ILM-FAN
Qadimiy Movarounnahr sarzaminida shuhrat tutib jahon
bo'ylab ilmu urfon taratgan Buxoro, Samarqand va Urganch kabi shaharlar
sirasiga Termiz shahri ham kiradi. Bunga, eng avvalo, Termiz shahrining qulay
geografik joylashuvi ko'p jihatdan omil bo'lib xizmat qilgani sir emas. Boisi,
mavj urib oqayotgan asov Oks daryosi sohilida qad ko'targan ko'hna Taramata
(«Avesto»da Tara Maeta, goho Maetha) shahri o'zining mustahkam mudofaa
devorlari bilan jahon fotihlari ahamoniy shoxlar - Kir va Doroni hamda makedoniyalik
Iskandar Zulqarnaynlarni lol qoldirgan edi. Termiz shahri Balx shahri kabi
zardushtiylik va buddaviylik dinlariga ham maskan, ham Vatan ekani fanda
allaqachon o'z isbotini topgandir. Bu ikki shahar mashhur Araks (Amudaryo)ning
o'ng va so'l sohillarida joylashgan hamda doimiy ravishda bir-birining
ijtimoiy-siyosiy hayotiga o'zaro ta'sir ko'satib turar edi. O'ng sohil shahri
Termiz va chap sohil shahri Balx o'z tarixi hamda osori-atiqalari jihatidan
qimmatli qirralarni namoyon etadi.
Tarixdan ma'lumki, Termiz qadimdan madaniy va ma'rifiy markaz bo'lib, o'z
bag'rida jahon e'tirof etgan buyuk allomalarni voyaga yetkazgan shahardir.
Termiz eng muhimi Movarounnahrning Buxoro va Samarqand kabi shaharlarini
Sharqda shuhrat tutgan Balx shahri bilan bog'lab turgan. Termiz shahrini uzoq
o'tmishdanoq Termizshohlar idora qilgan. Termizni 689 yilda bosib olgan arab
qabilasi sardori Muso termizshohni quvib yuboradi. Termizni aynan shohlar idora
etishi, ehtimol, bu eroniy-sosoniylar sulolasi bilan bog'liqliklar kasb etardi,
zero, hali XI asrlarda ham Termizni termizshohlar idora qilardi. Termiz adabiy
va ilmiy muhiti xususida so'z ketar ekan, o'tmishda yaratilgan tazkira, majmua
va bayozlarda shu shaharda nash'u namo topgan ilm va qalam ahli ijodidan
keltirilgan parchalarda, ma'lumotlarda buning isbotini ko'rish mumkin bo'ladi.
Termizda IX-XII asrlarda dunyoviy ilm bilan birga diniy ta'limot ham ancha
taraqqiy etadi. Ilohiyot ilmining hakimiya tariqatiga aynan Termiz shahrida
asos solinadi, uning sardaftari Hakim at-Termiziy edi. Zero, hakimiya tariqati
keyingi davrlarda boshqa qator o'lka tariqatlariga o'z ta'sirini o'tkazadi. Bu
jihatlari bilan Termiz shahri ko'prik vazifasini o'taydi, sababi Termiz
birato'la Movarounnahr va Xuroson so'fiylik tariqatlari uchun chorraha edi.
Termizda hadis ilmi ham keng rivoj topadi, buyuk muhaddis Abu Iso Imom
at-Termiziy bu sohadagi ishlari bilan jahonga mashhur allomalar qatorida
turadi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий