четверг, 20 июня 2013 г.

SURXON VOHASINING CHORIZM TOMONIDAN ISTILO QILINISHI VA UNING OQIBATLARI



XVIII asrning birinchi yarmida davom etgan o'zaro urushlar va qo'zg'olonlar Buxoro xonligini talon-taroj qilib qolmasdan, balki mamlakatning iqtisodiy va siyosiy qudratini ham pasaytiradi. XIX asr boshlariga kelib yagona xonlik o'rnida Buxoro, Xiva, Qo'qon xonliklari tashkil topadi. Mamlakatning parchalanishi Markaziy Osiyoga Rossiya mustamlakachilarining kirib kelishini ancha osonlashtiradi. Chor hukumati Markaziy Osiyoga inglizlarning kirib kelishining oldini olish uchun dadil harakatlar boshlaydi. Ayniqsa, Buxoro amirligining janubiy sarhadlari, xususan, Termizni egallashga alohida e'tibor beradi.
Chorizm istilosi arafasida Surxon vohasi Boysun, Sherobod va Yurchi bekliklaridan iborat bo'lib, bu zamin Buxoro amirligining «Sharqiy yerlari» yoki Sharqiy Buxoro deb atalgan. Chor Rossiyasi bilan Buxoro amirligi o'rtasida 1873 yil 28 sentabrda shartnoma tuziladi. Shartnoma 17 moddadan iborat bo'lib, uning 3-moddasida: «Buxoro amirligiga qarashli Amudaryo qismida Buxoro kemalari va rus paroxodlari, shuningdek, boshqa flot kemalari qatorida hukumat hamda shaxsiy kemalarga erkin suzish ruxsat beriladi» deyilsa, 4-moddasida: «Kerak va qulay bo'lgan Amudaryoning Buxoro qirg'oqlarida ruslar o'zining to'xtash joyi va tovar omborlari qurishga haklidir» deb yozilgan edi.
1888 yil 23 iyunda imzolangan qo'shimcha shartnomaga binoan uning moddalari qayta ko'rib chiqiladi va rus fuqarolari Yangi Buxoro (hozirgi Kogon), Chorjo'y, Kerki shaharlarida yashashlari mumkin deb topiladi. Bundan tashqari mazkur protokolga ko'ra, asosan Amudaryo qirg'oqlari bo'ylab rus manzilgohlari barpo etish ko'zda tutiladi. Xuddi shu vaqtda Termizning Amudaryo qirg'og'iga tutashib ketadigan Pattakesar qishlog'i yonida ruslar istiqomat qilishi uchun yashash joylarini barpo etish boshlangan edi.
Bu davrda Qadimgi Termiz atrofi uncha katga bo'lmagan, ya'ni taxminan 1257 kishilik aholiga ega Pattakesar va Solihobod qishloqlari borligi qayd etiladi. 1893 yil 15 yanvardagi Rus-Buxoro shartnomasiga binoan Termiz shahri Rus podshosiga «sovg'a sifatida in'om etiladi». Shundan keyin bu yerga 7-chegara okrugiga kiruvchi rus harbiy qismlarini joylashtirish ishlari boshlab yuboriladi. 1894 yilda Termiz qal'asi qurilishi va unda rus qo'shinlarining joylashtirilishi tufayli Termizda telegraf liniyalari tortiladi. Chor Rossiyasi Chorjo'y, Buxoro, Qarshi, Termiz, Kelif garnizonlari bilan aloqa yo'llarini tiklaganlari holda buning Buxoro amirligi uchun zarurligi bilan mutlaqo qiziqmaydilar. Natijada Buxoro amirligining savdo-sotiq yo'llari asta-sekinlik bilan bo'lsa-da, izdan chiqa boshlaydi. Amudaryo sohilida rus harbiylari qal'asining qurilishi munosabati bilan chor hukumati 1900 yilda Termiz - Samarqand yo'lini ta'mirlaydi.
1894 yil 24 iyulda chor Rossiyasining siquvi hamda Buxoro amirligining Bojxona ittifoqiga qo'shilishi bilan Termizni rus harbiy manzilgohlaridan biriga aylantirish ishlari yanada tezlashib ketadi. 1894 yil dekabr oyi boshlarida Amudaryo chegara qorovulligi brigadasi tuzilib, u Kerkidan Iola qishlog'igacha bo'lgan joylarni nazorat qilishi belgilab qo'yiladi. Shu vaqtning o'zida Kerki, Kelif, Pattakesar, Ayvonch, Saroy bojxona punktlari va Chubek hamda Bog'ariq o'tish chegara joylari ham tashkil etiladi. 1894 yil 12 dekabrda Termiz xarobalaridan 8 km narida Surxondaryoning Amudaryoga quyilish irmog'ida kema to'xtashi uchun qulay bo'lgan Pattakesarga 31-Amudaryo chor harbiy chegara qo'shinlari kelib joylashadi. Chor qo'shinlari Pattakesar qishlog'iga kelib tushib daryodan 2 km yuqorida qal'a quradi, tub yerlik aholi unga «Tuproqqo'rg'on» deb nom beradi. Pattakesarga kelgan chor qo'shinlari besh yo'nalish bo'yicha kuzatuv nazoratini o'rnatishadi, ya'ni: 1) Sho'rob kuzatuv punktiga 10 otliq, 10 piyoda, 2 erkin yollangan harbiy; 2) Maymanto'qay kuzatuv punktiga 9 otliq, 10 piyoda va 2 yollangan harbiy; 3) Orol (Payg'ambar oroli) kuzatuv punktiga 6 otliq, 2 ta piyoda va 1 ta erkin yollangan harbiy; 4) Pattakesar kuzatuv punktiga 9 ta otliq, 11 ta piyoda va 3 ta yollangan harbiy; 5) Ayritom kuzatuv punktiga 8 ta otliq, 8 ta piyoda harbiy joylashtiriladi.
Amudaryo brigadasi qarorgohi Pattakesarda joylashgan bo'lib, unda 2 shtat ofiseri, 5 ta ober ofiser, I otliq, 7 piyoda, 22 safda turmaydigan va 2 erkin yollangan askarlar xizmat qilgan. Bundan tashqari shtab huzurida o'quv bo'limi bo'lib, unda ober ofiser, 24 otliq va 2 ta safda turmaydigan askarlar bor edi. Harbiy nazorat, qurol-yaroq ustaxonasi va omborxona ham shtab huzurida joylashgan edi. Akademik V. V. Bartoldning qayd etishicha, 1900 yilda ruslar joylashib olgan Pattakesar shaharcha aholisi 8.052 nafar erkak va 2.069 nafar ayoldan tashkil topgan. Ya'ni aholining asosiy qismi rus harbiy kishilaridan iborat bo'lib, ruslar yangi Termiz shahrida o'rnashib olib, uni Rossiya manfaatlariga mos keluvchi siyosiy va harbiy markazga aylantirishga harakat qil boshlaganlar.
Termizda qurilish ishlari 1895 yilda boshlanadi va shaharni o'z qo'lida saqlab qolish uchun mustamlakachilar zudlik bilan 1897 yil iyunida Salavotlik aka-uka Sayid Olim va Sayid Ali xo'jalardan 43 desyatina (1 desyatina - 1,09 ga teng) yer sotib oladi. Bundan tashqari Pattakesar shimolidan 1200 desyatina yer sotib olinib, sotib olingan yerlarda harbiylar uchun turar joylar, «Ofiserlar uyi», kasalxona, otxona, qurol-yaroq, oziq-ovqat omborxonalari quriladi. Termizda rus istehkomlari Amudaryo sohili bo'ylab quriladi, bu davrda yo'llar, ko'priklar va sug'orish inshootlari qurilishiga zarur ehtiyoj sezila boshlaydi. Biroq chor hukumati bu qurilishlarni Buxoro amirligi mablag'lari evaziga bajarishni maqsad qilib olgan edi. Buni 1898 yilda chor amaldori Guberovichning «Buxoro yerlarida ko'priklar kechuv joylari, yo'llar va kanallarni rus xalqi mablag'iga emas, aksincha mahalliy mablag'lar hisobiga barpo qilish lozim» degan so'zidan ham bilib olish mumkin. Termizdagi chor amaldorlari Surxon daryosidan suv chiqarish uchun injener Telman boshchiligida quriladigan sug'orish inshootlari loyihasini ishlab chiqdi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 60 ming rublga baholanib, qurilish va qazish ishlari esa harbiy muhandislik mahkamasi tomonidan bajarildi. Ammo sug'orish inshootining nihoyatda kichik qilib barpo etilishi ko'plab yerlarni suv bilan ta'minlash imkonini bermadi. Shu sababli ham bir vaqtlar gavjum bo'lgan shahar suv tanqisligi sababli aholisi siyrak shaharga aylandi. Termizda sug'orish inshootlari barpo qilish ancha qiyin sharoitda kechdi. Turkiston general gubernatorligi ushbu maqsadda bajariladigan ishlar uchun mablag'larni o'z vaqtida yetkazib bermadi. Jumladan, injener Telmanning hisob-kitoblariga ko'ra Termizda barpo qilinadigan sug'orish inshootalari uchun ketadigan mablag'lar miqdori 130 ming rubl deb baholandi. Agar ushbu mablag' ajratilib, shaharda va uning atroflarida sug'orish shahobchalari barpo qilinsa, 4750 desyatina yerni sug'orish imkoni tug'ilar edi. Ushbu loyihani muhokama qilish uchun general gubernator Duxovskiy boshchiligida komissiya tuzildi va ushbu komissiya «Rus hukumati Termiz atrofidagi barcha sug'orish inshootlari qurilishini o'z qo'liga olishi kerak» degan xulosaga keldi. Ammo sug'orish inshootlarini bunyod etish uchun ajratilishi lozim bo'lgan mablag'lar o'z vaqtida berilmadi. Qurilish ishlariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo'lindi, oqibatda ushbu loyiha ishlari bajarilmay o'lda-jo'lda qoldi. Chunki chor hukumatini shaharning obodonchiligi xalqning ma'murligi emas, aksincha shaharning harbiy strategik imkoniyatlari qiziqtirardi. 
Rus chorizmi harbiy ishlarni kuchaytirish maqsadida 1895- 1900 yillarda harbiy qal'a va shahar mudofaa devorlari qurilishiga 57 ming rubl pul sarflaydi. Surxon vohasini kelajakda to'liq istilo qilish maqsadini xisobga olib, mustamlakachi hukumat 1897 yil bahorida Petro-Aleksandrovskdagi 4-Orenburg kazak polkini va 13-Turkiston batalonini, 9-Turkiston polkini, 6-Sibir o'qchi polkini va Tobin artilleriya rotasini, Toshkent drujinalarini, 546-kazak drujinasini Termiz shahriga olib kelib joylashtiradi. Buxoro amiri 1900 yil 22 yanvarda chorizmning siquvi bilan shimolda Qorakum cho'li, shimoli-sharqda Surxondaryo, janubi-g'arbda Amudaryo bilan chegaralangan va umumiy maydoni 10.514 desyatinadan iborat yerlarning hammasini bepul foydalanish uchun chor hukumatiga berish to'g'risidagi aktni imzolaydi. Buxoro amiri pulsiz foydalanishga berilgan yerlar evaziga unga rus generali chini, ya'ni unvonini berishni yoxud «Andrey-Pervozvanny» oliy belgisi bilan mukofotlashni talab etadi. Amir talabi qondirilib, unga rus generali chini beriladi, shunday qilib, «rus generali» unvoni evaziga Termiz shahri va uning atrofidaga yerlar mustamlakachilar ixtiyoriga beriladi.
Chor hukumati Termizga harbiy qal'a sifatida katta e'tibor bersa-da, tub yerlik aholining ijtimoiy ahvoli mutlaqo e'tibordan chetda qolgan edi. Termiz garnizoni boshlig'i general mayor Baronovskiyning 1902 yil 29 avgustda Buxorodagi siyosiy agentlik nomiga yozgan raporti bunga yaqqol dalil bo'la oladi. To'g'ri, bu raport tanqidiy tarzda yozilgan, quyida mazkur raportdan bir parcha keltiramiz: «O'zi qo'rg'on deb, nomi shahar deb atalgan Termizimizni uquvsiz shahar soveti va qo'shin safida xizmat etuvchi, tez-tez almashinib turadigan past chinli harbiylardan iborat tajribasiz polisiya boshqarmoqda, sanitariya nazorati yo'q, davolash muassasalari yo'q, yaqinda qoramollar o'rtasida o'lat kasalligi tarqaldi. Harbiy medisina inspektori 1902 yil 13 iyundayoq uch veterinar vrachning Termizga safarga jo'natilishini xabar qilgan edi. Lekin avgust oyi oxirlab qolishiga qaramay, veterinarlardan birontasi Termizga yetib kelmadi. O'lat kasali bo'lsa, ularning kelishini kutmasdan, o'ladigan mollar qirilib bo'lgach, o'zidan-o'zi tugab qoldi, grajdanlar bekordan-bekorga kasal bo'lib qirilib ketayotirlar. Tub yerlik aholi uchun xususiy ambulatoriya bor, amir bu ambulatoriya uchun uch yuz so'm ajratish haqida farmon bergan. Ammo, Buxoro hukumati, Siz janobi oliylari talab qilishingizga qaramay, o'z amirining farmonini bajarishni istamaydi. Bezorilik va aroqxo'rlik avj olgan, unga qarshi kurash olib borish uchun mablag' yo'q, polisiya boshqarmasi ham yo'q. O'quvsiz polismeyster - qo'shin safida xizmat qiluvchi ofiser, qurolsiz quyi chindagi harbiy xizmatchilardir. Shunday hollar ham bo'ldiki, hatto, grajdanlar polisiyachilarni tutib urishadi, polisiya uyi qulab, buzilib ketayotgan imoratda joylashgan, polisiyadan qochish hech gap emas. Polisiyada qamoqqa olinganlarni ovqatlantirish uchun hech narsa yo'q, sud ham, jazo berish ham yo'q. Da'vogarlar menga murojaat qiladilar. Da'volarni tekshiraman, yarashtiraman, lekin nojo'ya ishlar, jinoyatlar uchun jazo berishga huquqim yo'q. O'g'irlik va firibgarlik avjiga chiqmokda, ba'zi o'g'irliklar shunday ustalik bilan qilinadiki, bu kasbning tilini bilgan ustalar borligidan shubha qilmasa ham bo'ladi. Bu yerda suv yo'qdek, ammo barcha o'g'irliklarning izi suvga cho'mganday g'oyib bo'lib ketaveradi. Javobgarlikka tortilgan jinoyatchilar sudga faqat istehzo bilan kulib qaraydilar, xolos, shunday bo'lishi ham tabiiy, mayda ishlarni ko'radigan sudya (uning o'zi tergovchi ham) Chorjo'yda istiqomat qiladi, U paroxodga tushib, Termizga yetib kelgunicha, poyezdda Polshadan Port-Arturga borish uchun talab qilinganicha, ba'zan undan ham ko'proq vaqg o'tadi. Xullas, ikki yil mobaynida sudya Termizga rosa bir marta keldi, unda ham bir paroxoddan ikkinchi paroxodgacha bo'ldi. Holbuki, sud tergov ishlari desangiz, bizda juda ko'p».
Mazkur raportdan ko'chirib olingan bu parchalardan Termizda oddiy aholi naqadar og'ir ahvolda yashaganini tasavvur etish mumkin. Termiz ikki qismdan iborat bo'lib, garnizon joylashgan shimoliy qism qal'a bilan o'rab olingan va rus adabiyotlarida «Harbiy qo'rg'on-Termiz» deb atalgan. Shaharning bu qismida garnizon boshlig'ining hokimiyati oddiy aholiga ham taalluqli edi, xullas, bu yerda u to'la huquqli xo'jayin edi. Termizning janubiy qismi Pattakesar qishlog'i deb atalar, undagi tub yerlik aholi Buxoro amirining qonunlariga amal qilar va amir xonadonidan qo'yilgan beklarga bo'ysunar, yevropalik aholi esa chor hukumati qonunlariga amal qilib, o'quvsiz «shahar soveti» tomonidan idora qilinardi. Shunday qilib, bir joyning o'zida uch xil hokim va uch xil nozir bor edi, shu sababli Termiz aholisi aslida qarovsiz tashlab qo'yilgan edi. 1906 yili mustamlakachilar tomonidan harbiy cherkov huzurida birinchi rus maktabi ochiladi va unda 35 nafar bola o'qiy boshlaydi.
1913 yilda zobitlar tarkibining bolalari uchun boshlang'ich maktab ochiladi, bolalariga boshlang'ich maktab hajmidan yuqori ma'lumot berishga qurbi yetgan rusiy zabon ota-onalar o'z bolalarini Toshkent, Samarqand, Buxoroga yuborib o'qitar edi. Ota-onalarning o'z mablag'lariga bo'lsa ham, o'g'il bolalar uchun gimnaziya tashkil etishga ruxsat olish yo'lidagi urinishlari hech qanday natija bermaydi. Chor hukumati, so'ngra esa Kerenskiyning Muvaqqat hukumati ham gimnaziya ochish Termiz uchun ortiqcha dabdaba, deb qaraydi. 1917 yilning o'rtalaridagina ota-onalarning mablag'iga boshlang'ich maktab ochishga ruxsat olinadi. Buxoro amiri Termizda boshlang'ich maktab qurish uchun 10 ming so'm hadya qilishni va'da etgan edi, ammo pul o'rniga o'z imzosi chekilgan suratini yuboradi. Boshlang'ich maktab qurishga 1915 yilda Termiz shahrining byudjetidan mablag' ajratiladi.
Bu davrda yuqumli kasalliklar juda ko'p tarqalgan bo'lib, chor hukumati tomonidan unga qarshi deyarli hech qanday kurash olib borilmas edi. Iona puliga ochilgan 10 kishilik kasalxonagina aholiga xizmat ko'rsatardi, xolos. Kal yara, traxoma, tuberkulyoz, bezgak kasalliklari mahalliy millat aholisi boshiga tushgan ofat edi va har yili bu kasalliklardan nobud bo'lganlar soni tug'ilgan bolalar sonidan ko'p bo'lardi. Bu tasodifiy hol emas edi, chunki Buxoro amirini turli-tuman soliq va to'lovlar yig'ib olish qiziqtirar edi, chor hukumati esa Termizga harbiy jihatdangina ahamiyat berib, tub yerlik aholiga mutlaqo e'tibor bermas edi. Termizda rus bojxona vakilining davlat xisobiga epidemiyaga qarshi kurash choralari ko'rishni so'rab yozgan maktabiga amir «Ajali yetganlar o'lar, xudo umrini berganlar sog'ayib ketar. Buni ol-dindan bilish ham, biron chora bilan yordam berish ham hech kimning qo'lidan kelmaydi», deb javob bergan. Shu javobning o'zi Buxoro amirining o'z tasarrufidagi xalqiga qanday qaraganini yaqqol ko'rsatib turibdi. Nihoyat, chor hukumati 1904 yilda sog'liqni saqlash ishlariga Termizning mahalliy byudjetidan 210 rubl ajratadi.
Chorizmning Surxon hududlarini bosib olishdan ko'zda tutgan asosiy maqsadi - iqtisodiy manfaat bo'lib, rus sanoatchilarining xom ashyoga bo'lgan ehtiyojini jadallik bilan qondirishdan iborat edi. Binobarin, u dastavval vohada sug'orish tizimini yaxshilashga diqqatini qaratdi, boisi hosil uchun suv zarur edi, suvsiz hosil olib bo'lmasligi hammaga ma'lum. Tarix sahifalaridan shu narsa ma'lumki, chorizmning Markaziy Osiyoni bosib olishdan ko'zlagan asosiy maqsadlaridan biri paxta xom ashyosi masalasidir. Rossiya sanoatiga XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab xom ashyo, ya'ni paxta tolasi kelmay qo'ygan edi. Chunki 1862-1865 yillarda AQShda fuqarolar urushi bo'lib, 90% Amerika paxtasi bilan ishlaydigan Rossiya to'qimachilik sanoati inqirozga uchraydi. Mana shu sababli Rossiya kelajakda Turkistonning asosiy paxta bazasi bo'la olishini rejalashtirib qo'ygan edi. 1862 yili matbuotda chiqqan maqolada: «Rossiyaning Markaziy Osiyo bilan qiladigan aloqasidan oladigan foydasi shu darajada qoplaydi», - deb yozilgan edi?
Chor amaldorlari tub yerlik aholini paxta yetishtirishga qiziqtirish uchun paxta narxini oshiradilar, agar 1860 yili 1 pud paxta 4-6 rubl bo'lgan bo'lsa, 1861 yili 7 rubl 50 tiyin, 1862 yili 12-13 rubl, 1864 yili 24 rublni tashkil etadi. Paxta narxining oshirilishi natijasida paxta maydonlari ham tabiiy ravishda kengayib bordi. Mintaqamiz qishloq xo'jaligi Rossiya bozorining talab-ehtiyojiga moslashib, o'z ishlab chiqarish xarakterini o'zgartira boshlaydi. Bunday holatning yuzaga kelishiga rus kolonizatorlarining olib borgan siyosati ham jiddiy ta'sir ko'rsatadi. Buni chor amaldorlarining quyidagi fikrlaridan ham bilishimiz mumkin: «Har bir pud Turkiston paxtasi rus va Sibir bug'doyiga raqobatdir. Har bir pud Turkiston paxtasi Amerika paxtasiga raqobatdir, shuning uchun o'lkaga tashib keltirilgan va qimmat non berib bo'lsa-da, u yerdagi sug'oriladigan maydonlarni paxta ekish uchun bo'shatish kerak».
Mintaqaning sug'oriladigan yerlarida beda, makkajo'xori, sholi va shu singari boshqa ekinlar kamroq ekilib, paxta maydonlari kengayib boradi. Agar mintaqada 1894 yili 116452 desyatina yerga paxta ekilgan bo'lsa, 1916 yilga kelib 533661 desyatina yerga paxta ekiladi. Butun O'zbekiston hududida bo'lgani singari Surxondaryoda ham paxta maydonlari kengaya boradi va paxta hosildorligi ortadi. Buni biz Surxondaryo orqali paxta tashib ketilishining oshib borganidan ham bilishimiz mumkin, agar 1908 yili 17000 pud paxta tashib ketilgan bo'lsa, bu 1910 yili - 34000, 1911 yili esa bu raqam 60000 pudni tashkil etadi.
