YUNON-BAQTRIYA VA KUSHON PODSHOLIKLARI DAVRIDA SURXON VOHASI
YUNON-BAQTRIYA VA KUSHON
PODSHOLIKLARI DAVRIDA SURXON VOHASI
Miloddan
avvalgi III asr o'rtalarida Baqgriya satrapligining salavkiylar markaziy
hokimiyatiga nisbatan muxolifati kuchayadi. Miloddan avvalgi 250 yilda Baqtriya
satrapi Diodot Baqgriya yerlarini Salavkiylar davlatidan ajratib,
Yunon-Baqtriya davlatiga asos soladi. Bu davrda Yunon-Baqtriya davlatiga
nafaqat Baqtriya yerlari, balki So'g'diyona va Marg'iyona yerlari ham bo'ysuna
boshlagan edi. Baqtriya yerlarining Salavkiylar davlatidan ajralib
chiqishi aholiga bir qadar yengillik beradi. Bu davrda Baqtriya satraplari, bir
tomondan, salavkiylar markaziy hokimiyati xurujlariga qarshi kurashgan bo'lsa,
ikkinchi tomondan, Parfiya podsholari tajovuziga qarshi kurash olib boradi.
Mustaqillikka erishgan Baqtriya Diodot I davrida qudratli davlatga aylanadi.
Yunon-Baqtriya podshosi Yevtidem davrida mamlakatning chegara hududlarini
mustahkamlashga alohida e'tibor beriladi. Miloddan avvalgi 206 yildan boshlab
Baqgriya yerlariga Salavkiylar davlatining solib turgan xavfi yo'qotiladi. Bu
davrda vohada sun'iy sug'orishga asoslangan ziroatchilik va hunarmandchilikning
qator tarmoqlari ancha yuksaladi. Pirovard natijada ko'plab shaharlar qad
rostlaydi, xususan, Mirshodi vohasida yashagan aholi Dalvarzintepa o'rnidagi
shaharga, Sherobod vohasida yashagan aholining bir qismi Jondavlattepa
o'rnidagi shaharga, yana bir qismi esa Tallashqon II nomi bilan atalgan
manzilgohga, Sho'rchi qishlog'i o'rnida esa Kofirqal'a (Kampirtepa) singari
shaharlarga asos solinadi. Bu davrda Termiz (Tarmita) shahrining maydoni bir
necha gektarga kengayadi. Shuning uchun ham yunon muarrixlari o'z asarlarida
Baqtriya xususida to'xtalib: «Baqtriya - ming shaharli mamlakatdir» deb
ta'kidlab o'tishlari bejiz emas edi, albatta.
Baqtriya o'sha davrda juda katgagina qo'shinga ham ega bo'lgan, tez-tez bo'lib
turadigan jangu jadallar ham Baqtriya taraqqiyotini to'xtata olmagan.
Xo'jalikning turli sohalaridagi rivoji natijasida savdo-sotiq ham ancha kamol
topgan. Bu davrda baqtriyalik savdogarlar Chin-Mochin, Hindiston va Eron kabi
mamlakatlar bilan iqgisodiy aloqalar olib borganlar. Baqtriya ziroatkorlari
yetishtirgan mahsulotlar haqida yunon va chin manbalarida o'ta hayajon bilan
so'z yuritiladi.
Baqtriyalik hunarmandlar oltin, kumush, qo'rg'oshin, qalayi, mis va bronzadan
juda nafis zebu ziynat buyumlari, uy-ro'zg'or va xo'jalik qurollari yasaganlar.
Bu davrda to'quvchilik, ko'nchilik, qurolsozlik va zargarlik hunarlari ancha
yuksaladi.
Ilmiy izlanish natijalariga ko'ra, Baqtriyaning Salavkiylardan ajralib chiqishi
mil. avv. 256 yilda ro'y bergan. Bu davrda Diodot Salavkiylarning Baqtriyadagi
noibi edi, u shohlik rutbasini faqat Antiox II ning vafotidan keyin, taxminan
mil. avv. 247-246 yillarda qabul qilishi mumkin edi va Baqtriyada mil. avv. 268
yildan mil. avv. 230 yilga qadar hukmronlik qiladi. Diodot I dan keyin Baqtriya
taxtini uning o'g'li Diodot II egallaydi, undan keyin esa hokimiyat Evtidemga
o'tadi. Diodotga hamda Salavkiylarga qarindoshligi bo'lmagan Evtidem Diodot II
ni o'ldirib, taxtni kuch bilan egallaydi, bu voqea mil avv. III asrning
20-yillarida sodir bo'lgan. Shundan keyin Salavkiylar shohi Antiox III
Evtidemni rasmiy hukmron sifatida tan oladi. Evtidemdan keyin Yunon-Baqtriya
taxtini uning o'g'li Demetriy egallaydi, bu voqea taxminan mil. avv. II asrning
90-yillarining oxiri 80-yillarning boshlarida yuz bergan. Strabon
ma'lumotlariga tayangan tadqiqotchilar Demetriyni «Hindistonning istilochisi»
deb ataydilar, lekin bu masala fanda hali to'la o'z yechimini topmagan.
Tangashunoslik tadqiqotlarining ma'lumotlariga tayangan holda ushbu muammo
atroflicha o'rganildi va professor V.M.Massonning fikriga ko'ra, Demetriy
hukmronligi yillarida yunonlarning Baqtriyadan Hindistonga siljishi,
Yunon-Baqtriya shohlarining Hind-Yunon shohlariga aylanishi jarayoni
boshlanadi. Keyinchalik bu jarayonni Osiyoning ichkari qismidan kelgan
ko'chmachi qabilalar tezlashtiradilar. Basharti voqealar rivojiga e'tibor
bersak, Demetriy o'z hukmronligining so'nggi yillarida Evkradit tazyiqi ostida
Baqtriya mulklaridan siqib chiqariladi va unchalik katta bo'lmagan Hind
mulklarini boshqarish bilan kifoyalanadi.
Yunon-Baqtriyaning yozma manbalarda nomlari uchramaydigan shohlari ham
bo'lganki, masalan, Evtidem II, Antimax, Pantaleon, Agfokl, Geliokl kabi
hukmdorlarning nomlari bizga faqat tangalar orqali yetib kelgan. Tangashunoslik
ma'lumotlariga tayangan holda ular hukmronligining chegaralari masalasi imkon
darajasida o'rganildi. Yunon-Baqtriya podsholigida Evkradit hukmronligi davrida
(u taxm. Mil. avv. 170 yilda hokimiyat tepasiga kelgan) siyosiy vaziyat ancha
murakkab kechadi. U so'g'diylar, araxoziyaliklar, draiglar, areylar, hindlar va
parfiyaliklar bilan tinimsiz urushlar olib borishga majbur bo'ldi. Uning
davrida parfiyaliklar Yunon-Baqtriya davlati g'arbiy viloyatlarning ma'lum
qismini egallaydilar. Evkratid Hindlar shohi Demetriy bilan jang qiladi va uni
yengib Hindistonni egallaydi. Hindistondan qaytayotgan Evkradit taxt vorisi
bo'lgan o'z o'g'li tomonidan o'ldiriladi. Hozirgi qadar mutaxassislar o'rtasida
Yunon-Baqtriyaning oxirgi hukmdori va evkratidning qotili Geliokl degan fikr
mavjud edi. Yozma manbalar va tangalarning so'nggi tahlili bu masalaga oydinlik
kiritish imkonini berdi. Unga ko'ra, Geliokl Evkratidning otasi bo'lgan,
padarkush o'g'il esa Platon bo'lgan. Bu mash'um voqea mil. avv. II asrning
40-yillarida sodir bo'lgan. Platon taxminan ikki yil hukmronlik qilgan va u
baqtriyadagi oxirgi Yunon hukmdori edi.
Baqtriya davlati podsho Demitriy (mil. avv. 199-167 yil.) davrida o'z
taraqqiyotining yuqori cho'qqisiga ko'tariladi. U davlat boshqaruvi sohasida
islohot o'tkazib, davlatni mayda hokimliklarga bo'lib boshqaradi. Demitriy
davrida harbiy istehkomlar va qal'alar qurishga alohida e'tibor beriladi. Bu
davrda Shimoliy Hindiston yerlari ham Yunon-Baqtriya davlatiga bo'ysundiriladi
va davlat poytaxti Hindistondagi Taksila shahriga ko'chiriladi. Miloddan
avvalgi 168 yida Baqgriyada davlat to'ntarishi sodir bo'lib hokimiyat tepasiga
kelgan Yevkratid va uning yunon vorislarining zamonidan Yunon-Baqtriya davlatida
siyosiy tanglik kuchayib, mamlakat inqrozga yuz tutadi. Miloddan avvalgi
140-138 yillar oralig'ida So'g'd yerlari orqali Baqgriya yerlariga kirib kelgan
yuechji qabilalari Yunon- Baqtriya davlatiga barham beradi.
Kushonlar davlati. Yuechji qabilalari Baqtriya yerlarida o'rnashgandan keyin
ham ma'lum vaqt yagona davlat barpo qila olmagan. Oradan ancha yillar o'tgach,
guyshuan qabilasi sardori Kudzula Kadfiz beshta qabilani birlashtirib Kushon
davlatiga asos solgan. Kushon davlatining dastlabki o'zagini Baqtriya yerlari
tashkil etgan. Kushonlar davlatining dastlabki poytaxti ham Sho'rchi tumani
hududida joylashgan Dalvarzintepa yodgorligi xisoblanadi. Kushonlar davlatini
yabg'u unvoniga sazovor bo'lgan hokimi mutlaq podsho boshqargan. Podshoning
asosiy tayanchi yaxshi qurollangan harbiy qo'shin bo'lgan. Kushonlar qo'shini
asosan otliq va piyoda qismlardan iborat bo'lib, qilich, xanjar, nayza va
jangovar bolta bilan qurollangan. Kushonlar davlatida davlatni satrapliklarga
bo'lib idora qilish tartibi saqlab qolingan. Kushon podsholari katga va kuchli
qo'shinga tayanib, mamlakat chegaralarini kengaytirib borganlar. Olib borilgan
istilochilik yurishlari natijasida Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston va
Markaziy Osiyoning kattagina qismi Kushonlar davlatiga bo'ysundirilgan.
Kushonlar saltanati podsho Kanishka davrida (78-123) nihoyatda
gullab-yashnaydi. Bu davrda Xitoy, Rim, Parfiya singari o'sha davrning nufuzli
davlatlari bilan savdo-sotiq, iqtisodiy va rasmiy aloqalar yo'lga qo'yiladi,
madaniy sohadagi aloqalar ham ancha kengayadi.
Xitoy tarixiy manbalarida qayd etilgan Guyshuanlar, milodiy 1 asrda Baqtriyada
o'z hokimiyatlarini Kioszyuko rahbarligida o'rnatib, uning asli ismi Kujula
Kadfiz edi. Kujula Kadfiz Xyumi, Shuanmi, Xeytun Gaofu sulolalaridan iborat
to'rt hokimlikni ham o'ziga bo'ysundirdi. Baqtriyada hokimiyatni mustahkamlab
olgan Kujula Kadfiz qo'shni viloyatlar bo'lgan So'g'diyona, Marg'iyona,
Hindistonning shimoli-g'arbiy qismlarini istilo qildi. Kushonlar imperiyasini
mustahkamlashda Kujula Kadfizning o'g'li Yangaochjen, ya'ni Kadfiz II muhim
ahamiyatga ega bo'lgan ichki-tashqi siyosat yuritib, Hindistonni Hind daryosi
quyi oqimlari, hatto Gang daryosi vodiysigacha bo'lgan yerlarni ham o'z
ixtiyoriga o'tkazdi. Kushonlar davlati Kanishka hukmronligi davrida eramizning
I asr oxiri-II asr birinchi choragida yanada kuchaydi. Kushonlar hokimiyatni
hind zaminining janubiy viloyatlari, So'g'diyona orqali Farg'ona, Sharqiy
Turkiston ham tan oldi. Kanishka davrida Turkiston o'lkasining asosiy
hudularini o'z hokimiyatiga bo'ysundirib, Xorazm bilan iqtisodiy madaniy
aloqalarni yana mustahkamladi. Kanishka olib borgan siyosatni Vasishka,
Xuvishka, Kanishka II, Vasudeva, Kanishka III, Vasudeva II lar davom ettirib,
siyosiy hokimiyatni kuchaytirishga harakat qilgan. Biroq siyosiy
kelishmovchilik, o'zaro nizo-janjallar, hokimiyat uchun kurashni kuchaytirish
tufayli kushonlar saltanati asta-sekin zaiflashib borgan. Kushonlar saltanati
siyosiy-ma'muriy boshqaruvi tizimi an'anaviy satrapiyalar tizimga moslashuv
asosida qurilgan bo'lib, satraplar oliy hukmdor tomonidan uning ishonchini
qozongan, chamasi o'z doirasi namoyandalari orasidan tanlangan. Shu bilan birga
satraplik lavozimiga harbiy yurishlarda jonbozlik ko'rsatgan lashkarboshilar
ham lozim topilgan vaqtlar bo'lgan, umuman olganda esa satraplar baqtriyaliklar
orasidan bo'lishi shart edi. Kushonlar davlati armiyasi yaxshi qurollangan
bo'lib, umumiy harbiy qudrati 150-200 ming kishini tashkil etdi. Kushon
jangchilari uzunligi 1 metrdan oshiqroq har ikki tomoni o'tkir qilich, xanjar,
nayza, jangovar bolta, sipqon kabi qurollari bilan qurollangan. Kushonlar
harbiylar suyak yo shox bilan qoplangan murakkab qo'sh kamonni ixtiro qildi. Bu
kamon Uraloldi yerlari orqali Shotlandiyagacha, Sharqda Eron, Hindiston va
Xitoygacha keng tarqalib harbiy ishlarda keng qo'llanildi. Kushonlar davrida
mamlakatning iqtisodiy xo'jaligi keng taraqqiy etib, metallsozlik, shishasozlik
mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlanib, oltin, kumush, qo'rg'oshin,
qimmatbaho toshlar, qurilish xom-ashyolari qazib olish ancha takomillashib
borgan. Kadfiz II ning amalga oshirgan pul islohoti natijasida 8 grammlik oltin
tangalar, kumush, bronza tangalar savdo muomalasiga chiqarildi. Madaniy
taraqqiyot natijasida yozuvlar ancha takomillashib so'g'dcha, xorazmcha,
parfiyacha, baqtriyacha yozuvlar mukammallashib, ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy
hayotda ijobiy natijalarga erishdi. Kushonlar davrida Surxondaryo hududida
saroylar qurish, arxitektura qurilishi rivojlanib, haykaltaroshlik, rassomlik,
naqqoshlik san'ati eng yuqori natijalarga erishdi. Kushonlar imperiyasiga xos
moddiy ma'naviyat asoslari keng rivojlanishi tufayli rasmiy, diniy, ishlab
chiqarish, turar joy, sun'iy sug'orish mudofaa, maxsus, tijoratga taalluqli
qurilish binolari bilan uyg'unlashgan holda qurilgan.
Kushonlar davri moddiy va ma'naviy madaniyatini o'rganishda qadimshunos va
san'atshunos olimlardan V. M. Masson, B. YA. Staviskiy, L. I. Albaum, G. A.
Pugachenkova, E. V. Rtveladze, B. A. Turg'unov, T. V. Belyayev hamda SH. R.
Pidayevlarning ilmiy xizmatlari beqiyos darajada kattadir. Ushbu olimlar
tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida kushonlar davrida voha
shahar va qishloqlari hamda aholisining mashg'uloti, yashash tarzi, madaniyati,
diniy e'tiqodi va qo'shni davlatlar bilan olib borilgan savdo-sotiq, madaniy
hamda diplomatik aloqalari haqido qimmatli ma'lumotlar aniqlandi. Kushon
davlati Markaziy Osiyoning janubi-sharqiy va Hindistonning shimoli-g'arbiy
hududlarini o'z ichiga olgan antik davlat edi. Uning shimoliy chegarasi Darbandning
Kushon davridagi devori bilan chegaralanadi. XX asrning 80-yillarida bu devorni
akademik E. V. Rtveladze kashf etgan.
Biroq Gabaza viloyatining joylashgan o'rni masalasi hozirga qadar uzil-kesil
hal qilinmagan. XIX-XX asr boshlaridagi topografik xaritalarda Oqrabotdan
g'arbdagi joylar «Gabzan» deb belgilangan. Armaniston manbalrida Arang
(Amudaryo) daryosiga yaqin yerda joylashgan Gozbon haqida ma'lumotlar bor.
Arman tarixchisi Sebeosning xabar berishicha, fors yo'lboshchisi Mehrivandak
«Baxl (Balx) va Ulug' daryo nariyog'idagi Kazbion degan joygacha butun
Kushonlar mamlakatini qo'lga kiritgan». Yuqoridagi ma'lumotlardan Kazbion,
Gozbun, Gozbon va Kursiy Rufning Gabaza-Gazaba tushunchalari turli asrlarga oid
bir umumiy viloyatning nomi ekanligi anglashiladi. Ushbu viloyatning joylashgan
o'rni xususida olimlar turlicha qarashlarni ilgari surdilar. I.Markvartning
fikriga ko'ra, Kazbion Buxoro vohasida joylashgan, ko'pchilik olimlarning
taxminiga ko'ra, Kazbion Qarshidan g'arbdagi Kaspi (o'rta asrlardagi Kesba)
shahri xarobalari o'rnida bo'lgan. Umuman, olimlar uzoq yillar mobaynida turli
manbalarga asoslanib, Gabaza-Gazabani turli hududlarda joylashtirishga harakat
qildilar. Bog'lon viloyatidagi Xulm hududi, Taliqon (Taxor viloyatining
markazi) hududi, Qunduz daryosining Bog'lon va Ishkimish orasidan oqib o'tuvchi
bir irmog'i bo'yidagi yerlar, hozirgi Afg'onistonning shimoliy-g'arbida
joylashgan Kerki shahri orasidagi yerlar shular jumlasidandir.
Arman manbalarini tahlil qilgan E.V.Rtveladze yuqoridagi hududlarning birortasi
ham Gabaza viloyati hududiga to'g'ri kelmasligini ishonarli tarzda asoslab
berdi. Uning fikriga ko'ra, Gazaba-Gabaza-Kazbion-bu tog'li joyning nomi
bo'lib, u bir tomondan Darband hamda Temir Darvoza, ikkinchi tomondan Yortepa
va G'uzor oralig'ida joylashgan.
Eng so'nggi arxeologik hamda topografik tadqiqotlar natijalari, yozma manbalar
va tangashunoslik ma'lumotlarini o'zaro qiyoslash natijasida Gabaza
viloyatining joylashgan o'rnini yanada oydinlashtirish imkoni paydo bo'ldi.
Ularga tayangan holda aytish mumkinki, Gozbon viloyati Janubiy So'g'ddan
Amudaryoga qadar cho'zilgan keng hududda joylashgan tog'li viloyat bo'lib, u
qator tog' tizmalaridan iborat bo'lgan janubi-g'arbiy Hisor tog' tizmini to'la
qamrab olgan. Uning asosini Amudaryodan Temir Darvozaga qadar bo'lgan hududda
yastanib yotgan Ko'hitang tizmasi tashkil etgan va uning shimoldagi chekka
shahri arman tarixchisi Sebeos tomonidan shakli buzib yozilgan Kazbion shahri
bo'lgan.
Keyingi paytlarda Kushonlar davlatining shimoliy chegaralari masalasi ham
ma'lum darajada ko'rib chiqildi. Ushbu masala ilk bor 1938 yili S.P.Tolstov
tomonidan ko'tarilgan edi. Uning fikricha, So'g'diyona Kujula Kadfiz
hukmronligi davrida Kushonlar saltanati tarkibiga qo'shib olingan. Keyinchalik
u Xorazmda topilgan tangalarga asoslanib, Xorazmni ham Kushonlar davlati
tarkibiga kiritadi. Kushonlar davlatining shimoliy hududlari to'g'risidagi
S.P.Tolstov xulosalari keyingi tadqiqotchilar uchun uzoq vaqt ilmiy asos bo'lib
xizmat qildi, natijada qator boshqa o'lkalar ham ushbu saltanat tarkibiga
kiritila boshlandi. Jumladan, 1950 yilga kelib K.V.Trever Choch viloyatini ham
Kushonlar davlati tarkibiga kiritadi. Tyanshan va Pomir-Oltoyda olib borilgan
arxeologik qazishmalarning yakunlariga asoslangan A.N.Bernshtam Farg'onani ham
Kushonlar davlati tarkibiga kiritadi. Keyinchalik Ustrushona ham Kushonlar
imperiyasi tarkibida bo'lgan degan fikr paydo bo'ladi.
1962 yilgi Tuproqqal'ada olib borilgan qazish ishlarining natijalariga
asoslanib, S.P.Tolstov milodning II-III asrlarida Xorazm Kushonlar tarkibida
bo'lgan, degan fikrni ilgari suradi. Bunda u Xorazmdan topilgan Kushon
tangalariga, haykallar va rasmlarga asoslanadi. Lekin Xorazmdan hozirga qadar
70 dan sal ziyodroq kushon tangalari topilgan, xolos. Surxondaryoning kushon
davriga oid kichik bir Oqqo'rg'on qishlog'i xarobasidan esa 160 dan ortiq tanga
topilgan. Ushbu muammo xususidagi an'anaviy fikrlarga birinchilardan bo'lib
YE.V.Zeymal qarshi chiqdi. U Tojikistondan topilgan tangalarni har tomonlama
tahlil qilib, Xorazm va So'g'diyona Kushonlar saltanati tarkibiga kirmagan
degan xulosaga keldi. Xorazmda topilgan tangalarni tahlil qilgan V.M.Masson ham
Xorazm va Marg'iyona Kushonlar davlati tarkibiga kirmagan degan xulosaga
keladi, lekin u So'g'diyona masalasida biroz ikkilanadi. M.YE.Masson Xorazm,
Choch, Farg'ona va So'g'diyonani Kushonlar davlati tarkibiga kiritishni asossiz
deb hisoblaydi. Bunda u Kushon shohlari tangalarining Markaziy Osiyo
hududlarida qanday tarqalganligiga asoslanadi. Darhaqiqat, Kushon shohlarining
tangalari asosan Markaziy Osiyoning janubiy hududlarida ko'p tarqalgan. Kushon
tangalari ko'proq Shimoliy Baqtriya hududlarida tarqalgan, hatto chegara
viloyat bo'lgan Janubiy So'g'diyona (Qashqadaryo vohasi)dan topilgan kushon
tangalari sanoqlidir.
Bu muammoni oydinlashtirishda 1986 yili E.V.Rveladzening Darbandda joylashgan
mudofaa devorini o'rganish yakunlariga bag'ishlangan ilmiy izlanishlari katta
ahmiyatga ega bo'ldi. Bu yerda tog' tepasida qurilgan 6,5 m qalinlikdagi chegara
devori aniqlangan, bu devor So'g'diyona va Baqtriyani bog'lovchi asosiy yo'l
ustida qurilgan va muhim strategik ahamiyatga ega bo'lgan. Darband devori
milodning I-II asrlariga oidligi aniqlandi, mazkur devor kushonlar tomonidan
qurilgan bo'lib, u kushonlar davlatining shimoliy chegarasini belgilaydi. O'sha
paytda bunday devorlar faqat markazlangan davlat tomonidan qurilishi mumkin
edi, demak Shimoliy Baqtriya Kushonlar saltanati tarkibida strategik ahamiyatga
molik chegara viloyati bo'lgan.
Darband devorining kashf etilishi So'g'diyona, Dovon, Choch va Xorazmning
Kushonlar saltanati tarkibiga kirganmaganligini ko'rsatadi. Bu borada so'nggi
arxeologik tadqiqotlarning natijalari ham guvohlik beradi. Kushonlar davri
Baqtriyasining aytarli hamma yodgorliklarida uchraydigan kushon tangalari,
buddaviylik yodgorliklari va umuman moddiy madaniyat So'g'diyona, Farg'ona,
Choch va Xorazmning moddiy madaniyatidan jiddiy farq qiladi. Agar ular bir
davlat tarkibida bo'lganlarida edi, ularning moddiy madaniyati ham o'zaro yaqin
bo'lgan bo'lardi. Shunday qilib, yangi tadqiqotlarga tayangan holda Kushon
davlatining shimoliy chegaralari Hisor-Boysun tog'lari orqali o'tgan deb
hisoblash mumkin. Yozma manbalardagi ma'lumotlar ham bu fikrga zid emas, chunki
ularda Kushon shohlarining shimolga, So'g'diyona yoki Xorazmga yurish
uyushtirganlari to'g'risida so'z yuritilmagan.
Kushonlar podsholigi davrida Shimoliy Baqtriyaning qadimgi shahar madaniyati
ancha ravnaq topdi. Kushonlar davrida Termiz shahrining iqtisodiy, madaniy
jihatdan rivojlanganligini hunarmandchilik buyumlari, uy qurish sohasidagi
me'morchilik san'ati, suyurish inshootlari, ishlab chiqargan mahsulotlari
orqali ham bilib olish mumkin. Bu davrda Termiz shahrining maydoni 350 gektar
bo'lib, Dunyotepa va Chingiztepa xarobalari o'rnida joylashgan. Chingiztepa va
Qoratepa orlig'ida Amudaryoga qurilgan chig'iriqlar yordamida shahar markaziga
ichimlik suvi chiqarilgan. Suv chiqarilgach, Qoratepa ibodatxonasida maxsus
hovuzlar yordamida suv tindirilib, keyin shahar tashqi devorining shimoliy
tomoni bo'ylab qurilgan ariqcha orqali shaharga taqsimlangan. Milodiy II asrda
podsho Kanishka Krratepa yodgorligi o'rnida Budda ibodatxonasini qurdiradi.
Mamlakatda qishloq jamoalari ancha kengayadi. Bu davrda vohada ikkita yirik
markaz mavjud bo'lib, bulardan biri: Amudaryo bo'yidagi Tarmita (Termiz)
bo'lsa, ikkinchisi esa Chag'onrud (Surxondaryo) bo'yidagi Dalvarzintepa
shaharlari edi. Bu shaharlar Kushonlar davlatining siyosiy, iqtisodiy, madaniy
va harbiy hayotida aloxida o'ringa ega bo'ladi. Bundan tashqari Kampirtepa,
Zartepa, Hayitobodtepa kabi shaharlar ham mavjud bo'lib, ushbu shaharlar
mudofaa devorlari bilan o'rab olingan.
Viloyat hududida kushonlar davriga oid 130 ta yodgorlik mavjud bo'lib, shundan
80 tasi qishloqlar ko'rinishidagi manzilgohlar hisoblanadi. Kushonlar davrida
markazlashgan davlatning qaror topishi xo'jalikning ravnaqiga sabab bo'lgan. Bu
davrda ham ziroatchilikning g'allachilik, paxtachilik, bog'dorchilik va
polizchilik sohalari jadal rivojlanadi. Tog' va tog' oldi hududla-rida lalmikor
dehqonchilik xo'jaligi ravnaq topadi. Yerni qayta ishlash, xususan, almashib
ekish borasida boy tajriba to'lanadi, yangi-yangi sug'orish tizimlari bunyod
qilinadi. Chorvachilik xo'jaligini rivojlantirish borasida ham ulkan ishlar
amalga oshirilgan. Aynan ana shu davrda hunarmandchilik xo'jaligi yuksak
darajada rivoj topib, ushbu sohaning kulolchilik, metallsozlik, qurolsozlik,
to'qimachilik, shishasozlik kabi turlari ancha yuksalgan. Hatto Baqtriya
shishasozlari 420 yidda Xitoy poytaxtida turfa rangdagi shishalar tayyorlab
xitoyliklarni lol qoldirgan. Ku-shonlar davrida xo'jalikning ravnaqi
savdo-sotiqning rivojiga ham turtki bo'ladi. Xususan, shu davrda Baqtriya
savdogarlari Parfiya, Rim, Xitoy va Hindiston mamlakatlariga borib savdo
qilganlar. Rimning Pompey shahri xarobalaridan Kushon tangalarining yoki
Qoratepa kulol idishlari, Termizdan topilgan may hamda ayshu ishrat xudolari
Vakxoniya, tag'in Vakx-Bolus sharafiga uyushtirilgan bayram sahnasi tasviri
solingan loy idishlar, shuningdek, Hayitobodtepadan imperator Neron
tangalarining topilishi yuqoridagi fikrning isbotidir. Bu davrda Surxon vohasi
savdo yo'llari o'zaro tutashgan hudud bo'lib, albatta, bu holat o'lkaning
iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga katta ijobiy ta'sir o'tkazgan. Termiz shahri
hunarmandlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar qo'shni davlatlarga, jumladan,
Parfiya, So'g'diyona, Chin-Mochin, Ozar va musulmon dunyosi mamlakatlariga
chiqarilgan hamda yuqori baholangan.
Kushonlar davrida madaniy hayot ham yuksaklikka bo'y cho'zgan. Podsho Kanishka
zamonidan boshlab boxtar tili davlat tili deb e'lon qilinadi. Kushonlar davrida
me'morchilik ancha yuksalib, turar joy binolari, ibodatxonalar va saroylar
qurish ancha avj oladi. Imoratlarni bezash, naqsh solish borasida ham o'ziga
xos tajriba to'planadi. Bu davrda mahalliy madaniyat bilan hind madaniyatining
o'zaro aralashish jarayoni sodir bo'ladi. Ayniqsa, Kanishka zamonida Budda
dinining davlat dini deb e'lon qilinishi natijasida buddaviylik e'tiqodi bilan
bog'liq ravishda haykaltaroshlik san'ati ancha yuksaladi. uddaviylikning dini
milodgacha birinchi ming yillikning o'rtalarida Hindistonda shakllangan.
Buddaviylar 1956 yilda o'z dinlari shakllanganligining 2500 yilligini
nishonladilar. Bu dinning asoschisi Shak'ya Muni. Ya'ni hind shahzodasi Siddxartma
Gautama-Budda deb hisoblaydilar. Buddavylik dastlab quldorlar mafkurasi
sifatida shakllangan. Buddaviylikda yomonlikka qarshi bosh ko'tarmaslik g'oyasi
katta o'rin egallaydi.
Buddaviylikda «to'rt oliy haqiqat» g'oyasi muhim o'rin egallaydi. Ular qo'yidagilar:
I. Azob-uqubat haqidagi ta'limot; 2.
Azob-uqubatning sabablari haqidagi ta'limot; 3. Azob-uqubatdan halos bo'lish
yo'llari haqidagi ta'limot. Bu ta'limot xalos bo'lish, najotning «sakkizlik»
yo'lida o'z aksini topgan. Bular taqvodorlik e'tiqodi, taqvodorlik qat'iyati,
taqvodorlik so'zi, taqvodorlik ishi, taqvodorlik turmush tarzi, taqvodorlikki
intilish, taqvodorlikni orzu qilish, taqvodorlik fikri-hayoli bilan yashash.
Buddaviylikning bu yo'llari azob-uqubatlardan xalos bo'lib, sansaradn (sanskritcha-olamgo'zaronlik)
nirvanaga (sanskritcha-so'nish) aylanish. O'tishdan iborat. Buddaviylikda olam
uch bosqichdan iborat bo'lib, uning birinchi bosqichi, eng yuqorisi nirvanadir.
Unda mutloq osoyishtalik hukm suradigan olamdir. Inson bu yerda barcha turmush
tashvishlaridan xolos bo'ladi. Uning hayotiy istaklari ham, ehtiroslari ham
bo'lmaydi. Hamda nirvana bu qayta tug'ilish, boshqa qiyofaga kirish, mutlaq
osoyishtalikdan iborat. Ikkinchi olam-bu bodisatva, ya'ni ruhiy mavjudotlar
bilan to'la jannatdir. Bu olamda ruh gunohidan halos bo'lgan lekin oliy olamga
ko'tarilmagan avliyolar yashaydi. Uchinchi olam esa eng quyi olab bo'lib, unda
odamlar va hayvonlar yashashadi. Ular najot yo'lida olamga intiladilar.
Buddaviylikda beshta axloqiy talab (panchashina)ga rioya qilish ilgari
surilgan. Ular: bironta ham tirik mavjudotni o'ldirmaslik, birovning mulkini
olmaslik, birovning xotiniga ko'z olaytirmaslik, yolg'on gapirmaslik, spirtli
ichimlik ichmaslikdan iborat. Kushonlar darida buddaviylik davlat dini darajasiga
ko'tarildi. Uning xinayama, maxayama, keyinchalik lamaizm yo'nalishlari vujudga
keldi. Kushonlar davrida Termiz shahri buddaviylikning tayanchiga aylanganidan
shu dalolat beradiki, bu davrda Termiz shahrining ibodatxonalari, ularning
yonida esa monastirlar ham mavjud bo'lgan. Kushon podshosi Kanishkaning muhim
xizmatlaridan yana biri shu bo'ldiki, u mamlakatning birlashtirish uchun kurash
olib borib, mamlakat aholisini maqsad, mafkura bayrog'i ostida birlashtirish
yo'lida muvaffaqiyatli harakat qildi.
Kanishka Kadfiz 78 yilda Panjob viloyatida buddaviylarning umumjahon
yig'ilishini chaqirtiradi va Buddaviylikning Maxayama yo'nalishini targ'ib
qiladi, unga binoan Maxayama «hamma uchun birdek ulug' yo'l» deb biladi.
Kushonshohlar e'tiqod erkinligini joriy etgan bo'lsalar-da, buddaviylikni
kengroq yoyish va uni rivojlantirish uchun turli shaharlarda takyagoh, xonakoh,
ibodatxonalar qurib, buddaviylikning muqaddas kitoblari («Tripitaka»)ni
ko'paytirish, ularni o'rganish, tarjima qilish va izohlash, yangi tafsirlar
yozish kabi diniy-falsafiy tafakkur rivoji uchun sharoit yaratish
imkoniyatlarini qurdilar va moddiy mablag' bilan ta'minlab, davlat siyosati
himoyasini yaratib berishdi. Bunday siyosat natijasida Tarmita o'z davrining
yirik iqtisodiy, madaniy va buddaviylik dini markaziga aylandi.
Kushonlar davrida budda dinining ravnaqiga baqtriyalik rohiblar ham juda katta
hissa qo'shadilar.
Xitoy, Tibet manbalarida buddaviylik dini
targ'ibotchilari qatorida tarmitalik Dxarmamitara va toxaristonlik Gxoshakalarning
nomlari ham qayd qilingan. Buddaviylik dinining yirik mazhablari sanalgan
Xinoyana va Maxayana yo'nalishlari ham aynan shu zaminda ravnaq topadi. Viloyat
hududida joylashgan kushon-lar davriga oid arxeologik yodgorliklar keng
miqyosda o'rganilgan va ushbu tadqiqotlar jarayonida Kushonlar saltanatiga doir
boy tarixiy ma'lumotlar aniqlandi. Bu ma'lumotlarga asoslanib vohada Kushon
saltanati davrida xo'jalik va madaniyat yuksak taraqqiy etganligini kuzatish
mumkin.
Mavjud yodgorliklar bu to'g'rida juda ko'p tarixiy ma'lumotlar beradi. 1932
yidda Amudaryoda «Oktabryonok» katerida ketayotgan chegarachilar Ayritomga
yaqin joyda oqtosh ko'rganlar, bu nog'orachi tasviri uyib solingan tosh friz
ekanligi aniklandi. 1933 yilda bu topilmaga professor M. YE. Masson
boshchiligida arxeologik ekspedisiya yuborildi. Termiz shaxridan 18 km sharqda balandligi
2-2,5 metr, qalinligi 1,5 metrli istehkom devorlari bilan o'ralgan I-II
asrlarga oid budda ibodatxonasi topildi. U ohaktoshdan ishlangan ajoyib friz
bilan bezatilgan edi. Ayiqtovon barglari orasida beshta sozanda surati uyib
ishlangan. Nog'orachi bilan rang-barang kiyimlardagi sozanda ayollar surati
ayniqsa diqqatga sazovordir. Bu sozandalardan biri ud, yana bittasi arfa
chalayapti, frizda qo'llarida gulchambaraklar hamda chiroyli idishlar ko'tarib
ketayotgan qizlar tasvirlangan.
Ibodatxonada buddaning haykali va boshqa ibodatxona qismlari qatorida toshdan
yasalgan odam haykallari topilgan. Ular musiqa chaluvchilar, hadyalar tashuvchi
erkak va ayollarning haykallari bo'lib, ibodatxonaning tashqi tomoni karnizi
shu haykallar bilan bezatilgan. Haykallarning qiyofasi va kiyimlarida
Hindistonga xos belgilar yorqin bo'lib, bu ajoyib san'at yodgorligi ikki
mamlakat o'rtasidagi munosabatlar samarasidir.
1936 yilga kelib M.YE.Masson boshchiligida tashkil etilgan TAKE kushon davri
tarixi va madaniyati masalalarini izchil tadqiq etishni o'z oldiga maqsad qilib
qo'ydi. Xususan, Termiz shahrining rivojlanish pallasi kushonlar davriga
to'g'ri kelishi va tarixiy topografiyasi aniqlandi. TAKE ishlari Ayritom,
Chingiztepa va Qoratepada olib borildi hamda tadqiqotlarda M.I.Vyazmitina,
G.A.Pugachenkova, B.B.Piotrovskiy singari olimlar ishtirok qildilar.
Ayritompeshtoqlarining topilishi Shimoliy baqtriyaning antik davr musiqa
san'ati haqida ham so'z yuritish hamda ularni afg'oniston, Hindiston va Sharqiy
Turkiston haykaltaroshligida uchraydigan shularga aynan o'xshash musiqa
asbolari bilan qiyoslash imkonini berdi. Tadqiqotlar natijasida Termiz yaqinida
daryo kechuvlari mavjud bo'lib, daryoning o'zi Yuqori Panj va Xorazm vohalarini
bog'lovchi qulay suv yo'li bo'lganligi aniqlandi. Ko'hna shahar hududlaridan
kushon podsholari Kadfiz II, Kanishka, Xuvishka va Vasudevalarning ko'plab
tangalari topildi. TAKEning tashkil etilishi Ayritom va Eski Termiz
yodgorliklarining dastavval va har tomonlama o'rganilishda muhim ahamiyat kasb
etdi. O'sha yillari bu yodgorliklarning joylashgan o'rni, ularga asos solingan
vaqt, ularning boshqa hududlar bilan munosabatlari hamda moddiy madaniyati
masalalariga aniqliklar kiritildi.
Shimoliy Baqtriyaning tarixi va madaniyatini o'rganishda Hamza nomidagi
O'zbekiston san'atshunoslik ekspedisiyasi (O'zSE) tadqiqotlarining o'rni va
ahamiyati masalalari ham ko'rib chiqildi. 1959 yilda G.A.Pugachenkova
tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu ekspedisiya izlanishlarida turli
davrlarda E.V.Rtveladze, B.A.Turg'unov, A.S.Sagdullayev, Z.A.Hakimov,
YE.Nekrasova, V.A.Luneva, S.V.Levushkina, T.V.Belyayeva, S.A.Savchuk. D.Ilyosov
singari olimlar ishtirok qildilar. Shimoliy Baqtriya hududidagi Dalvarzin,
Xolchayon, Ko'hna Termiz, Kampirtepa. Zartepa, Ayritom kabi yodgorliklarda
arxeologik tadqiqot ishlari olib borildi. O'zSE xodimlari tomonidan baqtriya
yozuvi yodgorliklarining topilishi, ayniqsa muhimdir. Bu borada 1977 yilda
Ayritomdan topilgan haykal qoldiqlari va uning ostidagi olti qatorli baqtriya
yozuvi fan olamida muhim voqea bo'ldi. Bu Surxkutal (Qiziltog') yozuvlaridan
keyingi ikkinchi o'rinda turuvchi, aniq tarixiy mazmundagi Kushon-Baqtriya
yozuvi bo'lib, unga ko'ra, inshoot majmuini o'rab turuvchi to'siq Shodiya
(shaxsi noma'lum tomonidan qayta tiklangan va bu voqea Kushon podshosi Xuvishka
hukmronligining to'rtinchi yilida sodir bo'lgan. Yozuv va haykalni Mirzod ismli
usta ijro etgan.
II asrda Kushon davlati budda dinini Hindistondan Markaziy Osiyo va Sharqiy
Turkistonga tarqatib, uni davlat dini darajasiga ko'targan. III asrda Eronda
moniylik dini vujudga keladi, lekin u Eronda uzoq tura olmaydi, uning
tarafdorlari Markaziy Osiyo va Shar-qiy Turkistonga qochib o'tadi, ko'proq
savdo yo'li ustidagi shaharlarda bu dinni tarqatadilar. Ba'zi arxeolog olimlar
Markaziy Osiyoda topilgan ko'plab suratkashlik, rassomlik hamda haykaltaroshlik
yodgorliklaridagi syujetlarning murakkabligiga qarab, ularni moniy dini bilan
bog'lashga harakat qiladilar. Aslida bu hol Kushon imperiyasi davri (I-III
asrlar) quldorlik tuzumining Markaziy Osiyo sharoitida eng rivojlangan davri
bo'lganligi bilan bog'liqdir. Bu davrda, bir tomondan, ko'chmanchi
qabilalarning sug'oriladigan yerlarda joylashishi kuchaygan bo'lsa,
ikkinchidan, quldor zodagon jamoalar yerini tortib olib, o'zlashtira boshlaydi.
Shu tariqa jamoalar o'z ichidan buzilib, butun-
butun qishloqlar quldor zodagon dehqonlarga tobe bo'lib qoladi.
Keyingi ilmiy izlanishlar natijasida Dalvarzintepa ko'hna shahriga mil. avv.
III asrda asos solinganligi aniqlandi. Yunon-Baqtriya davrida bu yerda
ko'handiz paydo bo'ladi. Kushonlar davriga kelib Dalvarzin me'morchiligi
Baqtriya va Yunon qurilishi tajribalarining sintezini o'zida aks ettiradi.
O'zSEning so'nggi yillardagi faoliyati natijasida antik davrga oid boy sopol
majmualari o'rganildi va ilgarigi sopol idishlar kompleksi sanalariga aniqlik
kiritish imkoniyati paydo bo'ldi. 1972 yili kushonlar davri madaniyatining
mashhur yodgorligi Dalvarzinda 200 metr devor qoldiqlari topilib, uning eni 4,6 m, balandligi 2,5 m keladi. Dalvarzintepa
atrofida devor bilan o'ralgan ark xarobasi bo'lib, ark devorining uzunligi 130 m ga, balandligi esa 2,5 m ga tengdir.
Dalvarzintepaning sharqiy qismida hatto 80 m masofada eni 4 metrlik tosh yo'l kovlab
ochildi. Bulardan tashqari, bu yerda bir necha to'rt burchakli paxsa devorli
uylar topildi. Dalvarzintepada topilgan 900 ga yaqin tosh o'roq, jez o'roq,
yorgichoq, don uchun kovlangan o'ra hamda kuyib ko'mirga aylangan arpa,
bug'doy, tariq, so'li donlari va boshqa ashyolar qadimgi dalvarzinliklar asosan
dehqonchilik bilan shug'ullanganligini ko'rsatadi. Arxeologik topilmalar:
suyakdan yasalgan buyumlar, jez igna va bigizlarga qarab hukm qilganda,
aholining turmushida to'quvchilik va tikuvchilik keng taraqqiy etgan-ligini
ko'ramiz. Dalvarzinliklarda mahalliy degrezlik va miskarlik ancha taraqqiy
qilgan, chunki bu yodgorliklardan juda ko'p temir buyumlar: jez, o'roq, pona,
pichoq, kamon o'qlarining paykonlari, nayza uchlari, zeb-ziynatlar, jez
oynalar, bilakuzuklar, isirg'alar, cho'michlar, munchoqlar hamda turli xil jez
buyumlar quyiladigan tosh qoliplar, Shuningdek, degrezlik qo'rasining beshta
qoldiqlari topilganligi bularning yaqqol dalilidir. Dalvarzintepadan topilgan manbalar
ichida eng noyobi sopol ko'za bo'lib, unda 115 xil tilla quyma yombilar,
zargarlik buyumlari, bilakuzuklar, isirg'a, erkak va ayollarning taqinchoq
buyumlari bo'lgan. Bundan tashqari nafis ishlangan marjonlar, Yunon-Baqgriya
zargarlik san'atining namunasi bo'lmish bo'yinga taqiladigan shoda ushlab
turgan Geraklning bo'rtma tasviri tushirilgan buyumlar topildi.
Dalvarzintepaning chekkaroq joyidan I asrda tiklangan Budda ibodatxonasi,
shahristonidan Buddaning boshi, Bodxisatvaning mahorat bilan ishlangan
mahobatli haykali, fil suyagidan tayyorlangan shaxmatning ikki donasi topildi.
Buddaning boshi loy va gipsdan yasalgan bo'lib, balandligi 39 sm, eni 25 sm
keladi. Bodxisatvaning (o'sha davrga oid) haykali ham loy va gipsdan yasalib,
rang bilan bo'yalgan. Uning balandligi 2 metr 18 sm, eni 89 sm. U bir paytlar
Bulda butxonasida turgan haykallar guruhidan biridir. Bu ko'hna topilmalar
boshqa yodgorliklar bilan birgalikda 1988 yili Yaponiyaning Nara shahridagi
«Ipak yo'li Naraga boradi» deb nomlangan xalqaro ko'rgazmada namoyish etilgan
edi. 1995 yili esa ular Parijdagi muhtasham «Grand-Pales» («Katga saroy»)ning
nodir galereyasida muvaffaqiyat bilan namoyish etildi.
Vayron bo'lgan antik davr devori ustida tiklangan binoning qachon
qurilganligini juda aniqlik bilan belgilash mumkin. Ravoq ochilganda, g'ishtlar
orasidan VI-VII asrga oid turk-sug'd tangalari chiqdi. Devor qurilishi uchun
ishlatilgan to'rtburchak g'ishtlar ham shu davrga to'g'ri keladi.
Dalvarzintepadagi antik davr istehkomining tashlandiq holatga kelib yemirilish
jarayoni, aftidan, IV-V asrlarga to'g'ri keladi. Mamlakat VI-VII asrlarda
inqirozdan chiqqach, istehkom qulay, baland manzil sifatida qayta qurilib
tiklanadi, shaharning o'zi esa xaroba bo'lib qoladi. Dalvarzintepa aholi
maskani sifatida arablar istilosi chog'ida uzil-kesil tugadi, chunki arkda ham,
shahristonda ham arablar kelganidan keyingi davrning izi yo'q. Chag'aniyonni
705 yili Qutayba bosib oladi va 737 yilda uning hokimi-Chag'onxudot arablarga
o'lpon to'laydigan bo'ladi. Xalq orasida hozirgi Dalvarzintepa juda qadimiy
mamlakat poytaxtining qoldiqlaridir, hukmdori afsonaviy qahramon Dol (Zol)
bo'lgan. Arablar bu shaharni xalifa xazrat Alining bevosita rahnomoligida
egallaganlar, so'ngra bu shaharda hayot butunlay so'ngan, degan naql yuradi.
Dalvarzintepaning juda katta joyni egallaganligi, qurilishlar zichligi,
arxeologik qatlamlar qalinligi mazkur qadimiy shaharning miloddan oldingi
birinchi asrda va milodning dastlabki yillarida barq urib yashnab turgan
viloyat markazi bo'lganligidan dalolat beradi.
Chag'oniyon qayd etilgan antik davr ma'lumotlari bizgacha yetib kelmagan. Bu
viloyat dastlab arablar istilosidan, oldingi vaqtga oid tarixiy manbalarda
eslatiladi. VII asr (Xitoy) solnomasida shunday deyiladi. «Chingan-yen-na - bu
mamlakat mashriqdan mag'ribga 400 li va shimoldan janubga 500 li ga yaqin
maydonda yastangan. Poytaxti-aylanasi taxminan 10 li. Sharq tomonda Xvo-lo-mo
degan joyga borib tutashadi», 10 li taxminan 5 km ga teng. Bu yerda gap
Chag'oniyonning an'anaviy markazi Dalvarzintepa to'g'risida borayotgan bo'lsak
kerak. Chag'oniyon janubda Termiz viloyatiga tutashgan edi. Shimolda esa VII
asr manbalarida Xvo-lo-mo - Xvaramo viloyati joylashgan, arab mualliflari
asarlaridan Xorun yoki Oxarun deb qayd etilgan. Ibn Xurdodbeh va Qudama (IX
asr) Chag'oniyondan 6 (yoki 3) farsax uzoqlikda Navandak, undan 7 farsax
masofada Xamovaron nomli joylar bo'lganligini yozadilar.
Dalvarzintepa antik davrda davlat ma'muriyati, yirik ibodatxonalar, iqtisodiy
aloqa tarmoqlari, harbiy salohiyat mujassamlashgan katta tarixiy-madaniy
viloyat markazi, yirik markaziy shaharlar sirasiga kirgan. O'zidan kichik
bo'lgan ko'plab aholi qarorgohlari unga bo'ysungan. Shunday bo'ysunuvchi
shaharlar sirasiga Xolchayon ham kiradi.
Ilmiy izlanishlar jarayonida buddaviylik dini va Budda haykaltaroshligi kushon
davri Qandahar-Baqtriya an'analariga o'xshab ketsa-da, ba'zan endigina paydo
bo'layotgan mahalliy yangi uslub jihatlarini ham o'zida aks ettirishi
aniqlandi. Qadimgi Baqtriya haykaltaroshligi masalalarini tadqiq qilishda
Kampirtepadan ko'plab topilgan terrokota haykalchalar katta ahamiyatga ega
bo'ldi. Ularni boshqa hududlardan topilgan san'at namunalari bilan qiyoslab
o'rganish bu haykalchalar ellinizm tarixiy-madaniy doirasida bo'lganligini
ko'rsatdi. Keyingi yillarda O'zSE kashfiyotlari natijasida Shimoliy Baqtriya
Yunon-Baqtriya, Kushon, Kushon-sosoniylar davrlarida zarb etilgan ko'plab
tangalar topilgan, hatto uncha katta bo'lmagan xazinalar ham aniqlangan. Ushbu
topilmalar ichida Yunon-Baqtriya tangalari ko'p bo'lib, ular yaqin kunlargacha
«Shimoliy Baqtriya hududlariga Yunon-Baqtriya davriga oid ayrim tangalar esa
tasodifan kelib qolgan», degan fikrlarni rad etishga asos bo'ldi.
Kampirtepaning o'rganilishi natijasida yozma manbalarda qayd qilingan Oks
bo'yidagi Pardagvi Kampirtepa o'rnida bo'lganligi taxmin qilindi. Bu borada
Kampirtepadan Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan iskandar tangasining topilishi
muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Xullas, uzoq yillar fanga noma'lum bo'lgan antik
davr, xususan kushon davri tarixi va madaniyati O'zSEning tadqiqotlari tufayli
dunyoga mashhur bo'ldi hamda tarix faniga ulkan hissa bo'lib qo'shildi.
O'sha davrga oid yana bir yodgorlik Xolchayon bo'lib, bu yodgorlik Surxondaryo
viloyatining Denov tumanida topildi. 1959 yilning bahorida Xolchayon jamoa
xo'jaligining remont-texnika ta'mirlash joyi kengaytirilayotganda buldozer
kichik bir tepalikning chetini qirqqanida uchta tosh ustun bo'laklarini sudrab
chiqargan, topilgan narsalar to'g'risida arxeologlarga xabar berilgan. 1960 yilda
san'atshunoslik institutining professori G. A. Pugachenkova rahbarligidagi
San'atshunoslik instituti ekspedisiyasi Xolchayon tepaligini tekshira
boshlaydi. Bu yerdan topilgan yodgorliklar olimlarning har qanday tasavvuridan
oshib tushdi, fanga yana bir tarixiy boylik - Baqtriya badiiy madaniyatining
ajoyib yodgorligi qo'shildi. Xolchayon topilmalarini ilmiy tekshirish
jarayonida Xonaqohtepa, qorabog'gepa, Maslahattepa kabi tepaliklar ochib
o'rganildi. Xonaqohtepadagi saroy poydevori toshdan, devori esa qalin (1,04-2,30 m) xom g'ishtdan
ishlanganligi aniqlandi.
Xolchayondagi tekshirishlar Baqtriya-Kushon zamonining binokorlik texnikasi
to'g'risidagi ma'lum tasavvurni yanada kengaytirdi. Xolchayon saroyi
arxitektura jihatidan g'oyat muhimdir. Asosiy zalining uch devori 3 m balandlikda oq ganch bilan
suvalgan, undan yuqori qismlarda mahobatli haykallar joylashtirilgan.
To'rtinchi devorning to'q qizil fonida oq ganchdan barg, gul, bir bosh uzum
tasvirlanib, naqsh solingan. Saroyning asosiy zalidan chiqiladigan ayvondagi
naqshlarda erkaklar surati ham bor: erkaklardan biri baqtriyalikka, yana biri
mo'g'ulga o'xshaydi. Uch metr balandliqsagi panel tepasidagi haykal qizil va
qora rang mineral bo'yoq bilan bo'yalgan. Haykalni to'la tiklash mumkin
bo'lmadi, chunki uning mayda-mayda bo'laklarigina sakdangan. Haykallarning
kattaligi odam bo'yining uchdan ikki qismiga to'g'ri keladi. Arxeologlar bu
boshni yerdan ehtiyotlik bilan kovlab olganda ularga kipriklari osilib turgan,
salgina g'ilay qora ko'zlar qarab turganday ko'ringan. Topilgan ayol haykali
ham diqqatga sazovordir: yuzi keng, oq dubulg'a toshda hurpaygan sochlari aniq
ko'rinib turadi. Haykal tanasidan topilgan parchada haykal ustidagi xalat yoki
yoping'ich saqlangan, xalat tagida to'q qizil rang ko'ylak ustidan beldan
yuqori oq tasma bog'langan. Bu haykal tanasi, vaziyati, qo'llarining turishi,
dubulg'a va xalatiga qaraganda ma'buda Afina haykali bo'lsa kerak. Markaziy
Osiyoga yunonlar ma'budasining qiyofasini makedoniyalik Iskandar olib kelgan,
albatta. Xolchayon haykallari orasida Mitra, Nika va boshqa ma'budalarning
qiyofalariga yaqin qiyofali haykallar ham bor.
Haykal parchalari orasida Xolchayon sozandalari haykallarining parchalarini ham
uchratish mumkin. Baqtriya-Kushon yodgorliklarining yuksak san'atida ellin
haykaltaroshligi bilan Parfiya san'ati an'analari ko'rinadi. Xolchayon haykali
hozirgacha noma'lum desa bo'ladigan qadimgi Baqtriya san'atining allaqa-chonlar
unutilib ketgan so'qmoq yo'lidagi yorqin izlaridandir. Xolchayonda tadqiqot
olib borilgan bir nechta joyda Grek-Baqtriya podshohligi davri (miloddan
avvalgi III-I asrlar) arxeologiyasi aks etgan. Demitriy tangasining topilishi
hamda Qorabog'tepada mil. av II -I asrlarga oid imoratlar qayd etilgani bunga
misol bo'la oladi. Xolchayonda ossuariy sifatida og'ir qopqoqli a'lo darajada
tayyorlangan xum tanlangan. Uning ichida bir to'p ko'krak suyagi va
shikastlangan bosh suyagi yotardi. Aftidan «ko'mishga tayyorlash» marosimida
«Avesto»dagi mazdakchilik qonun-qoidalariga amal qilingan ko'rinadi. Murda
dastlab yoritqich qushlar yoki maxsus boqilgan murdaxo'r itlar yeb ketishi
uchun qo'yilgan. So'ngra tozalangan suyak qoldiqlari suyakdonga
joylashtirilgan.
Baqtriyaliklarning dafn marosimlari to'g'risida qadimiy mualliflarning
ma'lumotlari deyarli yo'q. Strabon Onesikritning baqtriyaliklar tirik
keksalarni maxsus boqilgan odamxo'r «go'rkov» itlar yemishiga tashlashlari
haqidagi xabarini keltiradi. Bu odatni Aleksandr Makedonskiy ta'qiqlaydi, ammo
ko'mish marosimi to'la tasvirlanmagan. Ayni paytda parfiyaliklar haqida
yozganda, ularning «odatdagi ko'mish marosimi itlar yoki qushlar yeb
ketishi»dan iborat, g'ajib tashlangan suyaklarni esa ular yerda saqlaydilar,
deyilgan. Strabon yozgan ma'lumotga ko'ra Baqtriyadagi shahar devori orti toza
bo'lgan, biroq ichki katta qismi «odam suyagi bilan to'lib-toshib ketgan ekan».
Shunday qilib, gap marhumning suyagini qandaydir tashqi qabristoda emas, balki
aynan aholi maskani ichida saqlash to'g'risida borayotir. Buni Xolchayondagi
xum - ossuariyning qadimiy qo'rg'onning aholi zich yashaydigan qismida saqlanib
qolganligi ham tasdiqlaydi. Antik davrda xumga solib ko'mish an'anasi Janubiy
Tojikiston hududida (miloddan oldingi I-II asrlar) ham uchraydi. Biroq, u
yerlarda yarim qoqlangan murda xumga solib ko'milgan, Xolchayonda esa faqat
suyakning o'zi ko'milgan. Bu topilma arxeologik adabiyotlarda xumga solib
ko'mish-ossuariy dafnalarga xos, faqat keyingi davrga taalluqli urf-odat emas,
balki bu ko'mish marosimining boshqa turi deb qayd etilgan mulohazani to'la
tasdiqlaydi. Umuman qadimiy Baqtriya aholisi orasida ko'mish marosimining turli
shakllari mavjud bo'lgan.
Agar Yunon-Baqtriya zadagonlari asosan o'z e'tiqodlari va udumlari amal qilgan
va Xolchayondagi ossuariy (idish)ga solib ko'mish marosimi bunga yorqin
dalildir. Bu masalada Xolchayondan topilgan miloddan oldingi III-II asrlarga
oid sanamlar haykalchalari, shuningdek, suyakdan ishlangan yalang'och ma'buda
shakli aks etgan taqinchoq qadimda Sharqda mavjud bo'lgan Ona Xudoga sig'inish
udumi bilan bog'liqdir. Ayni paytda, Ellin-Yunon badiiy tasvir uslublarining
Xolchayonning Baqtriya davri me'morchiligiga ta'sirini aks ettiruvchi
topilmalar ham bor. Xolchayon taraqqiyotining yirik qurilish tadbirlari bilan
bog'liq navbatdagi bosqichi miloddan oldingi II-I asrlarga taalluqlidir. Bu
davr tarixiy jihatdan ulkan siyosiy voqealar bilan bog'langan, miloddan oldingi
140 yillarda Geliokning o'limi bilan Yunon-Baqtriya podshohligining inqirozi
yuz beradi.
Yunon-Baqtriya podshohligining inqirozga uchrashi, aftidan, baqtriyaga saklarning
dastlabki bostirib kelishi va o'zlari egallagan hududlarda o'troq bo'lib
qolishi, so'ngra, yuyejiylar bostirib kelib, saklarni Amudaryoning narigi
sohiliga uloqtirib yuborishi davriga to'g'ri keladi. Bu zarba Xolchayonning ham
taqdiriga o'z ta'sirini kursatgan va mazkur joydan topilgan arxeologik
topilmalarda, qatlamlarda o'z aksini topgan. Vaqt o'tishi bilan hayot o'z iziga
tusha boshladi, yangi qurilishlar hamda ta'mirlashlar bundan dalolat beradi.
Sak-yuyechjiy (yoki «tohar», qadimiy yozma arab manbalarida taxor bitiladi)
davri Xolchayon tarixida arxeologik jihatdan aniq aks etgan.
Miloddan avvalgi II-I asrlar uchun xos bo'lgan «badaviy Geliokl» det ataluvchi
bronza tangalarning topilishi aynan shu davrdagi gavjum shahar hayotidan darak
beradi. Ularning shahristonning turli joylaridan topilganligi bu yerda har xil
pullar muomalada bo'lganini va bozorning ehtiyoji keng ko'lamligini anglatadi.
O'zining arxeologik-topografik qoldiqlarida miloddan oldingi II-I asrlarda
Xolchayon yirik aholi maskani sifatida namoyon bo'ladi. I-II asrlarda, ya'ni
Kushonlar davrida Xolchayon rivojlanishda davom etadi. Kadfiz II tangalarining
topilishi, Kanishka, Xuvishka, Vasudeva (aksariyati katta va o'rtacha halqali)
tangalarining ko'pligi va ularning ko'plari siyqalanib ketgaligi ko'p ko'lamda
bozor muomalasida bo'lganligini ko'rsatadi.
Milodiy II asr oxiri -III asr boshlarida Kushon imperiyasi inqirozga yuz
tutadi. Bu jarayon Xolchayonda ayniqsa, yorqin iz qoldirgan. Qorabog'tepa
istehkomi darvozasi katta yong'inda qolgan va uning izlari Kushonlar davri
qurilishlarida yong'in qatlami tarzida saqlangan. Xonqotepadagi o'rganib
chiqilgan uchala imorat ham xarob etilgan yoki qulatilgan. Bu hol ayniqsa,
saroyda yaqqol ko'zga tashlanadi. Bu yerda qimmatbaho ashyolar va ibodat
buyumlari talon-taroj qilib ketilganligi bilan birga, taxtxonada tosh
tagliklardan biri ag'darib tashlangan, ayvonda esa ustun tagliklari
qo'porilgan, ba'zilari uloqtirib yuborilgan. Demak, Xolchayon taqdirida
arxeologik muhrlanib qolgan o'limga mahkumlik III asr boshida Kushon shohligini
qamrab olgan umumiy voqea bo'lgan.
Xolchayondan VI asr oxiri-VII asrga oid turk-sug'd turkumiga taalluqli ikkita
tanga topildi. Ular Sug'd va Shoshdan topilgan tangalar bilan old tomon
tuzilishi ikonografik jihatdan o'xshasa ham, ulardan ma'lum darajada farq
qiladi. Bu tangalar Amudaryoning shimoliy qismidagi ayrim feodal viloyatlar
turk xoqonligiga mansubligini anglatadi, tamg'alar va boshqa belgilardagi farq
esa Chag'onxudotlar zarb qilgan ashyolarning o'ziga xos xususiyatlarini aks
ettiradi. Darvoqe, arablar 719 yili Amudaryo bo'yi viloyatlariga yetib kelgan
vaqtda, turkcha «Yabg'u» unvonli Tish ismli Chag'oniyon hukmdori Tohariston
qo'shinlariga bosh bo'lib turgan.
Arablar bosib olgan davrdan boshlab Xolchayon uzoq vaqt e'tiborsiz qoladi. XIII
asr oxiri XIV asr boshida antik tepaliklardan ba'zilari qabriston sifatida
foydalaniladi. XVI asrda Qorabog'tepaning shimoli-sharqiy qismi do'ngligida
qandaydir mulk paydo bo'ladi. Shundan so'ng shahriston atrof hududi yanada botqoqlikka
aylanib, bizning davrimizgacha o'zlashtirilmay qoladi. Xolchayonni tadqiq etish
Baqtriya madaniy hayotiga, ayniqsa, uning badiiy madaniyatiga yangi ma'lumotlar
kiritadi. Bu kuzatishlar Markaziy Osiyoning mazkur yirik viloyatida antik davr
shahar qurilishining ba'zi jihatlarini qayta ochib beradi. Bu borada tarixiy
ma'lumotlar nihoyatda kam.
Eski Termizning qadimgi madaniyati zamirida ham kushon davriga xos ko'pgina
yodgorliklar bor. Ular shu davrning yaqqol namunalaridan, sopol buyumlardan va
moddiy madaniyatga doir boshqa narsalardan iborat. Toxariston vohasi Kushon
imperiyasining g'oyat katga markaziy viloyatlaridan biri bo'lgan. Toxariston
tuprog'idan toxaristonliklarning yuksak madaniyatidan dalolat beruvchi
yodgorliklar topildi. Hozirgi Termizdan 10 km keladigan joydagi Qoratepa g'oridan
topilgan ajoyib yodgorlik ana shunday dalillardan biridir. Qazish ishlari
Kushon davlati madaniyati to'g'risida g'oyat qimmatli ashyoviy dalillar va
buyumli materiallar berdi. Yozma manbalardan ma'lumki, buddizm Markaziy Osiyoga
azaldan kirib kelgan, arxeologlar o'tkazgan qazishlarda topilgan narsalar ham
bundan dalolat beradi. Buddizmning Markaziy Osiyodagi ko'plab o'lkalarning
madaniyat va san'at tarixida alohida o'rin tutganligi tarixdan aniq. Lekin bu
haqda tasodifan topilgan ba'zi narsalarga qarab taxminiy fikrlar bor edi,
xolos. Ko'pgina tekshiruvchilar, garchi buddizm Markaziy Osiyoda tarqalgan
bo'lsa-da, jamiyat mafkuraviy hayotida muhim ahamiyat o'ynagan emas, degan
fikrda edilar. Ammo Qoratepa yodgorliklari o'rganilgandan keyin bu fikrlar rad
etildi: arxeologlar uzil-kesil Qoratepa g'orlari budda dini bilan bog'liq
inshootdan boshqa narsa emas degan fikrga keldilar. Bu qanaqa inshoot o'zi?
Amudaryo burilib oqadigan joyda Qoratepa tepaligini qazish natijasida mazkur
inshootda budda me'morchiligi qonunlariga rioya qilinganligi ma'lum bo'ldi.
G'or ichidagi ibodatxona tepasida ochiq yerga diniy marosimlar o'tkaziladigan
bino qurilgan. Bu butun boshli inshoot Kushon Termizining katga g'or ichidagi
ibodatxonasi bo'lgan, undagi yerto'la, hovli va ikkita g'or ichidagi inshoot
yaxshiroq saklangan. Hovlini to'rt burchak deyish mumkin (20x18 m), hovlining
g'arb tomoni qumtosh tepalikning uyilgan «tabiiy» devori bilan to'silgan.
Xullas, g'arb tomondagi devori tamomila qumtoshdan iborat, hovlining sharq
tomonidagi devori xom g'ishtdan iborat, hovlining sharq tomonidagi devori xom
g'ishtdan tiklangan. Hovli devorlari bo'ylab usti yopiq, ustunli ayvon
kurilgan, devor qoldiqlariga qarab hukm qilganda ayvon qizil buyoqqa bo'yalgan.
Inshootning asosiy binosiga kiraverishda janub tomonidagi ayvon devorlari
bo'ylab har ikki tomonda turli rangda, o'z kattaligida va tik turgan
kishilarning qomatlari tizilib turibdi. Yer tagidagi binoga hovlining janub
tomonidan kiriladigan bo'lgan, binoning devorlari xom g'ishtdan terilgan. Bino
uncha katta emas, u katga xonadan iborat, unga uch tomondan kiriladigan
yo'laklar bo'lgan va yon tomoni bitga kichikroq mergel ohak-toshdan terilgan.
Ostonaning har qaysi tomiga qora chiziqlar bilan nilufar surati solingan. U
g'or ibodatxonasiga kiradigan darvoza tepaligining qumtosh qatlamida uyib
ishlangan, darvoza qubbali bo'lgan bo'lsa kerak.
Qoratepa buddaviylik yodgorligi Eski Termiz majmuasi tarkibiga kirib, maydoni
7,5 ga ni tashkil qiladi. Tadqiqotlar natijasida Qoratepaga milodiy I asr
oxirlarida asos solinganligi, yodgorlik janubiy, g'arbiy va shimoliy
tepaliklardan tashkil topganligi aniqlandi. Qoratepaning o'rganilishi 1928
yilda A.S.Strelkov tomonidan boshlangan bo'lib, turli tanaffuslar bilan hozirga
qadar davom etmoqda, hozirgacha to'qqizta ibodatxona ochib o'rganildi.
Qoratepada ganchdan yasalgan haykallarning parchalari topildi, ular ichida
g'alati bir vaziyatda buklanib turgan to'rtta barmoq saqlangan qo'l parchasi
diqqatni o'ziga tortadi. Bu qo'l parchasi kattaligiga qaraganda kishi bo'yidan
ancha baland haykalniki bo'lsa kerak. Budda va unga doir manbalarning
haykallari hovli o'rtasida joylashtirilgan bo'lishi mumkin. Oq marmarga
o'xshagan mergel ohaktoshdan yasalgan arxitektura bezaklari (odam boshining
barelyefi, akanfa bargi va boshqalar) diqqatga sazovordir. Bular Hindiston,
Pokiston va Afg'onistondan topilgan arxeologik yodgorliklarga juda o'xshab
ketadi. Yo'lak va ayvondagi naqshlarda ham xuddi shunday mushtarakliklar
borligi sezilarli darajadadir.
Qoratepa qazilganida undan budda dini marosimlariga oid buyumlar: toshdan
yasalgan soyabon, qopqoqlar, nilufar surati va boshqa ko'plab narsalar topildi.
Sopol buyumlar va devorlardagi yozuvlarning ham bu boradagi ahamiyati kattadir.
Sopol buyumlardagi yozuvlarning ko'p hindcha kaxaroshti va braxma yozuvlaridir,
ammo binodan kushon yozuvli popolok ham topildi. Kushon yozuvi mahalliy sharqiy
fors tiliga moslashtirilib, yunon alifbosi asosida tuzilgani aniqlandi. Budda
ibodatxonasi to'satdan yuz bergan zilziladan yemirilgan bo'lsa ajab emas,
chunki uning ko'pgina qismlari shunday ag'nab yotibdi. Bu bilan arxeologlar
Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy hayotini o'rganishda g'oyat qimmatli
yodgorlikka ega bo'ldilar. Bundan tashqari Qoratepadagi budda yodgorligi
Markaziy Osiyodagi qadimgi xalqlarning Hindiston va Xitoy bilan bo'lgan
aloqalarini o'rganishga ham imkon beradi. Axir, Qoratepa hozirgi Afg'oniston va
Hindiston, Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Qashqar orqali Xitoyga
boradigan karvon yo'lining juda qizg'in, serqatnov joyida bo'lgan.
Kushonlar davrida Markaziy Osiyoga kirib kelgan budda dini bilan birga qadimiy
mahalliy an'analar ham davom etavergan. Toxariston tuprog'idagi qadimgi
Qayqubodshoh shahrida o'ng qo'lida qandaydir idish tutib o'tirgan xotin
tasvirlangan sopol haykalcha topilgan edi. Taxminlarga qaraganda, bu Vaxsh
daryosidagi ma'buda bo'lsa kerak, Dushanbe
yaqinidan topilgan qadimgi to'pxona qabristoni mahalliy diniy e'tiqod bilan
bog'langan. U yerda o'likni qabrga orqasi bilan cho'zib, boshini shimolga,
oyog'ini janubga qaratib solganlar. Shunisi qiziqki, o'likning og'ziga yoki
ko'kragiga kumush tanga pul qo'yganlar. Qadimgi ellin Yunonistonida va Yaqin
Sharqdagi ellin mamlakatlari hududida ayni shunday odat mavjud bo'lgan. Bu odat
va udumlar, rasm-rusumlar asta-sekin quldorlik davlatlari bo'lmish
Yunon-Baqtriya podsholigi bilan Kushon imperiyasi taraflarga o'tib kela
boshlagan. Qadimshunoslar topgan kumush falslar chambaraksimon ramka ichiga
olingan do'ng gardishdir. Ichiga fil surati solingan, ustiga to'rt burchak
yombi qoplangan, undagi tasvirga ko'ra, bo'ynida maxsus kaltak ushlab fil
o'rgatuvchi yoki fil haydovchisi o'tirgan. Fil haydovchining boshida salla,
quloqqa isirg'a, fil ustiga o'rnatilgan qulfnamo qandaydir narsa, jang davom
etmoqda, jang payti minora tepasida ikkita jangchining kallasi ko'rinib
turibdi. Birining boshida dubulg'a, qo'lida nayza, u harbiy boshliq bo'lsa
kerak, yana biri bosh yalang, u harbiy askar bo'lsa ehtimol.
Yunon-Baqtriya pullari aksar kumushdan, kamdan-kam hollarda bronzadan zarb
qilingan, tanga pullarning bir tomonida podsho surati solingan. Do'ng
peshonasi, qirg'iy burni, bo'rtib turgan dag'al iyagi uning kuchli iroda egasi
ekanligidan dalolat beradi. Boshqa bir chaqa pulning bir tomonida Hindistonni
zabt etgan Dimitriy podshoning lablari bir-biriga qattiq yopishgan, shiddatli
muhr tasviri bilan zarb qilingan, ikkinchi tomonida podshoning yunoncha unvoni
yozilgan. Keng ko'lamda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar qadimgi davr
tarixini davrlashtirish masalasini ilmiy asosda qayta hal qilish imkonini
beribgina qolmay, balki quldorlik tuzumini hamda bu davrda savdo va
hunarmandchilikning markazi bo'lgan shaharlar madaniyatini o'rganishda ham juda
boy manbalar berdi. Arxeologik tadqiqotlar tufayli viloyat hududida quldorlik
davriga mansub ajoyib tasviriy san'at obidalari ochildi. Termiz yaqinidagi
Ayritomda topilgan toshga o'yilgan bo'rtma suratlar, haykallar va devoriy
rasmlar hamda Denovdagi Xolchayon va Dalvarzintepadan topilgan loy va ganchdan
yasalgan ko'pdan-ko'p turli haykallar Surxon vohasida qadimda o'ziga xos yuksak
tasviriy san'at madaniyati yaratilganligini isbotlaydi. Surxondaryoda topilgan
qadimgi san'at obidalari Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati bilan Eron,
Hindiston, Yaqin Sharq va Kavkaz xalqlari madaniyatining bir-biriga ta'sir
ko'rsatganidan hamda dunyo xalqlari madaniyatining yaratilishida Markaziy Osiyo
xalqlari ham faol qatnashganligidan darak beradi. Qoratepadagi budda
ibodatxonalaridan chiqqan qimmatbaho haykallar va boshqa tasviriy san'at
obidalari, ayniqsa nodir va noyobdir. Bunday tasviriy san'at va haykaltaroshlik
yodgorliklari o'z davrining hayotiy, mafkuraviy va diniy e'tiqodlari, madaniy
va maishiy hayoti to'g'risida ma'lumot beruvchi qimmatbaho manba hisoblanadi.
Umuman, Qoratepa yodgorligining o'rganilishi Kushon davri Baqtriya tarixi va
madaniyatini yoritishda muhim bir bosqich bo'ldi. Ana shu tadqiqotlar
Termizning va umuman Baqtriyaning qo'shni davlatlar va o'lkalar bilan iqtisodiy
hamda madaniy aloqalari rivoj topganligini yana bir karra isbotladi. Shimoliy
Baqtriyaning antik tarixi va madaniyatini o'rganishda 1972 yili tashkil qilngan
BAKE ham katta ahamiyatga ega bo'ldi. V.M.Masson rahbarlik qilgan ushbu
ekspedisiya tadqiqotlarida SH.Pidayev, T.Annayev. G.Koshelenko. K.Sobirov,
V.Pilipko. V.Zavyalov singari arxeolog olimlar ishtirok qildilar. Baqtriya
ekspedisiyasi Kushon va ilk o'rta asrlar davri Baqtriya shahar va
qishloqlarining tarixini o'rganishga, Baqtriyada urbanizasiya jarayonlarining
shakllanishi va rivojlanishi masalalarini tadqiq qilishga asosiy e'tiborni
qaratdi. Ekspedisiya o'z faoliyatini 1990 yillarning boshlariga qadar davom
ettirdi, ekspedisiya tadqiqotlari Shimoliy Baqtriyaning Zartepa, Mirzaqultepa,
Oqqo'rg'on, Sho'rtepa, Hayrobodtepa, Hayitobodtepa singari shahar va qishloq
xarobalarida olib borildi.
Baqtriya ekspedisiyasining samarali kashfiyotlari natijasida ilk bor Kushon
davri shahar me'morchiligi xususida nisbatan to'la ma'lumotlar olish imkoni
paydo bo'ldi. Kushon davri qishloqlari, ularning jamiyat hayotidagi o'rni va
shaharlar bilan o'zaro munosabatlari masalalari yoritib berildi. Qishloq
aholisining moddiy madaniyatini shahar aholisining moddiy madaniyatidan farq
qilmasligi, shahar va qishloqlar o'rtasidagi tovar ayriboshlash, aksaran tanga
pullarga asosalnganligi Oqqo'rg'on, Mirzaqultepa, Sho'rtepa yodgorliklari
misolida isbotlab berildi. Me'morchilik va diniy e'tiqodlar masalasida ko'plab
savollarga javob olindi.
Mustaqillik davri arxeologik kashfiyotlari va ularning antik davr tarixi hamda
madaniyatini o'rganishdagi ahamiyati masalalari ham atroflicha ko'rib chiqildi.
O'zbekiston mustaqillikka erishgach, Shimoliy Baqtriya hududlarida arxeologik
qidiruv-tadqiqot ishlarini keng ko'lamda va xalqaro miqyoslarda olib borish
uchun yangi imkoniyatlar ochildi. O'zRFA Arxeologiya instituti xodimlari
Fransiya va Germaniya olimlari bilan hamkorlikda Ko'hna Termiz, Sherobod vohasi
yodgorliklarini hamda O'zbekiston san'atshunoslik instituti bilan Yaponiyaning
Tokiodagi Soka universiteti xodimlari hamkorlikda Dalvarzintepa ko'hna shahrini
o'rgandilar. Ushbu ishlar natijasida milodning boshlarida O'zbekistonning
janubiga buddaviylik e'tiqodi jadal kirib kelganligi isbotlandi. So'nggi
tekshirishlar natijasida Dalvarzintepa san'ati, moddiy madaniyati va tarixiga
ko'pgina yangliklar kiritildi.
1999 yilda Kushon davri yirik shaharlaridan biri Kampirtepada
arxeologik-qidiruv ishlari qayta tikalandi va hozirga qadar davom etmoqda.
So'nggi tadqiqotlar Kampirtepaning yoshini aniqlash imkonini berdi., olimlarning
taxmin qilishicha Kampirtepa mil. avv. IV asr oxiri-mil. avv. III asr
boshlaridan e'tiboran faoliyat ko'rsata boshalgan. Shuningdek, Oksdagi
Aleksandr shahri ham Kampirtepa o'rnida bo'lgan degan taxminlar ilgari
surilmoqda. Kampirtepadan keyingi paytda topilayotgan metall buyumlar,
sopollar, terrakotlar va tangalar Baqtriya tarixi va madaniyatini o'rganishda
muhim ahamiyat kasb etmoqda.
1993 yildan boshlab o'zbek-german qo'shma arxeologik ekspeisiyasi xodimlari
Jondavlattepa yodgorligida tadqiqot ishlari olib bordilar. Tadqiqotlar
jarayonida me'morchilik, san'at, madaniyat, diniy e'tiqodlar hamda tovar-pul
munosabatlari masalalari o'rganildi.
1998 yilda Qoratepadagi budda ibodatxonalari guruhini o'rganish bo'yicha
SH.R.Pidayev rahbarligida o'zbek-yapon qo'shma ekspedisiyasi tashkil etilib,
hozirga qadar faoliyat ko'rsatmoqda. Mustaqillik yillarida olib borilayotgan
hamkorlikdagi tadqiqotlar natijasida antik davrda Surxon vohasida ro'y bergan
tarixiy-madaniy jarayonlar aniqlanib, fanga tatbiq etilmoqda.
Kushon davri arxeologik yodgorliklaridan Fayoztepa, Eski Termiz devorlarining
shimoli-g'arbida, Qoratepa tekisligining shimoli- g'arbidan janubi-sharqqa
yo'naltirilgan holda qurilgan Budda ibodatxonasidir. Bu to'rtburchakli
ziyoratgohning ichkari hovlisi ikki tomondan tirgak vazifasini o'tavchi yo'g'on
sutunlar bilan ko'tarilgan bo'lib, maxsus ayvon bilan o'ralgan imoratdir. Ushbu
Budda obidasining qurilgan payti - uysozlik, binokorlik, haykaltaroshlik,
tasviriy san'at, umuman, shaharsozlik va me'morchilik rivojlangan
Kushon-Baqtriya davlati davriga, ya'ni eramizning I-II asrlariga to'g'ri
keladi.
So'z yuritilayotgan jamlanma asosan uch qismdan: 1. Kohinlar yotoqxonasi
(hind-boxtar me'morchiligi an'analari asosida qurilgan). 2. Markaziy ibodatxona
3. Kohinlar jamoasi uchun zarur bo'lgan narsalar bilan ta'minlaydigan xo'jalik
va yordamchi imoratlardan iborat. Inshootning asosiy qismlaridan biri muqaddas,
tabarruk va muborak diniy yodgorliklarni saqlaydigan joy- qo'ng'iroqsimon
pastki qismi turtib chiqqandek ishlov berilgan hovonchadir. Hovoncha xom
g'ishtdan terilgan, uning usti oppoq qorsimon ganch bilan suvalgan. Qizig'i,
hovoncha ibodatxonaning boshqa jamlanmalari singari hovli markazida bo'lmay,
balki hovlining tashqarisida - «Siymo uyi» budda haykalchasi dargohiga
qarama-qarshi o'rnatilgan. «Siymo uyi»dan topilgan ohakgil toshidan mohirlik
bilan ishlangan 118 kilogrammlik Budda haykali va uning ikki yonida qo'l
qovushtirib, sig'inib o'tirgan ikki rohibning haykalchasi bor. Bu dargohdan
havonchagacha g'isht va ohakgil toshlari parchalari yotqizilgan yo'lak
o'tkazilgan.
Markaziy ibodatxona atrofida katta-kichik xonalar, ya'ni ziyoratgoh, hujra va
jamoa yig'ini xonalari mavjud bo'lgan. Masjid ibodatxona bilan bir eshik orqali
tutashtirilgan, eshik ibodatxona hovlisining g'arbiy devorida bo'lib
shimoli-g'arbiy tomondadir. Eshikning hovli tarafdagi yonida katta-katta
ohakgil toshi bo'laklaridan terib qurilgan hovuzcha bo'lgan. Hovuzchaning bir
tomoni ikkinchisidan torroqdir, ayni shu tomonning pastki qismida og'zi ochiq
sher boshi tasvirlangan suv jumragi o'rnatilgan. Bu hovuzcha ehtimol diniy
marosimlarda yuvinib poklanish uchun qurilgan, ibodatxona tokchalarida esa
ganch haykalchalar bo'lib, ularning ichi loy bilan to'lg'azilgan bo'lgan. Ilmiy
adabiyotlardan ma'lumki, ana shu xil hovuzchalar hind budda sajdagohlarida
tahorat qilish uchun ishlatilgan. Arxeolog olim L.I.Albaumning fikricha, Kushon
buddoviylik san'atida sher aksi va tasviri katta ahamiyatga molik bo'lgan,
oqibatda aksar kulolchilik idishlarida sher kallasi, goho tog' takasi bosh
qismi tasvirining tushirilishi an'anaga aylangan edi. G.A.Pugachenkova
tomonidan Eski Termiz shaharchasidan topilgan qulog'i tik arslon gavdali
qanotli bahaybat maxluq rasmi tushirilgan ohakgildan ishlangan yaxlit qolipning
topilishi yuqoridagi misolga dalil bo'ladi.
Fayoztepadagi devorlar qurilishiga asosan paxsa va xom g'isht ishlatilgan,
tomlar xarilar bilan yopilgan, tomlarning ba'zilari gumbazsimon shaklda
bo'lgan. Majmua xonalarining devorlariga turli manzarali suratlar, haykallar
bilan bezak berilgan. Har xil tabiiy ofat va jangu muhoraba sinovlariga
bardoshi yetgan ko'pgina haykallar tuproq uyumlari ostida saqlanib, ularning
shikast topgan siniqlarigina bizning zamonimizgacha yetib kelgan, xolos.
Saqlanib qolgan haykal bo'laklari va siniqlarining hajmiga qaraganda ayrim
haykallarning bo'yi 4 metrgacha ekanini taxmin qilish mumkin, ular odatan qizil
bo'yoqqa bo'yalib, ustidan tilla suvi yuritilgan. Ana shu bo'laklangan va
singan haykallar bilan birga topilgan Kanishka va Vasudeva I tangalari zikr
etilgan vayrona Budda ibodatxonasi ehtimol Vasudeva I davrida yemirilgan degan
xulosaga kelishga imkon beradi. Jamlanmaga tobin uchinchi-xo'jalik qismining
devorlari monastr va ibodatxona devorlariga tutashtirib ko'tarilgan. Jamlanma
xonalarining birida xom g'ishtdan qilingan eni 0,7 metr keladigan uzun supa
bor, bu aftidan ovqatlanish joyi bo'lgan. Barcha xonalarning devorlari somon
suvoq qilingan, faqat ikkitasi ganch bilan suvalgan, xonaning yeriga ganch va
yirik qum qorishmasi to'shalgan. Qolgan ikki xonada tandir qoldiqlari va
bezakli toshtovoqlarning sinig'i, boshqa bir xonada janubga qaratib o'rnatilgan
suv quvuri, kulolchilik o'chog'i borligi aniqlandi. Demak ibodatxonaga suv
quvurlar vositasida olib kelingan, hatto shunga o'xshash quvurlarning Qoratepa
tomon, ya'ni janub tarafga yotqizilganligi (5-6 metrli quvur bo'laklari)
kovlash natijasida kuzatilgan.
Ammo shaharga suv quvurlar orqali qaysi tomondan olib kelingani muammosi ancha
yillar bahsli bo'lib turdi. Bu masalani 1945 yili o'rgangan olim D.D.Bukinich
ham muammoning yechimini topolmay «Termizga suv qaysi tomondan kelganligi
savoliga qoniqarli javob olish amri mahol» deyishdan nariga o'tmagan edi. Shu
o'rinda V.A.Kozlovsvkiy, V.P.Nimkolayev, L.I.Albaum fikrlarini keltirib o'tish
joiz, ular shaharga suv Amudaryodan olingan deyishadi. Lekin tarixiy asarlar
buning teskarisini ko'rsatadi, chunonchi XV asr jug'rof olimi Hofizi Abro'
«Termiz Chag'oniyon(Surxon)dan suv ichadi», deydi. Nihoyat termizlik yosh
qadimshunos olim T.Annayev muammoning yechimini topishga muyassar bo'ldi.
Salovotdan ma'lum miqdor yuqori(shimol)da - Tolitog'orada olib borilgan qazilma
samarasi o'laroq Kushon davri Termiz va uning atroflarini sug'orish tizimi
aniqlandi. Unga ko'ra suv Chag'onruddan Kattaqum orqali amalga oshirilgani, suv
olish joyi va uning qo'riqlash istehkomi topildi.
Kushon davri Termizining I-II asrlarda qurilgan yirik Buddoviy jamlanmasi
Fayoztepa II asrda budda kohinlari tarafidan tashlab ketilgan, degan aqida
mavjud. Balki bu hodisalar tabiiy ofat - yer qimirlashi bilan bog'liq bo'lishi
mumkin degan taxminlar yuradi. Ammo dinidorlar muqaddas ziyorotgoh sanalmish
havonchani o'z holicha qoldirib, uni e'tiborsiz tashlab ketmadilar. Havonchani
saqlash maqsadida uning chor atrofini xom g'ishtli devor bilan o'rab oldilar va
havonchaning uzoq saqlanishga imkon yaratdilar.
Fayoztepa atrofida V asrda Termizda hukmronlik qilgan eftalitlarning qabristoni
bo'lgan. Xullas Fayoztepa majmuasidan topilgan haykalcha dunyoning ko'pgina
mamlakatlari, jumladan Yaponiya, Skandinaviya mamlakatlari bo'ylab sayohatda
bo'ldi. Endilikda u Toshkentda saqlanmoqda, umuman, Fayoztepa sirlarini ochish
va tahlil etishda olimlardan L.I.Albaum, B.M.Masson, A.Asqarov,
G.A.Pugachenkovalarning ilmiy izlanishlari katta samara berdi. Arxeologlar
qiziqqanga qadar bu tepa nomsiz edi, arxeologlarga yaqindan yordam bergani
uchun Surxondaryo viloyat o'lkani o'rganish moziygohining shu yillardagi
direktori Rahmat Fayozovning otasi sharafiga bu tepa Fayoztepa deb ataladigan bo'ldi
va shu nom bilan olamga tanildi.
Eramizning dastlabki asrlarida Hindistondan Markaziy Osiyo janubiga buddizm
tarqaladi. Bu yerlarga diniy aqidalar bilan birga budda san'ati ham keladi. Shu
davrlarda Kushon Termizida va uning devori atroflarida buddizmning ko'plab
ibodatxonalari, sajdagohlari, xonaqohlari va boshqa inshootlari qurildi. Termiz
buddizmning muqaddas ziyorotgohlaridan biriga aylandi. Zo'rmo'la Kushon Termizi
qo'rg'on devorlari shimoliy sharqida qad ko'tarib turibdi. Qachonlardir
shahardan tashqaridagi bu yerlarda buddizmning yuksak me'morchilik uslubidagi
qurilmalarining butun majmuasi-Vixara-ibodatxona bo'lganga o'xshaydi. Lekin
o'rta asr Termizida bu yerlar ekin maydonlari bo'lganlari ma'lum. Faqat bu
yerning bosh qurilmasi muqaddas joy-ulkan havonchaga o'xshash budda muqaddas
ashyolari saqlanadigan minora o'z qoplamalari va shaklini yo'qotib, asrlar osha
yashab kelmoqda. Olib borilgan qazilma natijasi to'g'ri burchakli supa
(tagkursi) ustiga o'rnatilgan silindrsimon minoradek havoncha o'z nihoyasida
gumbaz bilan tugallanganligini ko'rsatadi. Bu inshoot asosan xom g'ishtdan
terilgan bo'lib, uning tagkursisi (pyedestolli) sirti oq toshtaxtalar bilan
qoplangan. Ehtimol, bu toshlar ohakgil bo'lib, Xoja Gulsuvar (Burgut tog'i)dan
keltirilgandir. Havonchaning yuza qismi xom g'isht ustidan pishiq g'isht
qoplangan va yuz (old) tomoni ochiq qizil rangga bo'yalgan. Hovonchaning
diametri 14,5 metr, umumiy balandligi qachondir 16 metrga teng bo'lib, uning
bo'yini xoda (tayoq)ga osilgan «Hurmat soyaboni» balandroq ko'rsatardi.
Zo'rmo'laning bunyod bo'lishi ulug' Kushonlar davriga, ya'ni eramizning II
asriga to'g'ri keladi. Uning qurilish ishlaridagi ko'lami Fayoztepanikidan
ortiq va Termizdagi budda inshootlari qurilishida alohida ahamiyatga ega
bo'lgan.
Zo'rmo'la minorasi Markaziy Osiyodagi shunday hovonchalardan va arxeologik
qatlamlardagi minoralarga o'xshamaydigan yirik me'morchilik obidalaridandir.
Zo'rmo'la hovoncha yoki minora ekanligi haqida olimlar orasidagi bahslar
yechimi topilgani yo'q. B.N.Kostalskiy («Surxon-Sherobod vodiysi
tarixiy-jug'rofik obrazi», Toshkent,
«Vestnik irrigasii», 1930, ? 3, 4) bu masalaga shubha bilan qaragan.
G.A.Pugachenkova Zo'rmo'lani buddizm minorasi deb atadi. B.V.Lunin Zo'rmo'lani
«Kattatepa» deb atadi. Hovoncha ruscha stupaning tarjimasi bo'lib, uni bu
yodgorlikka qiyoslash to'g'ri kelmaydi. Zo'rmo'la atamasi ruscha «Zurmula» deb
buzib ifodalanib kelinganga o'xshaydi. U asli Zo'rmo'la, ya'ni «Katta mo'la»
ma'nosini anglatadi. Mahalliy shevada «mo'la» so'zi loydan baland ko'tarib
yasalgan, lekin minoradan kichik va undan farq qiladigan qurilma ma'nosini
anglatadi. Dehqonlar oq jo'xori, tariq paykallarini ana shunday mo'lalardan
palaxmon otib, hosilni qushlardan qo'riganligi ma'lum. Ana shunday mo'lalardan
azonchilar din ixlosmandlarini ibodatga, nomozga chaqirganlar. Qadimda
Zo'rmo'laning o'z nomi bo'lganligi ajab emas hozirgi nomi bu ulkan inshoot
qoldig'ining mahalliy xalqlar tomonidan atalishidan olingan bo'lishi mumkin.
Taniqli olim A.S.Strelsov (Sbornik kulturi Vostoka, vo'p. 1. Moskva, 1927. Str.
27-30) o'z asarini «Zo'rmo'la yoki Kattatepa» nomlashi bejiz emas. O'rta asr
Termiz raboti o'rtasida, uning shimoliy devori yaqinida bir qator inshootlar
bor ediki, ularning pishiq g'ishtlari allaqachonlar tashib ketilgan. Bu
imoratlar eskidan (Kushonlar davrida) odamlar yashab kelgan joylarda qurilgan,
bu yerlar I-IV asrlarda kushonlar tashlab ketgandan keyin bo'sh yotgan.
Yuqorida aytib o'tganimizdek, II asrda yer qimirlashi oqibatida ko'pgina
inshootlar, uy-joylar vayronaga aylandi., ular qaytadan tiklanmaydi, balki
urf-odatga ko'ra irim qilingan yoki tiklashning iloji bo'lmagandir. Shu
tufayli, buddizm ibodatxonalari, xonaqohlari va boshqa inshootlar qurilishi
Kushon Termizining shimoliy sharqida Zo'rmo'la atrofida rivojlantiriladi.
Ilk o'rta asrlarda bu yerlar tiklana boshlaydi, VI-VII asrlarda katta
bo'lmagan, lekin o'z shakli bo'yicha diqqatga sazovor feodal qasri
(qo'rg'oni)-saroyi quriladi. Ko'shkning pastki qismi 25x25 metr bo'lib, paxsa
devordan ko'tarilgan, uning bosh o'qi bo'ylab yotgan markaziy dahlizi, uning
ikki tomonida beshtadan uzunroq xonalari bo'lgan. Dahliz va xonalar gumbazlar
bilan yopilgan., devorlarida teshiksimon derazalar bo'lgan. Ko'shkning ikkinchi
qavati yengil materiallardan yopilgan bo'lib, yozda yashashga mo'ljallangan.
Termiz qo'rg'oni Markaziy Osiyo qasriga xos ko'shk edi, u ko'p asrlar
kishilarga xizmat qildi. Islom dini rivoji davrida uning yaqinida qurilgan
masjid va qo'shma xonalar ziyoratga keluvchilar uchun yotoqxona, sayyoh
darveshlar uchun xonaqoh vazifasini o'tadi. Ko'shk vayronalari hozirgi Katta
O'zbek traktining Eski Termiz hududi ostida qolib yo'q bo'lib ketdi.
Umuman, kushonlar davrida vohada iqtisodiy-siyosiy va madaniy hayot yuksak
darajada rivojlangan. Kushon hukmdorlarining tinimsiz ravishda olib borgan
urushlari, ko'chmanchilarning hujumlari hamda bo'ysundirilgan o'lkalarda
mustaqillik uchun olib borilgan harakatlar oqibatida kushonlar saltanati
inqirozga uchraydi. IV asr
oxirlarida toxar qabilalari kushonlar saltanatiga xotima beradi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий