понедельник, 17 июня 2013 г.

SURXONDARYONING IJTIMOIY-IQTISODIY HAYOTI

IJTIMOIY-IQTISODIY HAYOT
Eramizning I-IV asrlarida hukmronlik qilgan Kushon imperiyasi davrida Surxondaryo vohasi iqtisodiy, madaniy jihatdan taraqqiy etadi. Ammo III asrning ikkinchi yarmida saltanatda yuz bergan kuchli to'qnashuvlar, imperiyani halokat yoqasiga olib keladi. Kushon saltanati Eron Sosoniylari qo'shinlari tomonidan mag'lubiyatga uchragach, uning yerlarida bosqinchilarga qaram viloyat tashkil etiladi. Bu yerlar asosan Baqtriya - Toxariston hududiga to'gri keladi, viloyatni asosan sosoniy shahzodalar idora qila boshlaganlar.

Mamlakatimiz tarixida alohida e'tiborga ega bo'lgan Tohariston mil.avv. I ming yillikning so'nggi II-I asrlariga kelib mintaqaning Baqtriya qismida Toxariston vujudga keldi. Toxariston tarixiy manbalarda milodiy 338 yildan boshlab uchrasada, lekin tohar(yuyechjey)lar o'z hukmronligini o'rnatgan. Yuyechjeylar xunlar tazyiqidan qochib, Baqtriya hududiga kelib joylashdilar, miloddan avv. 130 yil toharlar Baqtriyaning yunonlar ta'siriga uzil-kesil chek qo'ydi. Ular Amudaryoning o'ng qirg'og'ida joylashgan hududlarni hamda Surxon vohasining qo'yi oqimidagi viloyatlarni o'z tasarruviga oldilar. Xitoy tarixchilarining manbalariga asoslanib, Toxariston shimoldan kirib kelgan toxarlar (yuyechjiylar) hamda mahalliy mavqeiga ega bo'lgan 5 ta siyosiy xonadon tomnidan boshqarilgan. Bular Xiyumi, Shuanmi, Guyshuan (Kushon), Xaytun, Gaofu xonadonlari. Ularning har biri ustidan turuvchi sardor yabg'u (jabg'u) unvoniga ega bo'lgan rahbarlar ishni boshqargan. Toxariston siyosiy-ma'muriy boshqaruvida Xitoy manbalarida qayd etilishicha, Yuyechjiy aslida ko'chmanchi davlat ahli mol-holi bilan bir joydan ikkinchi joyga ko'chib yuradi, urf-odatlari xunlarnikiga o'xshash bo'lgan.
Toxaristonda toxarlar iqtisodiy va madaniy hayotga ko'p aralashmay mahalliy sulolalardan soliq olish hisobiga yashaganlar. Baqtriya Toxaristonda 1 millionga yaqin aholi yashab, mamlakatda sun'iy sug'orish, hunarmandchilik, quruvchilik, to'qimachilik ancha rivojlangan. Buyuk ipak yo'lining rivojlanishi natijasida janubiy Yevropa, Kichik Osiyo, Hindiston bilan bog'laydigan savdo-sotiq yo'llari rivojlandi. Toxariston bilan Xitoy o'rtasida iqtisodiy savdo aloqalari ancha taraqqiy etdi va ushbu hududda iqtisodiy-madaniy taraqqiyot ancha yuksaldi. Xitoy sayyohi Chjan Syanning taxminan mil. avv. 128 yil ma'lumotiga qaraganda yuyechjiylar Toxaristonda tinch hayot kechirishib, ular xunlarga qarshi urushga qatnashishga rozi bo'lmaydilar.
Toxariston milodiy I-IV asrlarda dong taratgan Kushonlar imperiyasining tashkil topishda alohida hissa qo'shganlar.
IV asrning 60-70-yillarida Shopur II Markaziy Osiyo yerlariga shimoldan kirib kelgan xioniylar bilan kurash olib boradi va ikkinchi marotaba yengiladi. Milodiy 380 yilda xion qabilalarining harakati tufayli Shimoliy Toxaristonda xion qabilalarining mustaqil viloyati vujudga keladi. Sharqiy Toxaristonda esa eftaliylar uyushmasidan iborat birlik tashkil topadi. Mamlakatimiz tarixida alohida o'rin tutgan eftaliylar davlati ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlar qatorida ajralib turgan. Eftaliylar siyosiy hukmronligi V asr va VI asrning ikkinchi yarmiga qadar mavjud bo'lgan. Eftaliylar haqida xitoy, hind, fors, arman, suriya, lotin tarixiy manbalari ma'lumot beradi. Xitoy manbalarida Eftaliylar ida, iyada, idan, idyan atamalari bilan, suriya va lotin manbalarida eptal, abdal; arman manbalarida idal, tetal, xeptal; arab va fors manabalarida haytal, yaftal, hatal; hind manbalarida huna kabi nomlar bilan qayd etilgan. Xitoy manbalarida eftaliylarni yuyechji yo uyg'ur qabilalariga tegishli ekanligi ta'kidlab o'tiladi. Vizantiyalik tarixchi Prokopiy eftaliylar xunnlardandir, tanalari esa oq, deb ma'lumot beradi. Pahlaviy yozuvida bitilgan «Bahman-Yasht»dagi manbada Erondagi podshohlik va oliy hokimiyat eroniy bo'lmagan qulvachchalarga, ya'ni xion, turk, haftal (eftal), tibetliklar qo'liga o'tdi. Shuningdek «Bahman-Yasht»da lo'nda qilib eftaliylar eroniy emas, deb yozib qo'yilgan. Xitoy manbalarida Idan (eftaliylar) sulolasi Xan sulolasi davridan ma'lum katta Yuyechji avlodidir. Daxya (Baqtriya) bu Tu xo la (toxariston) demakdir. Bu yerlik hukmdorlarning nomi Iede (Eftal, eftalan, eftalit) bo'lib, bu nom bilan davlat nomi atalgan. Eftal avlodlari mamlakatni mustahkamlash uchun bir qator muhim islohotlar o'tkazib, o'zlarini hukmron mavqelarini ancha mustahkamlab oldilar. Taxminan 457 yili Vaxshunvar (Axshunvar) boshliq Eftaliylar Chag'oniyon (Surxondaryo viloyatining Termizdan yuqori qismlari), Toxaritson, Badaxshonda o'z hokimiyatlarini o'rnatdilar. Rim tarixchisi Prokopiy (VI asr)ning yozma manbalarida «Eftaliylar davlatni qonunlar asosida boshqaradilar», deb ta'kidlaydi. Chunki davlatni ma'muriy-siyosiy jihatdan boshqarish uchun mukammal qonunchilik hamda qattiqqo'l siyosiy boshqaruv tizimi mavjud bo'lgan. Eftaliylar davrida mintaqada so'g'dcha, xorazmcha, buxorocha, karoshti (kxaroshtxi), eftaliycha yozuvlar madaniy jarayonga o'z hissasini qo'shgan. Eftaliy yozuvi haqida chinlik Syuan Szan quyidagicha ma'lumot keltiradi: «Yozuvlaridagi asosiy harflar soni yigirma beshta bo'lib, ular yordamida iboralar, so'zlar yasaydilar. Sahifaga xatni eniga tushiradilar, chapdan o'ngga qarab o'qiydilar». Eftaliylar davlatidagi xalqlar zardushtiylik, qadimiy e'tiqodlardan Siyovush, Anaxita, Mitraga, Buddoviyparastlik (asosan Shimoliy Hindistonda) kabi dinlarga e'tiqod qilgan.
Sosoniylar Eroni Toxariston yerlarini yana qaytarib olish uchun harbiy harakatlar olib boradi. Xususan, Yozdigard II davrida bu harakatlar yanada kuchayadi. Arman tarixchisi Yegishe Vardanetning yozishicha, Sosoniylar shohi Xoiniylar bilan ikki yil kurash olib borib, ularni bo'ysundira olmagan. Sharqiy Toxaristondagi boy berilgan yerlarni qaytarib olish uchun Eftaliylar bilan Sosoniylar o'rtasidagi to'qnashuvlar V asrning 30-yillaridayoq sodir bo'lgan edi. Arman tarixchisi Vardanetning yozishicha, V asrning 50-yillarida Eftaliylar ittifoqining kuchayib ketishi natijasida, ular janubdagi yerlarga qarab siljiy boshlaganlar. Taxminan 457 yilda Vaxshunvar boshchiligidagi Eftaliylar Chag'oniyon, Toxariston, Badaxshonda o'z hokimiyatini o'rnatadilar.
Eftaliylar VI asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyoning bu katta qismini birlashtirgan kuchli davlat tuzadi. Qisqa vaqtga bo'lsa-da, o'z davlatining asosiy o'zagini tashkil etgan Toxariston yerlarini Sosoniylar Eroniga qaramlikdan saqlab qola oladi. 563-567 yillarda turk xoqonligining hujumi tufayli Eftaliylar mag'lubiyatga uchraydi, ammo Eftaliylar hukmronligi Chag'oniyonda saqlanib qoladi.
Turk haqoni Istemi va Xusrav I Anushervon orasida tuzilgan shartnomaga ko'ra Xusrav I Anushervon 571 yili Chag'oniyonni va Eftaliylarga qaram bo'lgan boshqa joylarni oladi. Shu tariqa, Chag'oniyon deyarli yetmish yil Eftaliylar davlati tarkibida bo'ldi. Chag'oniyon Eftaliylar tarkibida ham, Sosoniylar davlatiga kirganda ham muayyan darajada mustaqil bo'lgan. Qizig'i shundaki, Xusrav Anushervon egallagan o'sha vaqtdagi barcha Baqtriya viloyatlari orasida ad-Dinovariy faqat Taxoriston va Chag'oniyonni ko'rsatib o'tadi.
O'zbekiston janubining Eftaliylarga bo'ysunganligini Peruz tangalariga taqlidan yasalgan eftalit tangalarining Termiz, Xayrobodning barcha hududidan topilganligi ham tasdiqlaydi. Bir muncha keyinroq, aniqrog'i VII - VIII asrlar birinchi yarmida Chag'oniyonda Chochning turkiy hokimi va Markaziy Osiyoning boshqa viloyatlari hukmdorlari tangalariga taqlidan zarb qilingan. Bu tangalarning old tomonida hukmdor va uning rafiqasining tasviri, orqa tomonda esa yuqori va pastki uchlari ilgaksimon romb shaklidagi tamg'a bo'lgan. Sosoniylar zarb qilgan tangalarga taqlidan yaratilgan oldingi tangalar bilan Chochning turkiy hukmdorlari tangalariga taqlid qilib zarb etilgan mazkur tangalarning bir-biridan keskin farq qilishiga asoslanib, Chag'oniyonda VII asrning birinchi yarmida hukmdor sulolalar almashuvi sodir bo'lgan va oldin hukm surib kelgan Eftaliylar sulolasi o'rniga bu yerda hokimiyatga turkiy sulola kelgan, deyish mumkin. Ammo Chag'onxudotlarning eski sulolasi o'z mavqelarini saqlab qolgan holda Sosoniylarga emas, balki 589 yilda Toharistonga kirib kelgan turklarga moslashib olgan degan taxmin bor, chunki turklar bir necha marta Toharistonga bostirib kelganlar.
