ADABIY HAYOT
Siyosiy -ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi o'zgarishlar
adabiyotda ham o'z aksini topa bordi, bu davrda ham boshqa davrlarda bo'lgani
kabi Termiziy taxallusi bilan ko'plab shoirlar samarali ijod qildilar. Quyida
shulardan ayrimlarining ijodi bilan tanishamiz.
1. Umar at-Termiziy as-So'fiy (1454 yilda vafot
etgan) - yirik tasavvufchi olimlardan.
2. Mavlono Qudsiy Termiziy Mahjub - darveshlik tariqati yo'lini tutib,
tanholikda umr kechirgan, she'riy devoni bor. XVI asr oxiri va XVII asr
boshlarida yashab ijod etgan. Hasanxoja Nisoriy «Muzakkiri ahbob»da shoirdan
bir qit'a keltiradi.
3. Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo Termiziy . XVII asrning 30-yillarida
tug'ilib, XVIII asrning 30-yillarigacha yashab, 100 yildan ortiqroq umr
ko'rgan, zamondoshlari Mirzo Yusuf va Maleho Samarqandiy tomonidan olovqalb,
o'tkir tilli adib deb ta'riflangan. Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo Termiziy
o'z zamonasida ma'naviyat dasturini targ'ib etgan taniqli allomalardan biri
bo'lgan. Zotan, taxallusi Samandar bo'lgan, taxallusining tushunchasi esa uning
ruhiyatiga monand ekanligidan dalolat beradi. Uning zamondoshlari adibni
afsonalarda olov ichida tug'ilib, olov ichida yashagan Samandarga
o'xshatadilar. Haqiqatda adibning «Dastur ul-muluk» («Podshohlarga qo'llanma»)
asarini o'qir ekanmiz, uning olimona ruxiyat sohibi, ma'naviyat targ'ibotchisi
ekanligiga ishonch qosil qilamiz. U hijriy 1107 yilda, ya'ni melodiy 1665 yilda
yozilgan «Dastur ul-muluk» asarining xotimasida shunday deb yozgan edi:
«Iltimosim shuki, agar o'zining go'zal, dilbar mazmuni bilan hammaning nazarida
jilva qila olsa, buning shohidi bo'lgan odam butun joni-dili bilan uni
ko'rishga va o'qishga havas qilsa, uni o'qishga rag'bat uyg'ota olsa, asar
muallifini «qur'on»ning onasi - ?qimli «Fotiha» surasini o'qib yod etinglar».
Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo Termiziy o'zining jo'shqin ruhiyat sohibi
ekanligini, uzoq yillar darvish sifatida mashriqu mag'ribni kezib chiqib, juda
katta tajriba hosil qilganidan keyin, nihoyat «Dastur ul-muluk» asarini yozib,
uni quyidagicha ifodalaydi: «Mening ruhiyatimda o'ziga xos, xuddi
oshiq-ma'shuqlar olovli ehtiros ila bir-birlarini sevganlaridek, jo'shqinlikni,
serg'ayratlikni sevish, unga intilish odati bor edi». Olloh Xoja Samandarga
nasib etgan bunday mujdalardan biri «Dastur ul-muluk» asari bo'lib, u 22
fasldan (fasllarning nomlanishi nisbiy bo'lib, bir faslning ichida ikkinchi bir
faslning nomi bilan bog'liq bo'lgan hikmatlar ham bor) iborat. axloqiy-ta'limiy
va jangnoma janrida yozilgan badiiy-tarixiy an'anaviy asardir.
Xoja Samandar Termiziy hikmatlaridan:
Qadrli do'st, chin inson bo'lishga intil. Yaxshi
kishilar suhbatida bo'lib, tajribang xazinasini donishmandlik bilan boyit.
Ishda uddaburon bo'lg'il. Yomonlardan o'zingni yiroq tut. Do'stni dushmandan
farqlay bil. Shunga ko'ra aytadilarki:
Do'stlar ishi uchun har gal bo'l tayyor,
Ammo farqla kim to'g'riyu kim ayyor.
Azizim, qobiliyatli kishilarga e'tibor ber.
Iste'dodsiz kishilarni esa ota-bobolarining xizmati evazi uchun ardoklama.
Inson fazilati qavmu qarindoshlar martabasiga qarab emas, balki layoqat va
qobiliyat bilan belgilanadi. Bayt:
Layoqatsiz kishi erur chin tirik murda,
Yashash unga farqsiz ham hayotda, ham go'rda.
Azizim, yuragingda hasadning tug'ilishiga yo'l
qo'yma! Hasad baxtni o'g'irlaydi. U - sharaf bog'ining xazoni. Bayt:
Qayda olsa hasad alanga,
Yopishur avval hasadli tanga.
Qadrli do'st, yuqori mansabga erishsang, zinhor
kekkayma. Yodingda tut, mansab doimiy emas, u - beqaror. Har qanday mansabning
va qo'lga kiritilgan baxtning o'ziga yarasha zarbasi bor. Shunga ko'ra
aytishadiki:
Mansab kishiga tuyulmasin mudomdek,
U beqaror darvesh qo'lidagi jomdek.
Qadrli do'st, inson - jozibali marvarid. Hayot -
go'zal ?qut. U ikki marta berilmaganidek, qo'ldan chiqishi ham oson. Unga
to'g'ri munosabatda bo'l. U foyda keltiruvchi naqd pulga o'xshaydi. Shu bois
umrni avaylab asra. Chunki umr shoshilinch sayohatchi. Bayt:
Vaqtdir tezkor, lekin hayot himmati keng,
Bir lahzalik dono umri asrlarga teng.
Hikoyat: Hikoya qilishlaricha, Sulton Ibrohim Adham
shohlik mulkini tashlab, boylik va obro'ni tark etibdi. Shohlik libosini bir
cho'pon bilan almashtirib, sahroga ravona bo'libdi. Bir qariya so'rabdi: «Ey
Ibrohim, hech kim shohlikni gadolikka almashtirmagan edi. Sen nechun bunday
qilding?» Ibrohim aytibdi: «Ozni idora etish afzal, u kishini saxiylikka
o'rgatadi. Behisob mulk esa xasislikka odatlantaradi». Bayt:
Boylikka hirs qo'yma, u - sarob,
Qanoat qil, bo'lmay desang xarob.
4. Abdulloh Termiziy (1627 yili vafot etgan) - shoir
va xattot, Vasfiy taxallusi bilan she'rlar yozgan. Asli termizlik, Hindistonga
ketib Jahongir (1605- 1627) saroyida yashagan. Bir qancha nazmiy asarlari
mavjud. Hindistonda vafot etib, Agra
shahrida dafn etilgan.
5. Mir Muhammad Taqiy Termiziy - 1746 yilda tug'ilgan, otasini Mirali Rizo
Balgiromiy deyishgan, demak, shoir Xurosonning Balgirom shahridan ekan.
Bo'lajak shoir o'z otasidan tahsil oladi, u Taqiy taxallusida she'rlar bitgan,
davrining bilimlaridan boxabar shaxs hisoblanadi. Shoir otasining nasl-nasabi
termizlik sayyidlar avlodidan bo'lgani bois taxallusi yoniga Termiziy nisbasini
qo'shib ishlatgan. Mirmuhammad - shoirning ismi, Taqiy - adabiy taxallusi,
Termiziy deyilishi shoir ajdodlarining kelib chiqishi termizlik sayyidlarga
borib taqalishi bilan izohlanadi. Mirmuhammad she'riyatni, nazmni jonidan ortiq
sevadi, kitob mutolaasiga ko'p vaqtini sarflar edi. Oqibatda o'zi ham ko'zga
ko'ringan shoir bo'lib yetishadi va she'rlarini jamlab she'riy devon tuzadi.
Shoir Taqiy haqidagi ma'lumotlar Husaynqulixon Azimobodiyning «Tazkirayi
nashtari ishq» asarida uchraydi. Tazkirada Taqiy she'rlaridan bitta ruboiy va
bitta fard misol tariqasida berilgan.
6. So'fi Olloyor - XVII asrning ikkinchi yarmi - XVIII asrning birinchi
choragida yashab ijod qilgan. So'fi Olloyor umrining bir qismi Chag'oniyon
(Surxon viloyatining shimoliy qismi) mavzelaridan biri - Vaxshivor bilan
bog'liq bo'lib, shoirning «Sabot ul-ojizin» asari shu joyda yaratilgan.
7. Masiho ibn qozi Mullo Muntahoyi Boysuniy - XIX asrning ikkinchi yarmida
yashab ijod etgan, davrining yetuk xattotlaridan, san'atkor shoirlar toifasiga
mansub. Shoirning «Ra'no va Zebo» dostoni bor, ismi Masiho va taxallusi ham
Masihodir, o'z ismini adabiy taxallus sifatida qo'llagan. U haqda Qori
Rahmatullo Vozeh (1817-1894) «Tuhfatul ahbob fi tazkirat ul ashob» («Do'stlar
tuhfasi va suhbatdoshlar zikri») tazkirasida ma'lumot berib o'tadi: «Masiho
valadi Qozi Mullo Muntahoyi Boysuniy ast, bo ismi xud taxallus namuda ... az
xattotoni mashhuri Buxoro, xatti nasta'liqro xub minavisad, ba qazoyi baldai
Boysun mansub»(«Masiho, Qozi Mullo Muntahoyi Boysuniyning farzandi, ismini
taxallus qilib oldi, Buxoroning mashhur xattotlaridan, nasta'liq xatini yaxshi
yozar edi. Boysun shahri qozilari avlodiga mansub»). Vozeh yana davom etib
yozadi: «...Hikoyati «Ra'novu Zebo»i kitobi «Mahfiloro»ro ba tariqi masnaviy ba
qaydi nazm ovarda» («Mahfiloro» kitobidan «Ra'novu Zebo» hikoyatini masnaviy
tarzida nazmda yozdi»).
«Mahfiloro» turkman adibi Barxurdor Faroxiy (XVII asr)ning qalamiga tegishli
nasriy asar, uning tarkibida Sharq xalqlarining ko'plab hikoyatlari jamlangan,
Mirzo Masiho ana shu asardan «Ra'novu Zebo» hikoyatini nazmga soladi. «Ra'novu
Zebo» katta hajmdagi doston, u to'rt yarim baytdan iborat va (hijriy 1301)1882
yili shoirning o'zi tomonidan ko'chirilgan nusxasi bizgacha yetib kelgan. Mirzo
Masihoga «Mahfiloro» tarkibidagi «Ra'novu Zebo» hikoyati ?qib qoladi, bu haqda
shoirning o'z qaydlari bor:
Dar oxir az kitobi «Mahfiloro»,
Chu xondam qissai «Ra'novu Zebo».
Maro in qissa bas matbu' aftod,
Ki az nazmash nadorad hech kas yod.
Mazmuni:
«Mahfiloro» kitobin ko'p o'qib,
«Ra'novu Zebo»ga navbat kelib,
Menga ushbu qissa qoldi ?qib,
Uni nazmda hali bilmas hech kim.
Shoir Masiho Buxoro amirlari Nasrullo(1826-1860) va
Muzaffar (1860-1885)lar hukmronligi davrida yashab ijod egan. U otasi Muntaho
vafotidan so'ng Boysun qoziligi vazifasini bajarishga kirishadi, albatta bu
vazifa yuksak mas'uliyatni taqozo etar edi. Boisi ish yuzasidan shoir turli
tabaqa vakillari bilan uchrashar, u xoh kambag'al, xoh boy bo'lsin, hukmning
adolatli bo'lishi shart edi. Chunki, qozining ishi doimo kishilarning yumushini
to'g'ri hal etib berishga qaratilmog'i lozim, o'zi bu to'g'rida «Ra'novu
Zebo»da yozadi:
Ba mulki Boysun az subh to shom,
Hamebudam ba qaydi xos to om.
Mudom og'ushta ham bo dard budam,
Zi xud z-in noxushi dilsard budam.
Bo hukmi in ki andar shar'i muxtor,
Buvad dasturi qozi aqdi ibkor.
«Ra'novu Zebo» dostonini professor Ahmad Abdullayev
nashrga taxt qilib qo'yibdi, lekin asar noma'lum sabablarga ko'ra to hanuz chop
etilmay qolib kelmoqda. Manbalarning guvohlik berishicha, Boysundan XIX va XX
asrlarda ko'plab shoiru fozillar yetishib chiqqan, ulardan hozircha Nodir
Boysuniy va Anqoiy Boysuniylarni bilamiz.
Комментариев нет:
Отправить комментарий