четверг, 20 июня 2013 г.

ADABIY HAYOT



Siyosiy -ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi o'zgarishlar adabiyotda ham o'z aksini topa bordi, bu davrda ham boshqa davrlarda bo'lgani kabi Termiziy taxallusi bilan ko'plab shoirlar samarali ijod qildilar. Quyida shulardan ayrimlarining ijodi bilan tanishamiz.

1. Umar at-Termiziy as-So'fiy (1454 yilda vafot etgan) - yirik tasavvufchi olimlardan.
2. Mavlono Qudsiy Termiziy Mahjub - darveshlik tariqati yo'lini tutib, tanholikda umr kechirgan, she'riy devoni bor. XVI asr oxiri va XVII asr boshlarida yashab ijod etgan. Hasanxoja Nisoriy «Muzakkiri ahbob»da shoirdan bir qit'a keltiradi.
3. Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo Termiziy . XVII asrning 30-yillarida tug'ilib, XVIII asrning 30-yillarigacha yashab, 100 yildan ortiqroq umr ko'rgan, zamondoshlari Mirzo Yusuf va Maleho Samarqandiy tomonidan olovqalb, o'tkir tilli adib deb ta'riflangan. Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo Termiziy o'z zamonasida ma'naviyat dasturini targ'ib etgan taniqli allomalardan biri bo'lgan. Zotan, taxallusi Samandar bo'lgan, taxallusining tushunchasi esa uning ruhiyatiga monand ekanligidan dalolat beradi. Uning zamondoshlari adibni afsonalarda olov ichida tug'ilib, olov ichida yashagan Samandarga o'xshatadilar. Haqiqatda adibning «Dastur ul-muluk» («Podshohlarga qo'llanma») asarini o'qir ekanmiz, uning olimona ruxiyat sohibi, ma'naviyat targ'ibotchisi ekanligiga ishonch qosil qilamiz. U hijriy 1107 yilda, ya'ni melodiy 1665 yilda yozilgan «Dastur ul-muluk» asarining xotimasida shunday deb yozgan edi: «Iltimosim shuki, agar o'zining go'zal, dilbar mazmuni bilan hammaning nazarida jilva qila olsa, buning shohidi bo'lgan odam butun joni-dili bilan uni ko'rishga va o'qishga havas qilsa, uni o'qishga rag'bat uyg'ota olsa, asar muallifini «qur'on»ning onasi - ?qimli «Fotiha» surasini o'qib yod etinglar».
Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo Termiziy o'zining jo'shqin ruhiyat sohibi ekanligini, uzoq yillar darvish sifatida mashriqu mag'ribni kezib chiqib, juda katta tajriba hosil qilganidan keyin, nihoyat «Dastur ul-muluk» asarini yozib, uni quyidagicha ifodalaydi: «Mening ruhiyatimda o'ziga xos, xuddi oshiq-ma'shuqlar olovli ehtiros ila bir-birlarini sevganlaridek, jo'shqinlikni, serg'ayratlikni sevish, unga intilish odati bor edi». Olloh Xoja Samandarga nasib etgan bunday mujdalardan biri «Dastur ul-muluk» asari bo'lib, u 22 fasldan (fasllarning nomlanishi nisbiy bo'lib, bir faslning ichida ikkinchi bir faslning nomi bilan bog'liq bo'lgan hikmatlar ham bor) iborat. axloqiy-ta'limiy va jangnoma janrida yozilgan badiiy-tarixiy an'anaviy asardir.

Xoja Samandar Termiziy hikmatlaridan:

Qadrli do'st, chin inson bo'lishga intil. Yaxshi kishilar suhbatida bo'lib, tajribang xazinasini donishmandlik bilan boyit. Ishda uddaburon bo'lg'il. Yomonlardan o'zingni yiroq tut. Do'stni dushmandan farqlay bil. Shunga ko'ra aytadilarki:

Do'stlar ishi uchun har gal bo'l tayyor, 
Ammo farqla kim to'g'riyu kim ayyor.

