MADANIY HAYOT (SHAHARSOZLIK VA ME'MORCHILIK)
Kushon imperiyasi inqirozidan so'ng Termiz va
Chag'oniyondagi madaniy hayotda ham inqiroz alomatlari ko'zga tashlanadi. Eron
Sosoniylari qo'shinlarining IV asr oxirida Shimoliy Toxariston yerlariga
yurishi oqibatida, dastavval markaziy shaharlar tanazzulli boshlanadi.
Termizning Qoratepa va Fayoztepa o'rnidagi diniy markazlar, Angordagi Zartepada
hayot tushkunlikka yuz tutadi. Shimoli-G'arbiy Taxoriston ning markaziy
shaharlari VI asr boshlariga kelib qayta qaddini rostlab, tiklana boshlaydi.
Termiz shahrida 630 yili bo'lgan chinlik sayyoh Xuan Chao shaharda o'nta budda
ibodatxonasi mavjudligi haqida xabar berib o'tgan. Yana bir boshqa chinlik
jahongashta Syuan'-Szyan' 639-645 yillarda bu zaminlarga tashrif buyurganida
Dami (Termiz) haqida, mudofaa devorining uzunligi 10 kilometr (20 li),
Chag'oniyonning markaziy shahri devori 5 kilometr (10 li)ga teng bo'lgani
xususida diqqatga molik ma'lumotlar beradi.
Manbalarning guvohligicha, Toxaristonning V-VIII asrlardagi shaharlari to'g'ri
to'rtburchakli ko'rinishga ega bo'lib, yagona mudofaa inshootlari bilan
muhofaza etilgan arki a'lo va shahristonning o'rtasida yoki biron-bir
burchagida joylashgan. Arki a'lo va shahriston kushon davri shaharlari
mustahkam mudofaa devori va xandaqlar bilan o'ralgan. Butun Movarounnahrda
bo'lgani kabi, IX asrdan boshlab, Surxon vohasida ham shaharsozlik jadal
rivojlanadi, bu davrda o'lkada uch qismli shaharlar batamom shakllandi. Arab
tarixchisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Jayhaniy yozib qoldirgan
ma'lumotlarga ko'ra, Termiz shahriston (ichki shahar), ko'handiz hamda bora
(mudofaa devori) va rabot (tashqi shahar)dan iborat bo'lgan. Chag'oniyonning
markaziy shahri Chag'oniyonda, ibn Xavqalning ta'rificha, ark-ko'handiz
bo'lgan. Al-Muqaddasiy shaharda muhtasham bozorlar bo'lganligini qayd etadi.
Termiz va Chag'oniyonning o'rta asrlar davri shaharsozlik madaniyatini
o'rganishda arxeologlar M. Masson, E. Rtveladze, SH. Pidayevlar tomonidan
o'tkazilgan qazishma ishlari juda muhimdir. SH. Pidayevning fikriga ko'ra,
X-XII asr oralig'ida Termiz shahri-ning umumiy maydoni 500 gektarni tashkil
etgan. Chag'oniyonning markaziy shahri Chag'oniyon 6 kvadrat kilometrga teng
maydonni egallagan. Shahar X-XI asrning birinchi yarimida Sangardak-Qizilsuvning
har ikkala qirg'og'ini egallagan. Arab tarixchisi Istaxriyning ma'lumotiga
ko'ra, «Sag'oniyon-Chag'oniyon Termizdan maydoni jihatidan katta, lekin Termiz
aholisi soni va boyligi bilan Chag'oniyondan ustun».
Surxon vohasida V-VII asrlar badiiy san'atning, ayniqsa haykaltaroshlik va
devor rang-tasvir san'atining yuksaklikka erishgan davridir. Bunga
Kuyovqo'rg'on yodgorligi yorqin misol bo'ladi, undagi haykallar ko'shkning
yuqori qavatidagi katta xonalardan birini bezab turgan. Bolaliktepa yodgorligi
devoriy suratlari V-VI asrlarda yaratilgan bo'lib, ular 1,4 metrga yaqin devor
yuzasiga husn berib turibdi, undagi suratlarda zamindor ko'shkidagi bazm
marosimi aks etgirilgan.
Me'morchilikda murakkab qurilish uslublari IX asrdan e'tiboran, ya'ni qubbalar,
yoysimon arklar, gumbazlar, peshtoqlar va kungurali ustunlar keng qo'llanila
boshlaydi. Mazkur davrda yaratilgan qadimiy me'morchilik obidalaridan biri - bu
Chorustun masjididir, u Termiz ko'shkidan janubda qurilgan. Chor-ustun bu
masjidga qo'yilgan mahalliy nom bo'lib, aslida masjidning 9 ustuni bo'lgan. Har
bir ustunning diametri bir metr atrofida bo'lib, u pishiq g'isht va ganch
qorishmasidan terilgan. Masjid unchalik katta bo'lmay, ichki o'rkachi 10X10
metr bo'lib, uning sathini to'qqizta gumbaz yopib turgan, ikki tomoni devor
bilan yopilgan. Masjidning qolgan ikki tomoni ochiq turgan va nihoyat XI asrga
kelib uning devorlari pishiq g'isht bilan qoplanadi. Chor-ustun masjidida
shahar va atrofdan to'plangan erkaklar namoz o'qishgan. 1032 yilda Chor-ustun
masjidi shimolida qadimiy Termiz minorasi qurilgan. Minora kichik hajmdagi
pishiq g'ishtdan terilgan bo'lib, asosan ko'p qirrali silindrga o'xshaydi.
Surxon vohasidagi qadimiy minoralardan yana biri bu - Jarqo'rg'on minorasidir.
Jarqo'rg'ondagi Minor qishlog'idagi bu minora peshtoqida saqlanib qolgan
yozuvlar inshootning 1108-1109 yillar oralig'ida qurilganligidan dalolat
beradi. San'atshunos-me'morlarning ta'kidlashicha, uning umumiy balandligi 50
metrga yaqin bo'lib, hozir minoraning omon qolgan qismi 21,6 metrni tashkil
etadi. Jarqo'rg'on minorasi qurilishida oddiy g'isht, ravoqlar va epigrafik
hoshiyalar juda ustalik bilan qo'llanilgan, minoraning asosi baland sakkiz
qirrali kursiga o'rnatilgan. Har bir qirraning markazida ravoqli taxmonchalar
ishlangan, ana shunday taxmonchalardan birida joylashgan eshik orqali minora
ichki qismidagi aylanma zinaga chiqilgan. Barcha minoralar kabi Jarqo'rg'on
minorasi ham gumbazsimon muazzinxona bilan yakunlangan. Minorada saqlanib
qolgan yozuvlar bu inshoot Xuroson hokimi Sulton Sanjar buyrug'i bilan
saraxslik usta Ali ibn Muhammad boshchiligida barpo etilganligidan dalolat
beradi.
Bu davrda Surxon vohasi o'zining go'zal saroylari bilan haqli suratda faxrlansa
arziydi. Termizning XI-XII asrlarga oid eng noyob yodgorliklaridan biri
Termizshohlarining shahar chetidagi saroyidir. 1 gektardan ortiq maydonni
ishg'ol etgan bu saroy sha-harning sharqiy qismida, yam-yashil bog'lar orasida
joylashgan. To'g'ri to'rtburchak shaklda bo'lgan saroy maxsus mudofaa devori
bilan o'ralgan, devorlar tashqari tomonidan minoralar bilan mustahkamlangan,
xususan, shimoliy devorda 17 minora, sharqiy devorda 7 minora bo'lgan.
Devorlarda maxsus shinaklar ham qurilgan, g'arbiy devorda ikkita darvoza
bo'lib, u pishiq va xom g'ishtdan terilgan. Bunday darvozalar sharqiy devorda
va shimoliy devorda ham bo'lgan. Uchta katta, asosiy bino mazkur maydonning
janubiy qismida joylashgan, shu binolardan faqat bittasi arxeologlar tomonidan
ochib o'rganilgan. Bu o'rganilgan bino juda boy jihozlangan bo'lib, Termizshohlarning
qabulxonasi xisoblangan. Qolganlarida faqat kichik tekshirishlar o'tkazilgan va
bu binolarning asosiy qismi keyingi davrlarda paxta ekish uchun yerlarni
o'zlashtirish paytida buzib tashlangan.
