TERMIZ SAYYIDLARI
TERMIZ SAYYIDLARI
Ko'hna
shahrimizdan yetishib chiqqan ko'plab buyuk tarixiy siymolarning hayoti va
faoliyati Termizning insoniyat tarixida o'chmas iz qoldirishida asosiy sabab
bo'lgan. Ana shunday buyuk tarixiy insonlar orasida Termiz
sayyidlari xonadonining namoyandalari ham bor. «Sayyid» so'zi lug'atan
arabchada «janob» ma'nosini anglatib payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom
avlodlarining faxriy unvonidir. Musulmon dunyosida sharif, xoja (xo'ja), to'ra
so'zlari sayyid atamasining sinonimi sifatida ishlatiladi. Ayrim hollarda
Muhammad alayhissalomning nevaralari Hasan avlodi sharif va Husayn avlodi
sayyid unvonlari bilan alohida ajratiladi. Termiz sayyidlari xonadoniga doir
ma'lumotlar sharq yozma merosining mashhur namunalari orqali yetib kelgan.
Jumladan, Termiz sayyidlari xususida Ota Malik Juvayniy, Hamidullo Qazviniy,
ibn Battuta, G'iyosiddin Ali, Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Zahiriddin
Muhammad Bobur, Hofiz Tanish al-Buxoriy va boshqa allomalarning durdona
asarlarida qimmatli ma'lumotlar keltirilgan. Termiz sayyidlari xonadoni
tarixini o'rganishdagi asosiy manba ularning oilaviy shajarasidir, unda
musulmon dunyosining tarixiga doir ayrim ma'lumotlarni uchratish mumkin. Ana
shu shajara asosida 1914 yili akademik A. A. Semyonov «Termiz sayyidlarining
kelib chiqishi va ularning qadimiy maqbarasi Sulton Saodat» maqolasini e'lon
qiladi.
XIX asr oxiri - XX asr boshlarida rus sharqshunoslari V. V. Bartold, A. Kun, M.
S. Andreyev va boshqalar o'zlarining ilmiy tadqiqotlarida Termiz sayyidlari
xonadoni to'g'risida to'xtalib o'tadilar. Naql qilinishicha, Ali ibn Abu
Tolibning Fotimadan tug'ilgan o'g'li Husayn so'nggi sosoniy shohi Yazdigirdning
qiziga uylanadi. Ularning o'g'illari Alidan Husayn al-Asqar, undan esa
Ubaydullo dunyoga keladi. Xalifa al-Mansur davrida (754-755) Amir Ubaydullo
xalifa deb e'lon qilinadi. Uning o'g'li Ja'far al-Hujjat Madina hokimi edi,
Termiz sayyidlari xonadonining asoschisi Hasan al-Amir Ja'far al-Hujjatning
o'g'li Amir Husaynning farzandidir. Keltirilgan shajara musulmon dunyosida keng
tarqalgan bo'lib, ko'p manbalarda uchraydi.
Hasan al-Amir o'zining yaqinlari bilan 850 yilda Samarqandga keladi va u yerda
11 yil yashab, 861 yilda Balxga ko'chadi. Taxminan 865 yildan Hasan al-Amir
Termizga keladi va shu yerda butunlay o'rnashib qoladi. Hasan al-Amir va uning
yaqinlari Movarounnahrga kelgan paytda Somoniylar sulolasining yuksalishi
boshlangan edi. Somoniylarning kelib chiqishi masalasida hozirgacha ilmiy
doiralarda yagona fikrga kelinmagan. Ba'zi manbalar Somoniylarni Termiz bilan
bog'laydilar, ularga ko'ra, Somon qishlog'i hozirgi «Namuna» jamoa xo'jaligi
hududida joylashgan. Termiz sayyidlarining shajarasi ham shular jumlasiga
kirib, Ismoil Somoniyning har yili Termizga kelishi to'g'risida manbalar aniq
xabar beradi. Sayyid Amir Abdullo mamlakat hukmdori Ismoil Somoniyning Maxsuma
(yoki Mohisiymo) ismli qiziga uylanadi, ularning farzandlaridan boshlab Termiz
sayyidlari Xudovandzoda laqabini oladi.
Termiz sayyidlarining Sulton Saodat nomli maqbara majmuasining ilk poydevori
Somoniylar davrida qurila boshlagan edi. Sayyidlar jamoasi o'zining alohida
boshlig'iga - naqibiga ham ega bo'lganlar. Muhammad avlodlari yashagan har bir
hududda ularni boshqarib turadigan alohida naqib bo'lgan. X asrgacha barcha
naqiblar abbosiylardan bo'lib, Alining avlodlari ham ularga bo'ysunishgan,
keyinchalik ular o'rtasida bo'linish yuz beradi. Termizda ham sayyidlarning
naqibi bo'lgan, uning vazifasiga huquqiy masalalarni hal qilish va nafaqalarni
tarqatish kirgan. Termiz naqiblari orasida eng mashhuri Ali ibn Ja'far
al-Musaviydir. Musulmon dunyosining mashhur olimi Abul Fath Muhammad
ash-Shahristoniy asarlari Termiz naqiblariga bag'ishlangandir.
Muhammad Xorazmshoh davrida (1200-1220) Xorazm davlati Kaspiy dengazining
shimoliy sohillaridan Fors qo'ltig'igacha, Kavkazdan Hindikush tog'larigacha
bo'lgan mintaqani birlashtirib, qudratli davlatga aylanadi. Muhammad o'zining
xalifa tomonidan islom va musulmonlarning sultoni sifatida tan olinishini talab
qiladi. Xalifa an-Nosir (1180-1225) esa Muhammad Xorazmshoh nomini xutbaga
qo'shib o'qitishdan, ya'ni bo'ysunishdan bosh tortadi. Xorazmshoh ham o'z
navbatida an-Nosirni, umuman abbosiylarni xalifalik hokimiyatining noqonuniy
vorislari deb e'lon qiladi. 1212 yilda Muhammad Xorazmshoh ulamo va imomlarni
yig'ib, abbosiylarni xalifaliqdan mahrum qiladi va Termiz sayyidlaridan
bo'lmish A'lo al-Mulukni xalifa deb e'lon qiladi.
Asrlar davomida Termizda tasavvuf ta'limotining ta'siri kuchli bo'lgan.
Abdurahmon Jomiy o'zining «Nafohat ul-uns min hazorat al quds» asarida
mavlaviya tariqatining asoschisi Jaloliddin Rumiyning ustozi «Sayyidi sirdon»
laqabli Sayyid Burhoniddin to'g'risida: «U sayyidlardan, Husayn avlodidan,
Ter-mizdandir» deb yozgan edi. Xuddi shu davrda sayyidlar xonadonining yana bir
vakili Shamsiddin Muhaddis ismi bilan tanilgan Shams ul-millat vad-din Abu
Ja'far Tohir ibn Nizomiddin Xudovandzodai Ziyo ul-muluk tasavvuf targ'ibotchisi
va Termiz sayyidlari shajarasining dastlabki tuzuvchisi bo'lgan.
Chingizxon bosqini natijasida Termiz vayron qilinadi, mintaqada mo'g'ullar
hukmronligi o'rnatiladi. Movarounnahrda mo'g'ullar hukmronligi uzoq davom etgan
bo'lsa-da, amalda hokimiyat mahalliy sulolalar, xususan, Termiz sayyidlari
xonadoni tomonidan boshqariladi. XIII asr oxiri - XIV asr boshlarida shahar
hayoti asta-sekin o'nglanib, Termiz yangi joyda tiklanadi. Bu jarayonni M. YE.
Masson sayyidlar faoliyati bilan bog'laydi. Dastlab bir necha yuz oila
yashovchi qishloq XIV asr boshlarida «chiroyli imoratlari va bozorlari ko'p
bo'lgan yirik shaharga» aylanadi. Ibn Battutaning yozishicha, Termiz hukmdori
A'lo ul-Muluk Xudovandzoda Chig'atoy ulusining xoni Buzan (1335- 1338)ga qarshi
kurashda faol ishtirok etgan. Mo'g'ullarga qarshi kurashda musulmon amirlari
Xuroson sul-toni Yosur Maxzumning o'g'li Xalil atrofida birlashadilar. Birinchi
bo'lib Xalilga to'rt ming kishilik qo'shin bilan A'lo ul-Muluk kelib qo'shiladi
va vazir qilib tayinlanadi. Buzan qo'shinlari tor-mor qilinib, uning o'zi qatl
qilingach, mo'g'ullarning boshqa qo'shinlari birin-ketin mag'lubiyatga uchraydi.
Xudovandzoda Xitoydagi hozirgi G'ulja shahrining shimoli-g'arbida joylashgan
Olmaliq shahrida Xalil qo'shinlariga bosh bo'lib turganda, ichki dushmanlar
ikki orada ixtilof chiqaradilar. Xalilga yetkazilgan xabarga ko'ra, go'yo vazir
o'zining payg'ambar avlodidan ekanligini ta'kidlab, oliyjanob va mardligi
tufayli podsholikka haqqim ko'proq deb, bosh ko'tarmoqchi bo'lgan. Shunda Xalil
Olmaliqqa Xudovandzoda o'rniga boshqa noib yuborib, uni huzuriga chaqiradi,
aybi isbot qilinmay Xudovandzoda qatl qilinadi. Bu voqea Xalil saltanati
halokatiga sabab bo'ladi, deb dalolat beradi ibn Battuta. Termiz sayyidlarining
shajarasida A'lo-ul-Muluk «Shahid» laqabini oladi, ibn Battutaning yozishicha,
«u mard odam edi». Shu davrdan Termizga nisbatan «Madinat ar-rijol», ya'ni
mardlar shahri atamasi keng qo'llanila boshlanadi.
Termiz sayyidlari xonadoni tarixidagi eng yorqin sahifalar Amir Temur va uning
avlodlari bilan bog'liqdir. Buning sababi, fikrimizcha, sohibqironning piri
Shamsiddin Sayyid Amir Kulol ayni A'lo ul-Muluk Xudovandzodaning o'gli bo'lishi
kerak. Pirning barcha nomlari sayyidlar xonadoniga mansubligidan dalolat
beradi. Shuningdek, uning maqbarasi Termiz sayyidlarining Shahrisabzdagi
maqbarasi Gumbazi Sayyidon bilan qo'shilib ketgan. Amir Temur butun umri
davomida sayyidlar xonadonining vakillari bilan chambarchas aloqada bo'lgan.
Sohibqiron hokimiyat uchun kurash boshlaganda ham, eng zafarli kunlarida ham
Termiz sayyidlari jahongirning hamrohlari bo'lgan. «Temur tuzuklari»da A'lo
ul-Mulukning jiyanlari aka-uka Hasan va Ziyoviddinlar bir necha bor tilga
olinadi. 1370 yilda Amir Temur Balxga ketayotib, Termizda Sayyid Baraka
qo'lidan hokimiyat ramzi nog'ora va bayroqni olishga muyassar bo'ladi.
Shayxning duosini olib, Amir Temur Balxni o'z tasarrufiga oladi va
Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylanadi. Amir Temurning taxtga chiqish
marosimida A'lo ul-Mulukning yettinchi va sakkizinchi o'g'illari Abul Ma'oli va
Ali Akbar ishtirok etganlar. 1371 yilda Temurga qarshi uyushtirilgan fitnada
Abul Ma'oli ham ishtirok etadi. Fitna mag'lubiyatga uchragach, uning
qatnashchilari qatl qilinadi, Abul Ma'oli esa davlat ishlaridan
chetlashtirilib, Shahrisabzga ko'chiriladi.
Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida ko'rsatilishicha, Sohibqiron
Abul Ma'oliga quyidagicha murojaat qilgan: «Nasabing silsilasi payg'ambar ahli
baytiga, unga va ularning barchasiga Ollohning rahmatlari va salomlari bo'lsin,
ulanganligi uchun hech qachon biror zahmat g'ubori sening hayoting etagiga
qo'nishini ravo ko'rmasin. Lekin sen noloyiq ishlarni tark etmayapsan,
maslahatim shu tururki, bu viloyatdan chiqib ketsang». Lekin sayyid tezda
kechirilgan bo'lishi kerak, chunki bir yildan so'ng u Amir Temurning Xorazmga
yurishida qatnashadi. Shundan so'ng Termiz sayyidlari avlodlarining Qashqadaryodagi
xonadoni vujudga keladi, yuqorida eslatilgan Gumbazi Sayyidon ularning oilaviy
maqbarasiga aylanadi. Ba'zi manbalarga ko'ra Amir Temurning qizi Sulton
Baxtbegim Termiz sayyidlaridan bo'lmish Hasanga nikohlangan hamda Qashqadaryo
vohasidagi ma'lum bir qism yerlarini kuyoviga vaqf qilib beradi. Abul Hasan bu
joyda o'z langariga asos soladi, langar so'filar makoni bo'lib, Termiz
sayyidlari nafaqat Movarounnahrda, balki boshqa joylarda ham langarlar tashkil
qilishgan. Masalan, Abdurazzoq Samarqandiyning «Matla' us-sa'dayn va majmai
bahrayn» asarida yozilishicha, Sayyid Tojiddin o'z langarini Kumulda qurgan
ekan. Shuningdek, afg'on qabilalarining diniy rahnamosi - Pir boboning asli
ismi Sayyid Ali Shoh at-Termiziydir. Umuman, XIV asrda Termiz sayyidlari Movarounnahrning
turli joylarida faoliyat ko'rsata boshlaganlar.
1359 yilda Toshkentda mo''tabar shayx Xovand Tohur vafot etadi. Muhammad
qozining Xo'ja Ahror hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan asarida
ta'kidlanishicha, shayx Termiz sayyidlaridan bo'lib, Xovand so'zi
Xudovandzodaning qisqargani ekan. Bu borada musulmon dunyosida mashhur Xo'ja
Ahrori Vali ayni shu Shayxontohurning jiyani ekanligini alohida ta'kidlash
lozim. Amir Temur Termiz orqali o'tganida sayyidlarning uyida mehmon bo'lgan,
Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1399 yil 11 sentabrda va 1404 yil yozida
Temur A'lo ul-Mulukning uyida mehmon bo'ladi. G'iyosiddin Ali tomonidan
yozilgan Temurning Hindistonga yurishiga bag'ishlangan asarida A'lo
ul-Mulukning oltinchi o'g'li Alouddin ham tilga olib o'tiladi. Surxondaryo
o'lkashunoslik muzeyida saqlanayotgan bu kitobning 1915 yildagi forscha
nashrida Termiz Xudovandzodalari Amir Temur va uning qo'shiniga ikki kun to'y
berdi, deb ta'kidlanadi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий