Insoniyat tarixiga nazar
solar ekanmiz, odamlar hayotning ilk bosqichlaridanoq o'ziga xos turmush tarzi
va ba'zi bir moddiy madaniyatga ega bo'lganligiga ishonch hosil qilamiz.
Dunyodagi eng qadimiy inson makoni sifatida ko'plab yodgorliklarga ega Surxon
vohasi nafaqat mamlakatimizda olib borilgan tadqiqotlarda, balki chet el
tadqiqotlarida ham hurmat bilan tilga olinadi. Ana shu ma'noda vohamiz ko'plab
chet ellik va mahalliy olimlarning diqqatini ohanrabodek o'ziga jalb etib kelmoqda.
Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida shu narsa aniq bo'ldiki, vohamizning
insoniyat sivilizasiyasining qadimgi beshiklaridan biri ekanligi isbot
qilindi.
Ma'lumki insoniyat taraqqiyotidan madaniy-tarixiy davrning ilk bosqichi, mehnat
qurollari toshdan yasalganligi sababli poleolit (grekcha «palayos»-qadimgi,
«letos»-tosh degan ma'noni bildiradi), ya'ni qadimgi tosh davri deb ataladi.
Olimlar insoniyat tarixida uzoq davom etgan tosh davrini quyidagi bosqichlarga
bo'ladilar:
1. Qadimgi tosh
davri-poleolit
2. O'rta tosh davri-mezolit
3. Yangi tosh davri-neolit
4. Mis tosh davri-eneolit
Poleolit davrida mehnat qurollari takomillashib, inson hayoti ham o'zgarib
bordi, shunga ko'ra poleolitning o'zi ham uch bosqichga bo'linadi, ilk, o'rta
va so'nggi poleolitdir. Shuni alohida ta'kidlash joizki, O'zbekiston hududida
eng qadimgi odamlar 1 mln. yildan ziyod vaqtdan beri, ya'ni ilk poleolit
davridan buyon yashab kelayotganligini arxeologik olim O'.Islomov isbot qilib
berdi. Arxeolog olim O'.Islomovning yozishicha: «O'zbekiston hududida odamning
paydo bo'lishi tarixining ilk bosqichlariga oid yodgorliklarni o'rganish 1938
yildan boshlangan. Shu yili A.P.Okladnikov boshliq ibtidoiy davr
arxeologiyasini o'rganish otryadi Boysun tumanidagi Turkondaryoning Zovtalashgansoy
darasida joylashgan Teshiktosh g'orini tadqiq qildi. Dengiz sathidan 1500 m. balandlikdagi
g'orning uzunligi 21 m,
eni 20 m,
balandligi 7-9 metrni tashkil qiladi. Umumiy maydoni 300 kv.m. Shundan 100 kv.
m joyi neandertallar yashaganligiga guvohlik beruvchi arxeologik materiallarga
ega. Yodgorlik 5 ta madaniy qatlamdan iborat. Bu hol manzilgoh bir necha
marotaba tark etilganligidan dalolat beradi. G'orning har bir qatlamida
bittadan, ba'zilarida ikkitadan gulxan qoldiqlari saqlanib qolgan. Bu gulxanlar
atrofidan ko'plab tog' echkisi, bug'u, sirtlon, ayiq, quyon va har xil
qushlarning suyak qoldiqlari topilgan. Eng muhimi, yuqori madaniy qatlamdan
9-10 yoshlardagi neandertal bolaning qabri topilganligi - yodgorlikni dunyoviy
ahamiyatga molik darajaga ko'tardi.» Ushbu antropologik topilma katta qiziqish
uyg'otdi va mutaxassis olimlardan G.F.Debes, M.M.Gerasimov, M.D.Gremyaskiy va
V.A.Alekseyevlar uni o'rganishda jonbozlik namunasini ko'rsatdilar.
Aniqlanishicha, topilgan neandertal bola kalla suyagining hajmi 1450 sm kub
bo'lib, u irqiy jihatdan Yevropa va Old Osiyo guruhiga mansub ekanligi ilmiy
jihatdan asoslab berildi.
Teshiktosh g'orini qazish natijasida ma'lum bo'ldiki, undagi kishilarning
asosiy va muhim kasbi kiyik, arxar, tog' echkisi va boshqa hayvonlarni ovlash
bo'lgan.
G'ordan topilgan hayvonlarning 667 ta suyagidan 649 tasi kiyik suyagidir. Ov
ko'p odamlar ishtirokini talab qilganligi sababli u ibtidoiy odamlarni birga
harakat qilishga jipslashtirgan asosiy omillardan biri edi. Yaralangan yirtqich
hayvon bilan olishuvda ko'pincha odamlar halok bo'lganlar, ular qo'lga kiritgan
o'ljalarini birga baham ko'rganlar. Ayollar termachilik, ya'ni meva-cheva
terish, ildiz kovlash bilan shug'ullangan va mehnat qurollari tayyorlaganlar.
Mashhur antropolog olim va haykaltarosh M. M. Gerasimov bolaning qiyofasini
yaratdi, bolaning bosh suyagi juda siqiq, peshonasi yaydoq, past, qosh-qovog'i
osilib turadi. Chaynash muskullari baquvvat, iyagi tekis, bosh suyagining
holati va bukchaygan qomati o'sha vaqt odamining hali qaddini rostlab yurishga
odatlanmaganidan dalolat beradi. U o'z qiyofasi bilan Yevropada yashagan
neandertal shaklidagi odamlarga juda o'xshaydi. Uning qabri atrofiga qo'yilgan
taka shoxlari bolani go'yo jinlardan himoya qilgan, bu quyosh ramzi bo'lib
diniy ahamiyatga ega bo'lganligini tasdiqlaydi. Xuddi shu o'rinda akademik
B.G'afurovning fikrlari ancha e'tiborli ko'rinadi, olim Teshiktoshdan topilgan
tosh buyumlarni o'rta paleolit davriga oid deb hisoblaydi. G'ordan topilib
o'rganilgan uch ming donaga yaqin tosh buyumlardan 339 tasi tugallangan
qurollar sirasiga kiradi. Ulardan o'tkir uchli toshlar pichoqqa monand bo'lib,
ovlangan hayvonlarni terilashda, daraxtlarni qayta ishlashda foydalangan
bo'lishlari mumkin. Bu neandertal odamlar, asosan, tog' takasi, kiyik, ayiq,
sirtlon va boshqa mayda hayvonlarni ovlagan, bular mustye davriga to'g'ri
keladi. Bundan tashqari bola skleti atrofida tog' takalarining shoxlari
yotganligi hodisasi, aftidan maxsus dafn marosimi bo'lganini xotirga tushiradi.
Ko'plab tog' g'orlarida qadimiy odam qo'nalg'alari aniqlangani holda, muhimi
Turkon(Sherobod)daryo sohillaridagi Boysuntog'ning Teshiktosh g'orlaridan
topilgan bola bosh suyaklariga monand boshqa suyaklar hali hanuz butun boshli
Markaziy Osiyoda topilganicha yo'q. Qadimshunos olimlarning fikri va xulosasiga
ko'ra Teshiktosh g'oridagi hayot mezolit davrida ham davom etgan. Madaniy
qatlamning qalinligi 40 m
cha bo'lib, undan tog' echkisi, ayiq, toshbaqa suyaklari hamda kremniy,
chaqmoqtosh, ohaktosh, qumtosh, yashma, kvarsit va boshqa vulqoniy tosh
jinslaridan ishlangan turli xil tosh qurollari topildi. Toshdan yasalgan
qurollar ichida paykonlar, qirg'ichlar, tosh pichoqlar va tosh chopqilar bor
edi. Bu topilmalar tufayli viloyat aholisining qadimgi hayoti va xo'jalik
sohasidagi turmush darajasini aniqlash mumkin. Umuman, Surxondaryo vohasidan
qadimgi odamlar yashagan 15 ta yuqori paleolit manzilgohlari topilgan.
Teshiktosh yodgorligi O'zbekistonning janubiy hududidan topilgan o'rta paleolit
(mustye) davriga oid yodgorlikdir.
Viloyat hududida tosh davri yodgorliklari juda ko'p, shunday yodgorliklardan
yana biri Amir Temur g'ori xisoblanadi. Bu g'or Teshiktosh g'origa ancha yaqin
joylashgan bo'lib, asosan o'rta tosh davriga oiddir. Amir Temur g'oridan
topilgan tosh qurollar Teshiktosh g'oridan topilgan tosh qurollarga ancha
o'xshashdir. Amir Temur g'orida yashagan ibtidoiy odamlar ovchilik va
termachilik mashguloti bilan shug'ullangan. G'orda olib borilgan arxeologik
qazuv ishlari natijasida bu yerdan juda ko'plab hayvon suyaklarining topilishi
yuqoridagi fikrlarning isbotidir. O'rta tosh davriga kelib, iqlimning isishi
natijasida ibtidoiy odamlar faqatgina g'orlarda yashab qolmasdan, balki
pasttekisliklar va vodiylarga ko'chib chiqib makon qura boshlaganlar. Bu davrda
ular qorin ilinjida ov o'ljalari izidan yurib, ularni ta'qib etib, asosan daydi
hayot kechirganlar. Muhimi Amir Temur g'ori qatlamlaridan eni 1-1,5 metr
keladigan gulxan, yog'och, ko'mir qoldig'i topilgan. Bu joy past va zahdigi
tufayli neandertal ovchilarining vaqtinchalik qo'nilgohi bo'lgan bo'lsa kerak.
Viloyatning o'rta tosh davriga oid pasttekisliklarida joylashgan arxeologik
yodgorliklar qatoriga ko'hna Termiz atroflari, Ayritom hamda To'palang daryosi
havzalaridan topib o'rganilgan ibtidoiy davr odamlari manzilgohlarini ham misol
qilib ko'rsatish mumkin. Ushbu mazilgohlardan toshdan va suyakdan yasalgan juda
ko'plab ov qurollari topildi hamda atroflicha tahlil etilib, tegishli xulosalar
o'rtaga tashlandi. Surxondaryo viloyatida yuqori paleolit davri yodgorliklari
asosan, To'palang daryosi vohasi atrofida o'rganib tadqiq etildi. Hozirgi
To'palang daryosi suv ombori hududida beshta manzilgohdan yuqori paleolit
davriga oid tosh qurollari topildi, ular orasida uchrindilar, parrak
uchrindilar va qirg'ichlar mavjud.
Viloyatdagi yana bir qadimiy makon Machay g'ori mezolit, ya'ni o'rta tosh
davrining yirik yodgorligi bo'lib, Boysun tog'i etaklaridagi Machay soyining
yuqorisida joylashgan. Machay g'orida ovchilar va baliqchilar jamoasi yashagan,
ushbu yodgorlik 1938-1941 yillarda G.V.Parfyonov tomonidan ochib o'rganildi.
1937 yilda arxeolog A.P.Okladnikov mustye davriga oid ikkita qatlamni ochib
ilmiy izlanishlar olib bordi. Arxeolog O'. Islomov 1970-1971 yillarda Machay
g'orini o'rganib, undan topilgan tosh va suyakdan yasalgan qurollar mezolit
davriga oid ekanligini isbot qildi.
Mezolit bosqichining eng muhim manzilgohlaridan hisoblangan Machay g'ori o'rta
tosh davrining miloddan avvalgi VII-VI ming yilliklariga oid bo'lib, bu
manzilgoh yuqori Machay va quyi Machay qishloqlari oralarida joylashgan.
Arxeologik qazuv ishlari na-tijasida bu yerdan juda ko'plab turli shakllarda
toshgan yasalgan ov qurollari hamda tosh pichoqlar, shuningdek, suyakdan
yasalgan bigiz, igna va ko'plab miqdorda hayvon suyaklari hamda inson suyaklari
topib o'rganildi. Antropolog olim T. K. Xo'jayevning fikriga ko'ra, Machay
g'orida yashagan odamlar antropologik jihatdan yevropoid irqiga mansubdir.
Machay g'orida yashagan ibtidoiy odamlar, asosan, o'zlashtiruvchi xo'jalikning
ovchilik va termachilik mashg'ulotlari bilan shug'ullanganlar. Qolaversa, shu
davrda yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish jarayoni ham aynan mustye davrida
sodir bo'lib, Machay g'oridan topilgan suyak qoldiqlari ham bu fikrni to'liq
isbotlaydi. Qizig'i, bu yodgorlik o'sha davr kishilarining suyak qoldiqlari
asosida insoniyatning antropologikqiyofasini va hayvonot dunyosini o'rganishda
bebaho manba hisoblanadi. G'ordan ko'plab tog' echkisi, katta va kichik shoxli
hayvon suyaklari topilib o'rganildi va natijada VIII-VII minginchi yillarda
Machay g'orida yashagan odamlar hayvonlarni xonakilashtirishga o'tganligidan
dalolat beradi. Tag'in esa o'sha odamlar, ya'ni sizu bizning qadimiy
ajdodlarimiz tabiatdagi mavjud tayyor narsalarni o'zlashtiribgina qolmasdan,
balki ishlab chiqarish iqtisodiga ko'nikma hosil qila boshlagan ekanlar.
Eng muhim va dolzarb tomoni shundaki, ushbu g'ordan ibtidoiy ajdodlarimiz qo'li
bilan yasalgan va ularning o'zlari ehtiyojlariga yarasha ishlatgan tosh
qurollar fan olamiga olib kiritildi. Bu tosh qurollari Markaziy Osiyoning,
ayniqsa boshqa mezolit davri manzilgohlaridan topilgan tosh qurollaridan
yasalgan usuli va shakllari jihatidan farq qiladi. O'rganib tadqiq etilgan
yuqoridagi tosh qurollari mezolit davrining o'ziga xos madaniyatini tashkil etadi
va bu esa fanda Machay madaniyati nomini oldi.
Demak, Surxondaryo viloyatida eng qadimgi paleolit davridan boshlab, hozirga
qadar inson hayoti va madaniyati uzluksiz davom etib kelmoqda ekan.
Surxondaryo tarixi kitobidan