Qoon Tun Yobg'u davrida (618--630) Tohariston uzil-kesil turklarga qaram bo'ldi. Turkiy qabilalar Toharistonga, ayniqsa, uning shimoliy qismiga ko'plab kirib borgan. Mazkur jarayonlar yuz bergan vaqtda Surxon vohasi Toxaristonning shimoli-g'arbiy qismini tashkil etgan. Xitoy manbalarida (Syuan-Szyan, Xoy-Chao tafsilotlarida, VII-U1II asrlar) Shimoli-g'arbiy Toxariston yerlarida Termiz va Chag'oniyon mulkliklari mavjudligi tilga olib o'tiladi. Termiz Amudaryoning o'ng qirg'og'idagi yerlarni va hozirgi Angor, Jarqo'rg'on tumanlarini o'z ichiga olgan. Chagoniyon esa Chag'onrud (Qizildaryo) daryosining yuqori havzasidagi yerlarni, Hisor va Bobotog' tog' oldi maydonlarini o'z tarkibiga olgan. Mulkchilikning markaziy shahri Budrachtepa o'rnida joylashgan, shuningdek, bu davrda Kuftan mulkligi ham bo'lib (bu arxeologik dalillarga ko'ra, Sherobod vohasiga to'g'ri keladi), uning poytaxti Xushvara deb atalgan.
VII asr o'rtalarida Xurosonni istilo qilishni tugallagan arablar Toxariston yerlariga ham harbiy harakatlarini boshlaydilar. 651 yilda arablar bilan bo'lgan jangda chag'oniyonliklar ham ishtirok etadilar. 652 yil boshida Xuroson noibi Abdulloh ibn Amir Chagoniyonni egallashga muvaffaq bo'ladi. 676 yilda Xuroson noibi Said ibn Usmon Termizni bosib olib, shaharni talon-toroj qiladi. Arablar tomonidan olib borilgan bu harbiy harakatlar vaqtinchalik muvaffaqiyatlar bo'lib, hali ular keng miqyosdagi harakatlar uchun hozirlik ko'rmoqda edilar. 689 yilda arablarning isyonkor qaysim qabilasining rahbari Abdulloh ibn Xozimning o'g'li Muso ibn Abdulloh kichik harbiy guruh bilan Termizni qo'lga olib, Termizshohni shahardan quvib chiqaradi. Mahalliy aholi orasida katta obro'ga ega bo'lgan Sobit ibn qutba al-Xuzanning Muso ibn Abdulloh tomoniga o'tishi va uni qo'llab-quvvatlashi natijasida Muso arab xalifasi uchun soliq yig'uvchilarni Movarounnahrdan haydab chiqarishga muvaffaq bo'ladi. Bu yig'imlarning, ya'ni oliq-soliqlarning Termizda to'planishi natijasida shahar arablarning Movarounnahrdagi markaziga aylanadi. 704 yili arab lashkarboshisi Usmon ibn Mas'udning so'g'd xukmdori va Xuttalon podshosi bilan birgalikda amalga oshirgan yurishi natijasida Muso ibn Abdulloh boshliq isyonkorlar daf etilib, Termiz egallanadi.
Arablar Movarounnahr yerlarini butunlay bosib olishga xalifa Abdumalik ibn Marvon (685-705) davrida kirishadilar. Ular Toxariston yerlarining mayda-mayda mulkliklarga bo'lingani va ular o'rtasida doimiy adovat mavjudligidan ustalik bilan foydalanadilar. 704 yili Chag'onxudot Tish Taliqon (Afg'oniston Taxor viloyati) shahriga oltin kalit va sovg'a-salomlar bilan tashrif buyurib qo'shni Shumon, Aharun mulkliklariga qarshi kurashlarda arablardan yordam so'ragan. Chag'oniyon hukmdorlari arablarning harbiy yurishlarida ishtirok etgan. Masalan, 706 va 709 yillarda Qugayba bin Muslimning Buxoro va Paykand yurishlari bunga misol bo'la oladi.
Biroq hali arablar shu vaqtdan boshlab Chag'aniyonga mustahkam o'rnashib olishgan va islom bu joyda hukmron din bo'lib qolgan deb bo'lmaydi. Chunki viloyatda amaldagi hokimiyat bu yerda kamida yuz yildan buyon hukmronlik qilib kelgan Chag'onxudotlar qo'lida edi. Ayni paytda, arablarning Markaziy Osiyodagi boshqa viloyatlar hukmdorlari bilan olib borgan urushlarida chag'onxudotlar arablarga ko'mak ham berganlar.
Chag'oniyon Toharistonda nisbatan yirik va qudratli viloyatlardan sanalgan va uning avloddan-avlodga o'tib kelgan o'z hukmron sulolasi Tohariston hukmdori bo'ladi. Chag'oniyon hududida ko'plab qishloqlar, yirik shaharlar bo'lgan, o'z pulini zarb qilib chiqargan. Bu viloyat shohlari boshqa davlatlar bilan diplomatik, diniy va sulolaviy aloqalar o'rnatganlar. Masalan, Afrosiyob saroyidagi devoriy yozuvlarda ta'kidlanishicha, V.A.Livshis o'qiganiga qaraganda, VII asrning ikkinchi yarmida Samarqandni boshqargan shoh Varxuman saroyiga Chag'oniyon hukmdori nomidan elchi kelgan.
737 yilda arab lashkarboshi Asad ibn Abdullohning Xuttalon va turk hoqoniga qarshi harbiy yurishida ham chag'onxudotlardan biri harbiy yordam bergan. Chag'oniyon hukmdori Muqanna boshchiligida ko'tarilgan qo'zg'olonga qarshi turgan. Shu sababli 775- 776 yillarda Muqanna lashkarboshilari Sarixamo va Garicha Termiz va Chag'oniyonni bir oy davomida talaganlar.
Bu davrda Chagoniyon Toxaristonning yirik va qudratli mulklaridan biri bo'lgan. Chag'oniyon o'zining sulolaviy dinastiyasiga ega bo'lgan. Mulklikda ko'plab shahar va qishloklar bo'lgan, tanga zarb etilgan. Chag'oniyon shohining ko'plab davlatlar bilan diplomatik, diniy va sulolaviy aloqalar olib borganligi ba'zi manbalarda, jumladan, Afrosiyobdagi devor suratlarida ham aks etgan. VIII asrning to'rtinchi choragida abbosiylarning faol harakati tufayli Toxaristondagi barcha sulolalar tugatiladi.
Termiz va Chag'oniyonda sodir bo'lgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar Arab xalifaligi tarkibida bo'lgani sababli musulmon dunyosi mamlakatlari bilan uzviy bog'liq holda kechgan. 806-810 yillarda abbosiylarga qarshi ko'tarilgan Rafi ibn Lays qo'zg'olo-nini bostirishda Termiz va Chag'oniyon xalqlari ishtirok etishgan. IX asrdagi Termiz va Chagoniyonning siyosiy hayoti haqida ma'lumotlar kam saklangan. 821 yildan boshlab bu o'lkalar ham Toxiriylar davlati tarkibida bo'lgan. Buni Abdulloh ibn Tohir davrida yozilgan soliq ro'yxatida Termiz va Chag'oniyonni ham uchrashidan bilish mumkin. Bunda Chag'oniyon arab xalifasi xazinasiga yiliga 48.500, Termiz esa 47.100 dirham to'lab turgan.
820-913 yillarda yashagan Ibn Xordadbeh (asli ismi Abulqosim Ubaydulloh Xurdadbeh)ning «Kitob masolik ul-mamolik» («Yo'llar va mamlakatlar haqida kitob») nomli asarida: «Termiz daryo ?qasida, devorlarini Amuning suvi yuvib turadigan qoya ustida joylashgan», deb e'tirof etadi. Xuddi shu ma'lumot X asrda yashab ijod qilgan Abulfaraj Qudamaning «Kitob ul xiroj va san'at al-maktub» («Xiroj undirish va maktublar yozish san'ati haqida kitob») nomli asarida aynan takrorlangan.
Yirik olim, qomusiy bilim egasi Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir at-Tabriy «Tarix ar-rusul val-muluk» («Payg'ambarlar va podsholar tarixi»), IX asrining ikkinchi yarim va X asrning birinchi choragida yashagan sayyoh va geograf olim Abu Ishoq Ibrohim ibn Muhammad al-Forsiy al-Istaxriy (850-934) «Masolik ul-mamolik» («Mamlakatlarga olib boradigan yo'llar haqida») asarlarida ko'p mamlakatlar qatori Movarounnahr, xususan, Termiz viloyatining chegaralari, iqlimi, ma'muriy bo'linishi, aholisi va uning mashg'uloti, mashhur kishilari, savdo-sotiq masalalari haqida ma'lumot bergan. Ularda aytilishicha, Jayhun bo'yidagi Termiz qal'asi va shahriston shahar chekkasida joylashgan hamda mustahkam devor bilan o'rab olingan rabotdan iborat. Hukumdor saroyi qal'ada, qamoqxona (zindon) kuhandizda emas, shahristonda, ya'ni bozorning o'rtasida bo'lib, shu yerda jome' masjidi mavjud, nomozgoh (fuqarolar nomoz o'qiydigan joy) esa rabotda, ya'ni devorning ichkarisida qad ko'tarib turibdi. Bozor ichkarisidagi imoratlar xom g'ishtdan qurilgan, keng ko'chalarga va maydonga pishiq g'isht yotqizilgan. Jayhun bo'yida, daryoning kechuv joyida shahar aholisi istiqomat qiladi, Termizning ekinzorlari Sag'oniyon (Chag'onrud) daryosi suvi bilan sug'oriladi, aholi uchun ichimlik suvi quvurlar yordamida Jayhun daryosidan olingan.
X asr oxirida yashagan Al-Muqaddasiy (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr al-Muqaddasiy) o'zining «Ahsan at-taqosim fi ma'rifat al-aqolim» («Iqlimlarni o'rganish uchun yaxshi qo'llanma») nomli asarini yozib qoldirgan. Muallif, Termiz Jayhun bo'yidagi eng katta shahar ekanligini, hamma joydan bu yerga ko'plab ziyoratchilar, savdogarlar kelishini qayd qilgan. Shaharning Kuhandiz qal'asi alohida ta'kidlanadi, Kuhandizda bitta, shahristonda esa uchta darvoza borligi e'tirof etiladi. Al-Muqaddasiy, shuningdek, yuqoridagi fikrlarni tasdiqlab, Sag'oniyon shahri Ramiuga, uning viloyati esa Falastinga o'xshashligini, uning pishiq g'ishtdan terilgan baland ustunli, ravoqsiz masjidi bozorning o'rtasida joylashganligini, shaharning har bir mahalla va uy-xonadonlariga sopol suv quvurlari o'tkazilganligini ta'kidlaydi.
X asrning ko'zga ko'ringan yirik olimi Istaxriyning shogirdi sayyoh geograf Ibn Xavqal (Abulqosim ibn Xavqal an-Nasibiy) uztozining iltimosiga ko'ra «Kitob ul-masolik»ning xatolarini tuzatib, unga xaritalar ilova qiladi. Ibn Havqal o'zining «Kitob surat al-ard» («Yerning shakli») nomli asarining Movarounnahr qismiga tarixiy voqealarni kiritib, kitobning qimmatini oshirishga erishadi. Sag'oniyon Amudaryoga Termiz shahridan pastroqda qo'shilishini tasvirlagan Ibn Xavqal o'z asarida Istaxriy qo'llagan «qal'a» atamasini ishlatmaydi, balki faqat kuhandiz-eski qo'rg'on haqida ma'lumot keltiradi.
1005 yilga kelib Somoniylar davlatining qulashi natijasida Termiz va Chag'oniyon o'lkalari ham G'aznaviylar va Qoraxoniylar o'rtasidagi kurash maydoniga aylanadi. Chunki ikkala davlat o'rtasidagi chegara Jayhun deb kelishilgan holda, ammo mazkur chegara ikkala davlat tomonidan ham tan olinmagan. Qoraxoniylar daryoni kechib Xurosonga yurish qilsalar, o'z navbatida G'aznaviylar Movarounnahrga javob yurishini qilganlar. Har ikkala holatda ham jabrni Termiz xalqi tortgan, ushbu janglar oqibatida odatdan xalqning mol-mulki talon-toroj qilingan. Jumladan, 1006 yilda Qoraxoniylarning Subosh Tegin boshchiligidagi lashkari Termizni egallab, aholini talon-toroj qilish bilan chegaralanib qolmasdan, shaharni vayronaga aylantirishadi.
Termiz o'z navbatida Qoraxoniylar va G'aznaviylar o'rtasida bo'lib turadigan muzokaralar va rasmiy uchrashuvlar joyi ham bo'lgan. Shunday rasmiy uchrashuvlardan biri 1025 yilda bo'lib o'tgadi, tarixchi Gardiziyning yozishicha, 1025 yili Sulton Mahmud G'aznaviy katta qo'shin bilan Balx shahriga kelgan. Bu yerda Movarounnahrdan kelgan odamlar Buxoro va Samarqand hokimi Ali Tegin ustidan amirga shikoyat qiladilar. Movarounnahrni ko'rish niyatida bo'lgan Mahmud G'aznaviy bundan foydalanmoqchi bo'ladi va u katta qo'shin bilan Balxdan Amudaryo tomon yo'l oladi. Surxondaryo ustiga vaqtinchalik ko'prik qurishga buyruq beradi, af-suski, Gardiziy nechundir Mahmud G'aznaviyning Amudaryodan kechib o'tganligini qayd qilmaydi. Ammo Mahmud G'aznaviyning 1017 yilda Xorazmga qilgan yurishi payti Termiz yaqinida Amudaryo ustida ko'prik qurdirib, shu orqali daryodan o'tganligi shoir Farruxiy qasidalarida o'z ifodasini topgan. Ushbu ko'prikning qurilishi va uning Payg'ambar oroli orqali o'tganligini taxmin qilish mumkin. Termizda katta jang oldidan o'z qo'shinini jamlab turgan Mahmud G'aznaviy istiqboliga atrof viloyatlarning amirlari peshvoz chiqadi, bular orasida Chag'oniyon amiri ham bor edi, afsuski uning nomi eslatilmagan. Balx shahri yonida 1008 yili ro'y bergan jangda G'aznaviylar o'z g'animlari Qoraxoniylar lashkarini tor-mor etganlaridan so'ng, Termiz G'aznaviylar davlati tarkibiga batamom qaram etiladi. Termiz G'aznaviylar davlatida nafaqat yirik savdo markazi, balki mamlakatning shimoliy chegaralarini Qoraxoniylar hujumidan himoya qiluvchi qal'a vazifasini ham o'tay boshlaydi.
Xuddi shu davrda Chag'oniyon amirligi hukmron sulolalar Qoraxoniylar va G'aznaviylar o'rtasidagi o'zaro kurash vaziyatini to'g'ri baholab o'z mustaqilligini saqlab qola olgan. Chag'oniyon qudratli G'aznaviylar davlatiga qo'shni bo'lsa-da, uning amirlari Muzaffar Qiya va Faxr ad-Davla Ahmad ibn Muhammad o'zlarini Qoraxoniylar vassali deb hisoblaganlar. Chag'oniyon davlatining siyosiy hayotini o'sha davrda zarb etilgan va arxeolog olimlar tomonidan qazib topilgan tangalar orqali anglash mumkin. Mavjud tangalar shundan dalolat beradiki, 1025-1027 yillarda Chag'oniyon Qoraxoniylar davlati tarkibida bo'lgan, 1027-1039 yillarda esa mustaqil davlat sifatida faoliyat yuritgan. Ammo keyingi 1038-1039 yillar va 1042-1043 yillarda Chag'oniyon o'z mustaqilligidan mahrum bo'lib, uni qoraxoniy Bo'ri Tagin idora qilgan. Biroq Termiz va hatto Chag'oniyon ham 1031 yillar, aftidan 1041 yillargacha hali G'aznaviylar tasarrufida bo'lgan ko'rinadi. Buni muarrix Abulfazl Bayhaqiy o'zining «Mas'ud tarixi» nomli asarida to'kis yoritgan, unda 1031 yilning 15-18 aprel voqealari hikoya etiladi. Hikoya qilinishicha, Sulton Mas'ud ibn Mahmud G'aznaviy 1031 yilning 15-18 aprel kunlari Termizda bo'ladi, Jayhun sohillarida ov qiladi, to'rt sherni shaxsan o'zi otib o'ldiradi, dabdabali maishat uyushtiradi. Termiz ahli va uning kutvoli (qal'a boshlig'i) Qutlug' kamoli ehtirom ila Sulton Mas'udni kutib oladilar, katta tantana uyushtiriladi, sozandalar, xonandalar, bozandalar tinim bilmay xizmatga shay turadilar. Hatto tarixchi Bayhaqiyning shaxsan o'zi bu xil cheksiz hurmat bilan qarshi olinish hodisasini Termizdan boshqa joyda uchratmaganini bir guvoh sifatida hayajonlanib so'zlaydi. Demak, hali XI asrning 30 -yillari Termiz va Chag'oniyon G'aznaviylar ixtiyorida ekanligi ancha oydinlashadi, chunki Termizga tashrif buyurgan Sulton Mas'ud huzuriga Chag'oniyon amir ham kelgan edi.
Termiz va Chag'oniyon 1056 yildan e'tiboran Saljuqiylar davlati tarkibiga qo'shib olinadi, 1063 yilga kelib Chag'oniyonni to'la bo'ysundirish uchun Ssaljuqiylar sultoni Alp Arslon harbiy yurish uyushtirishga majbur bo'ladi. Ibn al-Asir bergan ma'lumotlarga qaraganda, Saljuqiylarga buysunishni istamagan Chag'oniyon hokimi Muso Saljuqiylar qo'shinining Chag'oniyon shahriga yaqinlashib kelayotganini bilgandan so'ng, oz sonli jasur kishilardan iborat kichik to'da bilan Sina qishlog'idagi baland tog'da joylashgan Qizqo'rgon qal'asiga o'rnashib olib, qarshilik ko'rsata boshlaydi. Ammo katta qo'shinga ega bo'lgan Alp Arslon qal'ani qo'lga olib, Musoni qatl etadi va butun viloyatni o'z davlati tarkibiga qo'shib oladi.
Chag'oniyon va Termizni Alp Arslon 1065 yili ukasi Ilyosga iqto sifatida in'om etadi, Termizning harbiy jihatdan mavqei Qoraxoniylarni mazkur shaharni egallash orzusidan bir kun ham voz kechtirmagan. 1072 yilda qoraxoniy Shams al-Muluk Termizni egallaydi va kelasi yili Saljuqiylarning shaharni egallash uchun qilgan harbiy harakatini qaytaradi. 1073-1074 yillarda shaharni saljuqiy Sulton Malikshoh Qoraxoniylardan qaytarib oladi va shaharning mudofaa inshootlari mustahkamlanadi.
Tarixda Saljuqiylarning Movarounnahr yerlariga kirib kelishi X asr bilan bog'lanadi, o'sha kezlarda Balxash ko'lining janubidan Volgagacha bo'lgan keng hududda turkiy xalqlarning o'g'uz qavmi yashar edi. Ko'plab qabila va urug'larga ega bo'lgan o'g'uzlarning bir kichik urug'i orasidan chiqqan Saljuq ismli shaxs katta harbiy kuch boshlig'i darajasiga erishadi. Saljuq o'z tarafdorlari bilan X asrning o'rtalarida Sirdaryoning o'rta oqimlarini tark etib, daryoning quyi oqimi chap qirg'og'ida joylashgan Jand viloyatiga kirib kelishadi va shu yerda o'rnashadilar. Albatta, ular o'sha davrning hukmron sulolasi bo'lmish Somoniylarning tarafdori sifatida Movarounnahrning siyosiy hayotiga faol aralashib turishdi, bu esa tabiiy hol edi.
Saljuqiylar ana shu zaylda asta-sekinlik bilan Movarounnahrning dasht va yaylovlarini o'zlariniki qilib egallay boshladilar. Tarixiy manbalarning guvohligicha, Mahmud G'aznaviyning roziligiga ko'ra, Saljuqiylardan ming oilaga yaqini 1025 yili Xurosonning Saraxs, Farova va Obivard atroflaridagi yaylovlarda joylashib oladilar. Saljuqiylarning o'z manfaatlaridan kelib chiqib qilgan ba'zi bir harakatlari tabiiyki, hukmronlik qo'lida bo'lgan G'aznaviylarga xush ?qmas edi. Bu ziddiyatlar o'zaro nizolarni chuqurlashtirdi va oxir-oqibat keskin hamda hal qiluvchi qurolli to'qnashuvga sabab bo'ldi. G'aznaviylar va Saljuqiylar o'rtasida 1040 yili Dandonikon atrofida sodir bo'lgan jangda Saljuqiylar G'aznaviylarga qaqshatgich zarba berdi. Saljuqning nevarasi Tug'ralbek (1038-1063) butun boshli Xuroson hukmdori deb e'lon qilindi, endilikda Saljuqiylar harbiy harakatlarni keng quloch yoydirib, Xuroson va Xorazmni bo'ysuntirdi (1038-1044), birin-ketin G'arbiy Eronni, Ozarbayjonni, Iroqni (1042-1055) ishg'ol qildilar. Hattoki, Xalifa al-Qoyim (1031-1075) Tug'ralbekni sulton hamda «Sharq va G'arb podshohi» deb, ilojsiz ravishda tan oldi. Ana shu voqealar asnosida Tug'rulbek Rayni va uning inisi Chag'ribek Dovud Marvni o'zlariga poytaxt deb e'lon qilishdi. Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridan bo'lgan Termiz X1 asrning birinchi yarmida G'aznaviylar davlati tarkibida edi va G'aznaviylar sulolasining noibi Abulhasan Muhammad Amirak Bayhaqiy o'n yil mobaynida Termizni Saljuqiylardan himoya qildi. Chag'ribek Dovud o'z o'g'li Alp-Arslon hamkorligida qo'shin bilan Termizga yo'l olar ekan, Bayhaqiyga maktub yo'llab, unga vazirlik mansabini va'da qiladi va qarshilik ko'rsatishning foydasi yo'qligini, G'aznaviylardan yordam kutish noo'rinligini uqtiradi. Umumiy vaziyatdan kelib chiqqan va bexuda qon to'kilishini istamagan Boyhaqiy taslim bo'ladi, lekin Saljuqiylarga xizmat qilishdan bosh tortib, G'aznaga ketib qoladi. Shunday qilib, Termiz tinch yo'l bilan Saljuqiylar qo'liga o'tadi, Sulton Mas'udning o'g'li Mavdud 1048 yilda Termizni qaytarib olish uchun harbiy yurish qiladi, ammo yo'lda vafot etadi. Saljuqiy Chag'ribek Dovud ushbu mavzelardagi Balx, Termiz va atrofdagi mulklarni qo'lga kiritgach, ularga o'g'li Alp-Arslonni hukmdor qilib tayinlaydi. Manbalarda raqam qilinishicha, Alp-Arslonning vaziri Abu Ali ibn Shazak ko'plab obodonchilik va qurilish ishlarini amalga oshiradi. Saljuqiylar saltanati ustuvorligi va ular yuritgan davlatchilik siyosati qanchalik barqaror bo'lmasin, ularda ham beqaror siyosiy vaziyatning kelib chiqishi uchun sharoit pishib yetilgan edi. Bu hol tabiiy ravishda Saljuqiylar davlatining tarkibiga daxldor sarzamin hamda hududlar taqdiriga o'z ta'sirini ko'rsata boshladi. Saljuqiylar sulolasining asosiy g'animlari - Qoraxoniylar G'aznaviylar uzluksiz va tinimsiz ravishda Termiz shahriga tahdid solib turdi. Qoraxoniy hukmronlardan Tabg'achxon Ibrohim ibn Nasr XI asr o'rtalarida qisqa muddat ichida Termizni o'z tasarrufiga oladi, ammo Alp-Arslon tezlikda shaharni yana Saljuqiylar ixtiyoriga qaytaradi.
Tug'ralbek 1063 yili olamdan o'tadi va natijada Alp-Arslon Saljuqiylar saltanatining bosh hukmdoriga aylanadi va u ukasi Ilyosga Termiz shahrini topshirdi. Alp-Arslon 1072 yilda vafot etadi va vaziyatdan foydalanishga harakat qilgan Qoraxoniy Shams ul-muluk Termizni qaytarib oladi. Bu orada Alp-Arslonning Ayoz ismli o'g'li Termizni qayta qo'lga kiritish uchun harbiy harakatlar olib boradi, biroq ming taassufki, u 1073 yilning 1 fevralidagi ikki tomon to'qnashuvida mag'lub bo'ladi. Ayozning qo'l ostida bo'lgan o'n ming otliqning bir qismi Qoraxoniylar tarafidan qirib tashlandi va ularning katta qismi Amudaryoga cho'ktiriladi. Yuqoridagi voqealar davomida Shams ul-muluk inisi Buga Tegin Xidirni Termizga jo'natib, o'zi esa Saljuqiylarga qarshi urushga hozirlik ko'ra boshlaydi. Alp-Arslon vafotidan so'ng Saljuqiylarning yangi bosh hukmdori Sulton Malikshohga Qoraxoniylarning bu qiliqlari ?qmasligi tabiiy edi. Bu ham yetmagandek, Shams ul- muluk ustiga-ustak Sulton Malikshoh nomiga xat yuboradi va xatda Termiz shahrining Movarounnahr sarzaminiga daxldorligi, shunga ko'ra shaharni Koraxoniylar vakili boshqarishi maqbulligi ta'kidlangan edi. Aftidan Shams ul-muluk maqsadga erishadi, boisi xatdan murod Malikshohni ochiqchasiga jangga undash edi. Oqibatda Malikshoh mashhur vazir Nizom ul-muluk hamrohligida 1074 yilning kuzida Termizni qamal qilib, shahar handaqlar(maxsus himoya chuqurlar)ini turli-tuman narsalar bilan to'ldirib, shahar devorlariga yaqin keltirib toshotar manjanaqlarni to'g'rilab qo'yadi. Natijada ilojsiz qolgan shahar aholisi taslim bo'lib, rahm-shafqat so'raydi va Malikshoh aholiga omonlik beradi. Ammo jangdan keyin ikki g'ulom(qul)ning bahsi tufayli harbiy harakatlar yana avjiga chiqadi, qal'a aholisi asirga mahkum etiladi. Keyinroq Malikshohning amri ila sipohsolor Sov Tegin rahbarlik qilib qal'ani ta'mirlatadi, qal'a devorlari pishiq g'ishtlar bilan qoplanib mustahkamlanadi. Oradan bir yil fursat o'tar-o'tmas Shams al-muluk Termizni qisqa fursatda egallaydi, biroq o'zi jangda mag'lubiyat alamini tortadi.
Ana shu tariqa Termiz shahri bir paytlar G'aznaviylar va Qoraxoniylar o'rtasida talash maydoniga aylangan bo'lsa, endilikda Saljuqiylar va Qoraxoniylar ichki nizolarining markaziga aylandi. Bu ham mayli, eng dahshatlisi shuki, Saljuqiylarga qarshi ko'tarilajak har qanday isyon muqarrar ravishda ayni Termizda sodir etilar edi. Jumladan, 1080-1081 yillari Termizda Malikshohga qarshi g'alayon ko'tarilib, shahar biror begonaga emas, balki xuddi Malikshohning inisi Tekesh ixtiyoriga o'tadi. To'g'ri Malikshoh yana bir karra har jihatdan, ayniqsa, harbiy nuqtai nazardan zarur qutblarni namoyon etgan Termiz shahrini qaytarib olishga erishadi. Biroq Malikshoh vafoti(1092 yil)dan so'ng 1094 yilgi voqealar rivoji shuni ko'rsatadiki, Arslon Arg'un ibn Alp-Arslon Xuroson sipohsolorligiga talabgor chiqib, yangi taxt tepasiga kelgan Sulton Berk Yoruqqa qarshi harakatlar qilib Balx, Termiz va boshqa shaharlarni egallaydi. Albatta, Sulton Berk Yoruq javob choralarini ko'radi, zero harbiy jihatdan ahamiyati beqiyos Termiz shahrini hech kim ham ko'ldan chiqargisi kelmas edi. Sulton Berk Yoruq yuqoridagi xulosalardan kelib chiqib, Arslon Arg'unga qarshi uning ukasi Bo'ribars ibn Alp-Arslonni yo'naltirdi. Aka-uka qo'shinlari o'rtasida bir necha to'qnashuvlar bo'lib o'tadi, nihoyat 1095 yili Bo'ribars mag'lub etiladi va asirga olinadi. U hibsda bir yilcha saqlanadi va akasi Arslon Arg'un buyrug'i bilan bug'ib o'ldiriladi, bu orada Arslon Arg'unning o'zi ham g'ulomi tomonidan 1096 yili narigi dunyoga jo'natiladi. Shunday qilib, aka-ukalarning qismati fojia bilan yakun topadi va Termiz shahri 1097 yildan e'tiboran takror Sulton Berk Yoruq tasarrufiga o'tadi.
Yuqorida zikr etilgan Arslon Arg'un isyoni, Termizning qayta 1097 yili Saljuqiylar tobeligiga o'tishidan 1102 yilga kelib shaharning Qoraxoniylar sulolasi vakili Qodirxon Jabroil tomonidan ishg'ol etilishi va tezda Saljuqiylarning shaharni qaytarib olishi oralig'idagi, ya'ni 1097-1102 yillar voqealari mavhum qolib kelmoqda. Shu oraliq voqealari bahsli bo'lib, turli talqinlar ilgari surilmoqda, jumladan Hakim-at-Termiziy maqbarasi yozuvlarida Sulton Abul Muzaffar Ahmad Tiga Tegin nomidan qayd qilingan. Ana shulardan xulosa yasagan akademik M.YE.Masson yozuvdagi Sulton Abul Muzaffar Ahmad Tiga Teginni qoraxoniy hukmron Ahmad ibn Xizr deb hisoblaydi va Termizni XI asrning oxirida Qoraxoniylar tasarrufiga o'tgan degan fikrni ilgari suradi. Ayrim olimlar bu fikrga qarshi fikr aytadilar, to'g'ri Termiz shahri ma'lum muddat qo'ldan-qo'lga o'tib turgan bo'lishi mumkin, lekin umuman mintaqada bu davrda Saljuqiylar ustuvor maqomga egaligi tarixdan ma'lum. aznaviylar sulolasidan Bahromning hukmdorlik qilishi bevosita isbotlanadi. Qolaversa, Termizni XII asrning 20-30-yillari Sulton Sanjarning opasi Gavharning o'g'li, asli G'aznaviylar sulolasidan Bahromshoh boshqarganini yaxshi bilamiz. Sulton Sanjar 1118 yili taxt tepasiga kelgach, jiyani Bahromshohni yaqindan turib hamisha qo'llab-quvvatlab keldi, o'rni kelganda aytish joizki, Sulton Sanjarning poytaxti Marv bo'lsa-da, u og'ir damlarda faqat Termizdan najot topar edi.
Saljuqiylar va Qoraxoniylarning birlashgan qo'shinlari 1141 yilning 9 sentabri kuni Samarqand yaqinidagi Katvon cho'lida Movarounnahr hududlariga sharq tomondan bostirib kirgan Qoraxitoylar bilan to'qnashadi. Bu jang Qoraxitoylar foydasiga hal bo'ladi, oqibatda Markaziy Osiyodagi siyosiy kuchlarning muvozanatiga keskin ta'sir o'tkazadi. Mag'lub Sulton Sanjar Termizga chekinadi, uning birdan-bir umidi Termiz ahlidan edi, ammo mag'lubiyat Sulton Sanjarning siyosiy maydondagi obro'yiga shikast yetkazadi, albatta. Masalan, Alouddin Otsiz Xorazmshoh fursatni g'animat bilib, mustaqillikka intiladi, harqalay Sulton Sanjar Xorazmni qaytadan buysundirishga erishadi. o'zining hokimiyatini bo'ysundirishga majbur bo'ldi. Sulton Sanjar markaziy hokimiyatga tahdid solib turuvchi Alouddin Otsizni jilovlash va uning bejo harakatlaridan voqif bo'lib turish maqsadida Xorazm mamlakatiga mashhur shoir Adib Sobir Termiziyni elchi sifatida jo'natadi. Marakaziy hokimiyatga doimo adovatda bo'lgan Alouddin Otsiz Xorazmshoh xufiyona tarzda ikki qotilni Marvga yuboradi, qotillarning yagona vazifasi Sulton Sanjarni o'ldirish edi. Bundan tasodif xabar topib qolgan Adib Sobir Termiziy zudlik bilan chora-tadbir ko'rib voqeadan Sulton Sanjarni voqif etadi va uning hayotini saqlab qolinishiga sababchi bo'ladi. Eng mudhish tomoni shundaki, buni sezib qolgan Alouddin Otsiz Xorazmshoh buyuk shoir Adib Sobir Termiziyning qo'l-oyoqlariga kishan solib uni asov Amudaryoga cho'ktirtiradi. Bu voqealar 1147 yili sodir bo'ladi va 1148 yili Sulton Sanjar intiqom olmoq niyatida katta qo'shin bilan Xorazmshoh ustiga yurish qiladi.
Balx hududidagi o'g'iz qabilalari 1153 yili markaziy hokimiyatga qarshi g'alayon ko'taradilar, Sulton Sanjar ularning ustiga qo'shin tortadi. Ming afsuski, Sulton Sanjar qo'shini o'g'izlar tomonidan yengiladi, o'zi asirga olinadi va u uch yil mobaynida o'g'iz amirlari tutqunligida yashaydi. Sulton Sanjar 1156 yilining kuz oyida asirlikdan qochadi va Termiz shahriga keladi. Tarixchi Ravandiyning hikoya qilishicha, bu voqealar Sulton Sanjarga sodiq qolgan termizlik mulozimlar tomonidan amalga oshirlgan ekan. Ayniqsa, o'sha paytdagi Termiz shohi Abulmuzaffar Imoduddin Feruzshoh Ahmad bin Abo Bakr ayni shu voqealar rivojida muhim maqomga ega bo'ldi. Goho manbalarda Termiz shohni Imoduddin Ahmad ibn Bakr Qumoch tarzida tilga olib o'tiladi, har qalay bu davr voqelariga yanada ravshanliklar kiritish kerakdek ko'rinadi. Tarixchilardan Juvayniy, Ravandiy, Vatvot, Oqsaroyli raqam qilishlariga qaraganda yuqoridagi voqealar davomida Termiz shahri Xuroson poytaxtiga aylanadi. Chunonchi, Sulton Sanjar Termiz shahridan turib, atrofdagi barcha hukmdorlarni da'vat qilib, unga kelib qo'shilishi haqida murojaat qiladi. Lekin Termiz shahrida jamlangan Sulton Sanjar mulozimlari o'rtasidagi mavjud keskin ziddiyatlar Sulton rejalarining amalga oshishiga jiddiy to'sqinlik qiladi. Ana shu adovatlar tufayli Sulton Sanjar mulozimlari bir-birlarini o'ldirish bilan mashg'ul bo'lib, asosiy rejalar ikkinchi o'ringa tushib ketadi. Tomonlar pirovard-natijada ma'lum ma'noda bitimga kelishadilar, kelishilgan shartnomaga binoan garovga olingan Sanjar hibsdan ozod etiladi va u Marvga ravona bo'ladi. Sulton Sanjar ko'p o'tmay Marvda 1157 yilning aprel oyida bandalikni bajo keltiradi.
Sulton Sanjar vafotidan keyin ham, u bilan bog'liq ayrim mojarolar davom etdi, shunday voqealardan biri 1158 yilning avgust oyida ro'y beradi. Xuttalon hukmdori Abushujo' Farruxshoh go'yo Sulton Sanjar da'vatiga binoan Termizni qurshab olib, qamal e'lon qiladi. Termiz hukmdori Ahmad ibn Abu Bakr ibn Qumoch o'z navbatida Farruxshohni jangda mag'lubiyatga uchratib, uni chekinishga majbur qiladi. Termiz shahri XI-XII asrlarda Saljuqiylar saltanatining ijtimoiy-siyosiy marakazlaridan biriga aylandi va har sohada taraqqiyotga erisha boshladi. Bu davrda shahar hududi kengaydi, bir qator yangi inshoot hamda serviqor bino va minoralar qad ko'tardi, shaharda savdo-sotiq rivoj topdi. Shaharda savdo-sotiqning rivoji qator omillar bilan izohlanadi, avvalo shaharning jug'rofiy joylashuvi, Buyuk ipak yo'li chorrahasida ekanligi, ikkinchidan mazkur shaharda hunarmandchilikning jadal o'sganligidandir. Shular bilan bir qatorda shaharning daryo sohilida va ayniqsa, uning kechuv joyda joylashganligi, alalxusus yirik bandar (port) shahri ekanligi ham uning yirik savdo markaziga aylanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatdi.
Bilamizki, Termiz qadim-qadimdan savdo markazi edi, zero bu yerda hunarmandchilikning turli sohalari taraqqiy etdi, shahar hunarmandlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar qo'shni davlatlarga chiqarilgan. Bu davrda Termiz o'zining topografik qiyofasi, aholisining kasb-kori, ichki va tashqi aloqalari bilan o'rta asr sharqining hunarmandchilik va gavjum savdo markaziga aylanadi. Hunarmandchilikning rivoj topib, uning turli-tuman tarmoqlari bo'yicha ixtisoslashishning kuchayishi, shaharlarning tarixiy topografiyasini ham o'zgartirib yubordi. Shahar hunarmandchilik mahallasining soni ortib, kasb-hunar bilan bog'liq bo'lgan yangi-yangi guzarlar, ko'chalar, bozor rastalari vujudga keldi. Shaharda zargaron (zargarlik), misgaron (misgarlik), suzangaron (ignasozlik), shishapazon (shisha pishiruvchilar) kabi hunarmandchilik sohalari bilan bir qatorda to'qimachilik va binokorlik yetakchi o'rinni egallay boshladi.
Termiz shahri uchun IX-XII asrlar gullab yashnash davri bo'ladi, u yirik feodal shahar, ma'muriy savdo, hunarmandchilik markaziga aylanadi. Shaharda temirchilar mahallasi besh gektar yerni ishg'ol etardi, temirchi hunarmandlar qishloq xo'jaligi va turmush uchun zarur bo'lgan boshqa qurol va ashyolar tayyorlar edi. Qurolsozlar, simgarlar, shishadamgarlar ishi va simobdon ishlab chiqarish keng yo'lga qo'yildi, bunday idishlarda simobdan tashqari boshqa suyuq jismlarni, ya'ni xalq tabobatida qo'llanadigan xushbo'y birikmalar muattar (molekulasi tarkibiga bir yoki bir necha benzol yadrosi bo'lgan organik birikmalardan iborat) dori-darmonlarni saqlash mumkin edi. Shaharda sopol idishlar ishlab chiqarishda va uni sirlash shaklining turli-tumanligi, mustahkamligi hamda sifati ancha oshdi. Shahar XI asrda jadallik bilan rivojlandi, uning sug'orish tarmog'i rivojlandi, u har jihatdan o'sdi. Shaharning jadal ravishda o'sishi bilan ahvol ham yangilandi, binolar tashqi qiyofasi o'zgardi, shaharning yangi qismi rivojiga yirik inshootlar bozor, hunrmandlar mahallasi qurilishiga katta ahamiyat beriladi. Ilgari qurilgan devorlar pishiq g'isht bilan qoplanadi. 1073-1074 yillarda Malikshoh topshirig'i bilan shahriston devorlari yana mustahkamlanadi. Arab zamin bitikchisi Maqdisiy(X asr)ning yozishicha Termizda sovun va muattar (xushbo'y ton)ni ko'plab ishlab chiqarish va uni chetga sotish keng yo'lga qo'yilgan. Termiz hunarmandlari sharq bozorlarida baliq, kir yuvish ishqori, qo'lda to'qilgan matolari bilan shuhrat topganlar. Hatto, vizantiyalik savdogarlar Termizdan kelib paxta olib ketishgan, o'z galida Termiz bozorida boshqa shaharlardan keltirilgan mahsulotlar bilan savdo qilingan. Manbalarning guvohligicha, XI-X11 asrlarda faqat Termiz shahrining ichida 16 mingdan ziyodroq aholi yashagan, bu o'rta asr sharoitida katta ko'rsatgichdir. Shaharda jamoa va xususiy qurilishlar X1-X11 asrlarda avjga chiqadi, g'ishtga bo'lgan talab o'sadi, uni ishlab chiqarish kengayadi. G'isht ishlab chiqarish va yangi g'isht quyish maydonlari bir necha gektarga kengayadi hamda katta hududni egallaydi, endilikda bu yerda 20 dan ortiq g'isht pishiradigan xumdonlar paydo bo'ladi. Termiz shahri XI-X11 asrlarda galma-gal G'aznaviylar, Saljuqiylar va Qoraxoniylar qo'liga o'tib turganli tarixiy manbalarda to'liq ifodasini topgan. Shu davrda shaharda shohlar saroyi quriladi va uni Termizshoh unvonli hukmdor idora qila boshlaydi. Shahar yana obod bo'ladi, tijorat va hunarmandchilik rivojlanadi. Sobir Termiziyning zamondoshi Anvariy bu yerga kema orqali kelib, uning go'zalligini qasidalarida buyuk muhabbat bilan tasvirlaydi. O'rta asrlarda feodal yer egaligining rivojlanganligi, hunarmandchilik va savdo-sotiqning taraqqiy etganligi ta'kidlanadi.
Termiz shahri XI asr oxirida yana Qoraxoniylar davlati tarkibida bo'ladi, 1056 yilga kelib qayta Saljuqiylar qo'l ostiga o'tadi.
Sulton Saodat 1029-1030 yilda Termizni g'aznaviy Bahromshohga topshiradi. XII asrning ikkinchi yarmida Saljuqiylar davlati qulagandan so'ng Termiz va Chag'oniyon qarluqlar qo'l ostiga o'tadi.
Xullas, XIII asr boshlariga qadar Termiz va Chag'oniyon navbatma-navbat Qarluqlar, Guridlar, Qoraxoniylar hukmron sulolari qo'l ostida bo'ladi. 1206 yilda Guridlar davlati tarkibida bo'lgan Termizni Qoraxitoylar va Qoraxoniylar bilan ixtilofda bo'lgan Muhammad Xorazmshoh egallaydi, Chayuniyon ham uning ulkan davlati tarkibiga kiradi. Termiz va Chag'oniyon Xorazmshohlar davlatida muhim o'rin egallagan, Termizda oltin dinor, Chag'oniyonda kumush dirham pullarning zarb etilishi shundan dalolat beradi. Muhammad Xorazmshohning ulkan siyosiy rejalarida Termiz sayyidlari katta ahamiyat kasb etadi, hatto ulardan biri A'lo al-Muluk musulmonlarning yangi xalifasi deb e'lon qilindi.
Markaziy Osiyo sarhadlarida mo'g'ul qo'shinlarining paydo bo'lishi bilan vaziyat tubdan izdan chiqadi va 1220 yilning kuzida mo'g'ul qo'shinlari Termiz va Chag'oniyon yerlarini egallash uchun yurish boshlaydi. Termiz - Balx va Hindiston yo'llaridagi kechuv joyi edi, shahar ahli o'zining Amudaryo bilan chegaralangan qal'alariga tayanib, Chingizxonga qarshilik ko'rsatadi. Shahar mudofaasini o'sha paytdagi shahar noibi Faxriddin Habash boshqaradi, o'n bir kunlik jangu jadaldan so'ng Termiz mo'g'ullar tomonidan zabt etiladi, shahar aholisi qatl uchun mo'g'ul askarlarga taqsimlab beriladi. Juvayniy shunday deb yozadi: «Bir xotin o'lishi oldidan o'zining qotilidan shafqat so'rab, yalinib yolvorgan. O'zini fido qilib, yutgan qimmatli durini berishga va'da beradi. Mo'g'ul shu damda ayol qornini yorib uning ichidan dur topgan, shundan so'ng hamma xotinlarning qorinlarini yorib qarashga farmon berildi».
Chingizxonga qattiq qarshilik ko'rsatgan Termiz Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida «Madinat ur-rijol» («Mardlar shahri») deb tilga olinadi. Mo'g'ul istilosi natijasida qadimiy Termiz shahri batamom vayronaga aylangan edi, istilodan so'ng u o'zini qayta tiklay olmadi, uning o'rnini vayrona bo'lgan tashlandiq tepalar egalladi. Chunki, birinchidan, omon qolgan xalq mo'g'ul hukmi tufayli halok bo'lgan qarindoshlari ruhini bezovta qilgisi kelmaydi, ikkinchidan, uzoq davom etgan jang xalqning tinka-madorini quritgan edi. Yangidan bunyod bo'layotgan shahar esa janubiy yo'nalishda daryo bo'ylab joylashib, o'zining qaddini tez rostlay boshlaydi, lekin u yirik himoya devorlari bilan o'rab olinmaydi, qurilish ishlari sust olib boriladi. Termiz shahrini boshqarish, butun Chag'oniyon hududini nazorat qilish Chig'atoyning nevarasi Yesun Tuva ixtiyoriga beriladi.
Termiz tarixini tadqiq qilishda o'rta asr yozma yodgorliklarining ahamiyati kattadir. Hozirgi zamon tarixnavislari shahar tarixi va madaniy taraqqiyoti manzaralarini tiklashda, uning yanglish sahifalarini haqiqat qo'li bilan tuzatishda o'sha manbalarga tayanadilar. Buyuk arab sayyohi Ibn Battuta (1304-1372) hayotining 28 yilini safarga bag'ishlab Shimoliy va G'arbiy Afrika, Arabiston yarim oroli, Turkiya va Eron, Markaziy Osiyo va Hindiston, Sharqiy Yevropa va Ispaniya, Afg'oniston va Xitoyning ko'plab shaharlarini ziyorat qiladi, qolgan umrini o'z taassurotlarini batafsil bayon qilishga bag'ishlaydi. Sayyoh Markaziy Osiyoga 1333 yilda keladi, bu davrda Termiz Chig'atoy ulusi tasarrufida bo'lib, mamlakatda mo'g'ul xonlari orasida birinchi bo'lib islomni qabul qilgan Alovuddin Tarmashirin (1326-1334) hukmronlik qilar edi. Xorazm, Buxoro, Samarqand shaharlarida va sSlton Tarmashirin qarorgohida mehmon bo'lgan Ibn Battuta Termizga taxminan may oyining oxirida keladi. Oldinroq sayyoh shahar hukmdori A'lo al-Muluk Xudovandzoda bilan uchrashib, undan maxsus yo'llanma oladi. Ushbu ma'lumotning o'ziyoq shahrimiz tarixidagi qorong'i sahifalarni yoritishda katta ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, Termizda ham Markaziy Osiyoning boshqa ko'plab shaharlari kabi, hokimiyat mo'g'ullar qo'lida bo'lsa-da mahalliy xalq vakillari hukmronlik qilishgan. Ikkinchidan, A'lo al-Muluk Termiz sayyidlari xonadoni vakili bo'lib, bu boshqa manbalarda ham qayd qilingan. Bu ayrim tadqiqotchilarning, shubhasiz, Chingizxon Termiz aholisini butunlay qirib tashlagan, degan fikri haqiqatga zid ekanini tasdiqlaydi.
Shu davrda mo'g'ullar tomonidan vayron etilgan Balx XIV asrning birinchi o'n yilliklarigacha xaroba holida qolgan. Termiz shahri tez orada boshqa bir joyda yangidan qad ko'taradi. XII-XIV asr Xitoy manbalarida aytilishicha, Termiz eski va yangi shahardan iborat bo'lgan. Bir necha yuz oilani tashkil qiluvchi aholi chorvachilik bilan shug'ullangan, Amudaryoning sharqida joylashgan Tis -li-mi shahri baliqlari bilan mashhur bo'lgan, to'qay va qamishli chakalakzorlar g'arbga tomon cho'zilib ketgan. Akademik I.YU.Krachkovskiy ta'biri bilan aytganda, «xonaki kitobxon emas, balki o'rta asrlarning eng yirik, tajribali geograf-sayyohi» bo'lgan Ibn Battuta (Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad Ibrohim ibn Yusuf al-Lavoti Tajniy) Termiz orqali o'tgan. U «Tuhorat an-nuzzar fi-g'aroyib al-amsar va ajoyib al-afsar» nomli asarida yozishicha, Termiz «o'zining chiroyli imoratlari va bozorlari bilan mashhur bo'lgan katta shahardir. Shaharni ko'plab ariq va anhorlar kesib o'tadi, uning chiroyli bog'lari bor, juda shirin uzum va behilar yetishtiriladi. Aholi go'sht va sutni ko'p iste'mol qiladi. Shaharliklar hammomga tushganlarida qatiq va tafla deb ataluvchi loy sovun bilan yuvinishgan. Bu narsalar har bir hammomchida bo'lgan. Hammomda ko'plab ko'zalar saqlanib. ular qatiq bilan to'ldirilgan, qatiq va taflada yuvinish sochni tozalaydi va yumshoq qiladi. Eski Termiz Jayhun bo'yida joylashgan edi. Chingizxon uni vayron etgandan so'ng, yangi shaharni daryodan 2 mil (4 km) uzoqlikda barpo etdilar».
Ibn Battuta Chingizxon bosqini natijasida Termiz vayron qilinganligini aytib, yangi shahar ikki arab milyasi uzoqliqda qurilganligini ma'lum qiladi. «Sayohatnoma»da yangi Termizning tasviri shunday berilgan: «Bu chiroyli imoratlari va bozorlari ko'p bo'lgan yirik shahardir, uni boshdan-oyoq anhorlar kesib o'tadi, bog'lari ham juda ko'p. Ayniqsa, uzum bilan behisi juda shirin, go'sht, sut juda serob». Sayyoh Xorazmda bo'lganida, u yerga daryo orqali o'n kun muddatda Termizdan bug'doy va so'li keltirilganiga guvoh bo'ladi, demak, Termiz XIV asrning birinchi yarmida yirik iqgisodiy markaz bo'lgan.
Ibn Battuta sayohati davomida so'fiylarning xonaqoxlaridan, ularning mehmondo'stligidan ko'p marta foydalangan. Xonaqoxni sayyoh Mag'rib an'anasi bo'yicha zoviya deb atagan va u Termiz haqidagi taassurotlarida buni alohida ta'kidlanadi: «Biz bu yerda katta yer va bog'lar sohibi eng muhtaram va obro'yli shayxlardan biri shayx Azizon zoviyasiga qo'ndik. Shayx o'z boyliklarini ziyoratchilarni boqishga sarflar edi». Fikrimizcha, bu zoviya hozirgi Sulton Saodat maqbarasi bo'lishi kerak, chunki, birinchidan, taomilga ko'ra, xonaqoxlar maqbaralar qoshida bo'lgan, ikkinchidan, Sulton Saodat maqbarasining shayxlari asrlar davomida Azizon maqbaralariga ega bo'lganlar.
Termiz shahrida buyuk sayyohni hayratda qoldirgan yangilik - bu hamshaharlarimizning bosh yuvishda qatiqni ishlatishi bo'lgan. Chunki, boshqa mamlakatlarda bu davrda bosh yuvishda asosan loy yoki uning biror turdagi aralashmasi ishlatilar edi. Hokimning homiyligi tufayli shahar a'yonlari Ibn Battutani munosib kutib oladilar. «Termizda ekanli-gimizda bizga har kuni yeguliklar keltirib, mehmon qilib turishdi», - deb yozadi u va shahar qozisi Qavomiddin bilan tanishganligini eslatib o'tadi. Keltirilgan tafsilotlardan ma'lum bo'ladiki, qozi Qavomiddin janoblarining laqabi ham Xudovandzoda, ya'ni sayyidlar xonadoniga mansub ekan. Keyinchalik ibn Battuta qozi bilan uning ukalari Ziyovuddin, Burhoniddin, Imomiddin va Sayfiddinlarni Hindistonda uchratganini yozadi. Qozi Qavomiddin janoblarining o'g'illari Hindiston podshosining vaziri Xoja Jahonning ikki qiziga uylanganligi ham «Sayohatnoma» orqali ma'lum bo'lsa-da, ular yuqorida ismlari keltirilgan sayyidlarning avlodlari shajarasida qayd qilinmagan, bu esa ularning Hindistonga ketib qolganligini bilan izohlanadi.
Mahmud ibn Vali o'zining «Bahr ul-asror fi-manoqib al-ahyor» kitobida: «Garchi Termiz Movarounnahrga taalluqli hududlardan bo'lsa-da, biroq hozirda u Balx tarkibiga kiradi», - deb bitadi. Asarning yana bir joyida esa «Balxdan Jayhungacha 20 farsax keladi, uning taniqli kechuv joylaridan biri Yorgohdir», deydi. Boshqa bir tarixchi Hofizi Abro'ning ta'kidlashicha, bu kechuv joyi Termiz yaqinida bo'lgan. Rus olimi V. F. Minorskiy o'zining «Yunon kechuvi» nomli asarida: «Yorgoh (Yerdagoh) kechuvi Termizning o'ziga Aleksandr Makedonskiy tomonidan asos solingunicha ham bor bo'lib, Amudaryo orqali o'tuvchi muhim guzargoh bo'lgan», degan fikrni bayon qilgan. Mahmud ibn Vali asarining qimmatli tomoni shundaki, unda bir paytlari bo'lgan va endilikda yo'q joylar xususidagi ma'lumotlar ham saqlangan. Masalan, muallif «Ayn Ahmad» degan buloq xususida quyidagilarni bitgan: «Ayn Ahmad» Termizdagi buloq bo'lib Jayhun yaqinidadir, u bilan Jayhun daryosi oralig'i hammasi bo'lib, o'n qadam keladi. Buloq suvi Jayhunnikiga qaraganda shirinroq. U hayrat va shoddikka sabab bo'lishi bilan tanilgan».
Muarrix o'z asarida har xil munosabat bilan Termiz va Chag'oniyondagi boshqa aholi istiqomat qiladigan shahar, qishloqlar xususida ham to'xtaladi. Masalan, bir o'rinda Jayhun bo'yidagi shahar borasida qisqacha qilib: «Bu shaharning qishloqlari va aholi istiqomat qiladigan joylarida muqaddas joylar va sig'iniladigan maqbaralar ko'p» desa, yana bir o'rinda Termiz xususida batafsil ma'lumot beradi: «Termiz Movarounnahr shaharlaridan bo'lib, to'rtinchi iqlimdadir. U Jayhun daryosi qirg'og'ida joylashgan bo'lib, mustahkam devorlar bilan o'rab olingan, janubiy qismi Jayhun daryosi uzra yuksalib turadi, qishloqlari va aholi istiqomat joylari ko'p, uning eng muhim qismlaridan biri Salavot bo'lib, bu yerda hokim saroyi, bozor, madrasa va katta jome' masjidi bor. Baland minorasi ham mavjud. Bu hududda bog'u bo'ston kamroq, u yer qumli joy bo'lib, shu sababdan iqlimi issiq. g'allasi va qovunlari yaxshi bo'ladi. Shubhasiz, bu hudud odamlari jasur va dovyurak emaslar, ular orasida chiroyli chehrali va qaddi-qomati kelishgan kishilar kam».
Muallif asarida termizlik sayyidlar haqida iliq gaplarni aytadi. Ularning qadim-qadim davrlardan buyon hukmronlik qilib kelganligi, diniy mahkamalarga ham rahnamolik qilganliklari, ular orasidan ko'plab shayxu ulamolar yetishib chiqqanligini ta'kidlab, shulardan Hakim Termiziy va Varroq Termiziylarni tilga oladi. Mahmud ibn Valining «Bahr ul-asror»ida Zul-Kifl payg'ambar, Ishoq Kunda Shikin qabrlari, bu yerdan yetishib chiqqan buyuk insonlar qatori esa Jaloliddin Rumiyning ustozi Burhoniddin Sayyid haqidagi bitiklarni o'qish maroqlidir. Mahmud ibn Valining: «Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi haqida eshitdimki, kimki bu tabarruk joyda ikki rakaat namoz o'qisa, bu boshqa joyda o'qilgan yetti yuz rakaat namoz o'qish bilan tengdir», degan gaplari diqqatga sazovordir.
Surxon vohasining rivojida Amir Temur shaxsining alohida o'rni bor. Keyingi tarixiy izlanishlar shu narsani aniq ta'kidlamoqdaki, Amir Temurning davlat boshqaruv faoliyatida Surxon vohasining o'ziga xos o'rni bo'lib, uning janubiy mamlakatlar bilan olib borgan jamiki harakati Termiz bilan bog'liq edi. Ayniqsa, Temur bilan amir Husaynning Arsifda turganlarida ularning ishonchli kishisi Tomuqaning Termizdagi savdo-sotiq ishlari bilan tanishuvi, Temur qopiqqa yetganda mo'g'ul jetelarining Movarounnahrni talab chiqib ketganligi to'g'risidagi ma'lumotni bunga misol qilib keltirish mumkin. Bu voqeadan Termiz - Temur qopiq katta ahamiyatga ega bo'lgan harbiy-strategik markaz bo'lganini, Amir Temur o'z armiyasiga yangi kuch qo'shib, uning iqtisodiy ta'minotini Termizda mustahkamlab olganini bilishimiz mumkin. Tarixchi olim B. Ahmedov o'zining «Amir Temur» tarixiy romanida Surxon vohasidagi yirik iqtisodiy markaz Denov va Termizni tilga olib o'tib, quyidagi tarixiy manbani keltirib o'tadi: «Ma'lum bo'lishicha, mo'g'ullar bilan yovlashib, Samarqand tog'lari va Qoratog'da yashirinib yurgan Chig'atoy beklari: Sulaymon Barlos, Amit Muso, Joku Barlos, Jaloliddin Barlos va Hunduka Barloslar Termizga kelib tushibdilar». Demak, Termiz o'zining harbiy-strategik ahamiyati bilan alohida ahamiyatga ega bo'lib, Jayhun kechuvining qulay joyida joylashuvi ko'pincha urushlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lgan. Termiz o'zining iqtisodiy, madaniy rivoji bilan alohida ajralib turgan shahar, uning atrofida qishloq xo'jaligi ancha rivojlanib, bog'dorchilik va sabzavotchilik keng ko'lamda olib borilgan.
O'z navbatida shahar qo'shinlarni, lashkarlarni boqishga ham alohida xizmat ko'rsatgan. Amir Temur Balx jilg'asida og'ir ahvolda qolganda Termizdagi beklarning yordami tufayli qurshovdan chiqib olib, katta hujumga tashlanganligini, shu jangdan keyin Amir Temur Jayhun daryosidan Termiz kechuvi orqali o'tib, Movarounnahrga qadam qo'yganligini tarixiy manbalar orqali bilishimiz mumkin. Bundan shunday xulosaga kelish mumkin: Amir Temur Termiz atrofida lashkargoh qurib o'tiradi, u o'z ona zaminiga qadam qo'yib endi erkin nafas olishga kirishadi. Temur o'zining jangovar yurishlari davrida juda katta harbiy tajribani egallab, Termizda turgan vaqtida bu tajribalarini ancha mukammallashtirib oladi. Chunki Temur o'zi amal qilgan to'rt narsadan ikkitasini: ya'ni qat'iy qaror, tadbirkorlik va hushyorlikni hamda ehtiyotkorlikni, aynan Termiz voqeasidan keyin bilib olgan bo'lishi mumkin. Akademik Bo'riboy Ahmedov bu haqda quyidagicha yozadi: «Termiz yonida yuz bergan voqealar uni tinchitmadi. Kechayu kunduz shu haqida o'yladi. Xo'sh, nega bu voqea sodir bo'ldi? Bunga nima sabab? O'zining bir qadar beparvoligimi? YO sotqinlik sodir bo'ldimi? Bularning har ikkisi mavjud, lekin yana bittasi bor. Har kishining so'ziga ishonavermaslik, uni qayta-qayta tekshiruvdan o'tkazish zarur». Bu voqeadan keyin Amir Temur o'z armiyasini harbiy jihatdan mustahkamlab, ishonchli, yaqin odamlarni o'z atrofida to'plab, har qanday sharoitda unga pand bermaslik uchun, ya'ni amir Husayn va uning Tomuqa xizmatkorlarining xoinligini inobatga olib, yagona qarorga keladi. Amir Temur o'z tuzuklarining quyidagi bo'limida, ya'ni «lashkarini ittifoqqa keltirish uchun qilgan o'n ikkinchi kengashada: unga Termizga kelib qo'shilib, og'ir vaziyatda yordam qilgan kishilar masalasida quyidagi fikrni qayd etadi: «Amir Joku, Iki Temur, Amir Sulaymon va Amir Jaloliddinlarni -xilvatroq yerga chorladim hamda ularni o'zimga ittifoq qilmoqchi bo'ldim. Xilvatda ular bilan suhbat qurib, «davlatimga sherik bo'lasizlar», dedim. Bu bilan o'zlariga ishonch va menga xizmat qilishda qatiyat uyg'otdim». Bu voqea-harakat tufayli Amir Temur juda katta harbiy-siyosiy obro'ga ega bo'ladi.
«Temur tuzuklari»da ushbu tarixiy voqea yana bir bor eslatiladi: «Termiz kechuvidan narigi qirg'oqqa o'tgach, Kahalka qal'asi (Termizga yaqin qadimiy qal'a) tarafiga qorovullar yubordim. Jayhun bo'yida bir necha kun turdim va qorovullar olib keladigan xabarni sabrsizlik bilan kutdim». Bundan shu narsa ma'lumki, Amir Temur siyosiy faoliyatining mustahkamlanishida Termiz va Chag'oniyon viloyatining alohida o'rni bor. Amir Husaynga nisbatan 1370 yili amalga oshirilgan harbiy yurish tarixda Termiz va Chag'oniyon viloyatlari uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etganini yaxshi bilamiz. Amur Temur hamisha Termiz va uning atrofida bo'lganida o'zining keyingi jangida sodir etiladigan harakatini yana bir bor sinovdan o'tkazish maqsadida qisqa muddat to'xtaydi. Barong'or bilan bo'lgan janglarda ishonchli amirlar Joku barlos bilan amir Sayfiddinni qo'yadi. Amir Temurning Termizga yaqin Biyo qishlog'ida to'xtab, «Temur tuzuklari»da qayd etilgan: «Birinchisi - davlat va saltanatimga bog'langan mening birinchi tuzugim - Tangri taoloning dini va Muhammad Mustafoning shariatiga dunyoda rivoj berdim. Har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim», degan fikriga e'tibor berishga to'g'ri keladi. Chunki, Biyo qishlog'ida Amir Temur Makkayu Mukarrama sayyidlarining boshlig'i Sayyid Baraka bilan uchrashib, uning hamda sayyidlar, mashoyixlar, ulamolar, fozil kishilar duosini olib, otasining bergan, ya'ni «Alardin diniy, huquqiy, axloq masalalarini, harom bilan halolni ajratishni o'rgangin. Shuning uchun ham majlislaringni shular bezab tursin», degan maslahatiga amal qiladi. Xuddi shu uchrashuvda Sayyid Baraka hammaning ko'z o'ngida toju taxt va saltanat ramzi bo'lmish nog'ora bilan bayroqni Temurbekning qo'liga tutqazadi. Bu Olloh va Islom dinining Amir Temurga nisbatan bergan ulug' qudrati edi. Butun Termiz, Xuttalon, Chag'oniyon, Balx, Hirot, Hisor, Kesh, Samarqand, Buxoro, Xorazm bo'ylab Temur deya hayqirayotgan qalandarlar, darveshlar vajohatlaridan uning dushmanlarining dami ichiga tushib ketadi.
Kim islom g'alabasini tilasa, o'sha Temur uchun ovoz bersin! Bunday hayqiriqlar Termiz, Chag'oniyon, Xuttalon, Balx shahrining har bir burchagida yangrardi. Munajjimlar esa atroflariga odamlarni to'plab, tungi osmonda charaqlab turgan yulduzlarni ko'rsatib, Temur yulduzi porlayotganiga ishora qilishardi: Sohib-ul-qiron! Sohib-ul-qiron! Munajjimlar Temurga shunday unvonni, ya'ni yulduzlar sultoni unvonini taqdim qilishadi. Amir Tumur Sohibqiron Biyo qishlog'idagi marosimdan keyin bo'lg'usi jangga hozirlik ko'rish maqsadida Chag'oniyon viloyatining markazi Chag'oniyonga borib tushadi. Chag'oniyon ibn Hurdodbekning ta'kidlashicha, u daryo bo'yida joylashgan. «Hudud al-olam»da yozilishicha, uning atrofi keng dalali, dehqonchilik qilish, sug'orish uchun juda qulay bo'lib, Abu al-Hasan ibn Mahmudga qarashli katta bog' va qo'rg'on mavjud. Chag'oniyon ahli va beklari Amir Temurga sidqidildan xizmat qilib, katta miqdorda askar, oziq-ovqat, ot va chorva mollari hamda urush anjomlari yetkazib beradi. Amir Temurning Chag'oniyonda bo'lgan vaqgida Kufton (Guftan, hozirgi Sherobod vohasi), Barmangan (ba'zi manbalarda Charmangan yoki Jarminkan hozirgi Jarqo'rg'ondan 4 km janubi-g'arbdagi Kultepa shahri markazi), Xuttalon, Hisor, Temur qopug'idagi yerlarda katta miqdorda kuch to'playdi. Ana shu Olloh bergan kuch-qudrat hamda Sayyid Baraka bergan qutlug' shohiy duo kuchi bilan aql-zakovatli mashhur sarkarda Amir Temur Balxni egallab, anchadan buyon unga bo'ysunishni istamayotgan Amir Husayn ustidan zafar g'alabasini qo'lga kiritadi.
Jahongir Amir Temurning aqlli, tadbirkor, kuchli harbiy sarkarda, sharoitni to'g'ri tushuna oladigan siyosatchi ekanligini u tomondan amalga oshirilgan har bir ish yakunidan bilish mumkin. Uning 1384 yil bahori boshida Eron zaminini o'ziga bo'ysundirish maqsadida Termiz atrofini lashkargohga aylantirib, Termiz sayyidlari himmati bilan Forsga yurish qilganligi, bu yurish uchun mavjud harajatlar shu o'lkada to'planganligi tarixiy manbalarda alohida ta'kidlanadi. B. Ahmedov «Amir Temur» tarixiy romanida: «U yana Termiz va uning tevarak-atrofini lashkargoh deb e'lon qildi, viloyatlarga lashkar to'plash uchun tavochi va jarchilar yubordi. Movarounnahr viloyatlaridan chiqarilgan barcha lashkar o'n kun deganda shu yerga - Termiz va uning tevarak-atrofiga yig'ildi. O'sha 1384 yil bahorining avvalida Amir Temurning cho'l qumlari va daraxt bargidan ham ko'p lashkari Jayhundan o'tib qubbat ul islom Balxning jilg'asiga kelib qo'ndi», deb yozadi. Bu voqealarning tarixiy izohiga e'tibor bersak, Amir Temurga tobe bo'lgan Termiz va Chag'oniyon o'lkasi unga doimo iqtisodiy-siyosiy tayanch bo'lganligi, bu o'lkada hech qachon unga qarshi fitna-fasod bo'lmagani aniq va ravshandir. Bu sadoqat evaziga Amir Temur bu yurtlarning ijtimoiy-iqgisodiy jihatdan rivojlanishiga alohida e'tibor berdi.
Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafarnoma» asarida ko'hna Termiz haqida ma'lumot berar ekan, 1399 yil 11 sentabrda Kesh (Shahrisabz)dan Balxga borayotgan Amir Temur bir necha termizlik sayyidlarning qabrlarini, jumladan, Xoja Muhammad Ali Hakim Termiziy va Shayx Abu Bakr Varroqning mozorlarini ziyorat qilib o'tganligini eslatadi. Amir Temur 1404 yilning yozida Balxdan orqaga qaytayotganida ham Termiz sayyidlaridan Xudovanzoda A'lo al-muluk xonadonida to'xtab o'tadi. Xuddi shu yilning kuzida Ispaniya qiroli Genrix III ning elchisi Klavixo ham Termizda bo'lgan edi. Rui Gonsales de Klavixoning «Samarqandga, Temur huzuriga sayohat kundaligi» («Dnevnik puteshestviya v Samarkand ko dvoru Timura» (1403-1406 g.g.) asaridagi ma'lumotga ko'ra, Temur Xurosonga qilayotgan yurishida Amudaryoga qayiq ustida turuvchi ?g'och ko'prik qurdiradi va qo'shinlar o'tib bo'lgach, uni buzdirib tashlaydi. Bu davrda Kichik Hindiston deb ataluvchi mazkur hudud Balx tumaniga qarashli edi. Termiz tumaniga tegishli qadimgi kechuv joylari Sho'rob va Cho'chqa Guzar Aleksandr Makedonskiygacha ham bor edi, bu joylar ilgari Kichik Hindistonga bo'ysungan bo'lsa, endi Temurbek tomonidan Samarqand saltanatiga bo'ysundirildi, deb qayd etildi. Sohibqiron saroyiga Kastiliya va Lion qiroli Genrix III nomidan elchi bo'lib kelgan Rui Gonsalis de Klavixo Termiz shahrini shunday ta'riflaydi: «Termiz juda katta va aholisi zich, unda tashqi devor mudofaa istehkomlari yo'q. Shahar atrofida ko'plab bog'lar va anhorlar joylashgan. Bu shaharga kirganimizdan so'ng doimo xilma-xil mollar sotiladigan gavjum ko'cha va maydonlardan yurib bordik. Bu shahar elchilarga ko'p marotaba marhamat ko'rsatdilar».
Temur davrida Chag'oniyon o'lkasining markaziy shahri Chag'oniyon ham rivojlanadi. Buni Termiz, Chag'oniyon, Navand (Chag'oniyonning yana bir markazi)da Temur va Temuriylar davlati hududida muomalada bo'lgan dirham (mis tanga pul)lar zarb etilganidan ham bilsak bo'ladi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Termiz qal'asining qayta tiklanishi temuriy Xalil Sulton farmoni bilan amalga oshirilgan. Xuroson hukmdori Shohrux Mirzoning Anhud va Balx viloyatlarida ta'siri kuchayishidan tahlikaga tushgan Xalil Sulton 1407 yilda Amudaryo bo'ylab joylashgan Termiz qal'asini qayta tiklattirgan.
Amir Temur vafotidan so'ng, merosxo'rlar o'rtasida ziddiyatlar va urushlar kuchayib ketadi, mamlakat hayoti izdan chiqib, madaniyati halokat ?qasiga kelib qoladi. Bu xavfning oldini olish uchun Shohruh Mirzo ko'rsatmasi bilan Amudaryo chegara deb belgilanadi, 1407 yili Balx va uning atrofidagi yerlar egallanadi. Ibn Arabshoh ma'lumotiga ko'ra, «Shu voqeadan so'ng. Shohrux Mirzo ko'rsatmasi bilan Xalil Sulton Amudaryoni chegara deb belgilaydi va sohildan eski Termiz qal'asini tiklash haqida buyruq chiqarishga majbur bo'ladi». 1431 yili Shohruh Mirzo topshirig'iga ko'ra yozilgan Hofizi Abruning geografiyaga doir asarida Amudaryoning Orol dengiziga emas, balki Kaspiy dengiziga quyilishi, Movarounnahr va uning yirik shaharlari Buxoro, Samarqand, Kesh, Nasaf, Termiz, Xo'jand haqida ma'lumotlar berilgan. Hofizi Abru Termiz shahri bilan qal'a bir joyda, bundan tashqari, Termiz tashqi shaharga ham ega ekanligini, imoratlar paxsadan qurilgan, bozor va jome' masjidi shaharning markazida bo'lganligini ta'kidlaydi.
Buyuk geografik kashfiyotlar arafasida bo'lgan Temur davri butun Turon zamin xalqaro savdosining yuksak rivojlangan bosqichi bo'lib hisoblanadi. Kichik Hindiston (g'arbiy Yevropa adabiyotida Kichik Hindiston va Eron oralig'idagi hududlar, ya'ni Afg'oniston, Belujiston va Mekron nazarda tutilgan)dan Samarqand sari yo'l olgan karvonlar Termiz va Yorgoh kechuvidan o'tgan. Bundan ko'rinadiki, Surxon vohasi hududi Temur davri savdosida muhim ahamiyat kasb etgan. Temur va temuriylar davrida vohada nafaqat savdo, balki iqtisodiy hamda madaniy siljishlar ham yuz berganini XIV-XV asrlarga oid bo'lgan 80 dan ortiq obidadan topilgan ashyoviy manbalar isbot eta oladi. Bu yodgorliklardan qazib olingan, sifat darajasi bilan Xitoy chinnisiga tenglashgan sopol buyumlar, zargarlik namunalari, me'moriy koshinlar Surxon vohasi amaliy san'atining Temur davlati markaziy shaharlari madaniyati bilan hamohang taraqqiy etganligidan dalolat beradi.


Комментариев нет:

Отправить комментарий