SURXON VOHASINING CHORIZM TOMONIDAN ISTILO QILINISHI VA UNING OQIBATLARI
XVIII asrning
birinchi yarmida davom etgan o'zaro urushlar va qo'zg'olonlar Buxoro xonligini
talon-taroj qilib qolmasdan, balki mamlakatning iqtisodiy va siyosiy qudratini
ham pasaytiradi. XIX asr boshlariga kelib yagona xonlik o'rnida Buxoro, Xiva,
Qo'qon xonliklari tashkil topadi. Mamlakatning parchalanishi Markaziy Osiyoga
Rossiya mustamlakachilarining kirib kelishini ancha osonlashtiradi. Chor
hukumati Markaziy Osiyoga inglizlarning kirib kelishining oldini olish uchun
dadil harakatlar boshlaydi. Ayniqsa, Buxoro amirligining janubiy sarhadlari,
xususan, Termizni egallashga alohida e'tibor beradi.
Chorizm istilosi arafasida Surxon vohasi Boysun, Sherobod va Yurchi
bekliklaridan iborat bo'lib, bu zamin Buxoro amirligining «Sharqiy yerlari»
yoki Sharqiy Buxoro deb atalgan. Chor Rossiyasi bilan Buxoro amirligi o'rtasida
1873 yil 28 sentabrda shartnoma tuziladi. Shartnoma 17 moddadan iborat bo'lib,
uning 3-moddasida: «Buxoro amirligiga qarashli Amudaryo qismida Buxoro kemalari
va rus paroxodlari, shuningdek, boshqa flot kemalari qatorida hukumat hamda
shaxsiy kemalarga erkin suzish ruxsat beriladi» deyilsa, 4-moddasida: «Kerak va
qulay bo'lgan Amudaryoning Buxoro qirg'oqlarida ruslar o'zining to'xtash joyi
va tovar omborlari qurishga haklidir» deb yozilgan edi.
1888 yil 23 iyunda imzolangan qo'shimcha shartnomaga binoan uning moddalari
qayta ko'rib chiqiladi va rus fuqarolari Yangi Buxoro (hozirgi Kogon),
Chorjo'y, Kerki shaharlarida yashashlari mumkin deb topiladi. Bundan tashqari
mazkur protokolga ko'ra, asosan Amudaryo qirg'oqlari bo'ylab rus manzilgohlari
barpo etish ko'zda tutiladi. Xuddi shu vaqtda Termizning Amudaryo qirg'og'iga
tutashib ketadigan Pattakesar qishlog'i yonida ruslar istiqomat qilishi uchun
yashash joylarini barpo etish boshlangan edi.
Bu davrda Qadimgi Termiz atrofi uncha katga bo'lmagan, ya'ni taxminan 1257
kishilik aholiga ega Pattakesar va Solihobod qishloqlari borligi qayd etiladi.
1893 yil 15 yanvardagi Rus-Buxoro shartnomasiga binoan Termiz shahri Rus
podshosiga «sovg'a sifatida in'om etiladi». Shundan keyin bu yerga 7-chegara
okrugiga kiruvchi rus harbiy qismlarini joylashtirish ishlari boshlab
yuboriladi. 1894 yilda Termiz qal'asi qurilishi va unda rus qo'shinlarining
joylashtirilishi tufayli Termizda telegraf liniyalari tortiladi. Chor Rossiyasi
Chorjo'y, Buxoro, Qarshi, Termiz, Kelif garnizonlari bilan aloqa yo'llarini
tiklaganlari holda buning Buxoro amirligi uchun zarurligi bilan mutlaqo
qiziqmaydilar. Natijada Buxoro amirligining savdo-sotiq yo'llari asta-sekinlik
bilan bo'lsa-da, izdan chiqa boshlaydi. Amudaryo sohilida rus harbiylari
qal'asining qurilishi munosabati bilan chor hukumati 1900 yilda Termiz -
Samarqand yo'lini ta'mirlaydi.
1894 yil 24 iyulda chor Rossiyasining siquvi hamda Buxoro amirligining Bojxona
ittifoqiga qo'shilishi bilan Termizni rus harbiy manzilgohlaridan biriga
aylantirish ishlari yanada tezlashib ketadi. 1894 yil dekabr oyi boshlarida
Amudaryo chegara qorovulligi brigadasi tuzilib, u Kerkidan Iola qishlog'igacha
bo'lgan joylarni nazorat qilishi belgilab qo'yiladi. Shu vaqtning o'zida Kerki,
Kelif, Pattakesar, Ayvonch, Saroy bojxona punktlari va Chubek hamda Bog'ariq
o'tish chegara joylari ham tashkil etiladi. 1894 yil 12 dekabrda Termiz
xarobalaridan 8 km narida Surxondaryoning Amudaryoga quyilish irmog'ida kema
to'xtashi uchun qulay bo'lgan Pattakesarga 31-Amudaryo chor harbiy chegara
qo'shinlari kelib joylashadi. Chor qo'shinlari Pattakesar qishlog'iga kelib
tushib daryodan 2 km yuqorida qal'a quradi, tub yerlik aholi unga
«Tuproqqo'rg'on» deb nom beradi. Pattakesarga kelgan chor qo'shinlari besh
yo'nalish bo'yicha kuzatuv nazoratini o'rnatishadi, ya'ni: 1) Sho'rob kuzatuv
punktiga 10 otliq, 10 piyoda, 2 erkin yollangan harbiy; 2) Maymanto'qay kuzatuv
punktiga 9 otliq, 10 piyoda va 2 yollangan harbiy; 3) Orol (Payg'ambar oroli)
kuzatuv punktiga 6 otliq, 2 ta piyoda va 1 ta erkin yollangan harbiy; 4)
Pattakesar kuzatuv punktiga 9 ta otliq, 11 ta piyoda va 3 ta yollangan harbiy;
5) Ayritom kuzatuv punktiga 8 ta otliq, 8 ta piyoda harbiy joylashtiriladi.
Amudaryo brigadasi qarorgohi Pattakesarda joylashgan bo'lib, unda 2 shtat
ofiseri, 5 ta ober ofiser, I otliq, 7 piyoda, 22 safda turmaydigan va 2 erkin
yollangan askarlar xizmat qilgan. Bundan tashqari shtab huzurida o'quv bo'limi
bo'lib, unda ober ofiser, 24 otliq va 2 ta safda turmaydigan askarlar bor edi.
Harbiy nazorat, qurol-yaroq ustaxonasi va omborxona ham shtab huzurida
joylashgan edi. Akademik V. V. Bartoldning qayd etishicha, 1900 yilda ruslar
joylashib olgan Pattakesar shaharcha aholisi 8.052 nafar erkak va 2.069 nafar
ayoldan tashkil topgan. Ya'ni aholining asosiy qismi rus harbiy kishilaridan
iborat bo'lib, ruslar yangi Termiz shahrida o'rnashib olib, uni Rossiya
manfaatlariga mos keluvchi siyosiy va harbiy markazga aylantirishga harakat qil
boshlaganlar.
Termizda qurilish ishlari 1895 yilda boshlanadi va shaharni o'z qo'lida saqlab
qolish uchun mustamlakachilar zudlik bilan 1897 yil iyunida Salavotlik aka-uka
Sayid Olim va Sayid Ali xo'jalardan 43 desyatina (1 desyatina - 1,09 ga teng)
yer sotib oladi. Bundan tashqari Pattakesar shimolidan 1200 desyatina yer sotib
olinib, sotib olingan yerlarda harbiylar uchun turar joylar, «Ofiserlar uyi»,
kasalxona, otxona, qurol-yaroq, oziq-ovqat omborxonalari quriladi. Termizda rus
istehkomlari Amudaryo sohili bo'ylab quriladi, bu davrda yo'llar, ko'priklar va
sug'orish inshootlari qurilishiga zarur ehtiyoj sezila boshlaydi. Biroq chor
hukumati bu qurilishlarni Buxoro amirligi mablag'lari evaziga bajarishni maqsad
qilib olgan edi. Buni 1898 yilda chor amaldori Guberovichning «Buxoro yerlarida
ko'priklar kechuv joylari, yo'llar va kanallarni rus xalqi mablag'iga emas,
aksincha mahalliy mablag'lar hisobiga barpo qilish lozim» degan so'zidan ham bilib
olish mumkin. Termizdagi chor amaldorlari Surxon daryosidan suv chiqarish uchun
injener Telman boshchiligida quriladigan sug'orish inshootlari loyihasini
ishlab chiqdi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 60 ming rublga baholanib,
qurilish va qazish ishlari esa harbiy muhandislik mahkamasi tomonidan
bajarildi. Ammo sug'orish inshootining nihoyatda kichik qilib barpo etilishi
ko'plab yerlarni suv bilan ta'minlash imkonini bermadi. Shu sababli ham bir
vaqtlar gavjum bo'lgan shahar suv tanqisligi sababli aholisi siyrak shaharga
aylandi. Termizda sug'orish inshootlari barpo qilish ancha qiyin sharoitda
kechdi. Turkiston general gubernatorligi ushbu maqsadda bajariladigan ishlar
uchun mablag'larni o'z vaqtida yetkazib bermadi. Jumladan, injener Telmanning
hisob-kitoblariga ko'ra Termizda barpo qilinadigan sug'orish inshootalari uchun
ketadigan mablag'lar miqdori 130 ming rubl deb baholandi. Agar ushbu mablag'
ajratilib, shaharda va uning atroflarida sug'orish shahobchalari barpo qilinsa,
4750 desyatina yerni sug'orish imkoni tug'ilar edi. Ushbu loyihani muhokama
qilish uchun general gubernator Duxovskiy boshchiligida komissiya tuzildi va
ushbu komissiya «Rus hukumati Termiz atrofidagi barcha sug'orish inshootlari
qurilishini o'z qo'liga olishi kerak» degan xulosaga keldi. Ammo sug'orish
inshootlarini bunyod etish uchun ajratilishi lozim bo'lgan mablag'lar o'z
vaqtida berilmadi. Qurilish ishlariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo'lindi,
oqibatda ushbu loyiha ishlari bajarilmay o'lda-jo'lda qoldi. Chunki chor hukumatini
shaharning obodonchiligi xalqning ma'murligi emas, aksincha shaharning harbiy
strategik imkoniyatlari qiziqtirardi.
Rus chorizmi harbiy ishlarni kuchaytirish maqsadida 1895- 1900 yillarda harbiy
qal'a va shahar mudofaa devorlari qurilishiga 57 ming rubl pul sarflaydi.
Surxon vohasini kelajakda to'liq istilo qilish maqsadini xisobga olib,
mustamlakachi hukumat 1897 yil bahorida Petro-Aleksandrovskdagi 4-Orenburg
kazak polkini va 13-Turkiston batalonini, 9-Turkiston polkini, 6-Sibir o'qchi
polkini va Tobin artilleriya rotasini, Toshkent drujinalarini, 546-kazak
drujinasini Termiz shahriga olib kelib joylashtiradi. Buxoro amiri 1900 yil 22
yanvarda chorizmning siquvi bilan shimolda Qorakum cho'li, shimoli-sharqda
Surxondaryo, janubi-g'arbda Amudaryo bilan chegaralangan va umumiy maydoni
10.514 desyatinadan iborat yerlarning hammasini bepul foydalanish uchun chor
hukumatiga berish to'g'risidagi aktni imzolaydi. Buxoro amiri pulsiz
foydalanishga berilgan yerlar evaziga unga rus generali chini, ya'ni unvonini berishni
yoxud «Andrey-Pervozvanny» oliy belgisi bilan mukofotlashni talab etadi. Amir
talabi qondirilib, unga rus generali chini beriladi, shunday qilib, «rus
generali» unvoni evaziga Termiz shahri va uning atrofidaga yerlar
mustamlakachilar ixtiyoriga beriladi.
Chor hukumati Termizga harbiy qal'a sifatida katta e'tibor bersa-da, tub yerlik
aholining ijtimoiy ahvoli mutlaqo e'tibordan chetda qolgan edi. Termiz
garnizoni boshlig'i general mayor Baronovskiyning 1902 yil 29 avgustda
Buxorodagi siyosiy agentlik nomiga yozgan raporti bunga yaqqol dalil bo'la
oladi. To'g'ri, bu raport tanqidiy tarzda yozilgan, quyida mazkur raportdan bir
parcha keltiramiz: «O'zi qo'rg'on deb, nomi shahar deb atalgan Termizimizni
uquvsiz shahar soveti va qo'shin safida xizmat etuvchi, tez-tez almashinib
turadigan past chinli harbiylardan iborat tajribasiz polisiya boshqarmoqda,
sanitariya nazorati yo'q, davolash muassasalari yo'q, yaqinda qoramollar
o'rtasida o'lat kasalligi tarqaldi. Harbiy medisina inspektori 1902 yil 13
iyundayoq uch veterinar vrachning Termizga safarga jo'natilishini xabar qilgan
edi. Lekin avgust oyi oxirlab qolishiga qaramay, veterinarlardan birontasi
Termizga yetib kelmadi. O'lat kasali bo'lsa, ularning kelishini kutmasdan,
o'ladigan mollar qirilib bo'lgach, o'zidan-o'zi tugab qoldi, grajdanlar
bekordan-bekorga kasal bo'lib qirilib ketayotirlar. Tub yerlik aholi uchun
xususiy ambulatoriya bor, amir bu ambulatoriya uchun uch yuz so'm ajratish
haqida farmon bergan. Ammo, Buxoro hukumati, Siz janobi oliylari talab
qilishingizga qaramay, o'z amirining farmonini bajarishni istamaydi. Bezorilik
va aroqxo'rlik avj olgan, unga qarshi kurash olib borish uchun mablag' yo'q,
polisiya boshqarmasi ham yo'q. O'quvsiz polismeyster - qo'shin safida xizmat
qiluvchi ofiser, qurolsiz quyi chindagi harbiy xizmatchilardir. Shunday hollar
ham bo'ldiki, hatto, grajdanlar polisiyachilarni tutib urishadi, polisiya uyi
qulab, buzilib ketayotgan imoratda joylashgan, polisiyadan qochish hech gap
emas. Polisiyada qamoqqa olinganlarni ovqatlantirish uchun hech narsa yo'q, sud
ham, jazo berish ham yo'q. Da'vogarlar menga murojaat qiladilar. Da'volarni
tekshiraman, yarashtiraman, lekin nojo'ya ishlar, jinoyatlar uchun jazo
berishga huquqim yo'q. O'g'irlik va firibgarlik avjiga chiqmokda, ba'zi o'g'irliklar
shunday ustalik bilan qilinadiki, bu kasbning tilini bilgan ustalar borligidan
shubha qilmasa ham bo'ladi. Bu yerda suv yo'qdek, ammo barcha o'g'irliklarning
izi suvga cho'mganday g'oyib bo'lib ketaveradi. Javobgarlikka tortilgan
jinoyatchilar sudga faqat istehzo bilan kulib qaraydilar, xolos, shunday
bo'lishi ham tabiiy, mayda ishlarni ko'radigan sudya (uning o'zi tergovchi ham)
Chorjo'yda istiqomat qiladi, U paroxodga tushib, Termizga yetib kelgunicha,
poyezdda Polshadan Port-Arturga borish uchun talab qilinganicha, ba'zan undan
ham ko'proq vaqg o'tadi. Xullas, ikki yil mobaynida sudya Termizga rosa bir
marta keldi, unda ham bir paroxoddan ikkinchi paroxodgacha bo'ldi. Holbuki, sud
tergov ishlari desangiz, bizda juda ko'p».
Mazkur raportdan ko'chirib olingan bu parchalardan Termizda oddiy aholi naqadar
og'ir ahvolda yashaganini tasavvur etish mumkin. Termiz ikki qismdan iborat
bo'lib, garnizon joylashgan shimoliy qism qal'a bilan o'rab olingan va rus
adabiyotlarida «Harbiy qo'rg'on-Termiz» deb atalgan. Shaharning bu qismida
garnizon boshlig'ining hokimiyati oddiy aholiga ham taalluqli edi, xullas, bu
yerda u to'la huquqli xo'jayin edi. Termizning janubiy qismi Pattakesar
qishlog'i deb atalar, undagi tub yerlik aholi Buxoro amirining qonunlariga amal
qilar va amir xonadonidan qo'yilgan beklarga bo'ysunar, yevropalik aholi esa
chor hukumati qonunlariga amal qilib, o'quvsiz «shahar soveti» tomonidan idora
qilinardi. Shunday qilib, bir joyning o'zida uch xil hokim va uch xil nozir bor
edi, shu sababli Termiz aholisi aslida qarovsiz tashlab qo'yilgan edi. 1906
yili mustamlakachilar tomonidan harbiy cherkov huzurida birinchi rus maktabi
ochiladi va unda 35 nafar bola o'qiy boshlaydi.
1913 yilda zobitlar tarkibining bolalari uchun boshlang'ich maktab ochiladi,
bolalariga boshlang'ich maktab hajmidan yuqori ma'lumot berishga qurbi yetgan
rusiy zabon ota-onalar o'z bolalarini Toshkent, Samarqand, Buxoroga yuborib
o'qitar edi. Ota-onalarning o'z mablag'lariga bo'lsa ham, o'g'il bolalar uchun
gimnaziya tashkil etishga ruxsat olish yo'lidagi urinishlari hech qanday natija
bermaydi. Chor hukumati, so'ngra esa Kerenskiyning Muvaqqat hukumati ham
gimnaziya ochish Termiz uchun ortiqcha dabdaba, deb qaraydi. 1917 yilning
o'rtalaridagina ota-onalarning mablag'iga boshlang'ich maktab ochishga ruxsat
olinadi. Buxoro amiri Termizda boshlang'ich maktab qurish uchun 10 ming so'm
hadya qilishni va'da etgan edi, ammo pul o'rniga o'z imzosi chekilgan suratini
yuboradi. Boshlang'ich maktab qurishga 1915 yilda Termiz shahrining byudjetidan
mablag' ajratiladi.
Bu davrda yuqumli kasalliklar juda ko'p tarqalgan bo'lib, chor hukumati
tomonidan unga qarshi deyarli hech qanday kurash olib borilmas edi. Iona puliga
ochilgan 10 kishilik kasalxonagina aholiga xizmat ko'rsatardi, xolos. Kal yara,
traxoma, tuberkulyoz, bezgak kasalliklari mahalliy millat aholisi boshiga
tushgan ofat edi va har yili bu kasalliklardan nobud bo'lganlar soni tug'ilgan
bolalar sonidan ko'p bo'lardi. Bu tasodifiy hol emas edi, chunki Buxoro amirini
turli-tuman soliq va to'lovlar yig'ib olish qiziqtirar edi, chor hukumati esa
Termizga harbiy jihatdangina ahamiyat berib, tub yerlik aholiga mutlaqo e'tibor
bermas edi. Termizda rus bojxona vakilining davlat xisobiga epidemiyaga qarshi
kurash choralari ko'rishni so'rab yozgan maktabiga amir «Ajali yetganlar o'lar,
xudo umrini berganlar sog'ayib ketar. Buni ol-dindan bilish ham, biron chora
bilan yordam berish ham hech kimning qo'lidan kelmaydi», deb javob bergan. Shu
javobning o'zi Buxoro amirining o'z tasarrufidagi xalqiga qanday qaraganini
yaqqol ko'rsatib turibdi. Nihoyat, chor hukumati 1904 yilda sog'liqni saqlash
ishlariga Termizning mahalliy byudjetidan 210 rubl ajratadi.
Chorizmning Surxon hududlarini bosib olishdan ko'zda tutgan asosiy maqsadi -
iqtisodiy manfaat bo'lib, rus sanoatchilarining xom ashyoga bo'lgan ehtiyojini
jadallik bilan qondirishdan iborat edi. Binobarin, u dastavval vohada sug'orish
tizimini yaxshilashga diqqatini qaratdi, boisi hosil uchun suv zarur edi,
suvsiz hosil olib bo'lmasligi hammaga ma'lum. Tarix sahifalaridan shu narsa
ma'lumki, chorizmning Markaziy Osiyoni bosib olishdan ko'zlagan asosiy
maqsadlaridan biri paxta xom ashyosi masalasidir. Rossiya sanoatiga XIX asrning
ikkinchi yarmidan boshlab xom ashyo, ya'ni paxta tolasi kelmay qo'ygan edi.
Chunki 1862-1865 yillarda AQShda fuqarolar urushi bo'lib, 90% Amerika paxtasi
bilan ishlaydigan Rossiya to'qimachilik sanoati inqirozga uchraydi. Mana shu
sababli Rossiya kelajakda Turkistonning asosiy paxta bazasi bo'la olishini
rejalashtirib qo'ygan edi. 1862 yili matbuotda chiqqan maqolada: «Rossiyaning
Markaziy Osiyo bilan qiladigan aloqasidan oladigan foydasi shu darajada
qoplaydi», - deb yozilgan edi?
Chor amaldorlari tub yerlik aholini paxta yetishtirishga qiziqtirish uchun
paxta narxini oshiradilar, agar 1860 yili 1 pud paxta 4-6 rubl bo'lgan bo'lsa,
1861 yili 7 rubl 50 tiyin, 1862 yili 12-13 rubl, 1864 yili 24 rublni tashkil
etadi. Paxta narxining oshirilishi natijasida paxta maydonlari ham tabiiy
ravishda kengayib bordi. Mintaqamiz qishloq xo'jaligi Rossiya bozorining
talab-ehtiyojiga moslashib, o'z ishlab chiqarish xarakterini o'zgartira
boshlaydi. Bunday holatning yuzaga kelishiga rus kolonizatorlarining olib
borgan siyosati ham jiddiy ta'sir ko'rsatadi. Buni chor amaldorlarining
quyidagi fikrlaridan ham bilishimiz mumkin: «Har bir pud Turkiston paxtasi rus
va Sibir bug'doyiga raqobatdir. Har bir pud Turkiston paxtasi Amerika paxtasiga
raqobatdir, shuning uchun o'lkaga tashib keltirilgan va qimmat non berib
bo'lsa-da, u yerdagi sug'oriladigan maydonlarni paxta ekish uchun bo'shatish
kerak».
Mintaqaning sug'oriladigan yerlarida beda, makkajo'xori, sholi va shu singari
boshqa ekinlar kamroq ekilib, paxta maydonlari kengayib boradi. Agar mintaqada
1894 yili 116452 desyatina yerga paxta ekilgan bo'lsa, 1916 yilga kelib 533661
desyatina yerga paxta ekiladi. Butun O'zbekiston hududida bo'lgani singari
Surxondaryoda ham paxta maydonlari kengaya boradi va paxta hosildorligi ortadi.
Buni biz Surxondaryo orqali paxta tashib ketilishining oshib borganidan ham
bilishimiz mumkin, agar 1908 yili 17000 pud paxta tashib ketilgan bo'lsa, bu
1910 yili - 34000, 1911 yili esa bu raqam 60000 pudni tashkil etadi.
Sherobod vohasi yerlarini egallab olish, katta paxta monopoliyasini vujudga
keltirish maqsadida ko'plab mutaxassislar jalb etiladi. Ayniqsa, harbiy
muhandis A. G. Ananyev bu borada bir qator ishlar qiladi, u o'zining «Sherobod
vohasi yerlarini Surxon suvlari yordamida sug'orish» asarida minglab
odamlarning yashashi uchun qulay sharoitlar mavjudligini madaniy ahamiyatdan
tashqari, Sherobod dashtlarini sug'orish Rossiya davlati uchun muhim iqtisodiy
qimmatga ega ekanini ta'kidlaydi. U, jumladan, quyidagilarni yozadi: 1) Harbiy
nuqtai nazardan, Termizda joylashgan otryadlarning strategik holatini
yaxshilaydi, zero, ular gullayotgan hududda joylashib olib, o'zlarini
oziq-ovqat va ishchi kuchlari bilan ta'minlash imkoniyatiga ega bo'ladilar va
safar uchun zarur vositalarni ham topadilar; 2) Iqtisodiy tomondan, Rossiyaga
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish uchun muhim bozor yaratiladi, rus
bozori esa bir million puddan ziyod paxta tolasiga ega bo'ladi. Bu esa bizni
Amerikaga qaramlikdan ozod qiladi, paxtadan tashqari muhim strategik ahamiyatga
ega temir yo'l qurilishini mablag' bilan ta'minlashga imkoniyat yaratadi; 3)
Tabiiy sharoitga ta'siri nuqtai nazaridan, tropik iqlimi, shubhasiz
yaxshilanadi, bu esa o'z navbatida hududdagi sanitariya holatining
yaxshilanishiga olib keladi; 4) Mahalliy ahamiyati: Termiz sug'orish tizimining
zaif tomonlarini mustahkamlash mumkin bo'ladi, zero, bu tizim Surxon suvi
zarbalariga bardosh bera olmaydi, ko'plab qo'shimcha suv havzasi qurishni talab
qiladi. Bundan tashqari davlat tasarrufidagi sug'oriladigan yerlarni 400
desyatinadan to 10000 desyatinagacha yetkazish mumkinki, bu ham chor Rossiyasi
xazinasini boyitishga xizmat qiladi».
Chor hukumati tumanlashtirish va hududiy bo'linishlarda quyidagi holatlarga o'z
e'tiborini qaratdi: 1) Iqlim va tuproq hosildorligi; 2) Yerni o'zlashtirish
manbalari; 3) Yer yuza qismining joylashishi; 4) Ishchi kuchlari; 5) Suv
ta'minoti. Mashhur Zang kanalini qazish 1908 yili boshlanib, bu mashaqqatli ish
1914 yilga kelib tugallanadi, bu ariqning chizmasi tub yerlik Eshonbek nomi
bilan bog'liq bo'lib, u ot ustida yurib, 55-60 kilometrlik qaziladigan ariqning
yo'lini ko'rsatib bergan. Umuman, chor hukumati Surxon vohasiga nafaqat harbiy,
balki iqtisodiy manfaat nuqtai nazar bilan ham qaraydi. Paxta masalasida
Amerika tobeligidan chiqish uchun hamda tub yerlik aholi mehnatkashligini
suiste'mol qilib, chor hukumati ko'zga ko'ringan yetuk melioratorlar,
irrigatorlarni bu yerga keltirdi. Qisqa vaqt ichida sug'orish shahobchalari
tizimini yaratish tufayli chor Rossiyasi xazinasiga foyda olib kelayotgan ekin
maydonlarini 4000 desyatinadan 10000 desyatinaga yetkazish rejalashtiriladi.
Markaziy Osiyoda o'zlashtirilgan bepoyon yerlar nihoyatda ko'p bo'lib, uning
yonginasidan Sirdaryo, Amudaryo, Surxon va boshqa daryolar oqib o'tadi. Bu
daryolarning faqatgina arzimas qismidan sug'orma dehqonchilik uchun foydalaniladi,
qolgan qismi esa Orol dengiziga kelib quyiladi. «Madaniyatli» chor
Rossiyasining asosiy vazifasi Turkiston va Buxoro ustidan to'liq hokimiyatni
o'rnatib, o'z davlati manfaatini hisobga olib, bu bebaho dashtlarni o'z
ixtiyoriga xizmat qilishga moslashtirish edi. Shu maqsadni amalga oshirish
uchun «Sherobod vodiysini o'zlashtirish» loyihasini yaratish, hosildorligi juda
keng va boy bo'lgan bu yerlarni kelajaqda asosiy paxta ekinzorlariga
aylantirish eng muhim kundalik vazifa bo'lib qolmog'i shart qilingan edi.
Buxoro amirligining ruxsati bilan 1912 yil 23 fevralda rus muhandisi A. G.
Ananyevga Sherobod vodiysidagi 72000 desyatina yer foydalanish uchun shartnoma
asosida beriladi. Shartnomani Buxoro amirining Yer ishlari bo'yicha vaziri
Mirza Nasrulloboy qushbegi imzolaydi. Shartnomaga muvofiq, Buxoro amiri
Sherobod va Boysun bekligiga qarashli quyidagi yerlarni A. G. Ananyevga bepul
foydalanishga taqdim etadi, ushbu mulklar 12000 desyatinadan iborat Qorakamar
hududini, 23000 desyatinadan iborat Beshqo'ton hududini, 30000 desyatinadan
iborat Angor hududini, 6000 desyatinadan iborat Yangiariq hududini, Amudaryo va
Kattaqum mavzesi hududlarini o'z ichiga oladi.
«Sherobod» aksionerlik jamiyatining yer ishlarini olib borish to'g'risidagi
faoliyati haqida Rossiyaning Buxorodagi imperator janoblariga yozgan xatida
«Sherobod» aksionerlik jamiyatini tezda tashkil etib, xo'jalikka oid ishlarni
zudlik bilan bajarib, Zang arig'ini kengaytirish, arendaga olingan yerlarni
ko'paytirish hamda Jarqo'rg'on magistral kanali orqali ekin maydonini
kengaytirish talab qilindi. Ariq atrofidagi yerlarni mahalliy aholining
o'zboshimchalik bilan o'zlashtirib olmaslik nazoratini kuchaytirish talab
qilindi. 1916 yilda Zang ariq atrofidagi yerlarni mahalliy aholidan olish va
«Sherobod» aksionerlik jamiyatiga o'tkazish kun tartibiga kiritildi. Buxoro
amirligi Rossiya hukumatining o'zboshimchalik bilan egallab olgan yerlarni
qaytarib olish va ulardan muntazam soliq undirishni tashkil qilish qayd etildi.
Chor amaldori R.YU.ROJEVISning Janubiy Buxoroga qilgan safariga doir yozgan
kundaliklarida Sherobod bekligining geografik joylashuvi xususida quyidagi
fikrlar bayon qilingan. Sherobod bekligi hududi Sherobod tog'larning tugashi
qismida joylashgan bo'lib, Termiz tomonga cho'zilib, loy, qum va tuproqdan
iborat. Angorning janubiy qismi hamda Amudaryo tomon cho'zilgan yo'lning 10-15
verstda, asosan, tuya o'rkachlari kabi qumliklar yastanib yotibdi. «Yangi
Termiz bilan eski Termiz oralig'i 6 verst bo'lib, eng qadimgi Termizning
xarobalari bilan ulashib ketgan juda ko'p qabr qoldiqlarini oralab Termiz
shahriga kirib keldik.» Doktor Lilendera Buxoro mulklarini boshqa hududlarini
ko'rishdan oldin Termizga bir necha kun dam oldi. Pattakesardagi mavjud
bozorlarda mahalliy boylar rus, arman, yahudiy va forsiylarning savdo
do'konlari bilan birgalikda ish olib borgan hamda shahar aholisi asosan soldat
va ofiserlaro oilasidan iborat ekanligi yozib qoldirilgan.
Pattakesar shahri deyarli Amudaryo qirg'og'iga yaqin qurilgan bo'lib, shahardan
1 1|2 versit uzoqlikda ekanligi qayd etiladi. Termiz shahri uchun ichimlik suvi
1906 yil oxirigacha Amudaryodan hamda maxsus qazilgan quduqdan olingan. Shundan
keyin 1905 yil kuzida Surxondaryoda qazib olib kelingan 18 versit uzoqlikdagi
ariqdan keladigan suv hisobida qoplangan. Ariq 1906 yil bahoridan to'liq ishga
tushirilgan.
Rus chorizmi vohada paxtachilikning to'xtovsiz o'sayotganligini hisobga olib,
Surxondaryoning o'zida mayda bo'lsa ham, paxtani qayta ishlaydigan korxonalar
qurishga alohida e'tibor beradi. Paxta tozalash korxonasi qurish istagi bor
boylar rag'batlantiriladi, Termizda paxta tozalash zavodi qurishni mo'ljallagan
va o'z boyligining bir qismini sarflashga bel bog'lagan boylardan aka-uka
Matchinboyevlarni misol tariqasida ko'rsatish mumkindir. Ular vohada paxta
o'sishi uchun, mo'l-hosil olish uchun har tomonlama qulay imkoniyatlar, ya'ni
yerning unumdorligi, issiqlikning yetarliligini, sug'orish ishlari birmuncha
yaxshiligini, savdo yo'llari qulayligini, paxtaga talabning katta ekanligini
hisobga olib, o'z boyligining bir qismini Termiz paxta tozalash zavodini
qurishga ajratdilar. Zavod qurilishi haqida zavodning faxriy ishchilaridan biri
Boymurod Jo'rayev quyidagicha hikoya qiladi: «Zavod qurilishi 1905 yildan
boshlangan, lekin malakali quruvchilarning bo'lmaganligi sababli uzoq
cho'zilgan».
Matchinboyevlar boylik manbai bo'lgan zavod qurilishini tezlatish uchun butun
imkoniyatlarni ishga solganlar, chunonchi 1909 yildan boshlab qurilish ishlari
ancha tezlashadi. Zavodni qurishda shaxsan ishtirok etgan keksa ishchilar
sulolasining vakili, fuqarolar urushi qatnashchisi Afanasiy Skokov shunday
xotirlaydi: «Men 1907 yil Rostovdan Kerki (hozirgi Turkmanistonning Kerki
rayoni)ga keldim. Bu yerda Xiva turkmanlaridan bo'lgan, Kerkining katta
boylaridan aka-uka Matchinboyevlarga yollanib, ishga kirdim. Biz bir necha
ishchi Abdulla Matchinboyevga Kerkida hashamatli uy qurib berdik.
A.Matchinboyevning bir ukasi Termizda yashar edi, biz Kerkida uyini qurib
bo'lgach, 1909 yilning oxirgi oylarida Termizga keldik. Bu yerda Matchinboyevlarning
paxta tozalash zavodini qurishga kirishdik, qurilishda ishlayotganlarning
ko'pchiligini o'zbeklar va tojiklar tashkil qilardi. Rus ishchilari faqat olti
kishi edi, ya'ni Ivan, Sumskiy, Sergey Frolov, Andrey Anishevskiy shular
jumlasidandir, biz turli millat vakillari bo'lsak-da, rus, o'zbek, tojiklar
o'zaro inoq yashardik. Ivan Sumskiy bilan men 60 ot kuchiga ega bo'lgan bug'
mashinasi o'rnatdik, bundan tashqari zavodda 1 dizel ham bor edi, uning quvvati
50 ot kuchiga teng edi. Zavod qurilishi 1910 yil tugallandi».
Termiz paxta tozalash zavodi 1910 yilda ish boshlaganini, Termizda uzoq
yillardan beri yashab kelayotgan va paxta tozalash zavodining xo'jayini bo'lgan
Matchinboyevlarni yaxshi tanigan va bilgan yuz yoshli (marhum) mo''tabar onaxon
Chuchukmomo Jo'rayeva ham tasdiqlaydi. Mana shu tariqa o'lkamizda ilk sanoat
korxonasi vujudga keldi, mazkur korxona nafaqat viloyatimizdagina, balki
Turkistondagi keksa sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Qashqadaryodagi
«Kitob» paxta tozalash zavodi 1925 yil ishga tushgan. Matchinboyevning paxta
tozalash zavodi eng oddiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan edi. O'rnatilgan
bug' mashinasi qamishlar va yantoqlarni ?qish hisobiga harakatga kelardi.
Dastlabki davrda korxonada ishchilar soni 50-60 kishidan oshmagan, chunki zavod
ko'proq ishchi ishlatishga ham imkoniyati yo'q edi va shu bilan birga
Matchinboyevlar kam kishi ishlatib ko'p foyda olishdan manfaatdor edilar. Zavod
bir yilda bor-yo'g'i 5-6 oy ishlab, qolgan paytlari bo'sh turgan, keltirilgan xom-ashyoni
bundan ham oldin tayyor qilish mumkin bo'lgan. Lekin zavod o'ta oddiy
mexanizmlar bilan jihozlanganligi, ishlab chiqarish jarayonining ko'pini qo'l
mehnati orqali qilinishi ish davrini bir oz cho'zgan. Paxtani zavodga yetkazib
beruvchi uzatish apparati bo'lmagan, paxtani ishchilar yelkasida tashishgan,
zavodda bor-yo'g'i 6 ta jun apparatidan foydalanilgan. Zavod oddiy asboblari
bilan yiliga 14400 kg paxta tolasi ishlab chiqargan, zavodda sodda
asbob-uskunalar, ya'ni ishlab chiqarish texnikasi nihoyatda qoloq bo'lib, qo'l
mehnati hukmron bo'lgan. Korxonadagi ishlarning ko'pi ishchilarning og'ir
mehnati tufayli bajarilsa-da, Matchinboyev bu bilan chegaralanib qolmasdan
ko'proq foyda olish uchun paxtani qayta ishlash texnologiyasini atayin buzar edi.
Xavfsizlik texnikasi va mehnatni muhofaza qilish korxona egasining xayoliga ham
kelmasdi. Ishchilarning og'ir ahvolda yashashi goho rasmiy axborotlarda ham
e'tirof etilardi, masalan: «Turkestanskiy kuryer» gazetasining 1909 yil 12
dekabrdagi sonida bosilgan maqolani fikrimizning isboti sifatida Termiz paxta
tozalash zavodining ishchilari turmushiga tatbiq etishimiz mumkin. Agar siz
ishchilarning ahvoli bilan tanishishga qiziqsangiz, deyarli hamma zavodlarda
bir xil ahvolni uchratasiz.
1. Ishchilarning yotog'i uchun zavoddan yoki omborlarning biridan joy
ajratilgan.
2. Bu joylar yoritilmaydi va isitilmaydi.
3. Hamma joyda sutkasiga 12 soatdan ishlaydilar.
4. Zavod binosi, mashina bo'limi chidab bo'lmaydigan darajada chang.
5. Zavod binosida faqat 4 shamchiroq, fonar bo'lib buni yoritish deb atashadi.
Natijada ishchilar butun zavod ichida qorong'ida paypaslab va chang havoni
filtrasiya qilib nafas olish uchun bir parcha paxta tishlab yuradilar.
6. Mahalliy millat ishchilar zavod to'xtab qolganida dvigatel-motorlarni
to'xtatib, zavodni yurgizganlarida esa bu dvigatellarni ishga solib, moylab
turadilar, chunki bu ishni bajaruvchi maxsus xizmatchilar yo'q.
Bu mudhish ahvol natijasida yaqqol ko'rinib turibdiki, har kuni biror zavodda
ishchilar baxtsizlikka uchrab, qattiq shikastlanadilar, ba'zan esa halok
bo'ldilar, zavodda 1916 yilda yong'in bo'lib, undan zavod ancha zarar ko'rgan.
Termiz paxta tozalash zavodida ishchilar uchun qanday sharoit yaratilganini
keksa ishchi Afanasiy Skakov xotiralaridan ham bilish mumkin. U shunday hikoya
qiladi: «Ish og'ir, ishchilarga hech qanday sharoit yaratilmagan edi. Texnika
xavfsizligiga sira e'tibor berilmasdi. Matchinboyevlarning maqsadi ishchilarni
yanada ko'proq ishlatish, boylik orttirish edi, paxta zavodida 12-14 soat ishlardik.
Bizga kam haq to'lanardi, rus ishchilari-50-55 so'm, o'zbek va tojiklar 12-20
so'm ish haqi olardi». Bu yerda 15-16 yoshdagi o'smirlar ham kattalar qatori
ishlatilardi, ular esa oy sayin 7-8 so'm olishardi. Olgan oyligimiz turmush
kechirishimizga yetmasdi, ishchilarning ishlab chiqaradigan mahsuloti juda kam
edi. Sababi texnika taraqqiyotining pastligi, ishlab chiqarish texnologiyasi va
tashkil qilish darajasining yomonligi, ish sharoitining og'irligi edi. Shunday
og'ir va uzoq ish kuni bo'lishiga qaramasdan zavodning eng oddiy
qurollanganligi sababli, zavodda kuniga 20-25 toy paxta ishlab chiqarilgan, har
bir toyning og'irligi 60-70 yukni tashkil etgan. 20-yillarning o'rtalariga
qadar u viloyatdagi yagona korxona sifatida faoliyat yuritdi.
Chorizm Markaziy Osiyo hududidagi vaziyatni hisobga olib, asosan Termiz orqali
yuk tashish va xom ashyo olib ketishni ko'paytirish maqsadida Buxorodan
Termizgacha, Termizdan Hisorgacha hamda Termizdan Kulobgacha temir yo'l
qurishni tezlashtirishga e'tiborini qaratadi. Qurilajak temir yo'l amirlik
markazini Sharqiy Buxoro hududidagi 9 ta beklik bilan yaqindan bog'lar edi.
Mazkur 9 ta bekliklarda 470 ming kishi istiqomat qilib, ular tomonidan yiliga
528 ming botmon bug'doy, 272 ming botmon arpa, 113 ming botmon tariq,
makkajo'xori va boshqa ekinlar hamda 152 ming botmon sholi yetishtirilgan.
Sharqiy Buxoro bekliklarida ichki bozor kam taraqqiy etgan bo'lib, tashqi
bozorga chiqish ko'plab muammolar mavjudligi tufayli ancha sust rivojlangan
edi. Bu bekliklarni qiynab kelayotgan muammolardan biri-bu transport
qatnovining yaxshi yo'lga qo'yilmagani edi.
Albatta Sharqiy Buxoro yerlarini markazga olib boruvchi quruqlik va suv
yo'llari mavjud edi, ammo bu yo'llar amirlik uchun ham, chor hukumati uchun
ham, ancha qimmatga tushmoqda edi. Ma'lumki, 1887 yilda tashkil topgan Amudaryo
flotiliyasida 25 tonna atrofida yuk ko'tara oladigan 6 ta tagiyassi o'rtacha
kuchga ega bo'lgan buksir paroxod hamda 13 ta 50 dan 150 tonnagacha yuk ko'tara
olish quvvatiga ega barjalar mavjud edi, ammo ularning xizmat ko'rsatish
darajasi nihoyatda past edi. Masalan: Buksir paroxodlar Chorjuy va Termiz
oralig'idagi 450 km masofani yoz kunlari 7 kunda, qishda 11 kunda bosib
o'tardi. Paroxodlarning har bir reysiga 48 tonna, ya'ni 2700 so'mlik neft sarf
qilgani holda, foydasi 2200 so'mni tashkil etardi.
Buxoro amiri qayiqlarining ahvoli bundan ham og'ir edi. Bu qayiqlar orqali yuk
bilan Termizdan Jiliko'lgacha yozda 12-20 kun, qishda 15-25 kungacha vaqt
ketardi. Suv yo'li qanchalik qimmatga tushishiga qaramasdan Amudaryoda amirlik
ichkarisida mollarni tashish uchun 600 dan ortiq qayiq harakatlanar edi. Suv
yo'lidan tashqari quruqlik yo'lida Qarshi-G'uzor va Sharqiy Buxoro-Dushanbe
yo'nalishida 7 mingdan ortiq tuya karvoni harakatlanar edi. Umuman olganda mazkur
qiyinchiliklar Buxoro amiri uchun ham temir yo'l qurish zaruratini keltirib
chiqargan edi. Buxoro- Termiz, Termiz-Hisor, Termiz-Ko'lob temir yo'li
qurilishi 1892 yilda chor hukumati yig'ilishida muhokama qilindi. Rejaga asosan
1906 yilda temir yo'l qurilishi boshlanishi lozim edi, ammo 1904-1905 yillarda
boshlanib ketgan rus-yapon urushi qurilishning vaqtinchalik kechikishiga sabab
bo'ldi.
Rus harbiy mahkamasi 1980 yilda Buxorodan Termizgacha tor izli temir yo'l
qurilishi loyihasini tayyorladi, Markaziy Osiyoda ruslarga qarshi ingliz
raqobatining ortib borayotgan hiyla-nayrangini hisobga olib, chor Rossiyasi
hukumati Buxoro amiri Abdulahadxon roziligi bilan Buxorodan Termizgacha temir
yo'l qurilishini, Buxoro kapitalini jalb qilmasdan, rus hususiy korxonalari
egalari mablag'i hisobiga amalga oshirishga qaror qiladi. Ushbu qaror 1910
yilning 10 aprelida Stolipin raisligida o'tkazilgan Rossiya vazirlar
kengashining yig'ilishida tasdiqlandi.
Yuqorida ta'kidlaganimizdek, qurilajak temir yo'l Buxoro amiri manfaatlariga
ham mos kelardi, shu sababli amir muhandis A.N.Kovalevskiyga temir yo'l
qurilishidagi xizmati uchun 600 desyatina yer hamda qurilishga ketadigan
xarajatlarning 25 foizini ajratishni o'z zimmasiga oldi. A.N.Kovalevskiy 1913
yilda «Buxoro temir yo'lini qurish aksionerlik jamiyati»ni ta'sis etdi, jamiyat
direktorligiga I.M.Sluskiy, bosh injener etib esa G.S.Kikodze tayinlandi.
Shunday qilib, 1914 yili qiymati 18 mln so'm hisobida baholangan Termiz temir
yo'li qurilishi boshlandi, ammo boshlanib ketgan birinchi jahon urushi qurilish
ishlarini qiyinlashtirib yubordi. Temir yo'l qurilishi uchun relslar, shpallar,
tunellarni teshadigan asbob-uskunalar ta'minotida uzilishlar juda ko'p edi.
Natijada malakali mutaxassislar talab qilinadigan joylarda qurilish bataloni
askarlaridan foydalana boshladilar. Eng og'ir ishlarni bajarishda mahalliy
millat ishchilaridan tashqari rus, eroni, tatar, gruzin, arman ishchilari va
harbiy asirlar (chex, slovak, nemis, polyak, italiyaliklar) ham ishlatildi.
Qurilish ishlarida ichimlik suvi yetishmasligi, ob-havoning nihoyatda og'irligi
hamda mehnat sharoitlarining talabga javob bermasligi natijasida norozilik
harakatlari kundan-kunga kuchayib boradi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek temir
yo'l qurilishida Buxoro amirligi bekliklari aholisi ham ishtirok eta boshladi.
Buxoro amiri Qorategin hukmdori Ne'matullabekka qorateginlarni temir yo'l
qurilishiga safarbar etish to'g'risida farmon berdi. Temir yo'l qurilishida
ishtirok etayotgan har bir ishchi uchun ish haqi temir yo'l qurilishi
boshqarmasi tomonidan ajratildi va mablag' Ne'matullabek ixtiyoriga o'tkazildi.
Ne'matullabek temir yo'l qurilishida ishtirok etayotganlarga ish haqi
to'lamasdan, ularni harbiy tayyorgarlik ko'rish uchun qilinayotgan ish sifatida
qurilishga safarbar etdi. Qurilishda 2-3 martadan navbat bilan ishtirok etgan
dehqonlar, ishning og'irligi ish haqining to'lanmasligidan azob ko'rdilar,
ko'plari vafot etdilar va Ne'matullabekdan gubernatorga shikoyat qildilar.
Temir yo'l qurilishida ishtirok etayotgan Penza gubernasidan kelgan 300 ishchi
ham ish sharoiti og'irligi tufayli ish tashladilar.
1915 yil davomida temir yo'l qurilishida bir necha marta ish tashlashlar
bo'ldi. Jamiyat ishchilarning talab va istaklarini inobatga olish o'rniga,
ishchilardan voz kechib Bokudan, keyinchalik Erondan ishchilar taklif etdilar.
Injener G.S.Kikodze tomonidan shartnoma tuzib kelgan 2000 eronlik ishchidan 100
tasi bir oy ishlaganlaridan keyin ishlashdan bosh tortdilar, qolganlari esa
umuman kelmadilar. Shundan keyin injener G.S.Kikodze general-gubernatorga temir
yo'l qurilishiga mahalliy turmalarda saqlanayotgan mahbuslardan foydalanishga
ruxsat berishini so'radi. General-gubernator vaziyatni hisobga olgan holda
mahbuslardan foydalanishga ruxsat berdi. Ma'lumotlarga qaraganda Toshkent
turmasidan-36, Farg'onadan-60, Qo'qondan-30, Namangandan-10, Skobelyovdan-20,
Samarqanddan-100, Kaspiy orti viloyatidan-256 mahbus temir yo'l qurilishiga
ishlash uchun yuborildi.
Temir yo'li qurilishiga jalb qilingan mahbuslar kasb malakasiga ega emas edilar
va o'z navbatida ozodlikdagi ishchi-dehqonlar singari mehnat qilmas edilar.
Termiz temir yo'li qurilishida mahalliy millat vakillari va avstriyalik,
italiyalik, germaniyalik harbiy asirlaridan tashqari chet el mutaxassislarining
ham xizmati borligini ta'kidlamoq lozim. Masalan, tunel loyihalari bo'yicha
Italiya injenerlari, temir beton qurilishlari bo'yicha avstriyalik
mutaxassislar ishladilar. 1916 yil 14 iyulda 573 verst bo'lgan Termiz temir
yo'li foydalanishga topshirildi. Shunday qilib, rus chorizmi harbiy-siyosiy
strategiyasidagi Hind okeaniga chiqish, harbiy istehkomlar yaratish, o'sib
kelayotgan sanoatni arzon xom ashyo bilan ta'minlash, sanoat korxonalarida
ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish maqsadida, turli millat va elat
vakillarining og'ir mehnati, qurbonlari evaziga Termiz temir yo'li bunyod
etildi. Temir yo'l shahobchasi rus, afg'on va Sharqiy Buxoro bozorlarini
bir-biri bilan o'zaro bog'lash natijasida ichki va tashqi savdo ancha taraqqiy
qildi.
Vohaning iqtisodiy rivojida Termiz daryo portining ham alohida o'rni bor.
Termizda daryo porti shakllanishining o'ziga xos tarixi bor: birinchidan bu yer
daryodan kechib o'tish uchun qulay joy bo'lgan bo'lsa, ikkinchidan qadim
Baqtriya poytaxti Baqtrya shahridan Termiz orqali Sug'diyona poytaxti
Maroqandga eng yaqin yo'l o'tgan edi. Turli zamonlarda Oks, O'kuz, Araks,
Jayhun nomlari bilan atalgan Amudaryo faqat Markaziy Osiyodagina emas,
jahondagi yirik daryolardan ham biri hisoblanadi. Amudaryo Hindikush tog'ining
4000 metr balandlikdagi Shimoliy yonbag'ridan boshlanib, Pomirdaryoga kelib
qo'shilguncha Vahandaryo deb ataladi, boisi Zarko'ldan oqib chiqadigan
Pomirdaryo Amudaryoning ikkinchi manbai hisoblanadi. Pomirdaryo boshlanishidan
Vaxshga kelib quyilgunga Panj, ya'ni besh daryo nomi bilan (Vahandaryo,
Pomirdaryo, Gunt, Bartangdaryo va Vanch) ataladi. 1. Amudaryoning uzunligi
boshlanish qismi bilan birga hisoblanganda 2500 km.ni tashkil qiladi.
Surxondaryo va Qorasuv daryosi Amudaryoning oxirgi irmoqlari bo'lib, keyingi
1400 km masofada unga bitta ham irmoq qo'shilmaydi. Daryo Qoraqum va Qizilqum
cho'llaridan o'tib, suvini Orol dengiziga quyadi.
Ayrim manbalarga qaraganda, Amudaryo X111 asr boshlaridan toki XU1 asrgacha,
ya'ni 300 yil mobaynida o'z suvini O'zboy o'zani orqali Kasbiy dengiziga quyib
turgan, xuddi shu davrda Termiz shahrining port sifatidagi ahamiyati ortgan.
Qadimda Amudaryodagi eng qulay daryo kechuvi Termiz yaqinidagi Payg'ambar oroli
orqali amalga oshirilar edi. Shuning uchun ham V.F.Minorskiy o'zining «Yunon
kechuvi» nomli asarida Yorg'oq (Yorgoh) kechuvi Termizning o'ziga Aleksand
Makedonskiy tomonidan asos solinguncha ham bor edi»,-deb ma'lumot beradi.
Garchi Termiz shahrining kim tomonidan, qachon barpo etila boshlaganligi
hususida V. F. Minorskiy fikriga qo'shilmasak-da, kechuv borasidagi fikri
to'g'ri. Hofizi Abro' ham Termiz shahri yaqinidagi kechuv xaqida to'xtalgan:
Burdag'o'y-Jayxun qirg'og'ida Termiz mavzelariga tutash joydadir.
Burdag'o'y-yunoncha so'z bo'lib, mehmonxona degan ma'noni anglatadi. Qadimgi
kemalarning sardorlari turgan, deydi, xullas, bu tarixchi hozirgi Fayoztepa
yaqinidagi kechuv joyi haqida fikr yuritgan. Shunday qulay kechuv joyida
zarurat orasida qo'nalg'a, karvonsaroyining, keyinroq esa qishloq va shaharning
vujudga kelishi tabiiy bir hol edi. Qadimgi zamonlarda o'lkamizga tashrif
buyurgan VUDUning elchisi Chjan Syanning elchisi Amudaryoni Guy-Shuy degan nom
bilan atab, uni kema yuradigan, savdogarlar mollarini uzoq masofalarga olib
keta oladigan suv yo'li sifatida tilga olgan. Polibiy (miloddan avvalgi 201-120
yillar)ning ta'kildashicha, «Oks (Amudaryo) katta va kema yuradigan bo'lib,
irmoqlari hisobiga Baqtriyaga kelganda, juda yiriklashib ketadi».
Termiz Turonning eng janubida, daryoning kechuv joyiga yaqin, nisbatan
balandroq joyiga qurilgan, garchi bu yerdan Amudaryo burilib oqsa-da,
qirg'oqlarini yuvib ketmagan. Chunki Termiz qattiq qoyalardan iborat tagzamin
ustida barpo etilgan, Aleksandr Makedonskiy bosqini davri ishtirokchisi
tarixchi Arrian Flaviyning (taxminan 95-175 yillarda) yozishicha, Oksning
kengligi olti stadiy keladi va u juda chuqur bo'lib, oqimi uyrimli va kuchli,
shu bois, armiya uning kechuvidan o'tguncha ko'plab otlaridan ayrilgan. Arablar
bosqini davrida ham Amudaryodan suv yo'li sifatida keng foydalanishgan,
masalan, Tabariyning yozishicha, (Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir at Tabariy
(839-923 yy) Qutayba Chag'oniyon yuqorisidagi Shuman va Axarunga yurishidan
qaytishda, Amudaryodan qayiqqa o'tirib, Chorjuygacha boradi. Termizlik
hunarmandlar yirik shoxona kemalar ham qurganlar, bu kemalarda Termizga kelgan
shohlar, sultonlar daryoda suzib xordiq chiqarishgan. X asrda Istaxriyning (1X
asrning ikkinchi yarmi X asr birinchi choragida yashagan sayyoh va geograf
To'la ismi: Abu Ishoq Ibrohim ibn Muhammad al-Forsiy al Istahriy (850-934 yy)
ma'lumotlariga qaraganda, Termizning iqtisodiy hayotida kemasozlar
(qayiqchilar) alohida o'rin tutgan. Ular yasagan kemalarning ko'pchiligi chetga
sotilgan, bundan tashqari, kemasozlar savdogarlarning mollarini Amudaryodan
o'tkazib qo'yish bilan ham shug'ullanishgan va buning uchun yaxshigina foyda
ham olishgan. Chunki, bu davrda Termizning savdo shahri sifatida o'rni yanada
oshgan edi, o'sha paytda Termizda o'ndan oshiq karvon saroylar qurilgan edi.
Abulfazl Bayhaqiyning (X1 asrdan o'tgan yirik tarixchi olim, to'liq ismi
Abulfazl Muhammad ibn al-Husayn al-Kotib al Bahaqiyning yozishicha,
G'aznaviylar sultoni Mas'ud Termizga ov qilish uchun daryo yo'li bilan shohona
kemasida kelgan. Maqdisiyning yozishicha o'sha vaqtlarda Termizda juda ko'plab
kemalar yasalgan.
Markaziy Osiyo xalqlari boshqa davlatlar bilan iqtisodiy va savdo aloqalari
bundan keyingi asrlarda ham jadal olib borilgan edi. Pyotr 1 davrida, uning
ko'rsatmasiga binoan 1717 yilda Knyaz Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi
ekspedisiya Astraxandan Xivagacha borib Amudaryoning Orolgacha quyiladigan suv
yo'lini ham o'rganish kerak edi. Biroq Bekovich-Cherkasskiy ekspedisiyasining
Xiva xoni Sherg'ozixon tomonidan qirib tashlanishi natijasida Pyotr I ning bu
ko'rsatmasi bajarilmay qoldi. Ruslar tomonidan Markaziy Osiyo X1X asrning
ikkinchi yarmida istilo qilingach, 1873 yil 27 aprel kuni Flotiliya boshlig'i,
1 rang kapitani Sitnikov boshchiligida 2 ta paroxod tarkibida 3 ta barja bilan
Amudaryoga kirib keldi. Ulkun daryosi bo'ylari bilan Qo'ng'irotga qarab
jo'nadi. Biroq Amudaryoning deltalari o'rganib chiqilmaganligi natijasida
ekspedisiyaning oldinga siljishiga yo'l qo'yilmadi. 1873 yil 1 avgustga kelib
general shtab polkovnigi N.V.Kaulbars Amudaryoning quyilish joylarini tekshirib
kema qatnamaydigan yo'lning Orol dengiziga chiqiladigan joylarini izladi va
Amudaryoning Quvan-Jarma, Dauqara ko'li va Yalisuv daryosining quyilishi orqali
chiqsa bo'lishini aniqladi. Bu yo'l bilan Kozalinskdan (Sirdaryodagi flot
bazasidan) Orol dengizi orqali Amudaryoda doimiy ravishda yuk tashila
boshlandi. Keyinroq esa Amudaryo qirg'og'ida Qabaqli qo'rg'oni va mudofaa
inshooti qurilib ishga tushirildi.
Chorjuy shahrida 1888 yili Amudaryo harbiy flotiliyasining birinchi «Podsho» va
«Sarisa» nomli kemalari, paroxodlari tashkil etiladi. O'sha vaqtda bu kemalar,
paroxodlar daryo transportidagi yangi kemalar va paroxodlar edi. Bu kemalar
o'sha vaqtda 520 ot kuchiga ega bo'lib, ular uchun ?qilg'i temir yo'l orqali
tashib keltiriladigan Boku neftining mazutlari bilan yuritilar edi. Amudaryo
bo'yiga Amudaryo harbiy flotiliyasi kemalaridan tashqari «Xiva» nomli
aksionerlik jamiyati va mayda qayiq egalari ham faoliyat ko'rsatar edi.
Amudaryo yo'nalishi bo'ylab shunday qiyinchiliklarga qaramasdan X1X asrning
oxirida o'n bitta kemalar va o'n to'qqiz dona barjalar suzib turdi. Barjalar
(shatakka olib yuriladigan yuk kemasi) faqat daryoning yuqorisiga qarab
shatakka olinar, quyi tomonga qarab esa bu barjalar o'zlari suzar edi. Harbiy
flotiliya kemalari bilan yil davomida 15 ming tonna har xil yuklar va 20-25
ming yo'lovchilar (asosan harbiylar) tashildi. Chorjuydan Termizgacha va pastga
qarab To'rtko'lgacha qilinadigan reys bir oyga yaqin vaqtni olar edi. Kam yuk
ko'taradigan flotni Amudaryoda asosan qayiqlar tashkil qilar va ularning soni
1500 donani tashkil qilib, bu qayiqlarda mahalliy o'rmonlarda yetishtirilgan
tollardan yasalgan edi. Tollar asosan ho'l tomirlari bilan olinar va ?g'och
shirasi bilan bo'yalar, bu esa ?g'ochni chirib ketishidan asrar edi. Mahalliy
toldan yasalgan, palubasi bo'lmagan ?g'och kemalar 20-40 tonnagacha yuk
ko'tarar edi.
Bu kemalarning tashqi korpusi qattiq chorqirra (ustun)lar bilan o'zaro
biriktirilgan bo'lib, bunday qayiqlar unchalik quvvati bo'lmay, vazni ham og'ir
va boshqarishda katta qiyinchiliklar tug'dirar edi. Markaziy Osiyoga Sibirning
nina bargli o'rmonlaridan kesib kelingan ?g'ochlarning keltirilishi natijasida
rus hunarmandlari bu ?g'ochdan yengil qayiqlar yasay boshladilar. Bu kemalar
keyinchalik o'ris kemalari deb atala boshladi, bu yengil qayiqlar yasalishining
ko'payishi natijasida, mahalliy tol qayiqlar iste'moldan siqib chiqarildi.
Termiz shahriga barcha yuklar Samarqanddan, quruqlikdan va Amudaryo orqali olib
kelinar edi.
Chorjuydan Termizga 1894 yilning avgust oyida birinchi katerlar guruhi pochta
va yuklarni qo'riqlash uchun keldilar. Shunda ular Surxondaryoning ichkarisiga
ikki kilometr yurdilar va bu yerda o'zlarining qarorgohlarini tashkil qilmoqchi
bo'ldilar. Kech kuzda Surxon daryosidan suv kamayganligi sababli qarorgoh
quruqlikda qolib ketdi. Qarorgoh 1896 yilga kelib Amudaryo bo'yiga ko'chirildi,
shunday qilib Surxon vohasida daryo portining ilk manzilgohi vujudga keldi.
Umuman olganda XIX asr oxiri- XX asr boshlarida Surxon vohasining
ijtimoiy-siyosiy, iqgisodiy va madaniy hayotida ancha orqaga ketishni kuzatish
mumkin.
Комментариев нет:
Отправить комментарий