ta'kidigi topgan.
Goho ularni Ispaka-Spaka-Sabaka-Sak tarzida sharhlab, nechundir o'ta g'ayri
ilmiy farazlar o'rtaga tashlanadi. Jumladan, «Avesta»da Spaa birikmasi
uchraydi. Bu esa aspa-otning buzilgan shakli, chunki keyingi so'zda old- «a»
unlisining tushishi (prokopa hodisasi) ro'y bergan.
Chag'onrud va Chag'oniyonning «Alpomish»ga daxli bo'lganidek, Rustam
rivoyatlarining sarchashmalari ham aynan shu zamin bilan bog'liqligi yanada
maroqlidir. Firdavsiy «Shohnomasi»da Rustamning Barzu bilan jangi hikoya
qilinadi, nihoyat Rustam raqibi Barzuning o'z nevarasi ekanini biladi. Demak Barzu
pahlavon Suhrobning o'g'li ekan, Barzu nomi Alp Banzi Buyra (Alpomish)ga ancha
uyqash. Barzu-Banzining (Barzu-nomi ayrim joy nomlarida saqlanib qolgan,
Samarqand atrofidagi Talli Barzuni-barzutepani eslash kifoya) Sheruya ismli
onasi bo'lib, bu ayol asli Boysun elatidan ekan.
Demak, nafaqat «Alpomish» turkum dostonalarining, balki «Rustam» dostoni
silsilasining paydo bo'lishi va shakllanishi Surxon vohasi zamini ila uzviy
bog'liqliklar kasb etadi. To'g'ri Rustamning vatani Seyiston va uning yana bir
so'lim go'shasi Zobuliston deyilsa-da, u haqdagi rivoyat-afsonalarning ilk
kurtaklari Surxon zaminida yo'g'rilgan ekan. Xalqda shunday rivoyat yuradi,
Rustam va uning o'g'li Suhrob o'rtasidagi jang, aynan, Surxon sohillarida ro'y
beradi. Ota-bola bir-birini tanimaydi, Rustam kurashda bexosdan o'g'li Suhrobni
qattiq yarador qilib o'ldirib qo'yadi. Ota o'z o'g'lini tanib qolgach, uning
ohu fig'oniga, alamiga na olam, na odam bardosh berolmaydi, ammo vaqt o'tgan
edi. Suhrobning qonlari daryoga quyiladi va shundan buyon daryo Suhrob-Qizil
suv (qon suv) deb atalib ketgan ekan. Bu bir rivoyat, biroq har bir rivoyat
zamirida haqiqat bor.
«Bahr al asror» («Sirlar dengizi») asarining muallifi Mahmud ibn Vali (XVII
asr) Chag'oniyon haqida ajoyib fikrlar bayon etadi: «Sag'oniyon-Movarounnahrning
katta viloyatlaridan... Termizning shimolida, Kesh va Samarqandning janubida
joylashgan. Jayhunga quyiladigan ko'pchilik daryolar shu viloyat ichidan oqadi,
uni Chag'oniyon ham deyishadi. Hozirda u Hisor nomi bilan mashhur, chunki uning
markazi Hisori Shodmon shahridir. Hisori Shodmon shunday bir mustahkam qal'aki,
u tog'ning eng balandida qurilgan, uni Taxmuras bino qilgan ekan».
Taxmuras-eroniy peshdodiylar sulolasidan chiqqan ikkinchi shoh, «Avesta»da
Taxmurapay tarzida uchraydi, keyinchalik Taxmuras, Taxmrus, Taxmras, Taxmtan
shaklini oladi. Biz yuqorida «Rustami doston», Rustam va uning o'g'li Suhrob
bilan bog'liq fikrlar aytdik, Rustam nomi «Avesta»da yo'q, farazlarga ko'ra
Taxmuras shu Rustam emish. Taxmuras ismi tarkibidagi Taxm qismi qadimiy
pahlaviychada: katta-ulkan-ulug'-kuchli-quvvatli, Ras yoki Rus
(Taxmras-Taxmrus) qismi: qad-qomat-tan-jussa ma'nolarini anglatadi.
Taxmras-Taxmrus asta-sekin parfiyon va so'g'diy tillarida Rastaxm-Rustaxm
bo'lib ketgan, bu «Bahman yasht»dagi Rotastaxmning aynan o'zidir (Mallayev N.M.
O'zbek adabiyoti tarixi.-Toshkent. «O'qituvchi», 1976-B. 53). Demak
Taxmrus-ulkan qomatli, alp qomatli, Rotastaxm-Rustaxm (eng so'nggi shakli
Rustam) qomati alp degani ekan. Ko'rinadiki, Taxmrus (qomati ulkan) va uning
teskarisi Rustaxm (ulkan qomat)da ham xuddi Obi surx (suv qizil)-Surxob
(Surxon-qizil suv) singari talaffuz o'zgarishlari sodir bo'lgan.
Chag'oniyon amirlari. Chag'oniyonda X asrning oxiri X1 asrning birinchi
choragida amirlar sulolasi hukmronlik qiladi hamda bu sulolaga Amir al Muhtoj
degan shaxs asos solganligi bois sulola uning nomi bilan Muhtojiylar sulolasi
deb yuritiladi. Al-Muhtojning ismi sharifini bilmaymiz, yozma manbalarda uning
nomi nari borsa, Amir al-Muhtoj Chag'oniy shaklida bitilgani uchrab turadi,
xolos. Aftidan, Muhtojiylar sulolasi somoniylarga oilaviy yaqin bo'lgan, Ismoil
Somoniy (hukmronronligi 892-907 yillar)ning o'zi ham Muhtojiylar xonadonini
qo'llab-quvvatlagan. Chunki Ismoil Somoniy manblarining guvohlik berishicha,
Termiz atrofidagi Somon qishlog'idan ekan va hatto Termiz shahri ma'lum muddat
bekorga shahri Somon deb nomlanmagan bo'lsa kerak. Qolaversa, mamlakat hukmroni
Ismoil Somoniy (tavalludi 849 yil) tez-tez Termiz va Chag'oniyonga tashrif
buyurib turgan va uning Mahsuma (asli Mohisiymo) ismli qiziga Termiz
sayyidlarining asoschisi Hasan al Amir (865 yildan Termizda yashay
boshlagan)ning o'g'li Sayyid Amir Abdulla uylanadi. Hasan al Amir hazrat Ali va
Bibi Fotima avlodlaridan bo'lib, uning otasi Amir Husayn, bobosi esa Jaf'ar
al-Hujjat Madina hokimi lavozimida faoliyat ko'rsatgan. Jaf'ar al-Hujjatning
otasi Amir Ubaydulla hatto xalifa al-Mansur (754-755) davrida xalifa deb e'lon
qilinadi. Amir Ubaydullaning otasi Husayn al-Asqar, bobosi esa Ali nomida
yuritilgan, Alining otasi hazrat Ali va Bibi Fotimalarning farzandi Husayndir.
Husayn so'nggi Sosoniy shohi Yazdigurdning qiziga uylanadi va bosh
farzandlariga hazrat Ali ibn Abu Tolib sharafiga Ali deb ism qo'yadilar.
Termizlik sayyidlarning shajarasi Hasan al-Amirdan ibtido topadi va bu shajara
avlodlari hazrat Ali hamda Bibi Fotimaning davomchilaridir. Demak Hasan al-Amir
ibn Amir Husayn ibn Jaf'ar al-Hujjat ibn amir Ubaydulla ibn Husayn al-Asqar ibn
Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib Termiz sayyidlari shajarasining bosh
ajdodlari qatorida turadi. Qisqasi, Ismoil ibn Ahmad ibn Asad ibn Somon
(hukmronligi 892-907 yillar) va Hasan al-Amir quda-andachiligi hamda Sayyid
Amir Abdulla va Mahsumadan tarqalgan avlodlar endilikda sayyid emas, balki
xudovanzoda laqabi bilan atala boshlaydi.
Chag'oniyon amirligining Somoniylar saltanati (875-999 yillar)dagi nufuzi
g'oyatda katta bo'lib, bu suloladan chiqqan amirlar aksar Xuroson noibligini
bajargan. Chunonchi, Chag'oniylar sulolasining ajoyib bir vakili Abu Bakr
930-939 yillar Chag'oniyonni boshqargan va ayni zamonda u 933 yildan e'tiboran
Xuroson noibi ham edi. Bu degani, Somoniylar saltanatining teng yarmi uning
tasarrufida ekanini anglatadi va katta huquq, ulkan imtiyoz noib ixtiyorida
bo'lgan. Chag'oniylar sulolasining asoschisi Muhtoj Chag'oniy hisoblanadi,
biroq u amirlik qilgan davr sanalari hozirga qadar noaniq qolib kelmoqda. Xuddi
shu sulolaga mansub Tohir Chag'oniyning ismi-sharifi «Ash'ori hamasroni
Rudaky»da to'liq keltiriladi: Amir Abu Yahyo Tohir ibn Abul Abbos Fazl ibn Abu
Bakr Muhammad ibn Abu Said Muzaffar ibn Muhtoj Chag'oniy. Ana shu orqali Abu
Bakrning ismi Muhammad ekani va Abu Said Muzaffar uning padari buzrukvori
ekanini bilib olamiz. Ayni paytda sulola asoschisi Muhtoj Chag'oniy biz so'z
yuritayotgan Amir Abu Bakr Muhammadning bobosidir. Abu Bakr Muhammad 930 yili
Chag'oniyonda hukmronlikni boshlagan bo'lsa, tabiiyki, ungacha Chag'oniyonni
uning otasi Abu Said Muzaffar hamda bobosi Muhtoj Chag'oniy boshqargan va ular
hukmronligi sanalarini 900 va 930 yillar orasidan izlagan ma'qul. Demak
sulolaning ibtidosi 900 yillar bilan bog'liq va bu sulola hukmronligi X1
asrning 30-yillarigacha davom etgan. Zero, Chag'oniylar sulolasining biz bilgan
oxirgi vakillaridan biri Faxr ud-Davla 1010-1018 yillar Chag'oniyonda amirlik
qilgan
Abu Bakr Muhammaddan so'ng Chag'oniyon amirligi mashhur Abu Ali Chag'oniyga
tegadi, u Abul Abbos, ya'ni Tohir Chag'oniyning otasi bilan aka-uka. Xulosa,
Abu Ali va Abul Abboslar Abu Bakrning o'g'lonlari va Chag'oniyon amirligi Abu
Aliga ota meros ekan. Abu Ali Chag'oniyonni 939-952 yillar davomida boshqaradi
va 945 yilgacha Xuroson noibligini bajaradi, boisi 945 yilga kelib Amir Nuh ibn
Nasr (943-954 yillar) uni Xuroson noibligidan chetlatadi. Oqibatda 947 yilgi
mash'um voqea, ya'ni Nuh ibn Nasrning Buxorodan Samarqandga quvilishi sodir
bo'ladi, Abu Ali bo'lsa ma'lum muddat Buxoroni Nasrning amakisi Ibrohim ibn
Ahmad qo'lida saqlanishini ta'minlab turgan. Abu Alining Nuh ibn Nasrga qarshi
isyon ko'tarishi ko'p jihatlari bilan uning Xuroson noibligidan chetlatilishiga
borib taqaladi. Nuh ibn Nasr, nihoyat 952 yilga kelib Abu Ali Chag'oniyni qayta
Xuroson noibligiga tayinlashga majbur bo'ladi. Abu Ali o'z navbatida
Chag'oniyon amirligini o'g'li Abu Mansur Nasrga topshiradi va o'zi, asosan,
Xuroson noibligi yumushlari bilan mashg'ul bo'ladi, Abu Ali 955 yili Xurosonda
tarqalgan vabo kasalidan vafot etadi.
Abu Ali Chag'oniy va Nuh ibn Nasr mojarolariga mabodo yana qaytadigan bo'lsak,
shu narsa oydinlashadiki: Nuh ibn Nasr davriga kelib mamlakatda alg'ov-dalg'ov
hodisalar, ziddiyatli voqealar kuchayib ketadi. Nuh ibn Nasrdan norozi bo'lgan
qo'shin va lashkar, ayniqsa qo'shin boshliqlari o'rtasida pala-partishlik
sezilarli tus oladi, shu kezlarda Chag'oniyon amiri va Xuroson noibi Abu Ali
nechundir Amir Nuh ibn Nasrga qarshi isyon ko'taradi. Ana shu isyondan
foydalangan Nuh ibn Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad Buxoroni egallagan va
Abu Ali qo'shinlari yordamida Somoniylar taxtiga ega bo'ladi. Ammo Ibrohim ibn
Ahmad taxtda uzoq turolmaydi, sababi Abu Ali qo'shinlari shahar ahlining ma'lum
noroziliklari tufayli Buxoroni tashlab chiqib ketadilar. Shundan so'ng Nuh ibn
Nasr Buxoroga qaytadi, (bungacha Nuh Samarqandda bir oz turgan edi), taxtni
qayta qo'lga kiritib, birinchi galda isyonchi qarindosh-urug'larini jazolashga
hukmi oliy beradi. Abu Ali Chag'oniyning markaziy hokimiyat bilan kurashi va
nizolari davom etaveradi, ikki o'rtada tuzilgan bitim va shartnomalarda Nuh ibn
Nasr hatto Chag'oniyon hokimi Abu Aliga ko'p masalalarda yon bosishga majbur
bo'lgan edi. Bu kelishmovchiliklar Nuh ibn Nasr vafotidan so'ng uning o'g'li
Abdumalik (954-961) zamonida ham o'z asoratini yo'qotmagan edi.
Abu Ali Chag'oniy va Nuh ibn Nasr oralaridagi janjal hamda jangu jadal o'z
vaqtida o'sha davr tarixchilari tomonidan tarix sahifalariga bitilgan edi.
Jumladan, X asrning birinchi yarmida yashab o'tgan iste'dodli tarixchi
an-Narshaxiy o'zi(899-960 yil)ning «Tarixi Buxoro» (943-944 yillar arab tilida
yozilgan, bizgacha asarning fors tilidagi tarjimasi yetib kelgan) nomli asarida
xuddi shu voqealarni ushbu tarzda bayon etadi: «Amir Hamid (ya'ni Nuh Nasr) uch
yuz o'ttiz birinchi (331-943) yili sha'bon oyining avvalida (10 aprel kuni)
podshohlik taxtiga o'tirdi. Amiri Sa'id (baxtli) vafot etgach, (ya'ni Nuh ibn
Nasrning otasi Nasr ibn Ahmad hukmronligi 914-943 yillar) podshohlikni talab
etuvchilardan har bir kishi bir joyda qaror topdi. Amiri Hamid (maqtalgan)
Buxorodan chiqib Nishopurga keldi. Abu Ali Isfahoniy Nishopurga amir edi. Amiri
Hamid Nuh ibn Nasr lashkar yuborib, uni qo'lga oldirdi, o'ziga qarshi
kishilarni tarqatib yuborib viloyatlarni tozaladi, Nishopurni Ibrohim Simjurga
berdi. Abu Ali Isfahoniy o'ziga: «Men uning podsholigini barqaror qildim, u esa
viloyatni boshqa kishiga berdi»,-deb o'yladi va Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad ibn
Ismoil as-Somoniyga: «Buxoroga borib podsholikni ol! Men sen bilan bo'lsam,
amir (demak Nuh ibn Nasr) senga qarshi tura olmaydi»-dedi. Abu Ishoq lashkar
tortib Amiri Hamid (Nuh ibn Nasr)ga qarshilik oshkor qildi. Amiri Hamid
Nishopurdan qaytayotganda Abu Ishoq unga hujum qildi. Ular o'rtasida jang
bo'ldi va Amiri Hamid yengilib Buxoroga keldi. Uning ketidan amakisi Abu Ishoq
ham Buxoroga keldi va u uch yuz o'ttiz beshinchi yil jumod ul oxir oyida
(yanvar 947 yil) butun Buxoro aholisi unga bay'at qil-(hukmdorni o'zlarining
ustidan hokim deb tan ol)dilar. Buxoroning hamma minbarlarida Abu Ishoq nomiga
xutba o'qidilar. Bir oz vaqt o'tgandan keyin Abu Ishoq o'z lashkari uning
o'ziga qarshi yomon niyatda ekanini, uni o'ldirishga qasd qilganini va Amiri
Hamidga sadoqat qilganini bilib qoldi va Buxorodan qaytib Chag'oniyonga ketdi».
Narshaxiy matnini sharhlashga o'tsak, axborotda g'alizlik bor, masalan, Abu Ali
Isfahoniy emas, balki Chag'oniydir, uning Nishopur amiri bo'lgani aniq emas,
lekin u Xuroson noibi edi. To'g'ri Xuroson noiblarini Nishopur amiri
deyilishiga bois, o'sha kezlarda Xuroson mintaqasining ma'muriy markazi
Nishopur edi hamda Xuroson noibi va Nishopur amiri atamalari sinonim sifatida
ishtlatilgan. Abu Ali Chag'oniy hatto Nasr ibn Ahmad hukmronligi (914-943
yillar)ning oxirgi yillari ham Xuroson noibi bo'lgan ko'rinadi. Darhaqiqat, Abu
Ali bilan Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) yoki Abdumalik (954-961 yillar)
o'rtasidagi ziddiyatlar undan ham oldinroq boshlanganini taxmin etish mumkin.
Chunki Abu Alining otasi Abu Bakr 939 yili olamdan o'tadi, u 930-939 yillar
oralig'ida Chag'oniyon hokimi edi. Abu Bakr 933 yildan boshlab Nasr ibn Ahmad
(914-943 yillar) ning xohish-irodasi bilan Xuroson noibi vazifasini ham bajara
boshlaydi. Abu Bakr vafoti (939 yil)dan so'ng Chag'oniyon hokimligi va Xuroson
noibligi uning o'g'li Abu Ali Chag'oniy zimmasiga yuklandi. Xuddi shu voqealar
Nasr ibn Ahmad (914-943 yillar) davrida ro'y bergan va Abu Ali Chag'oniy 945
yilga kelib, ya'ni Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) zamonida Xuroson noibligidan
chetlatildi. Demak, Abu Alining isyoni, noroziliklari, asosan, Nuh ibn Nasr
zamoniga to'g'ri kelar ekan. Ana shu o'zaro kelishmovchiliklar 945 yildan 952
yilgacha va hatto undan keyin ham davom etganini gumon qilish mumkin. Abu Ali Chag'oniy
952 yili qayta Xuroson noibligiga tayinlanadi, bu Abu Alining Somoniylar
saltanati siyosiy maydonida ustuvor maqomga egaligini namoyish etadi. Bundan
tashqari, Abu Alining siyosiy maydondagi obro'yi Abdumalik amirligi (954-961)
yillari ham davom etganligi muqarrar haqiqatdir.
Abu Ali Chag'oniy 945 yilda Xuroson noibligidan chetlatilgani haqida aytib
o'tdik, ana shu kezlar Abu Ali o'z inisi Abul Abbos Fazlni Jabal viloyati (Tus,
Ray, Shirvon tomonlar)ga hokim etib tayinlaydi. Jabal arabcha tog' demakdir, bu
mintaqalar hozirda Kuh(tog')iston (Dog'istonni eslang) deyiladi. Gerodotning
guvohligicha, qadimda bu zaminda paretaken (parata-paurat-par-sanskritchada
tog'dir) qabilalari yashagan. Shunday qilib yana Abul Abbosga qaytsak, u o'z
og'asi Abu Ali hukmiga teskari Jabalga bormay, Buxoroga borgani va Nuh ibn Nasr
unga Shosh hokimligini berganidan xabardormiz. Aftidan Nuh ibn Nasr
og'a-inilarning o'zaro ixtiloflaridan o'z manfaati yo'lida foydalanishga
harakat kilgan. Bu voqealardan so'ng Nuh ibn Nasr va Abu Ali ixtiloflari g'oyat
jiddiylashadi, Abu Ali 946 yili Nasrga qarshi jangga kiradi, birinchi galda
Xuroson noibligiga yangi tayinlangan Nishopurdan Ibrohim binni Simjurni haydab
yuboradi. Keyin katta qo'shin bilan Amudaryodan o'tib Buxoroni bosadi, Nasr
Samarqandga qochadi, Abu Ali esa Amir Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad nomiga
xutba o'qitadi. Abu Ali 946 yilning dekabridan 947 yilning martigacha Buxoroda
turadi, ammo Buxoro aholisining noroziligi sabab u Chag'oniyonga qaytishga
majbur bo'ladi. Nihoyasi ko'rinmagan bu kurashlar 948 yilning dekabr oyida sulh
tuzish bilan to'xtaydi, sulhga ko'ra Chag'oniyon hokimligi Abu Aliga qoladi.
Buning evaziga Abu Ali Chag'oniyning o'g'li Abul Muzaffar Abdulloh ibn Ahmad
garovga olinadi, Buxoroda Abul Muzaffar hurmat bilan qarshilanadi. Bu orada Abu
Ali va Amir Nuh ibn Nasr (943-954) munosabatlari ancha iliqlashadi. Ana shu
voqealar aloqador xabarlar Gardiziyning «Zaynul axbor» asari(1050yil)da ham
keltiriladi, aytilishicha, garovga olingan Abulmuzaffar Buxoroda baxtsiz
tasodif tufayli otdan yiqilib o'ladi. Bu baxtsiz hodisa munosabatlarga sovuqlik
solmagan ko'rinadi, Abul Muzaffarning jasadi Chag'oniyonga olib kelinadi va
dafn etiladi. Abulmuzaffar vafotidan ikki oy muhlat o'tgach, Xuroson
sipohsolorligi qayta Abu Aliga tegadi, Chag'oniyon va Termiz amirligi Abu
Alining o'g'li Abu Mansur Nasr ibn Ahmadga beriladi, ushbu hodisalar 952 yilda
sodir bo'ladi.
Voqealardan ayonki, Nuh ibn Nasr ilojsiz Abu Alini takror Xuroson noibligiga
tiklaydi, Abu Ali Xuroson mulkida tartib-intizom o'rnatadi. Abu Ali tufayli
Somoniylar davlatiga qarshi harakatlar qilayotgan Buvayhiylar bilan tinchlik
bitimi amalga oshiriladi. Negadir bitim yangi hukmron Abdumalikni (954-961)
qoniqtirmaydi va u Abu Alini Xuroson noibligidan oladi, natijada Abu Ali
g'azablanib Buvayhiylar ko'magida Abdumalikka qarshi g'alayon ko'taradi va o'z
nomini xutbaga qo'shtiradi. Abdumalik 954 yili Abu Aliga qarshi yirik qo'shin
yuboradi, lashkarga Xuroson noibligiga endi tayinlangan Bakr binni Malik bosh
edi. Bu orada Abu Ali Xurosonda tarqalgan vabo kasalidan 955 yili o'ladi,
Somoniylar va Buvayhiylar o'rtasida sulh tuzilgach, Abu Ali jasadi
Chag'oniyonga olib kelinadi hamda dafn etiladi. Buvayhiylar sulolasiga Eron
shohlari naslidan bo'lgan Buvayh ismli kimsa asos solgan, u 930 yili
Somoniylarga bo'ysunishdan bo'yin tovlab ularga qarshi janglar olib boradi.
Abu Ali Chag'oniyning o'g'li Abu Mansur Nasr Chag'oniyonni 952 yildan 976
yilgacha boshqaradi, keyin Chag'oniyonda Abul Qosim al Hasan ibn Ahmad
hukmronligi boshlanadi. Abul Qosim al Hasan asli Abu Mansur Nasrning inisidir,
u taxminan 976 yildan 986 yilgacha Chag'oniyonda amirlik qilgan. 986-987 yillar
Chag'oniyonni Guzgon (hozirgi Juzjon) amiri Abul Xoris boshqaradi, shundan
so'ng Chag'oniyon amirlari taxtiga Tohir Chag'oniy keladi va u 987-992 yillar
hukmron bo'ladi. Shu tariqa 992-1010 yillar Abul Muzaffar Chag'oniy va
1010-1018 yillar Faxr ad Davla Ahmad binni Muhammad hukmronligi yuz beradi.
Adabiyot va she'riyat. Chag'oniyonda X-XI asrlarda ilm-fan ancha yuksaladi, bu
davrda yetishib chiqqan olimu fozillar yurtimiz ilmi rivojiga hamda fan
ravnaqiga cheksiz ulush qo'shganlar. Ular nafaqat o'z ona zaminida, balki
dunyoning turli chekkalarida ham ilm rivoji yo'lida xizmat qiladilar. Abu Bakr
as-Sag'oniy (IX asr), Ahmad as-Sag'oniy (X asr), Abu Hamid as-Sag'oniy (X asr)
va boshqalar ayni Chag'oniyon ilmiy muhitida nash'u namo topgan olimlar
sirasiga kiradi.
Abu Bakr as-Sag'oniy. Bu allomai zamon haqida ma'lumotlar juda kam,
taxallusidan uning Chag'oniyondan ekanini bilamiz, xolos. Manbalarda Abu Bakr
as-Sag'oniy xususida bildirilgan fikrlar ko'proq buyuk muhaddis Abu Dovud
Sulaymon (817-888) bilan bog'liq holda bayon etiladi. Chunki Abu Bakr
as-Sag'oniy buyuk muhaddis Abu Dovud Sulaymonning «Sunan» kitobi haqida so'z
yuritib, ushbularni naql qilgan ekan: «Dovud alayhissalom uchun temir Olloh
taolo tomonidan mumday yumshatilgan bo'lsa, hadis ham Abu Dovud Su: laymon
uchun xuddi shu xilda qulay holga keltirilgan emish». Afsuski, bu fikrlar
as-Sag'oniyning qaysi asaridan olingani noaniq, ammo shuning o'zi allomaning
IX-X asrlarda yashab o'tgani va yetuk olim, ayniqsa, muhaddisshunos ekanini
anglashga kifoya qiladi.
Ahmad ibn Muhammad as-Sag'oniy asli chag'oniyonlik, shu yerda tavallud topib,
ilk bilimini o'z ona yurti Chag'oniyonda oladi. So'ngra u o'qishini o'sha
davrning ulkan maskanlari hisoblanmish yirik shaharlar Buxoro va Samarqandda
davom ettiradi. Ahmad as-Sag'oniy 998 yildan boshlab o'z ilmiy faoliyatini Abu
Saxl Kuhiy rahbarligidagi Bag'dod observatoriyasi bilan bog'laydi. U yirik
munajjim va jo'g'rofiy olim bo'lishi barobarida, Beruniyning aytishicha, o'z
ustozi Abu Saxldan keyin buyuk yulduzshunos sifatida e'tirof topgan ekan.
Abu Hamid Usturlobiy as-Sagoniy - yetuk munajjim, falakiyot ilmida betaqqos
olim, usturlob (osmonni kuzatadigan) asbobi ixtirochisi. Abu Hamid as-Sag'oniy
980-900 yillarda olamdan o'tgan, demak, allomaning tug'ilgan zamoni X asr
boshlari bilan bel-galanadi. Beruniy o'zining «Al osor al-boqiya» asarida Ahmad
Sag'oniy va Hamid Sag'oniylar haqida iliq fikrlar izhor etadi.
Sag'oniy (Chag'oniy) - lug'atshunos olim, tarjimai holi aniq emas, ismi-sharifi
Raziuddin (ba'zan Raziyiddin) Abul Fazl al-Hasan ibn Muhammad ibn al-Hasan al
Chag'oniy ekanligi ma'lum. Manbalarda olimning 1181 yili Lohurda tug'ilgani va
1252 yili Makkada vafot etganligi qayd etilgan. U ko'p yillar Lohurda Bag'dod
xalifalarining yalovochi sifatida faoliyat yuritadi, umrining oxirgi yillari
Bag'dodga qaytadi, nihoyat Makkaga haj safarida bo'ladi va o'sha yerda olamdan
o'tadi. Taxallusidan ota-bobolari asli chag'oniyonlik ekani muqarrar bo'lgan bu
olim fors-tojik lug'atshunosligining asoschilaridan, u arab leksikogorafiyasi
rivojiga munosib hissa ko'shgan olimlardan. Keyingi asr fors-tojik
lug'atshunosligidagi yangi yo'nalishlar ko'p jihatlari bilan Sag'oniy ilmiy
faoliyati an'nalariga borib taqaladi. Sag'oniyning o'n ikki jildlik «Majma'
al-bahrayn» («Ikki dengiz majui») va yigirma jildlik «Al ubob uz-zohir va-l
lubob ul-foxir» («Yuksak to'lqin va ochiq o'zaklar») hamda bir necha jildni o'z
ichiga oluvchi «At-takmila va-z-zayl va-s-sila» («To'ldiruvchi, qo'shimcha va
izohlar») nomli lug'atga doir ilmiy kitoblari mavjud. Sag'oniy asarlaridan
Firuzobodiy (XIV asr) o'zining «Al qomus» lug'atini yaratishda samarali
istifoda etgan bo'lsa, Yusuf Mag'ribiy va boshqa qator olimlarning
lug'atshunoslik faoliyati Sag'oniy ilmiy merosi ta'sirining natijasi o'laroq
rivoj topdi.
«Hudud al-olam» asari haqida. Akademik E. V. Rtveladze o'zi tuzgan Chag'oniyon
amirlari sulolasining tadrijiy silsilasi tarkibida Abu Xoris Muhammad ibn Ahmad
ibn Farig'unning nomini ham ilova qiladi va uning Chag'oniyonda 987-990
yillarda hukmronlik qilganligini ko'rsatadi. Asli Guzgon (Juzjon) amiri bo'lgan
Abul Xoris Chag'oniyon taxtiga Abul Qosim al-Hasan ibn Ahmad (976-988
yillar)dan so'ng chiqqan va bu 988-989 yillarga to'g'ri keladi. Abul Xoris ilm
ahli va nazm sohiblariga ko'p e'tibor bergan ko'rinadi. Masalan, muallifi
noma'lum «Kitob hudud al-olam milal Mashriq ilal Mag'rib» («Sharq va Rarb
mamlakatlari chegaralari haqida kitob») asari uning nomiga atab (983 yili fors
tilida) yozilgan.
«Hudud al-olam» Yaqin va O'rta Sharq xalqlarining durdona yodgorliklaridan
biridir. Xususan, unda bizning vohamiz bilan bog'liq jug'rofiy hududlardan
Amudaryo, Chag'onrud, Chag'oniyon, Termiz va Balx, Toxariston, Xatlon, Vaxsh,
Qabodiyon haqida qiziq ma'lu-motlar beriladi. «Hudud al-olam»da Chag'oniyon
xususida ushbular bitilgan: «Chag'oniyon - qishloq xo'jaligi uchun qulay va
keng joy. Iqlimi muloyim, zamini durust, suvlari ovqatni tez hazm qildiradi. Bu
yerda otlar boqiladi, yung gazlama, gilam, sholcha ishlanadi. Bu viloyatning
poytaxti Chag'oniyon shahridir, tog' etagida bino bo'libdir. Oqar suvlari bor».
Abu Ali Husayn ibn Ahmad as-Sallomiy. U taxminan X asrda yashab ijod etgan,
umuman X asr allomasi. Chag'oniyon amirlari saroyida mulozimlik qilgan
shoirlardan biri, u yirik olim hamdir. As-Sallomiy dastlab faoliyatini Abu Bakr
Muhammad Chag'oniy (930- 939)ga xizmat qilishdan boshlaydi, so'ngra xizmatni
Abu Ali Ahmad Chag'oniy (939-952) qoshida davom ettiradi. Ham shoir va ham olim
Sallomiy haqida manbalarda bitilgan mavjud xabar va ma'lumotlar ancha
uzuq-yuluq va ziddiyatli jihatlarga ega. As-Saolibiy (961-1038)ning
axboroticha, as-Sallomiy Nishopurdan bir oz narida joylashgan Bayhaq
viloyatidan. As-Sallomiy mashhur olim va iste'dodli shoirgina bo'lib kolmay,
balki o'z davrining yetuk kotibi ham edi. O'tmishda kotiblik san'ati keng rivoj
topgan bo'lib, kotiblik juda ulkan qadrlanardi. Ayni zamonda kotib va xattot
davrining so'z san'atkori ham hisoblangan, chunki shohlarning shohlarga
maktublarini ular amalga oshirganlar. Bu o'ta mas'uliyatli ish bo'lib, maktubda
e'tiborsizlik bilan ishlatilgan har qanday so'z yomon oqibatlarga olib kelishi
muqarrar bo'lganidek, har qanday yaxshi so'z, yaxshi ibora, yaxshi ifoda
munosabatlardagi g'uborlarni tarqatishga yordam ham berar edi.
As-Sallomiy Chag'oniyon amirlari Abu Bakr (930- 939) va Abu Ali (939-952)
saroyida maktublar devonini boshqargan. Abu Ali uning tarixdan yaxshigina
xabardorligini sezgach, unga Xuroson tarixini raqam qilishni topshiradi. Bu
asar «Kitob at-tarix fi-axbor vulot Xuroson» («Xuroson hukmronlari tarixi
haqida kitob») deb atalib, 955 yilda yozib tugallangan, taassufki, asar bizning
zamongacha yetib kelmagan. Ammo as-Sallomiyning zikr etilgan asari keyingi asr
tarixchilarining ko'plari uchun muhim manba sifatida xizmat qilgan. Bular
ichida as-Saolibiyning «Yatimat ad dahr» («Zamona yagonalari», 1017),
Gardiziyning «Zaynul axbor» («Xabarlar ziynati», 1050), Ibn Asirning (1160-1234)
«Al komil fit torix» («Mukammal tarix») va yana ko'plab boshqa tarixiy asarlar
as-Sallomiy asaridan foydalanib yaratilgan.
Yetuk bilim sohibi as-Sallomiy yana qator ajoyib asarlarning muallifidir,
jumladan «Kitob va natf va az-zarf» («Hikmatli so'zlardan namunalar»), «Kitob
al misboh» («Chiroq haqida kitob») va «Kitob as-sor» («Tasdiq haqida kitob»)
shular jumlasidandir, lekin bu asarlar ham bizning zamongacha yetib kelmagan.
As-Sallomiydek davrining yetuk tarixchisi, mashhur xushnavisi, iqtidorli shoiri
Chag'oniyon amirlari saroyida tarbiya topganligi muhim jihatlarga ega.
Abul Qosim Ali ibn Muhammad al-Iskofiy. Yetuk xattot, yirik xushnavis va tengi
yo'q so'z ustasi al-Iskofiy aslida Nishopur shahridan. U ijodiy faoliyatini Abu
Ali Chag'oniy xizmatida boshlaydi. Al-Iskofiy shoir va o'z davrining fozil
kishisi edi, uning haqida tarix kitoblari sahifasida ko'plab latifanamo
voqealar hikoya qilinadi. Al-Iskofiy chiroyli yozish san'atini mukammal
egallagani sababli Abu Ali Chag'oniyning maktublar devonida rahbarlik qiladi.
O'zaro munosabatlardagi ma'lum beqarorliklar tufayli Abu Ali Chag'oniy va
Buxoro amiri Nuh ibn Nasr Somoniy qo'shinlari 947 yili Jurjon (asli Gurgon)da
to'qnashadilar. Jangda Abu Ali Chag'oniy yengiladi, bunga sabab Abu Ali
tomonida turgan ayrim lashkarboshilarning sotqinligi va beqarorligi oqibatida
bu mash'um voqea ro'y beradi. Abu Alining ko'p odamlari asirga olinadi, shular
orasida al-Iskofiy ham bor edi. Shundan e'tiboran buyuk xattot Iskofiy
faoliyati Nuh ibn Nasr (943-954) va Abdumalik (954- 961) bilan bog'lanadi va u
Buxoroda yashay boshlaydi. Buyuk xushnavis, iste'dodli shoir va bemonand so'z
san'atkori al-Iskofiy 955-956 yillarda vafot etadi.
Al-Iskofiy haqida «Yatimat ad-dahr»da ushbular bitilgan: «U Xurosonning tili,
g'ururi, ko'zi va yagona kishisi edi. U kotiblik va balog'at (so'z ilmi)da
Xurosonda birdan-bir kishi bo'lib, ilm va san'atda tengi yo'q edi». Muhimi,
Iskofiy o'z qobiliyatini Chag'oniyonda kamolga yetkazadi va dovrug'i chor
atrofga yoyiladi. Al-Iskofiy bitgan maktublarda ishlatgan so'zlar va iboralar
xikmatlarga aylanib el orasiga tarqalgan. Mana, ulardan namunalar: «Zamon
beqaror, u doimo o'zgaruvchan, undagi ishlar ham aylanib turadi»; «Yaxshi
axloqni harakat voyaga yetkazadi, mevani esa daraxt yetishtiradi»; «Minnatdorlik
rohatni ko'paytiradi, vafodorlik yaxshi mukofot garovidir»; «Yoshlik g'ururi
shavq uyg'otmasin va soxta ishonchlar seni rag'batlantirmasin»; «Kimning
yo'ldoshi kibru havo bo'lsa, u qush singari tuxum tug'ishi va chinqirishi
mumkin»; «Kimning oldida sher ojiz bo'lsa, u sakraydi va yuqori ko'tariladi».