Qabulxona, asosan, xom g'ishtdan qurilgan bo'lib, uning tashqari va ichki
devorlarining ayrim qismlari turli naqshli maxsus pishiq g'ishtlar bilan
bezatilgan. Qabulxona to'g'ri to'rtburchak shaklda, uzunligi 13,5 metr, eni esa
11,5 metrga tengdir. Zalda o'n bitta g'ishtdan terilgan ko'ngurali ustun
bo'lib, bu ustunlar zalni uch qismga ajratib turgan. Zalning o'rta qismi arklar
bilan berkitilgan, shoh taxti zalning to'rida joylashgan, unga faqat g'arbiy
devorning o'rtasida qurilgan katta eshik orqali kirilgan. Zalning old qismi
ayvon bo'lib, u ustunlar bilan bezatilgan, ay-vonning poli pishiq g'isht bilan
turli handasaviy shakldagi naqshlar qilib terilgan. Ayvonga zinapoyalar orqali
ko'tarilgan, ayvonning oldida ochiq hovli o'rtasida hovuz bo'lgan, qabul
zalidan 40 metr masofada saroyga kiriladigan maxsus baland peshtoq quril-gan,
hovlining shimoliy va janubiy devorlari bo'ylab ayvonlar joylashgan, bu
ayvonlar qabul zalidagidek bezatilmagan. Qabulxona majmuasining uzunligi 100
metr, eni esa 75 metrga teng, bu raqamlardan ko'rinib turibdiki, qabulxona
majmuasi juda katta bo'lgan. Termiz shohlari bu bilan o'zlarining
kuch-qudratlarini mehmonlarga namoyish qilmoqchi bo'lganlar. XII asr oxirlari -
XIII asr boshlarida qabul zali va yo'lakdagi ayvon qayta ta'mirlanadi.
Ayvonning devorlari uyma ganch va turli ranglarda ishlangan rasmlar bilan
bezatilgan. Zal, ustunlar va ayvon uyma ganch bilan to'la shuvab chiqilgan,
hatgo zalning tomi ham uyma ganch bilan bezatilgan. Natijada bu zal shunday
go'zal va sirli qiyofaga kiradiki, uni hatgo hozir ham ta'riflab berish qiyin.
Zalning har bir devori o'ziga xos uyma naqsh bilan bezatilgan, naqshlar asosan
geometrik xarakterda bo'lgan.
Bu yerda turli shakldagi figuralar bir-biriga juda mahorat va did bilan
bog'langan. Ko'pgina joylarda geometrik naqshlar, o'simlik naqshi, ya'ni barg
va uzum shodasiga o'xshash naqshlar birgalikda uchraydi hamda bir bugun
uzviylikda o'z ta'sirchanligini yanada oshiradi. Har bir naqsh o'zining
mukammalligi, pishiq ishlanganligi bilan ajralib turadi va bular termizlik
ganchkorlarning yuksak mahoratidan darak beradi. Qabulxonaga tashrif
buyurganlarni janubiy devorda tasvirlangan fantastik hayvonlarning rasmi
hayratga solgan, chunki bu g'ayritabiiy hayvonlar juda mahorat bilan o'yib
ishlangan. Shubhasiz, qabulxonaning o'yma naqshlari mehmonlarga kuchli ruhiy ta'sir
ko'rsatgan. Bir tomondan, qabulxonaning go'zalligi, naqshlarning nafisligi
mehmonga sirli ta'sir ko'rsatsa, ikkinchi tomondan, fantastik hayvonlarning
rasmi bu sirlilikni yanada oshirgan, ta'sirchanlik kuchaygan. Bundan tashqari
qabulxonaning tomida joylashgan turli rangdagi shishalar qo'yilgan panjara
orqali tushayotgan yorug'lik zalga yanada sirlilik bag'ishlagan. Qabulxonaning
ko'rinishi va ichki bezaklari, asrlar davomida katta qismi yemirilganiga
qaramasdan o'zining ilk ta'sirchanligini yo'qotmagan. Saroyning uyma naqshlari
rang-barangliligi, go'zalligi, nafisligi va badiiyligi bilan Markaziy Osiyoda
hozircha ma'lum bo'lgan uyma naqshlardan tamoman ajralib turadi. Hayvonlarning
rasmi juda noyobdir, chunki XIV asrgacha bo'lgan-Markaziy Osiyo me'morchiligida
hayvonlarni tasvirlash odat bo'lmagan.
O'lkamizning rivojlangan o'rta asrlar davri me'morchilik yodgorliklari sirasiga
maqbaralar ham kiradi va ularning tarixiy ahamiyati beqiyosdir. Masalan, Hakim
at-Termiziy maqbarasini turli davrlar me'morchilik san'atining guldastasi deb
atash mum-kin. Asrlar davomida Xuroson va Movarounnahrning turli viloyatlaridan
o'ziga ziyoratchilarni jalb etib kelgan bu maqbara dastavval XI asr oxirlaridan
boshlab shakllanadi. 1091-1095 yillar oralig'ida Movarounnahrdagi Qoraxoniylar
sulolasining hukmdori Ahmad ibn Xizrning ko'rsatmasiga muvofiq at-Termiziy
qabri ustida maqbara bunyod etiladi. Mazkur maqbara devorining past tomonidan
tortib, gumbazning yuza qismigacha juda murakkab o'yma ganchli, naqshli
lavhalar bilan bezatilgan. Unda murakkab islimiy va girix uslubida bitilgan
naqshlar kufiy yozuvlari bilan jonli arzda chatishib ketgan.
Yillar o'tib maqbaraning shimoliy tomonidan uch ustunli ayvon va mehrobdan
iborat hovlili masjid quriladi. Bu masjidda ziyoratchilar Hakim at-Termiziyni
xotirlab namoz o'qishgan, maqbara yeri (poli) masjid yeridan 1,5 metr
balandlikda bo'lib, shu tomondan ochiq turadi. Qabr atrofida yangi inshootlar
qurish keyinchalik ham davom etgan, chunonchi, 1389- 1390 yillarda maqbaraning
sharqiy tomonida yangi maqbara va unga tutash .bo'lgan chillaxona quriladi. Yer
ostida joylashgan bu chillaxonadan keyingi davrlarda ham foydalanishgan, ya'ni
unda qo'pincha haj safari oldidan chilla saqlangan. Haj qiluvchilar yoki dinu
imon yo'lidagi boshqa odamlar haftalab, oylab, qirq kunlab ushbu tor tuynukli
yerto'laga kirib, faqat ozgina suv bilan irodalarini tarbiyalaganlar,
suyaklarini mashaqqatlarga toblaganlar. Bu chillaxona O'zbekistondagi qadimiy
va so'nggi chillaxonadir.
XV asrga kelib ikki peshtoqli hashamatli gumbazdan iborat mahobatli xonaqoh
qurilib at-Termiziy qabri ustiga marmar sog'ona o'rnatiladi. Temuriy
shahzodalar tomonidan o'rnatilgan bu sog'ona benihoya yuksak sanggaroshlik
asari hisoblanadi. Butun islom dunyosida unga teng keladigan, u bilan bellashadigan
marmar yodgorlik yo'q. Uning devoriga o'yib bitilgan jimjimador qur'oniy
suralar, yozuvlar kishini hayratga soladi. So'nggi asrlar silsilasida
maqbaraning yemirilib tushgan qismlari qaytadan ta'mirlandi va ziyoratgohga
aylantirildi. Buyuk alloma Abu Abdulloh Muhammad bin Hasan bin Bashir al-Hakim
at-Termiziyning tabarruk maqbarasi ixlosmand ziyoratchilar bilan doim liq
to'la, bu yerda ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Navbatdagi bir Termiziy alloma, musulmon olamida buyuk muhaddis Abu Iso
at-Termiziy maqbarasi X-XI asrlarda qurilgan, yonida tanasi 35-40 arshin
yo'g'onligida, barglari kichrayib qolgan, o'zi esa bir necha asrni ko'rgan, bir
keksa tut ham mavjud. Olamda hech narsa egasiz yoki besabab paydo
bo'lmaganidek, uning ham dunyoga kelishi tarixida va taqdirida bitilgan
sabablari bor. Deydilarki, Hindiston safariga o'tayotgan podshohi a'zamning
yo'li shu joydan to'g'ri kelib qolgan. Muhammad alayhissalomning muborak
hadislarini rivoyat kilgan ulug' zotning qabri oddiy bir xaroba ahvolda oyoq
ostida yotishi podshoga malol kelibdi. Marqadni maqbaraga olishga va yoniga bir
tup tut ko'chati o'tqazishga amru farmon berilibdi. Farmon amalga oshiriladi.
Maqbara va tut shu xilda bunyod bo'lib, xalqning ziyoratgoh joyiga aylangan
ekan. 1989-1990 yillari Iso at-Termiziy tavalludining 1200 yilligi oldidan
maqbara qaytadan ta'mirlandi. Hozirgi kunda bu yer juda ko'rkam, fayzli
ziyoratgohga aylantirilgan.
Termizning X-XII asrlar me'morchilik turkumiga Zul-Kifl maqbarasi ham kiradi.
Afsonaga ko'ra, Zul-Kifl maqbarasida dafn etilgan shaxs Kelifda istiqomat
qilgan. Mo''tabar yoshga yetib, o'z kunining oxirlashishini sezgan bu zot
muridlariga uni sandiqqa solib, Jayhunga qo'yib yuborishini buyurgan.
Shogirdlar ayni shu yo'sinda ish tutganlar, lekin sandiq daryoning oqimga
teskari tomonga qarab suzib ketgan. Olomon sandiqni Kelifdan hozirgi
«Payg'ambar oroli» joylashgan yergacha kuzatib keladi. Ayni shu yerda
sandiqning qopqog'i ochilib, undan pir chiqib: «Olloh taologa shu yer lozim
ekan», deb jon beradi. Bir vaqgning o'zida bu joyda Orol paydo bo'lib, pirni
muridlari shu yerda dafn etishib, uning xoki ustida maqbara bunyod etishadi.
Payg'ambar orolini hazrati Xizr bilan Xoja al-Hakim Termiziyning uchrashuv joyi
ham deyishadi. Mavjud tarixiy dalillarga ko'ra, bu maqbarada 992-993 yillarda
vafot etgan mashhur arab lashkarboshisi Ishoq ibn Kundaj dafn etilgan. Qabr
at-rofidagi imoratlarning qurilishi XI asrda amalga oshirilgan, dastavval qabr
yonida peshtoqli gumbazsimon masjid qurilib, sog'ona to'tri burchakli
go'rxonaga aylantirilgan.
XII asrda go'rxonaning g'arbiy tomonidan gumbazsimon yopilgan yordamchi xonalar
barpo etilgan.
XI-XII asrlar me'morchiligida eng ko'p tarqalgan inshootlardan biri markaziy
xonasi gumbazsimon uslubda bunyod etilgan maqbaralardir. Ana shunday
me'morchilik inshootlaridan biri Ro'shnoyi maqbarasidir, bu maqbara XI asrda
bunyod etilgan. Yodgorlik Angor-Termiz yo'lidan uncha uzoq bo'lmagan yerda
joylashgan, obida bir xonali maqbaradan iborat, binoning pastki qismi unchalik
to'g'ri bo'lmagan to'rtburchak shaklda, eshigi sharqqa qaragan. Unchalik katta
bo'lmagan, ammo chuqur peshtoq yarim gumbaz bilan yakunlanuvchi ark bilan
berkitilgan, gumbaz esa sakkiz qirrali ark koshonlari uzra turibdi. Maqbara
26X25X5 sm li xom g'ishtdan tiklangan, zalning kengligi tomonlari bilan qo'shib
hisoblaganda 6 m cha keladi. Mehrob uncha yomon saqlanmagan, ammo obidaning
tashqy devorlari va gumbazi o'tgan zamonlar mobaynida qattiq zararlangan.
Maqbara markazi aholining mustaqil ravishda ta'mirlashlari tufayli qoniqarli
holatini saqlab turibdi. Ammo bunday ta'mirlashlar oqibatida u avvalgi aniq
shaklini yo'qotib qo'polroq ko'rinishga ega bo'lib qolgan. Yodgorlikning gumbaz
qismi pishgan g'ishtdan qayta tiklangan, 1960 yilda maqbarani o'rgangan va o'lchagan
V. A. Nilson uning XI asrga oid yodgorlik ekanligini aniqlagan.
Sulton Saodat Termiz sayyidlarining dahma maqbarasi sifatida mashhurdir, bu
oilaviy majmua asrlar davomida tashkil topgan butun boshli mukammal bir
inshootdir. Majmuaning eng qadimgi qismi uning janubi-g'arbidagi XI asrda
qurilgan baland gumbazli ayvon peshtoqi ostidagi go'rlar bilan to'la ikki
maqbaradir. Ulardan birinchisining ichki o'lchami 10X10 m, ikkinchisiniki 9X9 m
bo'lib, ikkovini birlashtiruvchi gumbaz ostidagi keng maydon masjid xizmatini
bajargan. Unda shakli turli-tuman o'yma g'ishtlar juda mohirona va turli
uslubda terilgan. Birinchi maqbarada IX asrning ikkinchi yarmida vafot etgan
shu atrofdagi yerlarning egasi, obro'li oila boshlig'i, Muhammad payg'ambarning
avlodidan hisoblangan Hasan al-Amir ismli sayyidning xoki yotibdi. Bu zal har
xil shakldagi g'ishtlar bilan turli-tuman uslubda terilgan.
Ikkinchi zal jihozi birmuncha oddiy, har ikkala maqbara eshigi kungurador
ayvonli bo'lib, hovliga qaratib qurilgan, bu uslub ansamblning keyinchalik
rivojlanishida reja sifatida xizmat qiladi. Tugallangan Sulton Saodat majmuasi
kelishgan ayvonli, yirik gumbazli bosh maqbara (Hasan al-Amir maqbarasi)
atrofida guruhlangan imoratlardan iboratdir. Sulton Saodat qariyb yetti asr
(X-XVII) davomida shakllandi, u yigirmaga yaqin maqbarani o'z ichiga oladi,
XIV-XV asrlarda Sulton Saodat majmuasida ham yangi maqbaralar qurilgan.
Albatta, vohadagi mo'g'ul istilosidan keyingi me'morchilik rivoji Temur va
temuriylar nomi bilan chambarchas bog'lanadi. Bu davrda musulmon olamida
mashhur bo'lgan avliyo Hakim at-Termiziy qabri ziyoratgoh joy sifatida XIV
asrning 50-yillari oxirida Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sida tilga
olinadi. Shuningdek, Abu Bakr Varroq mozori ham tarixiy manbalarda XIV asrdan
boshlab uchraydi.
Termiz va Chag'oniyonning o'rta asrlar davri maqbaralarining aksariyat qismida
qayta ta'mirlash ishlari XIV-XV asrlarda amalga oshirilgan. Payg'ambar
orolidagi «Zil-Kifl», Telpakchinordagi «Oq ostona bobo» shular jumlasidandir.
1389-1390 yillarda Hakim at-Termiziy maqbarasining sharqiy qismidagi inshootlar
barpo etilgan. XV asrda esa ikki peshtoqli hashamatli gumbazdan iborat
mahobatli xonaqoh qurilib, shayx qabri ustiga musulmon dunyosidagi eng katta
marmar sog'ona o'rnatilgan.
XIV-XV asrlar me'morchiligida Qirqqiz alohida o'rin tutadi, bino tarxi
to'rtburchak - 53,8X54,8 shaklida bo'lib, o'rtasida kvadrat (11,5X11,5 metr)
shaklidagi hovlisi va uning 50 ga yaqin umumiy xonalari bo'lgan. Binoga to'rt
tomondan ravoq ayvonli darvoza-lardan kirilgan, hovli o'rtasida hashamatli
gumbazli ayvon bo'lgan. To'rt darvozadan kelgan yo'laklar ana shu ayvonda
hochsimon kesishadi, shularning ikkitasi (shimoli-g'arbiy va shimoli-sharqiy)
tarhi simmetrik shaklda. Binoning qolgan ikki qismi bir-biriga o'xshamaydi,
ular har xil shayt va o'lchamlarda, janubi-sharqiy qismida katta to'rtburchak
xonasi bo'lgan. Imorat to'rt bo'limdan iborat bo'lib, har bo'limida ikki
qavatli to'g'ri burchakli xonalari va daxlizlari, o'rtada mehmonxonasi bo'lgan.
Har bino oldida ayvon va burchaklarida 4 ta minora binoni bezagan, binoning
umumiy balandligi bir xil. Xonalarning tepasi, asosan, ravoqpar (gumbazli)
bilan ayrim xonalarning tepalari qubbalar yodamiga bekitilgan. Imorat, asosan
xom g'ishtdan (30x30x5,4 sm) terilgan bo'lib, ustidan loy suvoq qilingan,
naqqoshlik va me'morchilik uslubida bezalgan sarg'ish rangli bo'lgan, binoning
ichki qismi bezaksiz. Imoratning old tomonidagi devori naqshsiz, silliq qilib
ishlangan, imorat mohirona qurilishi bilan go'zallikka va hashamdorlikka
erishilgan.
Комментариев нет:
Отправить комментарий