Sherobod vohasi yerlarini egallab olish, katta paxta monopoliyasini vujudga keltirish maqsadida ko'plab mutaxassislar jalb etiladi. Ayniqsa, harbiy muhandis A. G. Ananyev bu borada bir qator ishlar qiladi, u o'zining «Sherobod vohasi yerlarini Surxon suvlari yordamida sug'orish» asarida minglab odamlarning yashashi uchun qulay sharoitlar mavjudligini madaniy ahamiyatdan tashqari, Sherobod dashtlarini sug'orish Rossiya davlati uchun muhim iqtisodiy qimmatga ega ekanini ta'kidlaydi. U, jumladan, quyidagilarni yozadi: 1) Harbiy nuqtai nazardan, Termizda joylashgan otryadlarning strategik holatini yaxshilaydi, zero, ular gullayotgan hududda joylashib olib, o'zlarini oziq-ovqat va ishchi kuchlari bilan ta'minlash imkoniyatiga ega bo'ladilar va safar uchun zarur vositalarni ham topadilar; 2) Iqtisodiy tomondan, Rossiyaga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish uchun muhim bozor yaratiladi, rus bozori esa bir million puddan ziyod paxta tolasiga ega bo'ladi. Bu esa bizni Amerikaga qaramlikdan ozod qiladi, paxtadan tashqari muhim strategik ahamiyatga ega temir yo'l qurilishini mablag' bilan ta'minlashga imkoniyat yaratadi; 3) Tabiiy sharoitga ta'siri nuqtai nazaridan, tropik iqlimi, shubhasiz yaxshilanadi, bu esa o'z navbatida hududdagi sanitariya holatining yaxshilanishiga olib keladi; 4) Mahalliy ahamiyati: Termiz sug'orish tizimining zaif tomonlarini mustahkamlash mumkin bo'ladi, zero, bu tizim Surxon suvi zarbalariga bardosh bera olmaydi, ko'plab qo'shimcha suv havzasi qurishni talab qiladi. Bundan tashqari davlat tasarrufidagi sug'oriladigan yerlarni 400 desyatinadan to 10000 desyatinagacha yetkazish mumkinki, bu ham chor Rossiyasi xazinasini boyitishga xizmat qiladi».
Chor hukumati tumanlashtirish va hududiy bo'linishlarda quyidagi holatlarga o'z e'tiborini qaratdi: 1) Iqlim va tuproq hosildorligi; 2) Yerni o'zlashtirish manbalari; 3) Yer yuza qismining joylashishi; 4) Ishchi kuchlari; 5) Suv ta'minoti. Mashhur Zang kanalini qazish 1908 yili boshlanib, bu mashaqqatli ish 1914 yilga kelib tugallanadi, bu ariqning chizmasi tub yerlik Eshonbek nomi bilan bog'liq bo'lib, u ot ustida yurib, 55-60 kilometrlik qaziladigan ariqning yo'lini ko'rsatib bergan. Umuman, chor hukumati Surxon vohasiga nafaqat harbiy, balki iqtisodiy manfaat nuqtai nazar bilan ham qaraydi. Paxta masalasida Amerika tobeligidan chiqish uchun hamda tub yerlik aholi mehnatkashligini suiste'mol qilib, chor hukumati ko'zga ko'ringan yetuk melioratorlar, irrigatorlarni bu yerga keltirdi. Qisqa vaqt ichida sug'orish shahobchalari tizimini yaratish tufayli chor Rossiyasi xazinasiga foyda olib kelayotgan ekin maydonlarini 4000 desyatinadan 10000 desyatinaga yetkazish rejalashtiriladi.
Markaziy Osiyoda o'zlashtirilgan bepoyon yerlar nihoyatda ko'p bo'lib, uning yonginasidan Sirdaryo, Amudaryo, Surxon va boshqa daryolar oqib o'tadi. Bu daryolarning faqatgina arzimas qismidan sug'orma dehqonchilik uchun foydalaniladi, qolgan qismi esa Orol dengiziga kelib quyiladi. «Madaniyatli» chor Rossiyasining asosiy vazifasi Turkiston va Buxoro ustidan to'liq hokimiyatni o'rnatib, o'z davlati manfaatini hisobga olib, bu bebaho dashtlarni o'z ixtiyoriga xizmat qilishga moslashtirish edi. Shu maqsadni amalga oshirish uchun «Sherobod vodiysini o'zlashtirish» loyihasini yaratish, hosildorligi juda keng va boy bo'lgan bu yerlarni kelajaqda asosiy paxta ekinzorlariga aylantirish eng muhim kundalik vazifa bo'lib qolmog'i shart qilingan edi.
Buxoro amirligining ruxsati bilan 1912 yil 23 fevralda rus muhandisi A. G. Ananyevga Sherobod vodiysidagi 72000 desyatina yer foydalanish uchun shartnoma asosida beriladi. Shartnomani Buxoro amirining Yer ishlari bo'yicha vaziri Mirza Nasrulloboy qushbegi imzolaydi. Shartnomaga muvofiq, Buxoro amiri Sherobod va Boysun bekligiga qarashli quyidagi yerlarni A. G. Ananyevga bepul foydalanishga taqdim etadi, ushbu mulklar 12000 desyatinadan iborat Qorakamar hududini, 23000 desyatinadan iborat Beshqo'ton hududini, 30000 desyatinadan iborat Angor hududini, 6000 desyatinadan iborat Yangiariq hududini, Amudaryo va Kattaqum mavzesi hududlarini o'z ichiga oladi. 
«Sherobod» aksionerlik jamiyatining yer ishlarini olib borish to'g'risidagi faoliyati haqida Rossiyaning Buxorodagi imperator janoblariga yozgan xatida «Sherobod» aksionerlik jamiyatini tezda tashkil etib, xo'jalikka oid ishlarni zudlik bilan bajarib, Zang arig'ini kengaytirish, arendaga olingan yerlarni ko'paytirish hamda Jarqo'rg'on magistral kanali orqali ekin maydonini kengaytirish talab qilindi. Ariq atrofidagi yerlarni mahalliy aholining o'zboshimchalik bilan o'zlashtirib olmaslik nazoratini kuchaytirish talab qilindi. 1916 yilda Zang ariq atrofidagi yerlarni mahalliy aholidan olish va «Sherobod» aksionerlik jamiyatiga o'tkazish kun tartibiga kiritildi. Buxoro amirligi Rossiya hukumatining o'zboshimchalik bilan egallab olgan yerlarni qaytarib olish va ulardan muntazam soliq undirishni tashkil qilish qayd etildi. 
Chor amaldori R.YU.ROJEVISning Janubiy Buxoroga qilgan safariga doir yozgan kundaliklarida Sherobod bekligining geografik joylashuvi xususida quyidagi fikrlar bayon qilingan. Sherobod bekligi hududi Sherobod tog'larning tugashi qismida joylashgan bo'lib, Termiz tomonga cho'zilib, loy, qum va tuproqdan iborat. Angorning janubiy qismi hamda Amudaryo tomon cho'zilgan yo'lning 10-15 verstda, asosan, tuya o'rkachlari kabi qumliklar yastanib yotibdi. «Yangi Termiz bilan eski Termiz oralig'i 6 verst bo'lib, eng qadimgi Termizning xarobalari bilan ulashib ketgan juda ko'p qabr qoldiqlarini oralab Termiz shahriga kirib keldik.» Doktor Lilendera Buxoro mulklarini boshqa hududlarini ko'rishdan oldin Termizga bir necha kun dam oldi. Pattakesardagi mavjud bozorlarda mahalliy boylar rus, arman, yahudiy va forsiylarning savdo do'konlari bilan birgalikda ish olib borgan hamda shahar aholisi asosan soldat va ofiserlaro oilasidan iborat ekanligi yozib qoldirilgan. 
Pattakesar shahri deyarli Amudaryo qirg'og'iga yaqin qurilgan bo'lib, shahardan 1 1|2 versit uzoqlikda ekanligi qayd etiladi. Termiz shahri uchun ichimlik suvi 1906 yil oxirigacha Amudaryodan hamda maxsus qazilgan quduqdan olingan. Shundan keyin 1905 yil kuzida Surxondaryoda qazib olib kelingan 18 versit uzoqlikdagi ariqdan keladigan suv hisobida qoplangan. Ariq 1906 yil bahoridan to'liq ishga tushirilgan. 
Rus chorizmi vohada paxtachilikning to'xtovsiz o'sayotganligini hisobga olib, Surxondaryoning o'zida mayda bo'lsa ham, paxtani qayta ishlaydigan korxonalar qurishga alohida e'tibor beradi. Paxta tozalash korxonasi qurish istagi bor boylar rag'batlantiriladi, Termizda paxta tozalash zavodi qurishni mo'ljallagan va o'z boyligining bir qismini sarflashga bel bog'lagan boylardan aka-uka Matchinboyevlarni misol tariqasida ko'rsatish mumkindir. Ular vohada paxta o'sishi uchun, mo'l-hosil olish uchun har tomonlama qulay imkoniyatlar, ya'ni yerning unumdorligi, issiqlikning yetarliligini, sug'orish ishlari birmuncha yaxshiligini, savdo yo'llari qulayligini, paxtaga talabning katta ekanligini hisobga olib, o'z boyligining bir qismini Termiz paxta tozalash zavodini qurishga ajratdilar. Zavod qurilishi haqida zavodning faxriy ishchilaridan biri Boymurod Jo'rayev quyidagicha hikoya qiladi: «Zavod qurilishi 1905 yildan boshlangan, lekin malakali quruvchilarning bo'lmaganligi sababli uzoq cho'zilgan».
Matchinboyevlar boylik manbai bo'lgan zavod qurilishini tezlatish uchun butun imkoniyatlarni ishga solganlar, chunonchi 1909 yildan boshlab qurilish ishlari ancha tezlashadi. Zavodni qurishda shaxsan ishtirok etgan keksa ishchilar sulolasining vakili, fuqarolar urushi qatnashchisi Afanasiy Skokov shunday xotirlaydi: «Men 1907 yil Rostovdan Kerki (hozirgi Turkmanistonning Kerki rayoni)ga keldim. Bu yerda Xiva turkmanlaridan bo'lgan, Kerkining katta boylaridan aka-uka Matchinboyevlarga yollanib, ishga kirdim. Biz bir necha ishchi Abdulla Matchinboyevga Kerkida hashamatli uy qurib berdik. A.Matchinboyevning bir ukasi Termizda yashar edi, biz Kerkida uyini qurib bo'lgach, 1909 yilning oxirgi oylarida Termizga keldik. Bu yerda Matchinboyevlarning paxta tozalash zavodini qurishga kirishdik, qurilishda ishlayotganlarning ko'pchiligini o'zbeklar va tojiklar tashkil qilardi. Rus ishchilari faqat olti kishi edi, ya'ni Ivan, Sumskiy, Sergey Frolov, Andrey Anishevskiy shular jumlasidandir, biz turli millat vakillari bo'lsak-da, rus, o'zbek, tojiklar o'zaro inoq yashardik. Ivan Sumskiy bilan men 60 ot kuchiga ega bo'lgan bug' mashinasi o'rnatdik, bundan tashqari zavodda 1 dizel ham bor edi, uning quvvati 50 ot kuchiga teng edi. Zavod qurilishi 1910 yil tugallandi». 
Termiz paxta tozalash zavodi 1910 yilda ish boshlaganini, Termizda uzoq yillardan beri yashab kelayotgan va paxta tozalash zavodining xo'jayini bo'lgan Matchinboyevlarni yaxshi tanigan va bilgan yuz yoshli (marhum) mo''tabar onaxon Chuchukmomo Jo'rayeva ham tasdiqlaydi. Mana shu tariqa o'lkamizda ilk sanoat korxonasi vujudga keldi, mazkur korxona nafaqat viloyatimizdagina, balki Turkistondagi keksa sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Qashqadaryodagi «Kitob» paxta tozalash zavodi 1925 yil ishga tushgan. Matchinboyevning paxta tozalash zavodi eng oddiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan edi. O'rnatilgan bug' mashinasi qamishlar va yantoqlarni ?qish hisobiga harakatga kelardi. Dastlabki davrda korxonada ishchilar soni 50-60 kishidan oshmagan, chunki zavod ko'proq ishchi ishlatishga ham imkoniyati yo'q edi va shu bilan birga Matchinboyevlar kam kishi ishlatib ko'p foyda olishdan manfaatdor edilar. Zavod bir yilda bor-yo'g'i 5-6 oy ishlab, qolgan paytlari bo'sh turgan, keltirilgan xom-ashyoni bundan ham oldin tayyor qilish mumkin bo'lgan. Lekin zavod o'ta oddiy mexanizmlar bilan jihozlanganligi, ishlab chiqarish jarayonining ko'pini qo'l mehnati orqali qilinishi ish davrini bir oz cho'zgan. Paxtani zavodga yetkazib beruvchi uzatish apparati bo'lmagan, paxtani ishchilar yelkasida tashishgan, zavodda bor-yo'g'i 6 ta jun apparatidan foydalanilgan. Zavod oddiy asboblari bilan yiliga 14400 kg paxta tolasi ishlab chiqargan, zavodda sodda asbob-uskunalar, ya'ni ishlab chiqarish texnikasi nihoyatda qoloq bo'lib, qo'l mehnati hukmron bo'lgan. Korxonadagi ishlarning ko'pi ishchilarning og'ir mehnati tufayli bajarilsa-da, Matchinboyev bu bilan chegaralanib qolmasdan ko'proq foyda olish uchun paxtani qayta ishlash texnologiyasini atayin buzar edi. Xavfsizlik texnikasi va mehnatni muhofaza qilish korxona egasining xayoliga ham kelmasdi. Ishchilarning og'ir ahvolda yashashi goho rasmiy axborotlarda ham e'tirof etilardi, masalan: «Turkestanskiy kuryer» gazetasining 1909 yil 12 dekabrdagi sonida bosilgan maqolani fikrimizning isboti sifatida Termiz paxta tozalash zavodining ishchilari turmushiga tatbiq etishimiz mumkin. Agar siz ishchilarning ahvoli bilan tanishishga qiziqsangiz, deyarli hamma zavodlarda bir xil ahvolni uchratasiz.
1. Ishchilarning yotog'i uchun zavoddan yoki omborlarning biridan joy ajratilgan.
2. Bu joylar yoritilmaydi va isitilmaydi.
3. Hamma joyda sutkasiga 12 soatdan ishlaydilar.
4. Zavod binosi, mashina bo'limi chidab bo'lmaydigan darajada chang.
5. Zavod binosida faqat 4 shamchiroq, fonar bo'lib buni yoritish deb atashadi. Natijada ishchilar butun zavod ichida qorong'ida paypaslab va chang havoni filtrasiya qilib nafas olish uchun bir parcha paxta tishlab yuradilar.
6. Mahalliy millat ishchilar zavod to'xtab qolganida dvigatel-motorlarni to'xtatib, zavodni yurgizganlarida esa bu dvigatellarni ishga solib, moylab turadilar, chunki bu ishni bajaruvchi maxsus xizmatchilar yo'q.
Bu mudhish ahvol natijasida yaqqol ko'rinib turibdiki, har kuni biror zavodda ishchilar baxtsizlikka uchrab, qattiq shikastlanadilar, ba'zan esa halok bo'ldilar, zavodda 1916 yilda yong'in bo'lib, undan zavod ancha zarar ko'rgan. Termiz paxta tozalash zavodida ishchilar uchun qanday sharoit yaratilganini keksa ishchi Afanasiy Skakov xotiralaridan ham bilish mumkin. U shunday hikoya qiladi: «Ish og'ir, ishchilarga hech qanday sharoit yaratilmagan edi. Texnika xavfsizligiga sira e'tibor berilmasdi. Matchinboyevlarning maqsadi ishchilarni yanada ko'proq ishlatish, boylik orttirish edi, paxta zavodida 12-14 soat ishlardik. Bizga kam haq to'lanardi, rus ishchilari-50-55 so'm, o'zbek va tojiklar 12-20 so'm ish haqi olardi». Bu yerda 15-16 yoshdagi o'smirlar ham kattalar qatori ishlatilardi, ular esa oy sayin 7-8 so'm olishardi. Olgan oyligimiz turmush kechirishimizga yetmasdi, ishchilarning ishlab chiqaradigan mahsuloti juda kam edi. Sababi texnika taraqqiyotining pastligi, ishlab chiqarish texnologiyasi va tashkil qilish darajasining yomonligi, ish sharoitining og'irligi edi. Shunday og'ir va uzoq ish kuni bo'lishiga qaramasdan zavodning eng oddiy qurollanganligi sababli, zavodda kuniga 20-25 toy paxta ishlab chiqarilgan, har bir toyning og'irligi 60-70 yukni tashkil etgan. 20-yillarning o'rtalariga qadar u viloyatdagi yagona korxona sifatida faoliyat yuritdi. 
Chorizm Markaziy Osiyo hududidagi vaziyatni hisobga olib, asosan Termiz orqali yuk tashish va xom ashyo olib ketishni ko'paytirish maqsadida Buxorodan Termizgacha, Termizdan Hisorgacha hamda Termizdan Kulobgacha temir yo'l qurishni tezlashtirishga e'tiborini qaratadi. Qurilajak temir yo'l amirlik markazini Sharqiy Buxoro hududidagi 9 ta beklik bilan yaqindan bog'lar edi. Mazkur 9 ta bekliklarda 470 ming kishi istiqomat qilib, ular tomonidan yiliga 528 ming botmon bug'doy, 272 ming botmon arpa, 113 ming botmon tariq, makkajo'xori va boshqa ekinlar hamda 152 ming botmon sholi yetishtirilgan. Sharqiy Buxoro bekliklarida ichki bozor kam taraqqiy etgan bo'lib, tashqi bozorga chiqish ko'plab muammolar mavjudligi tufayli ancha sust rivojlangan edi. Bu bekliklarni qiynab kelayotgan muammolardan biri-bu transport qatnovining yaxshi yo'lga qo'yilmagani edi. 
Albatta Sharqiy Buxoro yerlarini markazga olib boruvchi quruqlik va suv yo'llari mavjud edi, ammo bu yo'llar amirlik uchun ham, chor hukumati uchun ham, ancha qimmatga tushmoqda edi. Ma'lumki, 1887 yilda tashkil topgan Amudaryo flotiliyasida 25 tonna atrofida yuk ko'tara oladigan 6 ta tagiyassi o'rtacha kuchga ega bo'lgan buksir paroxod hamda 13 ta 50 dan 150 tonnagacha yuk ko'tara olish quvvatiga ega barjalar mavjud edi, ammo ularning xizmat ko'rsatish darajasi nihoyatda past edi. Masalan: Buksir paroxodlar Chorjuy va Termiz oralig'idagi 450 km masofani yoz kunlari 7 kunda, qishda 11 kunda bosib o'tardi. Paroxodlarning har bir reysiga 48 tonna, ya'ni 2700 so'mlik neft sarf qilgani holda, foydasi 2200 so'mni tashkil etardi. 
Buxoro amiri qayiqlarining ahvoli bundan ham og'ir edi. Bu qayiqlar orqali yuk bilan Termizdan Jiliko'lgacha yozda 12-20 kun, qishda 15-25 kungacha vaqt ketardi. Suv yo'li qanchalik qimmatga tushishiga qaramasdan Amudaryoda amirlik ichkarisida mollarni tashish uchun 600 dan ortiq qayiq harakatlanar edi. Suv yo'lidan tashqari quruqlik yo'lida Qarshi-G'uzor va Sharqiy Buxoro-Dushanbe yo'nalishida 7 mingdan ortiq tuya karvoni harakatlanar edi. Umuman olganda mazkur qiyinchiliklar Buxoro amiri uchun ham temir yo'l qurish zaruratini keltirib chiqargan edi. Buxoro- Termiz, Termiz-Hisor, Termiz-Ko'lob temir yo'li qurilishi 1892 yilda chor hukumati yig'ilishida muhokama qilindi. Rejaga asosan 1906 yilda temir yo'l qurilishi boshlanishi lozim edi, ammo 1904-1905 yillarda boshlanib ketgan rus-yapon urushi qurilishning vaqtinchalik kechikishiga sabab bo'ldi.
Rus harbiy mahkamasi 1980 yilda Buxorodan Termizgacha tor izli temir yo'l qurilishi loyihasini tayyorladi, Markaziy Osiyoda ruslarga qarshi ingliz raqobatining ortib borayotgan hiyla-nayrangini hisobga olib, chor Rossiyasi hukumati Buxoro amiri Abdulahadxon roziligi bilan Buxorodan Termizgacha temir yo'l qurilishini, Buxoro kapitalini jalb qilmasdan, rus hususiy korxonalari egalari mablag'i hisobiga amalga oshirishga qaror qiladi. Ushbu qaror 1910 yilning 10 aprelida Stolipin raisligida o'tkazilgan Rossiya vazirlar kengashining yig'ilishida tasdiqlandi.
Yuqorida ta'kidlaganimizdek, qurilajak temir yo'l Buxoro amiri manfaatlariga ham mos kelardi, shu sababli amir muhandis A.N.Kovalevskiyga temir yo'l qurilishidagi xizmati uchun 600 desyatina yer hamda qurilishga ketadigan xarajatlarning 25 foizini ajratishni o'z zimmasiga oldi. A.N.Kovalevskiy 1913 yilda «Buxoro temir yo'lini qurish aksionerlik jamiyati»ni ta'sis etdi, jamiyat direktorligiga I.M.Sluskiy, bosh injener etib esa G.S.Kikodze tayinlandi.
Shunday qilib, 1914 yili qiymati 18 mln so'm hisobida baholangan Termiz temir yo'li qurilishi boshlandi, ammo boshlanib ketgan birinchi jahon urushi qurilish ishlarini qiyinlashtirib yubordi. Temir yo'l qurilishi uchun relslar, shpallar, tunellarni teshadigan asbob-uskunalar ta'minotida uzilishlar juda ko'p edi. Natijada malakali mutaxassislar talab qilinadigan joylarda qurilish bataloni askarlaridan foydalana boshladilar. Eng og'ir ishlarni bajarishda mahalliy millat ishchilaridan tashqari rus, eroni, tatar, gruzin, arman ishchilari va harbiy asirlar (chex, slovak, nemis, polyak, italiyaliklar) ham ishlatildi. Qurilish ishlarida ichimlik suvi yetishmasligi, ob-havoning nihoyatda og'irligi hamda mehnat sharoitlarining talabga javob bermasligi natijasida norozilik harakatlari kundan-kunga kuchayib boradi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek temir yo'l qurilishida Buxoro amirligi bekliklari aholisi ham ishtirok eta boshladi.
Buxoro amiri Qorategin hukmdori Ne'matullabekka qorateginlarni temir yo'l qurilishiga safarbar etish to'g'risida farmon berdi. Temir yo'l qurilishida ishtirok etayotgan har bir ishchi uchun ish haqi temir yo'l qurilishi boshqarmasi tomonidan ajratildi va mablag' Ne'matullabek ixtiyoriga o'tkazildi. Ne'matullabek temir yo'l qurilishida ishtirok etayotganlarga ish haqi to'lamasdan, ularni harbiy tayyorgarlik ko'rish uchun qilinayotgan ish sifatida qurilishga safarbar etdi. Qurilishda 2-3 martadan navbat bilan ishtirok etgan dehqonlar, ishning og'irligi ish haqining to'lanmasligidan azob ko'rdilar, ko'plari vafot etdilar va Ne'matullabekdan gubernatorga shikoyat qildilar.
Temir yo'l qurilishida ishtirok etayotgan Penza gubernasidan kelgan 300 ishchi ham ish sharoiti og'irligi tufayli ish tashladilar.
1915 yil davomida temir yo'l qurilishida bir necha marta ish tashlashlar bo'ldi. Jamiyat ishchilarning talab va istaklarini inobatga olish o'rniga, ishchilardan voz kechib Bokudan, keyinchalik Erondan ishchilar taklif etdilar. Injener G.S.Kikodze tomonidan shartnoma tuzib kelgan 2000 eronlik ishchidan 100 tasi bir oy ishlaganlaridan keyin ishlashdan bosh tortdilar, qolganlari esa umuman kelmadilar. Shundan keyin injener G.S.Kikodze general-gubernatorga temir yo'l qurilishiga mahalliy turmalarda saqlanayotgan mahbuslardan foydalanishga ruxsat berishini so'radi. General-gubernator vaziyatni hisobga olgan holda mahbuslardan foydalanishga ruxsat berdi. Ma'lumotlarga qaraganda Toshkent turmasidan-36, Farg'onadan-60, Qo'qondan-30, Namangandan-10, Skobelyovdan-20, Samarqanddan-100, Kaspiy orti viloyatidan-256 mahbus temir yo'l qurilishiga ishlash uchun yuborildi. 
Temir yo'li qurilishiga jalb qilingan mahbuslar kasb malakasiga ega emas edilar va o'z navbatida ozodlikdagi ishchi-dehqonlar singari mehnat qilmas edilar. Termiz temir yo'li qurilishida mahalliy millat vakillari va avstriyalik, italiyalik, germaniyalik harbiy asirlaridan tashqari chet el mutaxassislarining ham xizmati borligini ta'kidlamoq lozim. Masalan, tunel loyihalari bo'yicha Italiya injenerlari, temir beton qurilishlari bo'yicha avstriyalik mutaxassislar ishladilar. 1916 yil 14 iyulda 573 verst bo'lgan Termiz temir yo'li foydalanishga topshirildi. Shunday qilib, rus chorizmi harbiy-siyosiy strategiyasidagi Hind okeaniga chiqish, harbiy istehkomlar yaratish, o'sib kelayotgan sanoatni arzon xom ashyo bilan ta'minlash, sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish maqsadida, turli millat va elat vakillarining og'ir mehnati, qurbonlari evaziga Termiz temir yo'li bunyod etildi. Temir yo'l shahobchasi rus, afg'on va Sharqiy Buxoro bozorlarini bir-biri bilan o'zaro bog'lash natijasida ichki va tashqi savdo ancha taraqqiy qildi.
Vohaning iqtisodiy rivojida Termiz daryo portining ham alohida o'rni bor. Termizda daryo porti shakllanishining o'ziga xos tarixi bor: birinchidan bu yer daryodan kechib o'tish uchun qulay joy bo'lgan bo'lsa, ikkinchidan qadim Baqtriya poytaxti Baqtrya shahridan Termiz orqali Sug'diyona poytaxti Maroqandga eng yaqin yo'l o'tgan edi. Turli zamonlarda Oks, O'kuz, Araks, Jayhun nomlari bilan atalgan Amudaryo faqat Markaziy Osiyodagina emas, jahondagi yirik daryolardan ham biri hisoblanadi. Amudaryo Hindikush tog'ining 4000 metr balandlikdagi Shimoliy yonbag'ridan boshlanib, Pomirdaryoga kelib qo'shilguncha Vahandaryo deb ataladi, boisi Zarko'ldan oqib chiqadigan Pomirdaryo Amudaryoning ikkinchi manbai hisoblanadi. Pomirdaryo boshlanishidan Vaxshga kelib quyilgunga Panj, ya'ni besh daryo nomi bilan (Vahandaryo, Pomirdaryo, Gunt, Bartangdaryo va Vanch) ataladi. 1. Amudaryoning uzunligi boshlanish qismi bilan birga hisoblanganda 2500 km.ni tashkil qiladi. Surxondaryo va Qorasuv daryosi Amudaryoning oxirgi irmoqlari bo'lib, keyingi 1400 km masofada unga bitta ham irmoq qo'shilmaydi. Daryo Qoraqum va Qizilqum cho'llaridan o'tib, suvini Orol dengiziga quyadi.
Ayrim manbalarga qaraganda, Amudaryo X111 asr boshlaridan toki XU1 asrgacha, ya'ni 300 yil mobaynida o'z suvini O'zboy o'zani orqali Kasbiy dengiziga quyib turgan, xuddi shu davrda Termiz shahrining port sifatidagi ahamiyati ortgan. Qadimda Amudaryodagi eng qulay daryo kechuvi Termiz yaqinidagi Payg'ambar oroli orqali amalga oshirilar edi. Shuning uchun ham V.F.Minorskiy o'zining «Yunon kechuvi» nomli asarida Yorg'oq (Yorgoh) kechuvi Termizning o'ziga Aleksand Makedonskiy tomonidan asos solinguncha ham bor edi»,-deb ma'lumot beradi. Garchi Termiz shahrining kim tomonidan, qachon barpo etila boshlaganligi hususida V. F. Minorskiy fikriga qo'shilmasak-da, kechuv borasidagi fikri to'g'ri. Hofizi Abro' ham Termiz shahri yaqinidagi kechuv xaqida to'xtalgan: Burdag'o'y-Jayxun qirg'og'ida Termiz mavzelariga tutash joydadir. Burdag'o'y-yunoncha so'z bo'lib, mehmonxona degan ma'noni anglatadi. Qadimgi kemalarning sardorlari turgan, deydi, xullas, bu tarixchi hozirgi Fayoztepa yaqinidagi kechuv joyi haqida fikr yuritgan. Shunday qulay kechuv joyida zarurat orasida qo'nalg'a, karvonsaroyining, keyinroq esa qishloq va shaharning vujudga kelishi tabiiy bir hol edi. Qadimgi zamonlarda o'lkamizga tashrif buyurgan VUDUning elchisi Chjan Syanning elchisi Amudaryoni Guy-Shuy degan nom bilan atab, uni kema yuradigan, savdogarlar mollarini uzoq masofalarga olib keta oladigan suv yo'li sifatida tilga olgan. Polibiy (miloddan avvalgi 201-120 yillar)ning ta'kildashicha, «Oks (Amudaryo) katta va kema yuradigan bo'lib, irmoqlari hisobiga Baqtriyaga kelganda, juda yiriklashib ketadi».
Termiz Turonning eng janubida, daryoning kechuv joyiga yaqin, nisbatan balandroq joyiga qurilgan, garchi bu yerdan Amudaryo burilib oqsa-da, qirg'oqlarini yuvib ketmagan. Chunki Termiz qattiq qoyalardan iborat tagzamin ustida barpo etilgan, Aleksandr Makedonskiy bosqini davri ishtirokchisi tarixchi Arrian Flaviyning (taxminan 95-175 yillarda) yozishicha, Oksning kengligi olti stadiy keladi va u juda chuqur bo'lib, oqimi uyrimli va kuchli, shu bois, armiya uning kechuvidan o'tguncha ko'plab otlaridan ayrilgan. Arablar bosqini davrida ham Amudaryodan suv yo'li sifatida keng foydalanishgan, masalan, Tabariyning yozishicha, (Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir at Tabariy (839-923 yy) Qutayba Chag'oniyon yuqorisidagi Shuman va Axarunga yurishidan qaytishda, Amudaryodan qayiqqa o'tirib, Chorjuygacha boradi. Termizlik hunarmandlar yirik shoxona kemalar ham qurganlar, bu kemalarda Termizga kelgan shohlar, sultonlar daryoda suzib xordiq chiqarishgan. X asrda Istaxriyning (1X asrning ikkinchi yarmi X asr birinchi choragida yashagan sayyoh va geograf To'la ismi: Abu Ishoq Ibrohim ibn Muhammad al-Forsiy al Istahriy (850-934 yy) ma'lumotlariga qaraganda, Termizning iqtisodiy hayotida kemasozlar (qayiqchilar) alohida o'rin tutgan. Ular yasagan kemalarning ko'pchiligi chetga sotilgan, bundan tashqari, kemasozlar savdogarlarning mollarini Amudaryodan o'tkazib qo'yish bilan ham shug'ullanishgan va buning uchun yaxshigina foyda ham olishgan. Chunki, bu davrda Termizning savdo shahri sifatida o'rni yanada oshgan edi, o'sha paytda Termizda o'ndan oshiq karvon saroylar qurilgan edi. Abulfazl Bayhaqiyning (X1 asrdan o'tgan yirik tarixchi olim, to'liq ismi Abulfazl Muhammad ibn al-Husayn al-Kotib al Bahaqiyning yozishicha, G'aznaviylar sultoni Mas'ud Termizga ov qilish uchun daryo yo'li bilan shohona kemasida kelgan. Maqdisiyning yozishicha o'sha vaqtlarda Termizda juda ko'plab kemalar yasalgan. 
Markaziy Osiyo xalqlari boshqa davlatlar bilan iqtisodiy va savdo aloqalari bundan keyingi asrlarda ham jadal olib borilgan edi. Pyotr 1 davrida, uning ko'rsatmasiga binoan 1717 yilda Knyaz Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi ekspedisiya Astraxandan Xivagacha borib Amudaryoning Orolgacha quyiladigan suv yo'lini ham o'rganish kerak edi. Biroq Bekovich-Cherkasskiy ekspedisiyasining Xiva xoni Sherg'ozixon tomonidan qirib tashlanishi natijasida Pyotr I ning bu ko'rsatmasi bajarilmay qoldi. Ruslar tomonidan Markaziy Osiyo X1X asrning ikkinchi yarmida istilo qilingach, 1873 yil 27 aprel kuni Flotiliya boshlig'i, 1 rang kapitani Sitnikov boshchiligida 2 ta paroxod tarkibida 3 ta barja bilan Amudaryoga kirib keldi. Ulkun daryosi bo'ylari bilan Qo'ng'irotga qarab jo'nadi. Biroq Amudaryoning deltalari o'rganib chiqilmaganligi natijasida ekspedisiyaning oldinga siljishiga yo'l qo'yilmadi. 1873 yil 1 avgustga kelib general shtab polkovnigi N.V.Kaulbars Amudaryoning quyilish joylarini tekshirib kema qatnamaydigan yo'lning Orol dengiziga chiqiladigan joylarini izladi va Amudaryoning Quvan-Jarma, Dauqara ko'li va Yalisuv daryosining quyilishi orqali chiqsa bo'lishini aniqladi. Bu yo'l bilan Kozalinskdan (Sirdaryodagi flot bazasidan) Orol dengizi orqali Amudaryoda doimiy ravishda yuk tashila boshlandi. Keyinroq esa Amudaryo qirg'og'ida Qabaqli qo'rg'oni va mudofaa inshooti qurilib ishga tushirildi.
Chorjuy shahrida 1888 yili Amudaryo harbiy flotiliyasining birinchi «Podsho» va «Sarisa» nomli kemalari, paroxodlari tashkil etiladi. O'sha vaqtda bu kemalar, paroxodlar daryo transportidagi yangi kemalar va paroxodlar edi. Bu kemalar o'sha vaqtda 520 ot kuchiga ega bo'lib, ular uchun ?qilg'i temir yo'l orqali tashib keltiriladigan Boku neftining mazutlari bilan yuritilar edi. Amudaryo bo'yiga Amudaryo harbiy flotiliyasi kemalaridan tashqari «Xiva» nomli aksionerlik jamiyati va mayda qayiq egalari ham faoliyat ko'rsatar edi. Amudaryo yo'nalishi bo'ylab shunday qiyinchiliklarga qaramasdan X1X asrning oxirida o'n bitta kemalar va o'n to'qqiz dona barjalar suzib turdi. Barjalar (shatakka olib yuriladigan yuk kemasi) faqat daryoning yuqorisiga qarab shatakka olinar, quyi tomonga qarab esa bu barjalar o'zlari suzar edi. Harbiy flotiliya kemalari bilan yil davomida 15 ming tonna har xil yuklar va 20-25 ming yo'lovchilar (asosan harbiylar) tashildi. Chorjuydan Termizgacha va pastga qarab To'rtko'lgacha qilinadigan reys bir oyga yaqin vaqtni olar edi. Kam yuk ko'taradigan flotni Amudaryoda asosan qayiqlar tashkil qilar va ularning soni 1500 donani tashkil qilib, bu qayiqlarda mahalliy o'rmonlarda yetishtirilgan tollardan yasalgan edi. Tollar asosan ho'l tomirlari bilan olinar va ?g'och shirasi bilan bo'yalar, bu esa ?g'ochni chirib ketishidan asrar edi. Mahalliy toldan yasalgan, palubasi bo'lmagan ?g'och kemalar 20-40 tonnagacha yuk ko'tarar edi. 
Bu kemalarning tashqi korpusi qattiq chorqirra (ustun)lar bilan o'zaro biriktirilgan bo'lib, bunday qayiqlar unchalik quvvati bo'lmay, vazni ham og'ir va boshqarishda katta qiyinchiliklar tug'dirar edi. Markaziy Osiyoga Sibirning nina bargli o'rmonlaridan kesib kelingan ?g'ochlarning keltirilishi natijasida rus hunarmandlari bu ?g'ochdan yengil qayiqlar yasay boshladilar. Bu kemalar keyinchalik o'ris kemalari deb atala boshladi, bu yengil qayiqlar yasalishining ko'payishi natijasida, mahalliy tol qayiqlar iste'moldan siqib chiqarildi. Termiz shahriga barcha yuklar Samarqanddan, quruqlikdan va Amudaryo orqali olib kelinar edi. 
Chorjuydan Termizga 1894 yilning avgust oyida birinchi katerlar guruhi pochta va yuklarni qo'riqlash uchun keldilar. Shunda ular Surxondaryoning ichkarisiga ikki kilometr yurdilar va bu yerda o'zlarining qarorgohlarini tashkil qilmoqchi bo'ldilar. Kech kuzda Surxon daryosidan suv kamayganligi sababli qarorgoh quruqlikda qolib ketdi. Qarorgoh 1896 yilga kelib Amudaryo bo'yiga ko'chirildi, shunday qilib Surxon vohasida daryo portining ilk manzilgohi vujudga keldi. Umuman olganda XIX asr oxiri- XX asr boshlarida Surxon vohasining ijtimoiy-siyosiy, iqgisodiy va madaniy hayotida ancha orqaga ketishni kuzatish mumkin.

Комментариев нет:

Отправить комментарий