Azizim, qobiliyatli kishilarga e'tibor ber. Iste'dodsiz kishilarni esa ota-bobolarining xizmati evazi uchun ardoklama. Inson fazilati qavmu qarindoshlar martabasiga qarab emas, balki layoqat va qobiliyat bilan belgilanadi. Bayt:

Layoqatsiz kishi erur chin tirik murda,
Yashash unga farqsiz ham hayotda, ham go'rda.

Azizim, yuragingda hasadning tug'ilishiga yo'l qo'yma! Hasad baxtni o'g'irlaydi. U - sharaf bog'ining xazoni. Bayt:

Qayda olsa hasad alanga,
Yopishur avval hasadli tanga.

Qadrli do'st, yuqori mansabga erishsang, zinhor kekkayma. Yodingda tut, mansab doimiy emas, u - beqaror. Har qanday mansabning va qo'lga kiritilgan baxtning o'ziga yarasha zarbasi bor. Shunga ko'ra aytishadiki:

Mansab kishiga tuyulmasin mudomdek,
U beqaror darvesh qo'lidagi jomdek.

Qadrli do'st, inson - jozibali marvarid. Hayot - go'zal ?qut. U ikki marta berilmaganidek, qo'ldan chiqishi ham oson. Unga to'g'ri munosabatda bo'l. U foyda keltiruvchi naqd pulga o'xshaydi. Shu bois umrni avaylab asra. Chunki umr shoshilinch sayohatchi. Bayt:

Vaqtdir tezkor, lekin hayot himmati keng,
Bir lahzalik dono umri asrlarga teng.

Hikoyat: Hikoya qilishlaricha, Sulton Ibrohim Adham shohlik mulkini tashlab, boylik va obro'ni tark etibdi. Shohlik libosini bir cho'pon bilan almashtirib, sahroga ravona bo'libdi. Bir qariya so'rabdi: «Ey Ibrohim, hech kim shohlikni gadolikka almashtirmagan edi. Sen nechun bunday qilding?» Ibrohim aytibdi: «Ozni idora etish afzal, u kishini saxiylikka o'rgatadi. Behisob mulk esa xasislikka odatlantaradi». Bayt:

Boylikka hirs qo'yma, u - sarob, 
Qanoat qil, bo'lmay desang xarob.

4. Abdulloh Termiziy (1627 yili vafot etgan) - shoir va xattot, Vasfiy taxallusi bilan she'rlar yozgan. Asli termizlik, Hindistonga ketib Jahongir (1605- 1627) saroyida yashagan. Bir qancha nazmiy asarlari mavjud. Hindistonda vafot etib, Agra shahrida dafn etilgan.
5. Mir Muhammad Taqiy Termiziy - 1746 yilda tug'ilgan, otasini Mirali Rizo Balgiromiy deyishgan, demak, shoir Xurosonning Balgirom shahridan ekan. Bo'lajak shoir o'z otasidan tahsil oladi, u Taqiy taxallusida she'rlar bitgan, davrining bilimlaridan boxabar shaxs hisoblanadi. Shoir otasining nasl-nasabi termizlik sayyidlar avlodidan bo'lgani bois taxallusi yoniga Termiziy nisbasini qo'shib ishlatgan. Mirmuhammad - shoirning ismi, Taqiy - adabiy taxallusi, Termiziy deyilishi shoir ajdodlarining kelib chiqishi termizlik sayyidlarga borib taqalishi bilan izohlanadi. Mirmuhammad she'riyatni, nazmni jonidan ortiq sevadi, kitob mutolaasiga ko'p vaqtini sarflar edi. Oqibatda o'zi ham ko'zga ko'ringan shoir bo'lib yetishadi va she'rlarini jamlab she'riy devon tuzadi. Shoir Taqiy haqidagi ma'lumotlar Husaynqulixon Azimobodiyning «Tazkirayi nashtari ishq» asarida uchraydi. Tazkirada Taqiy she'rlaridan bitta ruboiy va bitta fard misol tariqasida berilgan.
6. So'fi Olloyor - XVII asrning ikkinchi yarmi - XVIII asrning birinchi choragida yashab ijod qilgan. So'fi Olloyor umrining bir qismi Chag'oniyon (Surxon viloyatining shimoliy qismi) mavzelaridan biri - Vaxshivor bilan bog'liq bo'lib, shoirning «Sabot ul-ojizin» asari shu joyda yaratilgan.
7. Masiho ibn qozi Mullo Muntahoyi Boysuniy - XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan, davrining yetuk xattotlaridan, san'atkor shoirlar toifasiga mansub. Shoirning «Ra'no va Zebo» dostoni bor, ismi Masiho va taxallusi ham Masihodir, o'z ismini adabiy taxallus sifatida qo'llagan. U haqda Qori Rahmatullo Vozeh (1817-1894) «Tuhfatul ahbob fi tazkirat ul ashob» («Do'stlar tuhfasi va suhbatdoshlar zikri») tazkirasida ma'lumot berib o'tadi: «Masiho valadi Qozi Mullo Muntahoyi Boysuniy ast, bo ismi xud taxallus namuda ... az xattotoni mashhuri Buxoro, xatti nasta'liqro xub minavisad, ba qazoyi baldai Boysun mansub»(«Masiho, Qozi Mullo Muntahoyi Boysuniyning farzandi, ismini taxallus qilib oldi, Buxoroning mashhur xattotlaridan, nasta'liq xatini yaxshi yozar edi. Boysun shahri qozilari avlodiga mansub»). Vozeh yana davom etib yozadi: «...Hikoyati «Ra'novu Zebo»i kitobi «Mahfiloro»ro ba tariqi masnaviy ba qaydi nazm ovarda» («Mahfiloro» kitobidan «Ra'novu Zebo» hikoyatini masnaviy tarzida nazmda yozdi»). 
«Mahfiloro» turkman adibi Barxurdor Faroxiy (XVII asr)ning qalamiga tegishli nasriy asar, uning tarkibida Sharq xalqlarining ko'plab hikoyatlari jamlangan, Mirzo Masiho ana shu asardan «Ra'novu Zebo» hikoyatini nazmga soladi. «Ra'novu Zebo» katta hajmdagi doston, u to'rt yarim baytdan iborat va (hijriy 1301)1882 yili shoirning o'zi tomonidan ko'chirilgan nusxasi bizgacha yetib kelgan. Mirzo Masihoga «Mahfiloro» tarkibidagi «Ra'novu Zebo» hikoyati ?qib qoladi, bu haqda shoirning o'z qaydlari bor:

Dar oxir az kitobi «Mahfiloro»,
Chu xondam qissai «Ra'novu Zebo».
Maro in qissa bas matbu' aftod,
Ki az nazmash nadorad hech kas yod.

Mazmuni:

«Mahfiloro» kitobin ko'p o'qib,
«Ra'novu Zebo»ga navbat kelib,
Menga ushbu qissa qoldi ?qib,
Uni nazmda hali bilmas hech kim.

Shoir Masiho Buxoro amirlari Nasrullo(1826-1860) va Muzaffar (1860-1885)lar hukmronligi davrida yashab ijod egan. U otasi Muntaho vafotidan so'ng Boysun qoziligi vazifasini bajarishga kirishadi, albatta bu vazifa yuksak mas'uliyatni taqozo etar edi. Boisi ish yuzasidan shoir turli tabaqa vakillari bilan uchrashar, u xoh kambag'al, xoh boy bo'lsin, hukmning adolatli bo'lishi shart edi. Chunki, qozining ishi doimo kishilarning yumushini to'g'ri hal etib berishga qaratilmog'i lozim, o'zi bu to'g'rida «Ra'novu Zebo»da yozadi:

Ba mulki Boysun az subh to shom,
Hamebudam ba qaydi xos to om.
Mudom og'ushta ham bo dard budam,
Zi xud z-in noxushi dilsard budam.
Bo hukmi in ki andar shar'i muxtor,
Buvad dasturi qozi aqdi ibkor.

«Ra'novu Zebo» dostonini professor Ahmad Abdullayev nashrga taxt qilib qo'yibdi, lekin asar noma'lum sabablarga ko'ra to hanuz chop etilmay qolib kelmoqda. Manbalarning guvohlik berishicha, Boysundan XIX va XX asrlarda ko'plab shoiru fozillar yetishib chiqqan, ulardan hozircha Nodir Boysuniy va Anqoiy Boysuniylarni bilamiz.

Комментариев нет:

Отправить комментарий