Kishilik jamiyatining ilk bosqichi bo'lgan tosh
asriga oid tosh manbalar, matnlar, bitiklar, turli tasvirlar, rasmlar va ayni
chog'da toshdan yasalgan mehnat qurollarining dastlabki namunalari odamlar ijodkorligining
natijasidir. Inson tabiat mo''jizalarini va uning sir-asrorlarini tasavvur
etish tufayli tirik jonzotlarga taqlid etishgan, ularning qiyofalarini
yaratishgan. Inson rasmlar chizish orqali tabiatdagi narsa va hodisalarga o'z
ta'sirini o'tkazish yoki undagi asov holatlarni bo'ysundirishga xayolan harakat
qilgan. Ana shu tasavvurlar ta'sirida shakllangan va o'zlarining ilk ibtidoiy
tajribalarini to'play boshlagan dastlabki insonlar mo''jizakor tabiatdagi
asri-atiqalarning rasmini chizish uchun tabiiy tayyor g'orlardan, qoyalardan
foydalangan. Ana shunday manzilgohlardan biri Zarautsoy bo'lib, O'zbekiston
hududining Hisor tog' tizmasining janubiy-g'arbidagi Ko'hitang tog'ining yon
bag'rida joylashgan daradagi ungir va kamar toshlariga ishlangan ibtidoiy
san'atning nodir namunalari bo'lmish madaniyat maskanidir. Qadimiy ajdodlar
yaratib qoldirgan bu osori-atiqalarni o'z bag'rida ming yillardan buyon asrab
kelayotgan maskan Zaraut, Zarautsoy va Zarautkamar nomlari bilan yuritiladi.
Zaraut - qishloqning nomi, turli buloq suvlaridan yig'ilib paydo bo'lgan va
Zaraut qishlog'i ichidan oqayotgan soyni Zarautsoy deydilar. Olimu muxlislarni
lol qoldirgan Zaraut rasmlari chizilgan g'orlarni mahalliy tilda kamar deb
atashadi, shundan Zarautkamar nomi paydo bo'lgan. Zarautsoy oqib-oqib Qizilolma
soyga qo'shiladi, ana shu ikki soy borib-borib Qorabog'soyga, undan o'tib
Maydonsoyga va nihoyat Loyliqsoyga birlashib, Turkondaryo(Sheroboddaryo)ga
quyiladi, u esa yo'lini Amudaryogacha davom ettiradi.
Sherobod tumani Qizilolma (bu qishloq ham bir paytlar Zaraut deb atalgan) va
Zaraut qishlog'i yaqinidagi Zarautsoy bo'yida toshga qizil kesak (bo'yoq) bilan
solingan suratlar topilgan va bu tasviriy san'at yodgorliklari mezolit davriga
oiddir. Unda chodir yopinib, o'ziga dum bog'lagan va o'q-yoy ko'targan ovchilar
it hamda yovvoyi hayvonlar bilan birga tasvirlangan. Aftidan, qadimgi ovchilar
ov qilinishi lozim bo'lgan hayvonlarni cho'chitmaslik uchun orqalariga dum
bog'lab, chodir yopinib olgan bo'lsalar ajab emas. Bu dara Surxondaryoning
o'tish va borish eng qiyin, eng mushkul bo'lgan Ko'hitang tog'lari etaklarida
joylashgan bo'lib, qadimgi san'atning ajoyib hamda noyob yodgorliklaridandir.
Shunday qaltis joyni, chiqish qiyin dara tepasidagi g'orni zarautlik Rauf ismli
o'n yashar bola ko'y boqib yurganida tasodif kashf etadi. Bu 1939 yilning
bahori edi, bir oylar chamasi o'tgach, topilma haqida xonadon a'zolari oilaning
qadrdon do'sti bo'lib qolgan Ivan Fyodorovich Lomayevga aytib berishadi.
Dovyurak izchi-ovchi, to'g'rirog'i ovchi-o'lkashunos, ayni paytda giyohshunos,
tabiatning cheksiz havasmandi I. F. Lomayev do'sti Vahob Davlatov va uning
o'g'li Rauf bilan birgalikda kamarga borishadi. O'z navbatida I.F.Lomayev
ko'rganlari xususida o'sha paytlari Termizdagi Surxondaryo okrug muzeyi
direktori G.V.Parfyonovga xabar beradi. Qizig'i, G.F.Parfyonov 1931 yili ilk
bor Surxondaryoga ish bilan kelganida Xataklik qariyalardan tog'ning qaysidir
g'orlarida hayvonlar, odamlar surati chizilganligi va noma'lum bitiklar borligi
haqidagi ma'lumotlarni yozib olgan edi, ammo o'shanda bu sirli g'orlarning
qayerdaligini hech kim aytib berolmagan edi. Qolaversa, I.F Lomayevdan ilgari
ham kamar rasmlari bilan qiziquvchilar bo'lgan, shulardan biri 1912 yili
suratlardan nusxa olishga harakat qilgan harbiy topograf Fyodorov bo'lgan.
Yuqoridagilardan shu narsa ayonki, ilgarilari ham bu noyob rasmlar bilan
qiziquvchilarning bor bo'lganligi ehtimoliga zarracha shubha yo'q.
Zarautsoy suratlari dastlab I.F.Lomayev tomonidan o'rganiladi, keyinchalik G.V.Parfyonov
rahbarligidagi ekspedisiya ish boshladi va ochiq qoyatoshning antiqa qizil
rangli rasmlarini suratga tushirdi, ko'chirmalar oldi, muhimi yangi suratli
joylar aniqlandi. Zarautsoy ni tadqiq etishda G. V. Parfyonov, A.
YU.Roginskaya, A.S. Kirillov, I.F.Lomayev, A.P.Ivanova, V.K.Sandul va
SH.Ismoilovlar katta ishlarni amalga oshirdilar. Hatto ekspedisiya
ishtirokchisi asli kasbi rassom A.YU.Roginskaya «Zarautsoy» nomli risolasini
rus tilida 1950 yili e'lon qildirdi. Roginskaya A.YU. 1942 yili Moskvadan
Surxondaryo viloyat teatriga rassom sifatida ishga jo'natilgan bo'lib,
G.V.Parfyonov tomonidan ekspedisiyaga jalb etilgan edi. Ayniqsa, keyingi
yillarda Zarautsoy koya rasmlari taniqli olim A.A.Formozov tomonidan puxta
tahlil qilindi. Yaqinda vohadoshimiz, o'lkamizning fidoyi bir insoni Abdulla
Xolmirzayev (1947) «Zarautsoy tilsimlari» (2003) nomli ilmiy-ommabop risolasini
nashr ettirdi. Abdulla Xolmirzayevning bolaligi, yoshligi Zaraut qishlog'ida
o'tgan, u bu tilsimli rasmlar haqida ko'plab afsona va rivoyatlar eshitib katta
bo'lgan. «Zarautsoy tilsimlari»ni varaqlaymiz: «Zarautsoy rang tasvirini
tushunish uchun G.V.Parfyonov ushbu asarlarni yaratgan odamlarni xayolan ko'z
oldida namoyon etishga harakat qilib ko'rdi. U ba'zan kuni bo'yi tog'larda qolib
ketardi. Kamar va o'yiq-kamgaklar qidirib barcha joylarni kezib chiqdi, uzoq
cho'qqilarga borib keldi. U Zarautsoydagi ibtidoiy odam hayotining barcha
tafsilotlarini o'rgandi.
...Qayerlardandir shu joyga uzoq ajdodlarimiz- kroman'on(Fransiyadagi joy nomi)lar
kelishdi. Zarautsoy san'at obidasi turgan joydan 80-100 chaqirimlar chamasi
masofadagi Teshiktosh g'oridan neandertal bola skeleti topilganligini barchamiz
yaxshi bilamiz. Neandertallar kroman'onlarga nisbatan 50-30 ming yillar ilgari
yashab o'tganlar. Zaraut hududiga kelib san'at yaratgan kroman'onlar, ehtimol,
teshiktoshlik ota-bobolarning avlodlaridan bo'lgandirlar. Lekin neandertallar
hali san'atni bilmaganlar. Shu bilan birga, aytish joizki, toshlarga tasvirlash
odati har qanday kroman'on odam to'dasiga ham xos bo'lavermagan.» Muallif
Zarautsoyda olib borilgan kuzatish ishlari natijasida pichoq vazifasini
bajargan yassi chaqmoqtosh topilgani, Duldul ota g'oridagi madaniy qatlamlar
tekshirilganda tosh davri ibtidoiy odamining istiqomat joyi bo'lganligini
ko'rsatuvchi ashyoviy belgilar aniqlanganini to'lqinlanib yozadi. Quyidagi
satrlar ham shu kitobdan olindi: «Zarautsoydagi kabi qadimiy ibtidoiy san'at
endi hech qachon qayta yaratilmaydi, U xuddi epos va ertakchilik kabi o'z
imkoniyatini ishlatib bo'lgan. O'z holicha go'zal, nafis va shu bilan birga
yovvoyi ibtidoiy san'at eng qadimgi o'tmish merosimizning oliy namunasi
sifatida doimo sizu bizni ohanrabodek o'ziga jalb etaveradi.» Shuningdek,
muallif Zaraut nomi etimologiyasi xususida bahs yuritadi, aftidan Zaraut nomini
bizningcha, «zar», «zara», «zarang» so'zlaridan qidirgan maqbulroq tuyuladi.
Boisi, «zar» so'zida oltin va o't ma'nolari mavjudligi hech kimga sir emas,
yana unda tovlanish mazmuni ham borligi aniq. Qolaversa, Zarautning talaffuzda
Zaravut tarzida ekanini ham unutmasligimiz lozim, bu esa uning tarkibida rabot
so'zi borligini ma'lum ma'noda isbotlaydi. Shundan uning Zar rabot ekani
aniqlanadi, uning esa Zaravut bo'lib ketishi hech gap emas, sababi «b»
tovushining «v»ga o'tish hodisasi tilda mavjud hodisadir. Chunki, muallifning
o'zi ta'kidlaganidek, Zarautning qator buloqlari nomi bilan bog'liq mavzelarida
qizil, sariq, oq, malla rangli toshlar va yana bir xil toshlar quyosh nurida
zar kabi tovlanar ekan.
Zarautsoy suratlari orasida yovvoyi buqalarni ovlash manzarasi tasvir etilgan
suratlar ayniqsa muhimdir. Zarautsoy darasidagi 200 dan ortiq rasmlarda
odamlarning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlangan.
Hayvonlar: yovvoiy buqa, it, tulki, yovvoyi cho'chqa, burama shoxli echki,
jayron, tog' echkisi, hashorat, turli ov buyumlari: o'q-yoy, nayza, o'roqsimon
qurollar, niqoblangan odamlar va boshqa o'ziga xos tarzda hayotiy qilib
chizilgan rasmlar. Suratlarda tasvirini topgan o'q-yoy va xonaki itlar
ko'magida ov qilish sahnalari ularning mezolit davriga oidligini bildiradi,
degan xulosaga keladi. A.A.Formozov, zero o'q-yoy va uy iti mezolit davrigacha
noma'lum ekanini fan allaqachon tasdiqlagandir. Akademik B.G'afurov bo'lsa
Zaraut suratlarini neolit-eneolit davriga oidligi haqida fikr bayonini beradi.
Zarautsoy darasi ibtidoiy san'atning noyob yodgorligi sifatida uning
obidalarini muhofaza qilish «qizil kitob»ga kiritilgan. G.V.Parfyonov Zarautsoy
suratlarining yuqori paleolit davriga oid deb belgiladi. Eng so'nggi namunalar
esa temir bronza davriga to'g'ri keladi. Zarautsoy kamaridagi rasmlar bir necha
asrlar davomida chizilib, ajdodlarimizning ov bilan bog'liq urf-odatlari,
an'analarini o'zida aks ettirgan ezgu niyatlari, tabiatga hurmati, vatanga
muhabbat his - tuyg'ulari aks ettirilgan edi.
Vatanimiz tasviriy san'atining ilk durdonasi bo'lgan Zarautsoy qoya toshlari
suratlari rasmlar, tasvirlar millatimizning moddiy-ma'naviy madaniyatining
bebaho xazinasi va bu tarixiy obida yuksak san'at yodgorligi hisoblanadi. Eng
muhimi ushbu tasviriy san'at namunalari ajdodlarimizning ilk yozuvini vujudga
kelishiga asos solishiga yo'l ochib bergan ma'naviy yutuqdir. Akademik
A.P.Okladnikovning fikricha, ushbu noyob yodgorlik o'sha davrda chizilgan
suratlarni qaysi usulda yaratilganligini, bu san'at asarlarining ilmiy tarixiy
ahamiyatini aniqlash masalasida tarixchi-arxeolog olimlarning jiddiy e'tiborini
qaratdi. Natijada bu borada ma'lum ilmiy-amaliy natijalarga erishildi, jiddiy
ilmiy xulosalar yasaldi, o'z ahamiyati jihatidan e'tiborga molik fikrlar
o'rtaga tashlandi.
Ovchilar kamon va nayzalari bilan qurollangan, buqaning ko'kragiga nayza
sanchilgan, kamondagi o'q unga qaratilgan. Odamlarning ba'zilari teri yopingan
va dumlari bor, bizga noma'lum bo'lgan qandaydir afsonaviy, ehtimol, sehriy
tasavvurlar bilan bog'liq hayvonlar surati ham o'yilgan. Zarautsoy suratlari
asosida Sherobodda insoniyatning ilk bosqichi yashab o'tganligi to'g'risida
ko'plab qimmatli materiallar ilmiy-arxeologik jihatdan to'la asoslab berildi.
Zarautsoy manzilgohida yashovchi ibtidoiy odamlar tasviriy san'atni bo'lajak
ovning baroridan kelishiga yordam beradi deb tushunganlar, insonga
bo'ysunmaydigan kuchlarga ta'sir etuvchi vosita deb bilganlar va tasviri
tushirilgan hayvon yuragiga nayza sanchib, hayotda ham ovni g'olibona yakunlash
mumkin deb ishonganlar. Zarautsoy qoyasining tekis joylarida qalpoq kiygan
kishilarning shakli ko'zga aniq tashlanadi, ular yovvoyi buqa yoniga yashirinib
borib unga nayza otadilar. Ovchilarning qandaydir sehrli kiyimlari va marosimlari
bo'lgan, ular o'zlariga dum yopishtirib olganlar, qo'llarini keng yozib
kiyimlarining etaklarini qanot singari silkitganlar. Qoyalardagi hayvonlarning
tasviri juda jonli chiqqan, masalan ov sahnalarining birida yovvoyi ho'kizni 19
ovchi kurshovga olib turibdi, boshqa ov harakatlari ifodasini topgan ikkita
manzarada esa qochayotgan hayvonlar va ularni ta'qib etayotgan nayzachilar
tasvirlangan. Boshqa bir tasvirda bo'lsa, jon holatda qochayotgan ho'kizlar
bilan birga jayronlar chopmoqda, hatto jayronlardan birining tanasiga qadalgan
nayzani aniq ko'rish mumkin. Xulosa shuki, ibtidoiy rassomning diqqat-e'tibori
birgina ho'kizga qaratilmasdan, balki tog' echkisi, sayg'oq, jayron, burama
shoxli echki va boshqa hayvonlarga ham qaratilgan ekan.
Zarautsoy qoyalarida chizilgan 246 dan ortiq ibtidoiy rasmlarning hammasi bir
vaqtda chizilmagan. Ba'zi tasvirlarning bir-birining ustiga qalashib ketganligi
ham buni tasdiqlaydi. Zarautsoydagi dastlabki tasvirlar mezolit (o'rta tosh)
davrining oxirlariga oid bo'lib, taxminan bundan 10 ming yillar muqaddam
chizilgan. Qoyalardagi keyingi tasvirlar bronza davriga oid bo'lib, miloddan
avvalgi III-II ming yilliklarning mahsulidir. Zarautsoyda topilgan tasvirlar
mamlakatimizdagi eng qadimiy rasmlar majmuasidir. Odamlar va hayvonlarning ana
shu rasmlarida badiiy tasvir inson mehnati bilan, uning yashash uchun kurashi
bilan bog'langan. Bu san'at ibtidoiy odam ongida vujudga kelgan qiyofalarni
o'zining ibtidoiy tasviriga, qonunlariga ega bo'lgan asarga aylantirish
mahoratiga asoslangan. Zarautsoy mamlakatimizda birinchi marta san'atshunoslik
qo'riqxonasiga aylantirilgan noyob manba sifatida ham juda ardoqlidir. Ammo
yuqoridagilarga qaramasdan, Zarautsoy osori atiqalarini saqlash sohasidagi
ishlarni ko'ngildagidek deb bo'lmaydi. Hatto «Zarautsoy-95» va «Zarautsoy-98»
ilmiy-amaliy xalqaro anjumanlarida suratlarni kelgusi avlodlar uchun asrab
qolish haqida fikrlar yuritilganiga qaramasdan, to hozirgacha mutlaqo qarovsiz
va himoyasiz qolayotgan Zarautsoy qoya rangli tasvirlarini amalda muhofaza
etish lozim ko'rinadi.
Ibtidoiy odam tomonidan misning o'zlashtirilishi natijasida misdan yasalgan
mehnat va ov qurollarining takomillashuviga yo'l ochildi. Dastlabki
o'troqchilikka asoslangan qishloqlarning, yerto'la va chaylali uylarning paydo
bo'lishiga imkon tug'ildi. Juft nikohli oilalarning tarkib topishi tufayli
avlod-ajdodlar ruhini pok tutish, ruhlarga sig'inish, dehqonchilik va
chorvachilikning alohida xo'jalik bo'lib rivojlanishiga yo'l ochib berildi.
Surxondaryo tarixi kitobidan
Комментариев нет:
Отправить комментарий