Iskofiy shoirlikda ham iqtidorini namoyon etgan va bu borada Buxoroning
talabchan she'riyat muxlislari diqqatini tortgan edi. «Yatimat ad-dahr»da
Iskofiydan yigirma bir bayt she'r berilgan. Iskofiy arab tilida she'rlar
yozgan. Uning arab tilidagi bir she'rida atir idishi xususida gap yuritiladi va
shoirning benihoya nozik tavsiflar hamda ta'riflarni topishdagi san'atiga qoyil
qolasiz:
Sirtimda zebolik urar barq,
Ichkarida xushbo'y hid etar g'arq.
Yarmim tanam nasibasin tatir,
Yarmim to'kis va tugal atir.
Biz yuqorida as-Sallomiy zikridagi xabar va
axborotlar uzuq-yuluqligini aytdik, bu holat Iskofiy tarjimai holiga ham
taalluqli. Masalan, Nizomiy Aruziy Samarqandiy «Chahor maqola» (1156)da
al-Iskofiyning Nuh ibn Mansur (976-997) xizmatida bo'lganini aytadi, vaholanki,
al-Iskofiy 956 yilda, ya'ni Nuh ibn Mansur taxtga chiqish (976 yil)dan yigirma
yil burun olamdan o'tgan edi. Nuh ibn Mansur aslida Nuh ibn Nasr (943-954)ga
chevaradir. Samarqandiyning chalg'ishi masalasiga kelsak, «Chahor maqola» asari
al-Iskofiy vafoti (956 yil)dan ikki yuz (1156) yil so'ng yaratilganiga e'tibor
berishga to'g'ri keladi.
Iskofiy vafoti Buxoroda katta motamga aylanadi, uning o'limi munosabati bilan
ko'plab marsiyalar bitiladi. Shunday marsiyalardan biri shoir Abu Nasr
al-Xuzaymiy al-Abivardiy qalamiga mansub. Quyida uning arabcha mazmunidan
parcha keltiramiz:
Risolalar devoniga qara, u yo'q
endi,
Devondagi qalam va daftar egasiz qoldi.
Bu hodisa chegara shahrini tashlab
Ketgan qo'riqchi yoki davosiz dardga o'xshaydi.
Unga o'z xati va notiqligi qayg'uda yig'lasin,
Boisi xatni bezagan o'ldi-
Notiqlik sehrgari dunyodan o'tdi.
Demak, Iskofiy o'z davrining eng ulug' kishilari
safida turgan, u o'zining mehnati, zahmati tufayli katta obro'-e'tibor
qozongan.
Chag'oniyon adabiy muhiti ko'p jihatlari bilan ajralib turadi. Fors-tojik
adabiyotining peshqadam shoirlaridan Daqiqiy va Farruxiylar o'z ijodiy
yo'llarini Chag'oniyon bag'rida, ayni shu tuproqda boshlaganlar. Chag'oniyon
amirlari adabiyotga juda qiziqishgan, ular shoirni, she'riyatni, she'rni g'oyat
qadrlaganlari bois bu yurtga ko'plab shoirlar tashrif buyurgan. quyida ana
shunday shoirlardan ayrimlarining ijodi bilan tanishamiz.
Taxoriy. Shoir X asr boshlarida yashagan, u Chag'oniyon shoirlarining
sardaftari hisoblanadi, uning taxallusi qadimgi Taxoriston (hozirgi Surxon va
Hisor vohalari) nomidan olingan. Ammo ayrim manbalarda shoir taxallusi Taxoviy
shaklida ham uchraydi. Aksar olimlar shoir taxallusining Taxoriy shaklini to'g'ri
deyishib, ayni shu shaklni maqbul bilishadi, «Farhangi Surury»da ham shu
xildadir. Biz shoir nomini imlo va talaffuz qoidalariga amal qilgan holda
berishni ma'qul topdik, zero arab alifbosida uning nomi ayni Taxoriy tarzida
bitiladi. Shoirdan bizgacha atigi to'rt misra she'r yetib kelgan:
Lab-t go'y, ki nimkafga gul ast, -
Mai no'sh andar o' nuhuftasty.
Zulf go'y zi lab nihozida,
Ba gila so'i chashm raftasty.
Mazmuni:
Labing yarim ochilgan guldir,
Unda xush may yashirindir.
Zulfing labdan lab burib,
Ko'z tomon og'ishga shaylangandir.
Misol keltirilgan bu she'rni goho Tayyon Marg'aziyga
ham nisbat berishadi. Xullas, manbalarda Taxoriy haqida keltirilgan xabar va
ma'lumotlar o'ta darajada bir-biriga qarama-qarshi hamda ziddiyatlidir. Har
holda Taxoriy Chag'oniyonda ekanida yurtni Muh-toj Chag'oniy (taxminan 900-920
yillar) boshqarganini faraz qilish mumkin.
Ma'rufiy. Chag'oniyonda yashab ijod etgan navbatdagi shoirlardan biri, uning
to'liq ismi sharifi ushbu xilda: Abu Abdulla Muhammad binni Hasan Ma'rufiy
Balxiy. Shoirning taxallusi Ma'rufiy, uning Balxiy deyilishiga sabab, u asli
balxlik. Adib o'z she'rlaridan birida buyuk Rudakiy (858-941)ning muborak
suhbatidan bahra olganini aytadi:
Az Ro'daky shunidam, sultoni shoiron,
K: «andar jahon ba kas magarav, juz ba Fotimy».
Mazmuni:
Shoirlar sultoni Rudakiydan eshitganim bor:
O'zingni Fotimiylardan o'zgaga garovga qo'yma.
Fotimiylar ijtimoiy tenglik g'oyalarini ilgari surgan
bir oqim va ularning tarafdorlari ko'p bo'lgan. Ammo ular qattiq jazolarga
mustahiq etilgan, shu harakatning vakili sifatida Rudakiyning ko'zlariga mil
tortilgan. Shundan Ma'rufiyning Buxoroga tashrifini 935-940 yillar oralig'idan
izlash lozim, zero, Rudakiy va Ma'rufiy uchrashuvi ayni Rudakiyning alamli
yillariga to'g'ri kelishi haqiqatga yaqin turadi. Ma'rufiy amir Nuh ibn Nasr
(943-954) davrida va hatto Abdumalik (954-961) zamonida ham Buxoroda bo'lgan
ko'rinadi. Ma'rufiy ma'lum fursat Seyistonda ham bo'lgan, uning
Chag'oniyondalik kezlari, albatta, Buxoroga tashrifidan oldin ro'y bergan.
Uning Chag'oniyonda bo'lishi 925-935 yillarga to'g'ri kelishini taxmin etish
mumkin. Ana shu 925-935 yillar Chag'oniyon taxtida Abu Said Muzaffar ibn Muhtoj
Chag'oniy (farazan 920- 930 yillar) va Abu Bakr Muhammad ibn Abu Said Muzaffar
(930-939 yil)lar hukmron edilar. Ma'rufiyning tavallud va vafoti sanalari
noaniq, undan 92 misra she'r saqlanib qolgan. Shoir she'rlaridan ayrim
parchalar Umar ur Roduyoniy (XI asr)ning «Tarjimonul balog'a», Shamsi Qaysning
«Al-Mo''jam» (1233) asarlaridan va boshqa tazkira hamda bayozlardan joy olgan.
Xulosa shuki, Ma'rufiy keyingi umri va ijodini batamom Buxoro bilan
bog'laganligi ayon bo'ladi. U X asr boshlarida tug'ilib, shu asrning 70-yillari
olamdan o'tgan bo'lishi ehtimol.
Ma'rufiyning ayrim she'rlari o'z vaqtida arab tiliga ham tarjima qilingan. Bu
birinchi galda Ma'rufiyning shoir sifatidagi e'tirofini isbotlasa, boshqa bir
tomondan uning Buxoro adabiy muhitidagi nufuzini tayin etishda qo'l keladi.
Ma'rufiydan arabchaga tarjima qilingan she'rlar Saolibiyning «Yatimat ad-dahr»
asariga kiritilishining o'zi katta gapdir, chunki har qanday shoirning she'ri
ham tarjima qilinavermaganidek, «Yatimat ad-dahr» singari to'plamlarga ham
kiritilavermagan. Shunday tarjimalardan biri Ibn al-Muammal degan shoir
tomonidan amalga oshirilgan. Uning mazmuni quyidagicha:
Bo'lmasa menga sendan saxovat,
Tuhfang umidi qalbda qabohat.
Sen ham menga o'xshash odamsan,
Bil: Odam zotiga bosh egmasman.
Qizig'i shundaki, Ma'rufiyning boshqa yana ikkita
forsiy ruboiysi bira to'la Abul Hasan Balxiy (vaf. 937) va noma'lum shoir
tarafidan arabchaga tarjima etilgan. Bu hodisalar Buxoro adabiy muhitida badiiy
tarjima sohasida shoirlar o'rtasida ma'lum o'zaro musobaqa va bahs mavjudligini
ko'rsatuvchi holatdir.
Shoir va ijodkorlar zikrida gap ketar ekan, shuni taassuf ila aytish joizki,
biz shu kungacha Muhtoj Chag'oniy (farazan 900-920), Abu Said Muzaffar
(taxminan 920-930), Abu Bakr Muhammad (930-939) hukmronligi kezlari
Chag'oniyonda yashab ijod etgan shoirlardan kimlar borligini bilmaymiz, buning
uchun esa ko'plab qadimiy manba va sarchashmalarni erinmay o'rganib chiqish
zarur. Ammo Abu Ali Chag'oniy davrida Chag'oniyonda yashab ijod etgan
shoirlardan ayrimlarini bilamiz. Quyida shunday shoirlardan bir nechtasining
hayot yo'li haqida fikr yuritiladi.
Abul Husayn Muhammad binni Muhammad al Murodiy Buxoriy. «Yatimat ad-dahr»
muallifi as-Saolibiyning yozishicha, Murodiyning Abu Aliga bag'ishlab yozgan
qasidalari bor ekan. Abu Ali Chag'oniy 947 yili Buxoroni zabt etganda ko'plab
shoirlar unga bag'ishlab qasidalar bitgan, shular qatorida Murodiy qasidalari
ham mavjud. Biroq Murodiyning vafoti taxminan 940 yillar ro'y bergan va u
Rudakiyning eng sevimli shogirdlaridan biri edi. Rudakiy hatto Murodiy vafoti
munosabati bilan dillarni larzaga soluvchi, ko'ngillarni achchiq g'ulg'ulaga
cho'lg'ovchi marsiya ham bitadi. Marsiya shunday boshlanadi:
Murd Murody na hamono, ki murd,
Margi chunon xoja na korest xurd.
Mazmuni:
Murodiy o'ldi, o'ldi emas so'ldi,
Shunday xojaning o'limi, shunchaki ish emas.
Demak, Murodiyning Abu Aliga bag'ishlab yozgan
qasidasi 938-940 yillarda bitilgan bo'lib chiqadi va bu davr Amir Nasr
(914-943) hukmronligi davri edi. O'z-o'zidan ma'lumki, shoir Murodiy Buxoroda
turib, Chag'oniyon amiri Abu Aliga qasida bag'ishlay olmas edi. Xulosa shuki,
Murodiy taxminan bir oz davr Chag'oniyonda bo'lgan, bu Abu Bakr hukmronligi
(930- 939)ning oxirgi yillari va Abu Ali hukmronligi (939-952)ning boshlang'ich
yillari bo'lishini faraz qilish mumkin. Lekin voqealarning bundan ham ilgariroq
sodir bo'lganini taxmin etish mumkin, buning uchun Rudakiy marsiyasining
yozilgan sanasini tayin etish lozim. Rudakiy umrining oxirgi yillarini o'z
yurti jonajon qishlog'i Panjrudda o'tkazadi, uning marsiyasi esa Buxoroda
yozilgan. Aftidan ushbu voqealar 935-937 yillar oralig'ida ro'y bergan
ko'rinadi, u holda yuqoridagi sanalar va adabiyotshunos M.Azimov («Chag'oniyon
adabiyoti» haqida so'z», Surxon tongi. 2003. 3 dek.)ning shoir Murodiy amir Abu
Aliga atab yozgan qasidasini Xuroson amiri qarorgohi Nishopurga yuborgan degan aqidalari
ham o'z-o'zidan inkorini topadi. Abu Ali hali na Chag'oniyon amiri va na
Xuroson noibi bo'lmasidan burun ham otasi Abu Bakrga dastyor bo'lib,
davlat-idora ishlarida faol qatnashib turgan. Shoir Murodiy bo'lsa Abu Alini u
Chag'oniyon amiri bo'lmasdan oldin ham tanigan va bilgan, shoir va amirning
do'stligi Chag'oniyonda boshlanib Buxoroda davom etgan. Chunki chuqur falsafiy
mushohada tizimida qurilgan, fikran teran, mantiqan mazmunli qasidada bir
kun-ikki kun tanish odam tasviri emas, balki uzoq yillik qadrdon ta'rifi ifoda
etilgan.
Qasida (arab tilida yozilgan)ning mazmunini adabiyotshunos olim M. Azimov (Abu
Ali Chag'oniy kim bo'lgan? Surxon tongi. 1997. 4 apr.) matniga suyangan holda
keltiramiz:
Ilmni ko'p sarflab odamlarni o'rgandim,
Lekin sendayini zinhor uchrata olmadim.
Senga o'xshaganlar jahonda kam topiladi,
Qiliching zarbini, uning dushmanlarga-
Sanchilishini aniq ko'rib turibman.
Sen tirik ekansan, yo'ldan hech kim adashmaydi,
Adashgan tayanchini qilich zarbi yemiradi,
Ko'lingdan saxovat va halokat ?g'iladi.
Senga bo'ysunmagan omonlik topmaydi,
Senga ergashgan esa farovonlik topadi.
E'tibor berilsa, qasidada Abu Alining o'z davri uchun
nechog'lik ulkan nufuzga ega tarixiy shaxs ekanligi ro'y-rost tavsiflanmoqda.
Tarixdan ma'lumki, Somoniylarga barcha amirlar to'da-to'da xiroj to'lasa, Abu
Ali Buxoroga Chag'oniyon amirligi nomidan atigi ramziy tuhfalar jo'natib
turgan.
Murodiy arab va fors-tojik tilida ijod etgan, shoirning she'rlar devoni elaro
mashhuru manzur bo'lgan. Murodiy ijod bisotiga taalluqli fors-tojik tilidagi
she'rlardan bizning davrimizgacha ayrim namunalargina yetib kelgan. Shoir o'z
she'rlarida axloqiy-ta'limiy, ma'rifiy-ma'naviy g'oyalarni tajassum etadi:
Az hashamu ganj chy faryodu sud,
Marg kunad bar sari tu toxtan.
Mazmuni:
Boshing uzra o'lim charx urib turganda,
Hasham va xazinadan foyda nechun.
Basharti, baytning ichki ma'nosiga chuqurroq qarasak,
undagi mantiq quyidagicha oydinlashadi: hashamatli hayotdan, erishilgan baxtdan
shodlanish befoyda, chunki o'lim haq, o'lim muqarrar.
Yuqorida zikr etilgani kabi Abu Ali Chag'oniy 947 yili Buxoroni ishg'ol etganda
buxorolik qalam ahlining aksari unga bag'ishlab qasidalar bitgan edi.
Shoirlardan Abu Tayyib at-Tohiriy va Abu Ahmad Muhammad ibn Abdulaziz
an-Nasafiy qasidalari alohida e'tiborga molik. At-Tohiriy qasidasi mazmunidan
947 yil voqealari bahor (Narshaxiyning xabaricha, voqealar qishda)da ro'y
berganini bilib olsak, an-Nasafiy qasidasidan Abu Ali Chag'oniyning siyosiy
maydondagi obro'yining naqadar ustuvorligini anglab olish u qadar qiyin emas.
Al-Murodiy, at-Tohiriy, an-Nasafiy qasidalarining barchasi arab tilida
bitilgani hamda bu qasidalar as-Saolibiyning «Yatimat ad-dahr» asarida
keltirilgani muhimdir.
Daqiqiy (930-977). Abu Mansur Muhammad ibni Ahmad Daqiqiy nufuzi jihatidan
fors-tojik adabiyotida buyuk Rudakiydan keyin ikkinchi o'rinda turadi va bu
fanda allaqachon o'z isbotini topgan. Daqiqiy haqida Beruniy (973-1048)
«Al-osor al-boqiya» (1000), Muhammad Avfiy (1170-1233) «Lubob ul-albob» (1221),
Abduraxmon Jomiy (1414-1492) «Bahoriston», Lutf Alibek Ozar «Otashkada» (XVIII
asr) asarlarida va boshqalarning kitoblarida ma'lumotlar bitib qoldirilgan.
Beruniy shoirni balxlik, Avfiy tuslik, Lutf Alibek samarqandlik deydi va bu
bahslar keyingi asrlarda ham davom etadi hamda shoir goh Buxorodan, goh
Marvdan, goh Hirotdan deyiladi. Beruniy boshqalarga nisbatan Daqiqiy zamoniga
yaqin yashagan, shuning uchun shoirning asli balxlik ekaniga shubha qilmasa ham
bo'ladi. Avfiyning «Lubob ul-albob» tazkirasi Daqiqiy davridan 250 yil keyin
yaratilganiga e'tiborni jalb etmoq lozim.
Beruniy shoirni Abu Ali Muhammad ibn Ahmad Balxiy tarzida, Avfiy esa Abu Mansur
Muhammad ibn Ahmad Daqiqiy shaklida tilga olib o'tadi. Har ikki holatda ham
Muhammad ibn Ahmad, ya'ni ismi-sharif bir xil, faqat kunya (Abu Ali va Abu
Mansur)lar va taxallus (Balxiy va Daqiqiy)lar turlicha. Beruniy tilga olgan
shoir Daqiqiy ekani V. V. Bartold, N. O. Osmonov, I. V. Braginskiy, B. F.
Livshis, E. V. Rtveladzelar tarafidan tasdiqlangan. Zero, «Shohnoma»ni ilk bor
nazm injusiga aylantirgan shoir Daqiqiyligi hammaga ma'lum, demak, Beruniy
eslatgan ash-shoir Daqiqiydan bo'lak hech kim emas.
Endi Daqiqiyning Abu Ali va Abu Mansur kunyalariga kelsak. Shoir taxminan 950
yillarda Chag'oniyonga keladi va Abu Ali vafotidan so'ng ham shu yerda bo'lib
xizmatni davom ettiradi. Agar Daqiqiyning 970 yilgacha Chag'oniyonda bo'lgani
taxmin etilsa, u holda shoir qariyb 20 yil Chag'oniylar xizmatida bo'lgan. Ana
shu uzoq yillik qadrdonlik evaziga Daqiqiy o'z homiylari Abu Ali Ahmad Chag'oniy
va Abu Mansur Nasr Chag'oniy (ota-bola)larning kunyasini o'ziga kunya
tariqasida qabul qiladi.
Qadimiy manbalarda Daqiqiyning Abu Ali Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad tarzida
atalganini faraz qilsak, birinchi kunya asta-sekin tushib qola boshlagan va
shoirni Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad deb atash odatga aylanadi. Kunya so'zi
arablardan kelgan, ularda otani to'ng'ich o'gil farzand ismi bilan atashgan.
Chunonchi, hazrat Ali akasining ismi Tolib edi, shundan Alining otalarini Abu
Tolib (Tolibning otasi) deyishgan. Ammo keyingi davrlarga kelib, kunya tanlash,
kunya olish, kunya qo'yish an'anasi boshqacharoq tus oladi, ya'ni erkinlik
vujudga keladi, kunyani kishilarga aksar piru murshidlar tanlab beradigan
bo'lib qoladi.
Avfiy negadir Abu Said Muzaffar Chag'oniy (929- 930) va Abu Bakr Muhammad
Chag'oniy (930-939)ni bir kishi deb hisoblaydi hamda Daqiqiy qasidalari
Chayuniyon amiri Abu Said Muhammad Muzaffarga bag'ishlangan, deydi. Vaholanki,
Abu Saidning ismi Muzaffar, Abu Bakrning ismi Muhammaddir, Daqiqiy qasidalari
bo'lsa Abu Ali va Abu Mansurga bag'ishlangan. To'g'ri, qasidalarda goho Abu
Said va Abu Bakr ismlari uchraydi. Daqiqiy qasidalarida Abu Ali va Abu Mansurni
madh etar ekan, kezi-kezida ularning buyuk ajdodlari Abu Said va Abu Bakrlarga
ham ishora qilib o'tadi. Bu esa qasidanavislik qoidasiga binoan o'ziga xos
lirik chekinish bo'lib, tabiiyki, bu hol Abu Ali va Abu Mansurlarga xush ?qar
edi. Boisi Abu Aliga Abu Bakr ota bo'lsa, Abu Said bobo edi, Abu Mansur esa Abu
Bakrga' nevara va Abu Saidga chevara edi.
Daqiqiy uzoq yillar Chag'oniyondek go'zal voha bag'rida yashadi, shu zaminda
ijodi kamol topdi, dovrug'i elga yoyildi, muxlislari ko'paydi. Shoir turli
shaharlarni kezdi, qadimiy ajdodlar tarixini o'rgandi, u Tus, Hirot, Samarqand
kabi shaharlarda bo'ladi, tasavvurini boyitadi, katta taassurotlar oladi.
Nihoyat, Buxoroga boradi, bu taxminan 970 yilga mos tushadi, o'lkada bu paytlar
Somoniy Mansur ibn Nuh (962-976) hukmron edi. Ana shu tariqa Daqiqiy o'z
taqdirini endilikda mamlakat poytaxti Buxoro bilan bog'laydi va bu yerdagi
fozilu fuzalolar, olimu donishmandlar, shoiru adiblar ila tanishadi, saroy ahli
orasida obro'-e'tibor qozonadi. Daqiqiyning shoirlikdagi iste'dodi, qadimiy
tarixni yaxshi bilishi tez orada uning adabiy doiradagi nufuzini oshiradi.
Mansur ibn Nuh vafotidan so'ng taxt tepasiga uning o'g'li Nuh ibn Mansur
(976-997) keladi. Nuh ibn Mansur shoir Daqiqiyni ilgaridan yaxshi bilar edi,
shuning uchun hech ikkilanmay shoirga nasriy «Shohnoma»ni she'rga solishdek
mas'uliyatli vazifani bajarishga farmoni oliy beradi. Bu Daqiqiy iste'dodiga,
uning bilim va saviyasiga yuksak ishonch bo'lishi barobarida, shoir
g'animlarining alamiga sabab ham bo'ladi. Daqiqiy bir she'rxonlik bazmi kechasi
o'z uyida nokas quli tomonidan pichoqlab o'ddiriladi, bu paytga kelib u
«Shohnoma»ning bir ming uch baytini yozgan edi. Shu bir ming uch bayt
«Shohnoma» turkumiga kiruvchi «Gushtospnoma»ning nazmi bo'lib, uni Firdavsiy
(934-1026) mutlaq o'zgarishsiz o'z «Shohnoma»si tarkibiga ilova etadi. Oqibatda
Daqiqiy qalamiga mansub bir ming uch baytli «Gushtospnoma» bizning
davrimizgacha bezavol yetib kelgan. Daqiqiy mabodo tu-gallanmay qolgan
«Gushtopsnoma»ni 976 yili yoza boshlagan bo'lsa, unga shu bir ming uch baytni
yozish uchun ko'p fursat shart emas edi. Demak, shoir vafoti 977 yilga to'g'ri
keladi, buni Firdavsiy «Shohnoma»sining 980 yilda yozila boshlagani va uning
debocha qis-mida Daqiqiyning marhum sifatida eslatilishi ham to'kis isbotlaydi.
Shu munosabat bilan Daqiqiyning tavallud sanasi ham ancha ravshanlashib qoladi,
basharti, u yigirma yoshlari (ya'ni 950 yil)da Chag'oniyonga tashrif buyurgan
bo'lsa, shoir 929 yil yoki 930 yilda dunyoga kelgan bo'ladi.
Daqiqiy she'riyati o'zining oshiqona mazmuni, hikmatona talqini va ma'naviy
mohiyati bilan kishilar qalbini hanuz zabt etib keladi. Shoir she'rlarida
payg'ambar Zardusht nomi ko'p uchraydi. Biroq otashparastlik aqidalari mavzuiga
murojaat etishlar shoirni zardushtiy mazhab yoki otashparast deyishga asos
bo'la olmaydi. Ammo Daqiqiy komil bir musulmon sifatida o'tmishni anglashga
intilgan shoirdir, xolos. Daqiqiy she'riyatida faylasufona g'oyalar, hikmatga
aylanib ketgan ta'birlar juda ko'p:
Go'yand sabr kun, ki turo sabr bardihad,
Ore, dihad, valek ba xuni jigar dihad.
Man umri xeshro ba sabury guzoshtam,
Umri digar biboyad, to sabr bar dihad.
Mazmuni:
Derlar: sabr qil, sabrdan murod hosil,
Bu rost, lek u jigarni aylar sil.
O'tdi sabrda umrim, boshqa umr ber,
Shoyad o'shanda sabr bersa hosil.
Daqiqiyning «Gushtospnoma» dostoni Balxda Luhrosp
shohning taxtni o'g'li Gushtospga topshirish voqealari bilan boshlanadi. Doston
debochasida, shuningdek, Gushtospning Rum qaysari qizi Nohidga uylanishi, undan
Isfandiyor va Bashutan ismli o'g'illarning tug'ilishi gapiriladi. Shundan so'ng
Balxga Zardushtning kelishi va uning dinini shoh Gushtosp qabul qilishi xikoya
qilinadi. Shu tariqa, shoh Gushtosp va shoh Arjosp o'rtasida mazhab borasida
nifoqning paydo bo'lishi, ikki o'rtada ro'y bergan jang va bu jang oqibatida
begunoh kishilarning halokati tasvirlanadi. Eron va Turon jangining oxiri
ko'rinmaydi, jang maydoni majruh va o'liklar bilan limmo -lim, atrof rutubatli.
Chang-to'zon, gard-gurd borliqni o'ragan, dashtu cho'l batamom lola rangli
qonga bezangan:
Zaminho pur az kushtavu xasta bud,
Rahi bodro gard barbasta bud.
Daru dashtho shud hama lolagun,
Ba dashtu biyobon hama raft xun.
Daqiqiy «Gushtospnoma»si 24 bobdan iborat va uning
tugallanmay qolganini aytdik. Shoirning bexos o'limi bu xayrli ishni to'xtatib
qo'ygan edi. Firdavsiy salafi Daqiqiy «Gushtospnoma»siga to'qqiz bob qo'shib
dostonni oxiriga yetkazadi va uni, yuqorida ta'kidlaganimizdek, «Shohnoma»
tarkibiga ilova qila-di. Daqiqiy badiiy ijodning turli janrlarida ijod etadi.
Uning ijod bisotiga taalluqli qasidalaridan parchalar, oshiqona g'azallaridan
namunalar, qitalaradan ayrim baytlar, she'rlaridan ba'zi parokanda misralar,
tugamay qolgan «Gushtospnoma» va boshqalar bizgacha yetib kelgan.
Daqiqiy ijodiyoti haqida gapirganda Fardavsiyning Daqiqiyga bahosi, alalxusus,
Daqiqiy «Gushtospnoma»siga Firdavsiy bahosi va Firdavsiy tomonidan Daqiqiyning
tanqid etilishi hamda Daqiqiy va Beruniy bilan bog'liq masalalar ancha muhim
qutblarga ega. Bu masalalar bilan bog'liq fikr-o'ylar yoki tadqiqotlar kelajak
ishlar zimmasiga yuklanadi.
Tohir Chag'oniy (vafoti 992 yil). Chag'oniyon amiri va o'z davrining ko'zga
ko'ringan davlat arbobi, iste'dodli shoir Tohir Chag'oniy hayotini, ijodini
o'rganish, avvalo, Chag'oniyon adabiy muhiti bilan borliq X asr oxirlariga oid
ko'plab jumboqlarni hal etishda qo'l kelishi bilan g'oyat muhim. Tohir
Chag'oniyning tavallud yili aniq emas, vafot yili bir qadar aniqlangan, ammo bu
borada ayrim bahsu munozaralar mavjud. Chunonchi, Muhammad Qazviniy (1877-1949)
aniq sanani aytmay, manbaga ishora qilmay, Tohir o'z amakivachchasi Abu Mansur
Nasr (952-976) o'rniga amir bo'lganini ta'kidlaydi va Tohirning vafoti sanasini
987-988 yillar deydi. YE. E. Bertels ham aynan shu fikrda, faqat uning
aytishicha, Tohirdan so'ng Chag'oniyon taxtiga Faxr ad-Davla Muzaffar Ahmad
binni Muhammad chiqqan. Afg'on olimi Muhammad Muhsin bo'lsa Tohirni 992 yidda
halok bo'lgan va bu halokat amakivachchasi Abul Muzaffar binni Muhammad bilan
Chag'oniyon taxti uchun jangda sodir etilgan degan aqidani ilgari suradi.
Bizningcha, Muhsin bu aqidani 3. Safo kitobi(«Torixi adabiyot dar Eron».-Tehron,1388)
dan olgan ko'rinadi. Endi tarixiy manbalarga murojaat qilsak aslida unday
emasligi ayon bo'ladi. Jumladan, muarrix Abu Nasr Muhammad al-Utbiy
(961-1036)ning «Sharhi Yaminiy»da (bu asar Mahmud G'aznaviy haqida) yozishicha,
Amir Abu Yahyo Tohir 991-992 yillari Guzgon (hozirgi Juzjon) amiri Foiqqa
qarshi jangda Balx qamali payti halok bo'ladi.
Akademik E. V. Rtveladzening ta'kidicha, Tohir Chag'oniy Guzgon amiri Abul
Xoris Muhammad binni Ahmad (hukmronligi 987-989) o'rniga amir bo'lgan. Chag'oniyon
amiri Qosim al-Hasan binni Ahmad nomi bilan 987-988 yillarda zarb etilgan mis
tangalar hisobga olinsa, unda Guzgon amiri Abul Xoris 986-989 yillari qanday
hukmronlik qiladi? Har holda Tohir Chag'oniy amakivvachasi Abul Qosimdan so'ng
hukmronlik qilgani haqiqatga yaqin va bu hodisalar 988-992 yillarda ro'y
bergan. Shunday qilib Tohir Chag'oniyning vafoti va hukmronligi sanalari aniq
bo'lgan holda uning tavalludi sanasi hozircha ochiq qoladi. Bundan tashqari
adabiyotshunos Muhsinning 3ebuhillo Safo fikrlariga tayanib Tohir taxt talash
kurashlarida Abul Muzaffar tarafidan mahv etilgani talqini esa inkor etiladi.
Masalan, amir Abul Muzaffarga shoir Munjik Termiziy bag'ishlagan qasidada Tohir
Chag'oniy marhum sifatida ehtirom ila eslatiladi. Bu esa ikki amir o'rtasida
taxt bilan bog'liq mojaro yoki siyosiy muxoliflik mutlaqo yo'qligini
isbotlovchi aniq dalildir.
Tohir Chag'oniy hukmronligi davrida Chag'oniyonda adabiy muhit uchun ma'lum
imkoniyatlar yaratilgani tarixiy manbalarda e'tirof etiladi. Misol uchun
«Ash'ori hamasroni Ro'daky»da Tohir zamoni adabiy muhiti doirasi namoyandalari
sifatida Ma'rufiy, Daqiqiy, Munjik, Labibiy singarilar eslatiladi. Yuqorida
eslatilgani kabi Ma'rufiy va Daqiqiylar Tohir Chag'oniy davridan ancha ilgari
Chag'oniyonda bo'lgan, chunonchi, Ma'rufiy 925-935 yillari, Daqiqiy 950-970
yillari Chag'oniyonda edilar. Bu Tohir davridan qariyb 40-60 yil ilgari sodir
bo'lgan voqealardir. Endi Munjik va Labibiyga kelsak, Munjik, darhaqiqat, Tohir
zamonida Chag'oniyonda edi va u bilan Bade'iy birga bo'lgan hamda har
ikkisining Tohirga bag'ishlangan qasidalari bor, Labibiy bo'lsa Abul Muzaffar
davrida Chag'oniyonda bo'lgan.
Yuqorida ta'kidlangani kabi Abul Abbos Fazl, ya'ni Abu Ali Chag'oniyning inisi
Tohirning otasidir. Abul Abbosni Abu Ali 945 yilda Jabal viloyati (Tus, Ray va
Shirvon tomonlar)ga hokim qilib tayinlaydi. Ammo Abul Abbos akasi Abu Alining
xohish-irodasiga qarshi o'laroq Buxoroga, Amir Nuh ibn Nasr (943-954) qoshiga
ketib qoladi va unga xizmat qila boshlaydi. Nuh ibn Nasr Chag'oniyon
amirzodasini yaxshi qabul qiladi va hatto Abul Abbosni Shosh (Toshkent)
viloyati hokimi etib tayinlaydi.
Tohir Chag'oniy shoirparvar va she'rdo'st amir bo'libgina qolmay, o'zi ham
durustgina shoir bo'lgan, arab tilidan forschaga she'rlar tarjima qilgan. Hatto
uning she'rlaridan namunalar Umar ar-Roduyoniyning «Tarjimonul balog'a» asarida
keltiriladi:
Bar mamlakat savor nagashty tu az guzof,
V-ozodagont banda nagashtand xer-xer.
Edun ba mavqey ba madoroi ro'zgor,
K-az nesh no'sh makki v-az boda shiri sher.
Mazmuni:
Sen davlatda qilichsiz ham sarvar, sardor,
Oqsuyaklar senga jabr-sitam ila tobe emas,
Hayotda sen haqiqiy mavqega egasan,
Sening qahringdan chaqqan ilon zahri ham
Beta'sir va sherni bemalol sog'a olasan.
Bade'iy Balxiy. Abu Muhammad Bade' binni Mahmud
Balxiyning tavallud va vafoti sanalari aniq emas. U Tohir Chag'oniy
mulozimlaridan bo'lgan, bu X asrning so'nggi choragiga to'g'ri keladi. Buni
shoirning bir qasidasidagi quyidagi misralar to'liq tasdiqlaydi:
Ba yodi sayidi xurroni olam,
Abulyahyo-l-lazy yuhyo bixi-l-iz.
Mazmuni:
Abulyahyo, ya'ni Tohir Chag'oniy tufayli,
Olamda sayyidlikka sazovorlar yodi qayta tiklandi.
E'tibor berilsa, Bade'iy qasidasi Tohir Chag'oniy,
ya'ni Abulyahyoga bag'ishlanganini bilib olish qiyin emas, zero, Abulyahyo amir
Tohir Chag'oniyning kunyasi, Tohir esa ismi, Chag'oniy bo'lsa taxallusidir.
«Majma' ul fusaho» muallifi Rizoqulixon Hidoyat (XIX asr) «Rohat ul inson»
nomli asarni Bade'iyga nisbat beradi. Ammo ana shu muallifi bahsli «Rohatul
inson» asari Said Nasifiy (1896-1966) isbotlaganidek, X asrda yaratilgan emas,
balki uning til xususiyatlari XI asr mahsuli sifatida qaralmog'ini taqozo
etadi. Rizoqulixon Hidoyat bir xato bilan cheklanib qolmaydi, balki Bade'iy
qalamiga mansub she'riy parchalar «Lubob ul-albob»da keltirilishiga qaramay,
ularni boshqa shoir Badoyoniyniki deydi. Yuqoridagi chalkashliklar bekorga
kelib chiqmagan, chunonchi, Bade'iy ijod bisotiga tobin she'riy namunalar
bayoz, lug'at va tazkiralarda keltirilar ekan, goho g'alat ravishda Munjik Termiziyniki
ham deyiladi.
Shoir Bade'iydan yetib kelgan ozgina she'riy parchalar bilan tanishuv uning
iqtidorli san'atkor adib ekanini tasdiqlaydi. Uning she'rlarida davr
voqealariga, zamon hodisalariga ishoralar barobarida tabiat ko'rki, ma'shuqa
zeboligi tarannum etiladi:
Havo ro'i zaminro shud mutarriz,
Ba sofy obi daryo ne ba qirmiz.
Nafiri abri farvardin baromad.
Fitad andar sipohi gul hazohiz,
Zi rangi rog' rangi hulla hayron,
Zi bongi murg' bongi rud ojiz.
Mazmuni:
Havo zamin yuzini qirmizi rang bilan emas,
Balki daryoning sof suvi bilan bezadi.
Farvardin bulutlari na'ra tortmoqda,
Osmondan yerga gul sipohlarin tashladi,
O'tloq rangidan libos rangi hayron,
Qush ovozidan rud ovozi ojizdir.
Labibiy. Shoirning to'liq nomi manbalarda uchramaydi,
uning nomi Avfiyning «Lubob ul-albob»ida ham xuddi shu xilda beriladi.
Qolaversa, shoirning qayerlik ekani ham ma'lum emas, faqat uning G'aznada
G'aznaviylar saroyida uzoq yillar xizmatda bo'lganligi va G'aznaviy sultonlarga
bag'ishlab qasidalar yozgani ma'lum. Ammo, eng muhimi, Labibiy o'z ijodiy
faoliyatini aynan Chag'oniyon amirlari saroyida boshlagan, bu hodisa to'liq
dalillar bilan isbotlangan. Darhaqiqat, Labibiy ham boshqa qator mashhur
shoirlar singari Chag'oniyon yurtida bo'lib, bu yurtning so'lim go'shalarini
kezib shoirlik iste'dodini shu zamin, shu tuproq, shu o'lka saxovati bilan
yo'g'irgan edi.
Labibiy ijodi haqida tarixchi Bayhaqiy, tazkiranavis Avfiy ma'lumotlari bilan
birga yana shoir hayoti va ijodi xususida Ustod Xaliliy, 3. Safo, YE. E.
Bertels va boshqalarning ishlarida qisqacha bo'lsa-da, xabarlar uchraydi.
Masalan, Ustod Xaliliy shoirning ikkinchi bir taxallusi Adibiy ekanligiga
ishora qiladi. Xaliliy shoirni: «Maddohi Yusuf binni Nosiriddin barodari Sulton
Mahmud ast», ya'ni «Sulton Mahmudning birodari Yusuf binni Nosiriddinning
maddohi (kuylovchisi) edi», deya Avfiy ma'lumoti takroridan nariga o'tmaydi va
«Lubob ul-albob»dagi o'ttiz ikki baytli qasidani to'liq keltiradi, qasida ushbu
matla' ila ibtido topadi:
Chu barkandam dil az didori dilbar,
Nihodam mehri xursandy ba dil bar.
Mazmuni:
Dilbar uchrashuvidan ko'nglimni uzdim,
Mehr xursandchiligini dil oluvchiga bag'ishladim.
Biroq qasidaning Xaliliy matni bilan Eron olimi
Muhammad Dabirsiyoqiy (Ganji bozyofta. Tehron, 1334) to'plamiga ilova etilgan
qasida hajmi o'rtasida farqlar juda katta. «Sabaqi Ro'daky» (Dushanbe, «Irfon»,
1994) to'plamini nashrga tayyorlagan professor A. Abdullayev shoir Labibiy
qasidasini Muhammad Dabirsiyoqiy nashriga tayanib, ellik to'qqiz baytli
qasidadan qirq baytining nashrini amalga oshirgandir.
Labibiyning Abul Muzaffar Chag'oniyga bag'ishlab yozgan qasidasi tarixi o'ta
qiziq va g'aroyib, chunki Avfiy qasida Mahmud G'aznaviyning ukasi Yusuf binni
Nosiriddinga atab bitilgan deydi. Rizoqulixon Hidoyat («Majma'ul fusaho»)
bo'lsa qasida muallifi sifatida Farruxiyni tan oladi, hatto shu qasida g'alat
ravishda Manuchehriy devoni tarkibiga ham kiritilgan ekan. Anglashiladiki,
Avfiy qasida egasi Labibiy ekanini aniq ko'rsatgan holda qasidaning mamduhi
masalasida jiddiy adashgan. Xulosa shuki, Dabirsiyoqiy to'g'ri isbot etganidek,
Labibiyning bu qasidasi Chag'oniyon amiri Abul Muzaffarga bag'ishlangan va
qasida ma'lum hasbi hol xususiyatiga ega.
Labibiy o'z davrining yirik shoiri edi, uning badiiy merosiga qiziqish katta
bo'lgan. Hatto «Tarjimonul balog'a» muallifi Umar ur-Roduyoniy (XI asr) badiiy
san'atlar munosabati bilan adib ijodiga murojaat etar ekan, undan Farruxiy
vafotiga bag'ishlangan qit'ani al mutazod (tazod - qarshilantirish) san'atiga
misol tariqasida keltiradi:
Gar Farruxy bimurd, charo Unsury namurd?
Pire bimond deru javone biraft zud.
Farzonaye biraftu zi raftan-sh har ziyon,
Devonaye bimondu zi mondan-sh hech sud.
Mazmuni:
Farruxiy o'ldi, nechun Unsuriy o'lmadi?
Qari kech qolib, yosh tez ketar.
Dono ketdi, ketgani koni zarar,
Nodon qoldi, qolganidan ne foyda.
Bu qit'a tazod san'atining oliy namunasi. Misol
uchun: bimurd (o'ldi) - namurd (o'lmadi), pir (qari) - javon (yosh), bimond
(qoldi) - biraft (ketdi), der (kech) - zud (tez), farzona (dono) - devona
(nodon), ziyon (zarar) - sud (foyda) va hokazo.
Labibiy Chag'oniyonda qancha fursat bo'lgani aniq emas, har qalay shoir XI asr
boshlarida bu yurtga tashrif buyurgan bo'lishi ehtimol. Zotan, Abul
Muzaffarning Chag'oniyondagi hukmronligi 992-1010 yillar oralig'iga to'g'ri
keladi, demak, Labibiy ham Farruxiy singari avval Chag'oniyonga keladi va
so'ngra G'aznaga, Sulton Mahmud (971-1030) saroyiga yo'l olgan. Labibiyning ham
1004-1008 yillar o'rtasida Chag'oniyonda bo'lganini faraz qilish mumkin va ajab
emaski, u ayni shu yerda Farruxiy bilan uchrashib tanishgandir. Chunki Farruxiy
vafoti (1037) munosabati bilan Labibiy yozgan qit'a davrlar osha mashhur bo'lib
keldi va o'sha mustahkam do'stlikning yuksak namunasi bo'lishi mumkin. Labibiy
do'sti Farruxiy vafotidan keyin ham uzoq yillar Sulton Mahmud o'g'li Sulton
Mas'ud (hukmronligi 1030-1041) saroyida xizmatda bo'lgan ko'rinadi.
Farruxiy (980-1037). Abulhasan Ali Chulug' Farruxiy Seyistoniy - zamonasining
shirin kalom shoiri, she'riyatda o'z uslubi, o'z usuli, o'z yo'liga ega so'z
san'atkori. Adibning ismi Ali, kunyasi Abulhasan, taxallusi Farruxiy
(Farrux-muborak, go'zal, ulug', baxtiyor), otasining ismi Chulug', tug'ilgan
maskani Seyiston, yoshligi Seyiston dashtlarida o'tgan, shoirliqdagi kamolotini
ona diyorida topgan. Farruxiyning hayot yo'li va ijod usuli haqida manba hamda
adabiyotlarda ko'p gapiriladi. Shoir xususidagi ilk xa-bar Nizomiy Aruziy
Samarqandiyning «Chahor maqola» (1156-1157) sida beriladi (asarning asl nomi
«Majm'un navodir» - «Nodir to'plam»dir). Ikkinchi xabar Avfiyning «Lubob
ul-albob» tazkirasida keltiriladi, uchinchi axborot Davlatshoh Samarqandiy
(1437-1495)ning «Tazkirat ush-shuaro» (1487) sida zikr etiladi. Davlatshoh
shoirni termizlik va uning «Tarjimon ul balog'a» nomli asari borligini aytadi,
shoirning termizlik deyilishiga bois u ma'lum vaqt Chag'oniyon amirlari
saroyida bo'lgan. Ana shu Chag'oniyon bilan bog'liq voqealar Davlatshohni
chalg'itgan bo'lsa ajab emas. «Tarjimon ul balog'a» asari masalasiga kelsak,
asarning muallifi Umar ur-Roduyoniy ekanligi tasdiqlangan, ammo bu Farruxiyning
ham shu^nomli asari borligini inkor etadigan dalil emas. O'tmishda ichki
mazmuni turlicha, nomi bir xil asarlar son mingta edi, ammo Farruxiyning shu
nomli asari bor-yo'qligi hozirgacha aniqlangan emas.
«Chahor maqola»da hikoya qilinishicha, Farruxiy uylangach, ro'zg'or
tashvishlari ko'payadi, sarf-xarajatga ehtiyoj oshadi. Farruxiy ana shu kezlar,
ya'ni ahvoli tanglashgan paytlar Chag'oniyon amiri Abul Muzaffarning she'rdo'st
va shoirdo'st ekani, shoirlarga g'amxo'ru hamdastligini eshitib, Chag'oniyonga
oshiqadi. Seyiston va Chag'oniyon orasidagi masofa juda uzoq edi, Farruxiy yo'l
azobiga bardosh berib, yirtiq choriqda, kir-chir kiyimda Chag'oniyon tuprog'iga
kirib keladi. Shoir yo'l-yo'lakay Abul Muzaffar Chag'oniyga atab qasida
to'qiydi, uning matla'i (boshlanishi) quyidagicha:
Bo korvoni xulla baraftam zi Siston,
Bo hullai tanida zi dil, bofta zi jon.
Mazmuni:
Libos karvoni bilan jo'nadim Seyistondan,
Libosi ipi dilim, matosi esa jondan.
Farruxiy qasidani Amir Abul Muzaffarning kadxudo(ish
yurituvchi)si Amid Asadga taqdim etadi. Amid Asad she'riyatni dildan sevar edi,
qasidaning latifligi, ustodona bitilgani unga xush ?qadi. She'rning mazmuni
bag'oyat yuksak, ammo shoirning libosi yirtiq, kovushi eski, oyog'i kir,
boshida katta beo'xshov seyistoniy salla, bular Amid Asadni shubhaga soladi.
Amid Asad oldida turgan shaxsning shoirligiga ishonmaydi va uni sinab ko'rish
maqsadida hozir amir ovulga chiqqani, uning dog'goh (otlarga tamg'a bosiladigan
joy)da ekani, u yerning so'limligi, atrofning ko'kalamzorligi, xullas,
tabiatning go'zal in'omi bo'lmish ajoyib bir maskan haqida tasavvur beradi.
Amid Asad shoirga shularni naql qilib ertaga dog'gohga birga ketishini aytadi,
o'z galida Farruxiy kechasi bilan uxlamay dog'goh haqida bir qasida yozib
chiqadi. Ertasiga shoir qasidani Amid Asad qo'liga tutqazadi, qasida Amid
Asadga shu darajada ta'sir qiladiki, u hamma ishini yig'ishtirib Farruxiyni
olib dog'gohga yo'l oladi. Dovrug'i olamni tutgan va ko'plab rivoyatlarga sabab
bo'lgan «Dog'goh» nomi bilan ataluvchi mashhur qasida ana shu tariqa dunyoga
kelgan edi. Amid Asad shoir Farruxiyni olib dog'gohga yetib kelgach, Amir Abul
Muzaffar huzuriga kirib, shunday bir tengsiz so'z san'atkori olib kelgani,
Daqiqiy vafotidan so'ng olamda bu xil shoirni ko'rmaganini aytadi.
Xullas, tungi bazm boshlanadi, gulxanlar ?qilgan, saroy a'yonlari, arkoni
davlat, sozanda, xonanda, bozandalar hoziru nozir. Sozandalar kuy chaladi,
xonandalar xonish etadi, bozandalar chiroyli raqsga tushib, xirom aylamoqda,
chor atrofga sho'x kulgi jarangi, ta'sirli ashula ohangi taraladi. Navbat
Farruxiyga yetadi, u o'zining «Bo korvoni hulla» («Libos karvoni bilan»)
so'zlari bilan ibtido topuvchi qasidasini chang jo'rligida chiroyli ovoz bilan
xonish qiladi:
Man bandaro ba she'r bale dastgah nabud,
3-in pesh, v-arna madhi tu meguftame ba jon.
V-aknun ki dastgoh qavy gashtu dast niz,
Be madhu tu maro napaziruft Siston.
Mazmuni:
Men bandaga she'r yozishga yo'q edi imkon,
Unda madhing oldidan qilardim jon debon.
Endi sharoit ham yaxshi, qo'l ham uzun,
Seni kuylamasam qabul etmas Seyiston.
Shoirga olqishlar ?g'iladi, bazmi jamshid davom
etadi. May ta'siridan boshlar sarxushga, qalblar junbishga kirgan bir onda
Farruxiy chang jo'rligida «Dog'goh» qasidasini qiroat qiladi:
Chun parandi nilgun bar ro'y po'shad marg'zor,
Parniyoni haftrang andar sar orad ko'hsor.
Xokro chun nofi ohu mushk zoyad beqiyos,
Bedro chun parri to'ty barg ro'yad beshumor.
Do'sh vaqti nimshab bo'i bahor ovard bod,
Xabbozo bodi shamolu xurramo bo'i bahor.
Bod go'y mushki suda dorad andar ostin,
Bog' go'y lo''batoni soda dorad dar kanor
Mazmuni:
Ko'k harirdan yuziga yopgan ro'molin sabzavor,
Yetti xil rang ipaklarini boshga soldi kuhsor.
Yor ohuning kindigidek mushkin sochdi beqiyos,
Tol to'tining parridek bargini yozdi beg'ubor.
Kecha tong chog'i bahorning hidini yoydi sabo,
O, nechuk dilkash sabo, qanday xumor hidli bahor,
Bog'da go'yoki go'zallar jilvasidek bir husn,
Yelning go'yo etagida maydalangan mushki bor.
(Mahmud Hasaniy tarjimasi)
Qasidani eshitgan Amir Abul Muzaffar behad
ta'sirlanadi. She'rning kuchi, she'rning quvvati amirni saxovatga chorlaydi va
u shoirga dog'gohdagi toychoqlaridan istaganicha ushlab olishga izn beradi.
Farruxiy kayfning zo'ri bilan toychoqlarni kechasi bilan quvib, xorib-charchab
ulardan qirq ikkitasini bir buzuq rabotga haydab kiritadi. Amir Abul Muzaffar
shoir Farruxiyning qasidalarini yuksak qadrlaydi, yuqori baholaydi va unga
bitta yasatilgan ot, ikkita chodir, uchta xachir, beshta qul, libos va gilam in'om
etadi. Farruxiyning Abul Muzaffar Chag'oniy xizmatida bo'lgan paytlari ishlari
yurishib ketadi va ahvoli yetarli darajada yaxshilanadi.
Farruxiy Chag'oniyonda bo'lgan chog'lari Amir Abul Muzaffarga bag'ishlab uchta
va Amid Asadga atab bitta qasida bitgan edi. Amirga atab bitilgan uchinchi
qasidani shartli ravishda «Mehrgon qutlovi» deb nomlash mumkin, zero, qasidada
Abul Muzaffar mehrgon bayrami bilan muborakbod etiladi. Mehrgon bayrami kuzgi
teng kunlikka to'g'ri keladi, bu Mezon oyining birinchi (21 sentabr) kuni
bo'ladi. Farruxiyning «Dog'goh» qasidasida bahor ayyomi tasviri beriladi,
«Mehrgon»da bo'lsa kuz fasli tabiatiga xos manzaralar aksini topgan. Shoirning
Chag'oniyonga tashrifi bahor faslida amalga oshgan, buni «Dog'goh» qasidasining
baytlaridan osongina bilib olish mumkin:
Nastaran lo''lo'i bayzo dorad andar
marsala,
Arg'uvon la'li Badaxshi dorad andar gushvor.
Mazmuni:
Na'matak bag'rida go'yo marvaridlar asramish,
Arg'uvonning sirg'asida ham Badaxshon la'li bor.
Farruxiy Chag'oniyonga bahorda kelib, kech kuz
fasligacha turgan, bu qariyb bir yilni tashkil etadi. U Chag'oniyon
shoirlarining sarasiga aylangan edi, buni shoirning amir Abul Muzaffar
tomonidan beqiyos darajada taqdirlanganidan ham anglab olish qiyin emas.
Farruxiyning Chag'oniyonda bo'lgan yillarini aniqlash uchun, avval, Abul
Muzaffar hukmronligi yillarini tayin etish lozim. Akademik E. V. Rtveladzening
yozishicha, 1002-1003 (xijriy 393) yillari Chag'oniyonda zarb etilgan dirhamda
Muzaffar Qiya ismi mavjud. Ana shu hukmdor Nizomiy Aruziy Samarqandiyning
«Chahor maqola»da eslatgan amir bilan bir kishi ekan, degan aqida mavjud. Agar
tarixiy voqealarga nazar tashlasak, Tohir Chag'oniy vafotidan (992) so'ng
taxtga Abul Muzaffar chiqqan. Buni Munjikning Abul Muzaffar xususidagi
qasidasida Tohirning marhum deya tilga olinishi to'liq tasdiqlaydi:
Ba yodi Tohiri parvezbaxti xusravbaxt,
Daraxti davlat sar barzada ba charxi baland.
Mazmuni:
Davlat daraxtining shoxlari
Osmon qadar balandlikda,
Bular parveztaxtli, xusravbaxtli
Tohiriy xotirasi tufaylidir.
Qisqasi, E. V. Rtveladze Amir Abul Muzaffarning
Chag'oniyonni idora qilgan davri 1002-1008 yillar degan xulosaga keladi. Ammo
bu muddat 1002 yildan oldinga ham, 1008 yildan keyinga ham uzayishi mumkin,
sababi tanga zarb qilish hukmronlikning keyingi yillari ro'y berishi ham
ehtimoldan uzoq emas. Tohir Chag'oniy vafoti 992 yilda sodir bo'lgan, bu esa
Abul Muzaffarning Chag'oniyonni idora etish muddati 992 yildan boshlangan deb
taxmin qilishga kafolat beradi. Qolaversa, Shibli Nu'moniy (1857-1914, «She'rul
Ajam», Tehron, 1368), Husayn Ozod («Suxandoni fors», Kobul, 1315), X. Mirzozoda
(1911-1994, «Ta'rixi adabiyoti tojik», Dushanbe, 1989)lar Abul Muzaffarni Balx
hokimi deb xato hukm chiqarishadi va hatto yana bir shunday fikr tarafdori
Herman Etyo («Torixi adabiyoti fors», Tehron, 1337) biz so'z yuritayotgan
Chag'oniyon amirini Abul Muzaffar Tohir Chag'oniy deydi. Ko'rinadiki,
ko'pincha, Abul Muzaffar o'z salafi Abulyahyo Tohir Chag'oniy bilan
chalkashtirib kelingan. Bu xil xato talqinlarga o'z vaqtida professor A.
Abdullayev munosabat izhor etib, ma'lum to'g'ri fikrlarni ilgari surgan edi. A.
Abdullayev tadqiqotlarida Abul Muzaffar bilan Toxir haqida lom-mim deyilmagan
holda Farruxiy mamduhi Abul Muzaffar Ahmad binni Muhammad deyiladi. Amirning
kunyasi Abul Muzaffar va uning nomi Ahmad ekanini Munjik qasidasi ham
tasdiqlaydi:
Ba soni umru atoi xudoygono jahon,
Abulmuzaffar shohi Chag'oniyon, Ahmad.
Mazmuni:
Abulmuzaffar - Chayuniyon shohi, Ahmad,
Hayot ijodkori - ulug' xudo tuhfasi.
«Chahor maqola» noshiri yirik olim Muhammad
Qazviniyning fikricha, amirning ismi Faxr ud-Davla Abul Muzaffar Ahmad binni
Muhammad hamda unga Daqiqiy va Farruxiylar madhgo'y ekanlar. Vaholanki, Faxr
ud-Davlaning hukmronligi u zarb etgan tangalarga asoslanib, 1016-1017 yillardan
izlanadi, har holda Abul Muzaffarni Chag'oniyon taxtida Faxr ud-Davla
almashtirgani haqiqatga yaqin turadi. Yetuk adabiyotshunos olim Zarrinkub («Bo
korvoni hulla», Tehron, 1374) shoir Farruxiyning Chag'oniyonda bo'lishi
sanasini 1005-1006 yillar deb ko'rsatadi va Amir Abul Muzaffar ibn Muhtoj
shoirlardan Daqiqiy hamda Farruxiyning homiysi edi deydi. Farruxiyning
Chag'oniyonga safari 1005-1006 yillar deyilishiga bois, Mahmud G'aznaviy
(971-1030) o'z hukmronligining beshinchi yili (1003) Seyistonni bosib oladi va
shundan keyingina Farruxiy bilan bog'liq Chag'oniyon voqealari ro'y bergan
bo'lishini faraz qilsa bo'ladi. Lekin Abul Muzaffar hukmronligi (992-1010)
kezlari Daqiqiy olamdan o'tgan edi, bundan tashqari Daqiqiy Chag'oniyonda Abu
Ali (939-955) hamda Abu Mansurlar davri (952-976 yillar)da bo'lganini yaxshi
bilamiz. U holda nechun Muhammad Qazviniydan keyingi barcha olimlar hech
ikkilanmay qariyb yuz yildan buyon Abul Muzaffarni Daqiqiyning homiysi tarzida
e'tirof etishadi? Bunga sabab bo'lgan narsa Farruxiyning o'sha mashhur
«Dog'goh» qasidasidir. Farruxiy unda Daqiqiyni eslatib yozgan edi:
To tarozandai madehi tu Daqiqy darguzasht,
3-ofarini tu diloganda chunon, k-az dona nor.
To ba vaqti in zamona mar varo muddat namond,
3-in sabab gar binigari z-imro'z to ro'z shumor.
Har nabote, k-az sari go'ri Daqiqy bardamad,
Gar bipursi, z-ofarini tu suxan ronad hazor.
Mazmuni:
Seni go'zal qilib kuylaydigan Daqiqiy -
Olamdan o'tdi, madhing uchun uning -
Dilidagi so'zlar anor donalaridek behisob.
Shu vaqtgacha menga navbat yetmagan edi,
Shu sababdan qarasang, bugundan
Boshlab navbat meniki.
Daqiqiy qabri uzra o'sgan har bir ko'kat,
Istasang, seni minglab so'zlar bilan ta'riflaydi.
Ana shu baytlar Daqiqiyni ham Farruxiy singari Abul
Muzaffar maddohiga aylantirib yuborgan edi, bu esa baytning mazmunini noto'g'ri
talqin etishdan sodir bo'lgan. Aslida Farruxiyning Daqiqiyga ishora qilishdan
murodi Daqiqiyni umum Chag'oniyon amirlarining maqtovchisi sifatida majozan
olqishlashdan iborat, xolos. Yanada to'g'rirog'i, Farruxiy buyuk Daqi-qiyni
Abul Muzaffarning emas, balki Chag'oniyonning kuylovchisi demoqchi, Farruxiy
qasidasidagi Daqiqiy madhida aytilgan baytlar faxriya uslubiga tegishli bo'lib,
o'ziga xos lirik chekinishdan o'zga narsa emas, baytlar mazmunida ramziy talqin
yotadi. Shunday qilib, Farruxiy Chag'oniyondan so'ngra G'aznaga boradi va
G'aznaviylar xonadonining buyuk shoiriga aylanadi. Shoir o'sha yerda 1037 yili
olamdan o'tadi.
Biz so'z yuritgan Chag'oniyon amirlari saroyi, adabiy muhiti, shu muhitda
voyaga yetgan ayrim shoirlar hayoti voha adabiy harakatchiligi tarixini
anglashda juda qo'l kelishi mumkin. Zero, Chag'oniyon amirlari saroyida nash'u
namo topgan birgina Daqiqiy va Farruxiylarning o'ziyoq, masalaning nechog'lik
muhimligini oshkor etib turadi. Daqiqiy shohnomanavislikni boshlab bergan
Somoniylar saltanati shoirlarining buyuk bir vakili bo'lsa, Farruxiy o'z
qasidalari bilan G'aznaviylar davlatini ko'klarga ko'targan fors-tojik
adabiyotida chuqur iz qoldira olgan xassos shoirdir. Bu yurtda kamolga yetgan
Taxoriy, Ma'rufiy, Tohir Chag'oniy, Bade'iy, Munjik Termiziy, Labibiy kabilar
fors-tojik adabiyoti ravnaqi yo'lida beqiyos darajada xizmati singgan taniqli
shoirlar bo'lsa, Abu Bakr as-Sag'oniy, Ahmad as-Sag'oniy, Abu Hamid Usturlobiy
as-Sag'oniy singari olimlar jahon fani rivojiga ulush qo'shgan allomalardir.
Daqiqiy an'analarini keyingi asr shoirlaridan Adib Sobir Termiziy (1078-1147)
va Muizziy (taxminan, tavalludi 1049), Labibiy an'analarini Mas'udiy Sa'di
Salmon (1046-1122) kabi shoirlar o'z zamonlari ruhida ajoyib tarzda davom
ettirdilar. Farruxiy esa ulug' qomusiy olim Beruniy (973-1048) bilan uzoq
yillar Mahmud G'aznaviy saroyida G'aznada baqamti xizmatda bo'ladi. Farruxiy,
hatto Beruniyning ilmiy faoliyatini ta'riflab unga bag'ishlab maxsus qasidalar
bitadi.
Chag'oniyon zamonida yashab ijod etgan as-Sallomiy bo'lsa, ayni chog'da ham
shoir, ham yirik olim edi. Shuningdek, at-Tohiriy va an-Nasafiylar o'z vaqtida
Abu Ali Chag'oniyni ulug'lab, uning sha'niga atab qasidalar bitganligini
yuqorida ko'rib o'tdik. Hatto davrining yetuk shoiri, Rudakiyning sevimli
shogirdi Abul Husayn al-Murodiy ham o'z ijodiy yo'lini ayni Chag'oniyondan
boshlagani muhim xususiyatlar kasb etadi. Ajab emaski, xuddi Munjik va Daqiqiy
she'riy devonlari Chag'oniyonda kitobat qilingan bo'lsa, chunki Abulqosim
Iskofiydek o'z davrining xushnavis xattoti faoliyati ham Chag'oniyondan
boshlangan edi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий