JEZ DAVRI YUTUQLARI
Inson aql-zakovatining o'sib borishi tabiatga bo'lgan
qiziqishni oshirdi. Odamlar endilikda tabiatning sir-asrorlarini o'rgandi,
natijada asta-sekin tabiatni o'zlashtirishga kirishib katta mehnat
muvaffaqiyatlariga erishdi.
Chin (Xitoy), Misr, Hindiston, Bobil (Vavil-Vaviloniya) davlatlari kabi qulay
tabiiy iqlimga ega bo'lgan Surxon vohasida ham dehqonchilikni rivojlantirish
uchun nihoyatda yaxshi imkoniyatlar mavjud edi. Shu tufayli, tadqiqotchilarning
ta'kidlashlaricha, miloddan avvalgi III ming yillik oxiri va II ming yillik
boshlarida bronza asriga doir mexnat qurollarining takomillashib borishi
tufayli Surxondaryoning deyarli hamma joylarida ziroatchilik va chorvachilik
yaxshi rivojlangan.
Sherobod, Sho'rchi, Bandixon tumanlari hududlarida o'tkazilgan arxeologik
qazish ishlari tufayli Sopollitepa, Mullali, Jarqo'ton kabi yodgorliklarda
urug' jamoasi makonlari topildi. Sopollitepa madaniyati Janubiy O'zbekistonda
shakllangan va sun'iy sug'o-rishga asoslangan ilk makon bo'lib, qadimshunos
olimlar bu yerdan ziroatchilikka oid bug'doy, arpa, suli, paxta urug'lari
qoldiqlarini, kulolchilik, charxni ishlatish, xunarmandchilik turmushiga doir
ashyolar va san'at namunalari qoldiqlarini topdilar. Eng muhimi qabilani tashqi
dushman hamlasidan himoya qilish maqsadida qurilgan qo'rg'on uch qatorli
mudofaa devori bilan o'rab olingan. Qo'rg'onning umumiy maydoni bir gektarga
yaqin bo'lib, unda sakkizta mahalla istiqomat qilgan uylarda mo'rili o'choq,
ayrim xonalarda sandal o'rni, ganch suvoq qoldiqlari topildi. Kulolchilikka oid
20 dan ziyod xumdonlar, sifatli nafis qadah, ko'za, xum, choynak, lagan,
mudofaa qurollari, idishlar, ko'zgu, to'qimachilik, ip va ipak mato qoldiklari
topib o'rganildi.
Sopollitepada istiqomat qilgan ajdodlarimiz bronza davridayoq qo'shni xalqlar
bilan bevosita yaqindan aloqada bo'lganlar. Xususan, bu yerdan topib
o'rganilgan ko'pgina buyumlar Janubiy Turkmanistonda to-pilgan buyumlarga juda
o'xshashdir. Miloddan avvalgi XVIII-XV asrlar oralig'ida Sopollitepa
manzilgohida qizg'in hayot mavjud bo'lgan, ammo miloddan avvalgi XV asrda
O'lanbuloqsoy suvlarining qurishi oqibati-da sopollitepaliklar bu manzilgoxni
tark etib, Sherobod daryosining qadimiy irmog'i hisoblangan Bo'stonsoy
qirg'oqlariga ko'chib o'tib, bu yerda Jarqo'ton nomi bilan ma'lum va mashhur
bo'lgan ilk shahar madaniyatini shakllantirganlar.
Jarqo'tonliklar ruhiy va ma'naviy kamolot borasida ham ajdodlariga nisbatan
ancha yuksaklikka erishganlar. Bu yerda olib borilgan arxeologik izlanishlar
jarayonida qabrlardan topilgan turli xil hayvonlar va parrandalarning
tasvirlari tushirilgan muhrlar va belgilar jarqo'tonliklar diniy e'tiqodida
tote-mistik tasavvurlarning bir qadar ildiz otganligi, shuningdek, mug'onalik
odatlarining mavjud ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, bu yerdan olov
ibodatxonasi ham topib o'rganildi. Ushbu ibodatxona shahar maydonining eng
baland joyida barpo etilgan, bu esa Jarqo'tonning nafaqat siyosiy va iqtisodiy
markaz, balki uning ayni shu mintaqada o'sha zamon odamlari uchun ruhiy va
ma'naviy markaz bo'lganligining ham birdan-bir isbotidir. Yuqorida
ta'kidlaganimizdek, jarqo'tonlik ajdodlarimiz o'zlarining shahar, qabila, urug'
oqsoqoliga taalluqli muhr va tamg'alariga ega bo'lib, unda burgutning qanot
qoqib uchayotgan tasviri, to'rt xil ilonning harakatlanib turishi, har xil
parranda va hayvonlarning, to'qay mushugi, tog' echkisi, sher, cho'chqalarning
surati tasvirlangan.
Arxeologlar miloddan avvalgi II ming yilliklarga oid zardushtiylik dinining
paydo bo'lishini ham Jarqo'ton misolida taxmin qildilar. Zardushtiylik dini
odatlariga ko'ra to'rt narsa muqaddas hisoblangan: 1. Suv. 2. Tuproq. 3. Havo.
4. Olov. Zardushtiylik dini an'analariga ko'ra o'lgan kishini dafn qilishda ana
shu to'rt narsaga qattiq amal qilganlar:
1. Suvga tashlash mumkin emas, chunki suv muqaddas.
2. Tuproqqa ko'mish mumkin emas, chunki tuproq muqaddas.
3. Havoga tashlash mumkin emas, chunki havo muqaddas.
4. Olovga tashlash mumkin emas, chunki olov muqaddas.
Shuning uchun bu davrda o'lganlarni tog'u toshlarga,
odam yashamaydigan joylarga olib borib maxsus daxmalar ustiga qo'yib, murdaning
go'shtini yirtqichlar, qarg'a-quzg'unlarga yedirganlar, murdaning suyaklarini
esa maxsus idishlarga, ya'ni ostadonlarga solib qo'yganlar.
Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi «Avesto»ni arxeologlar miloddan avvalgi
I ming yilliklarning o'rtalarida paydo bo'lgan deb hisoblaydilar. Bu dinning
haqiqiy vatani qayerdaligini belgilash to'g'risida tortishuvlar, bahsu
munozaralar va noaniqliklar bor edi. Arxeologlarning 1982 yildan Sherobod tumanidagi
qadimgi yodgorliklarda olib borgan ilmiy tadqiqot ishlari bu fikrlarga ancha
aniqlik va tuzatishlar kiritdi. Ba'zi olimlar bu dinning vatani Xorazm deb
hisoblasa, ikkinchi bir guruhi Eron deb da'vo qilar, uchinchilari esa Baqtriya,
to'rtinchi-lari So'g'd deb hisoblar edi. Xullas, Jarqo'ton yodgorliklaridan
topilgan topilmalar zardushtiylik dinining dastlab Baqtriya, ya'ni Baqtriyaning
shimoliy qismida, hozirgi Surxondaryo viloyati hududida bronza davrida paydo
bo'lganligini isbotlab berdi. Bu zardushtiylik dini paydo bo'lishi tarixini
500-600 yil, ya'ni bundan 2500-2600 yilga qadimiylashtirish imkonini berdi.
Humo deb atalgan qush qiyofasidagi idishlar, ostadon deb atalgan suyakdonlar,
zardushtiylik dini an'analariga muvofiq ko'mish usulining paydo bo'lishi ham
ushbu fikrlar isbotidir.
Arxeolog olim, akademik A. A. Asqarov Sopollitepa va Jarqo'ton qishloq xarobasi
va qabristonini to'liq o'rganib, ushbu yodgorliklar ko'hna Baqtriya hududidagi
qadimgi Sharq sivilizasiyasi va madaniyatining bir bosqichi ekanligini ilmiy
jihatdan asosladi. A. Asqarov va uning shogirdlari butun manbalarni uch
bosqichga bo'lib, Sopollitepaning ustki qatlamlaridan chiqqan ashyolarni
«Sopolli bosqichi», Sopollitepaning ustki qatlamlaridan va Jarqo'tonning ostki
qatlamlaridan chiqqan ashyolarni «Jarqo'ton bosqichi», Jarqo'tonning yuqori
qatlamidagi manbalarni «Mullali bosqichi» deb yuritdi. Arxeolog olim B.
Abdullayev Jarqo'ton qabristoni manbalarini sinchiklab o'rganib, «Mullali
bosqichi»ning ikki davrdan: «Ko'zali» va «Mullali» davrlaridan iboratligini
ilmiy asosladi. Shunday qilib, Sopolli madaniyati to'rtta bosqichga bo'linib,
uning birinchi bosqichi: «Sopolli bosqichi»- miloddan avvalgi XVII-XV asrlar,
ikkinchi bosqich - «Jarqo'ton bosqichi» miloddan avvalgi XV- XIV asrlar, uchinchi
bosqich - «Ko'zali bosqichi» miloddan avvalgi XIV asr o'rtalari va XIII asr,
to'rtinchi bosqich - «Mullali bosqichi» miloddan avvalgi XII- XI asrlarga oid
deb belgilandi.
Sopolli madaniyati davrida kulolchilik charxida tayyorlangan idishlar shaklining
yetukligi va jarangdorligiga hech qaysi boshqa sopol idish tenglasha olmaydi.
Sopolli madaniyatining barcha bosqichlarida sopollar, garchi bir-biriga
o'xshasada, sinchiklab qaralsa, ularning bir-biridan farqi seziladi. O'zining
nozikligi va shaklining yetukligi jihatidan «Sopolli bosqichi»ning sopollari
boshqa barcha bosqich sopollaridan o'zining uslubi bilan ustun turadi.
Jarqo'ton bosqichi sopollari «Sopolli bosqichi» sopollariga qaraganda og'ir va
ancha qo'pol ishlangan. O'zbekistonning janubida bunday yuqori sifatli
kulolchilik buyumlari tayyorlanishining sababi, avvalo yuksak dehqonchilik
madaniyatining rivojlanganligi natijasidir. Sopollitepada kulolchilik hamda
hunarmandchilikning ushbu turi ancha yuksalganligini mavjud ustaxonalar bilan
birga boshqa yirik inshootlar, ya'ni qal'alar, ibodatxonalar, mahallalar ham
tasdiqlaydi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo shaharlarining ilk namunasi deb tan
olinayotgan Jarqo'ton turar joy makonida butun bir ilk shaharning barcha
unsurlari topib o'rganildi.
Qadimshunos olim A.Asqarovning qayd etishicha, Jarqo'ton ikki qismdan iborat
bo'lgan, ya'ni «Arki a'lo» va «Shahriston»dan, «Arki a'lo»da shahar hokimining
qarorgohi-hukmdor saroyi joylashib, umumiy maydoni 3 gektarni tashkil etgan.
Uning atrofi qalin mudofaa devori bilan o'ralib, sharqiy va janubiy
tomoniga-shaharning asosiy aholisi-dehqon va hunarmandlar yashagan «Shahriston»
joylashgan. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida 20 gektar maydonni egallagan
nekropol, yangi shahar qabristoni joylashib, 20 ga yaqin aholi turarjoy
dahalari hamda dehqon-hunarmandlarning patriarxal jamoa qo'rg'onlari aniqlandi.
Akademik A.Asqarovning alohida ta'kidlashicha, shaharlarning tashkil topishida,
asosan aholining o'troq xo'jalik hayoti va u bilan bog'liq yana uch omil
mavjudligi tarixan zarur hisoblanadi. Birinchisi-qulay tabiiy sharoit, yangi
unumdor tuproq, suv va boshqa geografik omillar, ikkinchisi hosildor sug'orma
dehqonchilik va uni ta'minlovchi agrotexnikaning vujudga kelishidir. Bular
shaharlarning paydo bo'lishidagi iqtisodiy omillar asosida vujudga kelgan
tabaqalashgan jamiyatning diniy, harbiy va siyosiy jihatdan boshqaruv tizimi
tug'ilishiga sharoit yetilgan bo'lishi bilan bog'liqdir. Iqtisodiy hayotda yuz
bergan tub o'zgarishlar dehqonchilikda sun'iy sug'orish tizimining kashf
etilishi, daryolardan magistral kanallar orqali yangi yerlarga suv chiqarishni
ta'minladi. Yerni ishlashda omoch va hayvon kuchidan foydalanish,
hunarmandchilikning to'qimachilik sohasida yigiruv va to'quv dastgohining,
kulolchilikda charxning va murakkab xumdonning, metall eritish va quyish
texnologiyasining kashf etilishi, uy hayvonlaridan transport sifatida
foydalanishga, qurilishda reja asosida uy-joy va monumental binolar qurishga
o'tish, atrof-muhit haqida to'plangan bilimlar asosida astronomiya, astrologiya,
quyosh soati, taqvim, murakkab hisoblash tizimini ixtiro etish va boshqalar
tufayli ijtimoiy hayotda tabaqalanish yuz berdi. Olimning tinimsiz mehnati
tufayli uch gektarni tashkil etgan Arki a'lodan somon qo'shilgan xom g'ishtdan
ishlangan qalin ichi 3 metr, balandligi 5-6 metr mudofaa devori hamda uchta
turar joy dahalari, maxsus chilangarlik ustaxonasi, kengligi 70 sm, uzunligi 2,5 m, balandligi 1 m keladigan supa ustida
beshta o'choq topildi. Akademik A.Asqarov shogirdlari bilan hamkorlikda Ark maydonidan butun bir
metall eritish sexi ochilib, «Metallurgiya zavodi» bir-biriga yaqin qilib
qurilgan ikkita ikki yarusli doirasimon metall eritish pechkalari ochildi.
Arxeologik tadqiqotchilar erishgan eng katta yutuqlardan biri Shahriston
qismidan keng poydevor- supa ustiga qurilgan uy-joy majmualarini qazish
jarayonida xonalarning biridan qabila oqsoqolining qabri topildi. Qabr topilgan
xona to'rt xonali uyning eng kattasi bo'lib (maydoni 39 kv.m), uning g'arbiy
devori ichiga mo'rili o'choq joylashtirilgan. Qabrdan topilgan ashyoviy
manbalar asosida oqsoqolning nafaqat jamoa sardori, balki hayotlik davridagi
kasbi-korini ham aniqlab berish mumkin. Sardor qabrida 50 dan ortiq ashyolar
bo'lib, shundan 17 tasi oqsoqolning kasbiga aloqador buyumlardir. Oqsoqolning
qabiladoshlari tomonidan marhumga uning ruhi narigi «dunyoga» toliqmay, dadil
yetib borishi uchun har xil ovqatlar qo'yilgan. Marhumning oyoq tomoniga 30 dan
ortiq turli xil sopol idishlar, 2 ta bronzadan ishlangan kosalar, surmadon va 2
ta to'g'nag'ichlar qo'yilgan buyumlar qabr egasini usta zargar va ohangar
bo'lganligini isbotlaydi.
Akademik A.Asqarovning buyuk xizmatlaridan yana biri otashparastlar
ibodatxonasining topilishi bo'ldi. Bu majmua Arki a'lodan 350 metrlar chamasi
Janubiy Sharqda ya'ni Jarqo'tonning eng baland qismida qad ko'targan. Jarqo'ton
ibodatxonasi to'g'ri to'rtburchak shaklda (44,5X60 m) tomonlari yorug'likka
moslashtirilib qurilgan hamda chor atrofi xom g'ishtli qalin (4,5 metr) mudofa
devorlari bilan o'rab olingan. Jarqo'ton ibodatxonasi ikki qismdan ya'ni
muqaddas sajdagoh va uning qoshidagi xo'jalik xizmat qismidan iborat maskandir.
Shahar devorlari somonli loydan tayyorlangan g'ishtdan qurilgan. Qabrlar asosan
uy ichiga joylashtirilgan. Chunki aholi marhumlar u dunyoda ham yashaydilar
degan tushunchada bo'lgan. Qabrlarda erkaklar o'ng biqini (tomoni) ayollar chap
biqini bilan xuddi bola ona qornida yotgan paytdagidek g'ujanak holda
yotqizilib dafn etilgan. Har bir qatorda 10 dan 50 tagacha sopol va bronzadan
yasalgan idishlar, oziq-ovqat qo'yilgan. Bu sopol idishlar turlicha bo'lib,
ular xum va xurmacha, vaza, choynak, kosalar, ko'zacha va laganlardan iborat.
Idishlar shunchalik nafis va jarangdor qilib yasalganki, bu o'sha davrda
kulolchilik juda taraqqiy etganligidan nishona beradi. Qabristonni qazish
vaqtida xumlardan uzum va jiyda urug'lari topilib, ular bog'dorchilikning ham
ancha rivojlanganligidan dalolat beradi.
Miloddan avvalgi X asrga kelib bir qator tabiiy va ijtimoiy sabablar oqibatida
Jarqo'tonda hayot to'xtadi va bronza davrining ilk shahri hisoblangan Jarqo'ton
siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan markaz sifatidagi o'rindan judo bo'ldi
hamda ko'p yillar mobaynida bu yerda qaynab turgan hayot izlari so'ndi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий