понедельник, 17 июня 2013 г.

Abu Iso Muhammad at-Termiziy


Dunyo ilmu ma'rifatida alohida obro'ga ega bo'lgan Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso az-Zarir at-Termiziy al-Bug'iy hijriy 209 (melodiy 824) yili Sherobod tumanidagi Chuqurko'l qishlog'ida tavallud topgan. Nuriddin Attor «Al-Imom at-Termiziy val-Muvazanat bayna jomi'ixi va baynas-sahiy-hayn» (Damashq, 1988) kitobida Al-imom at-Termiziy Sheroboddagi Bug' qishlog'ida oddiy kambag'al bir oilada hijriy 209 yilda tavallud topganligini yozadi. Tarixchi olim Abu Sa'ad Abulkarim as-Sam'oniy (1113-1167) o'zining «Kitob al-asnob» kitobida Imom at-Termiziy Bug' qishlog'ida vafot etganligi uchun al-Bug'iy taxallusi bilan ham atalgani haqida yozishiga e'tibor bersak, Bug' qishlog'i Termizdan shimoli-sharqda, Sherobod tumanida joylashganligi, o'sha davrda bu qishloqda ta'lim olish uchun imkoniyat yo'qligi tufayli ilm istab madrasa bor joyga borib ta'lim olganlitini bilish mumkin.
Imom at-Termiziy yoshligidan o'ta ziyrak, tirishqoq, aql-idrokli bo'lganligi uchun o'z yurtini tashlab, dastlabki savod va bilimlarni egallash maqsadida avval Termizga, keyinchalik Buxoro shahriga boradi. O'sha davrda yirik ilmiy markazlardan bo'lgan Hirot, Samarqand, Marv va Balxda ijod qilgan olimu fozillarning asarlarini qunt bilan o'rganib, aql-idrok va odob mahsulini mujassamlashtirib, hadis ilmini o'rganishga dadil kirishadi. Talabalik yillarida u kishida islom ilohiyotiga, hadisnavislikka sidqidildan e'tiqod, samimiy sodiqlik (chunki ayrim musulmonlar, ruhoniylar xurofot, bid'at, johillik doirasiga kirib ketgan edilar) sifatlari shakllanadi. Imom at-Termiziy islom ilmi, hadisnavislik bilan bir qatorda Hijoz, Makka, Madina, Iroq, Xuroson, Damashq kabi shaharlarda bo'lganida ilm al-qiroat, al bayon, fiqh, tarix, falakiyot kabi fanlarni muntazam o'rganib, yirik qomusiy olim sifatida mashhur bo'ladi. Hadis ilmini mukammallashtirish, bayon etish, qayta-qayta tahlil etish mobaynida to'plangan tajribasini umumlashtirib quyidagi uslubda ish yuritadi, ya'ni Sahiyh (to'g'ri, ishonchli), Hasan (yaxshi, ma'qul), Zaif (bo'sh, ishonchsiz), g'ariyb (g'alati). Bo'lajak olim ustozi, butun islom Sharqida hadis ilmining asoschisi va bobokaloni Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyga ergashib Muhammad Payg'ambarning hayoti, ijtimoiy faoliyati, nutq va ko'rsatmalarini to'plab o'rgana boshlaydi. Olim o'z ilmini yanada rivojlantirish maqsadida ko'plab olimu fozillar suhbatida bo'lib, aksar bahsli masalalarni hamkorlikda hal etib boradi. Shu tufayli Imom Muslim, Abu Dovud, Qutayba ybn Sa'id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G'iylon, So'fyon ibn Vaqiy' va boshqalar imom Iso at-Termiziyni yaqin shogird va do'st tutganlar. Ilm ahli va islom olamida keng tanilgan Iso at-Termiziy hadis ilmini xalq orasida targ'ib qilishda, uning haqqoniy ilmiy bayonini tahlil etishda Abu ibn Muhammad an-Nasafiy, Hamid ibn Shokir, Makxul ibn al-Fazl, Abu al-Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiy kabi o'nlab shogirdlarga ustozlik qilib, ularning xalq orasida tanilishiga hissa qo'shadi.
O'z davrida Imom at-Termiziyning zehni, qobiliyati va eslash xotirasiga butun islom ilm ahli qoyil qolib, hatto Imom al-Buxoriy u kishini o'ziga shogird emas, balki teng do'st ko'rib ilmiga, qobiliyatiga hayrat izhor etgan. Tarixiy manbalarda, Iso at-Ter-miziyning o'z hikoyasida quyidagi suhbat bayoni zikr etiladi: «Makkaga ketayotganimda, u payta bir shayx to'plagan hadislardan ikki qismini yozib olgan edim. Tasodifan o'sha shayx bilan yana shaxsan uchrashishga to'g'ri kelib qoldi. U haqda so'rab-surishtirganimda uni falonchi joyda, deb tushuntirdilar, keyin men uning huzuriga yo'l oldim. Turli roviylar vositasida uning hadislaridan o'zim avval yozib olgan ikki qism yonimda, deb o'ylagan edim, aslida mening yonimdagi hadislar o'sha oddingi hadislarga o'xshash, lekin boshqa hadislar ekan. Men uning yoniga borib salom alikdan keyin hadislarni aynan o'z og'zidan eshitishni iltimos qildim. U bunga rozi bo'lib, hadislarni yoddan hikoya qila boshladi, keyin menga qarab qo'limdagi oq qog'ozni toza, ya'ni hech narsa yozilmagan holda ko'rgach: «Bu qilig'ing uchun mendan uyalmaysanmi?», dedi. Men ma'zurona holda bor haqiqatni aytib: «Siz hikoyat qilgan hadislarning hammasini yoddan bilaman», dedim va ularni birin-ketin so'zma-so'z aytib berdim. Shayx esa so'zlarimga ishonqiramasdan: «Nima, mening huzurimga kelishdan oldin ularni maxsus yodlagan edingmi?», dedi. «Yo'q», deb javob qilib: «Agar so'zlarimga ishonmasangiz boshqa hadislardan ayting», dedim. Shunda u o'zining g'aroyib hadislaridan qirqtasini hikoya qildi. Men unga ularni ham boshdan-oxir birma-bir aytib berdim, shunda u: «Senga o'xshaganini hech qachon ko'rmagan edim», dedi». Qayd etilgan bu teran savol-javobga e'tibor bersak, Imom at-Termiziy zamonasining ilohiyot falsafasi bobida va Rasululloh hadislari sohasida kuchli tarixiy shaxs bo'lganidan dalolat beradi. Imom at-Termiziy hadisnavislik olamidagi teran ilmiy tafakkurining shakllanishida, el orasida katta obro'-e'tiborda bo'lishida ustozi va safdoshi Imom al-Buxoriyning xizmati ulkan bo'lganini ular o'rtasidagi do'stona munosabatdan bilib olish mumkin. Mashhur arab tarixchisi Shamsuddin az-Zehobiyning (1274-1347) «Tazkirat ul-huffoz» («Hofizlar zikrida») kitobida bayon etilishicha, Imom al-Buxoriy vafotidan qattiq qayg'u, g'amga tushgan Imom at-Termiziy «ko'p yig'laganidan ko'zlari ko'r bo'lib, uzoq yillar ko'zi ojiz holda yashaydi. Imom at-Termiziy ko'p yillik ijodiy mehnati natijasida «Al jome' as-Sahih» («Ishonchli to'plam») deb atalgan hadislar to'plami, «Ash-shamoil an-Nabaviya» («Payg'ambarning aloxida fazilatlari»), «Al-jome' al-Kabiyr» («Katta to'plam»), «Kitob at-tarix», «Kitob az-zuhd» («Taqvo haqida kitob»), «Risola fil-xilof va-l-jadal» («Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola»), «Asmo as-sahoba» («Payg'ambar suhbatdoshlarining ismlari») kabi o'nlab asarlar yaratdi.
Imom Iso at-Termiziyning «Al-ilal fi-l-hadiys» («Hadislardagi illatlar yoki nuqsonlar va og'ishlar») asarida ifodalangan 326 ta hadisning har birida Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam, yani Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning hayotlik chog'larida aytgan so'zlari, qilgan ishlari, yo'l-yo'riqlari va ko'rsatmalari, pand-nasihatu o'gitlari to'plangan. Muhaddis ularga ilohiy to'g'ri yondashish tufayli erishadi. Qo'yida ushbu hadislardan namunalar beriladi: Bismillahir rahmanir rohiym: 1. Hazrat Anas roziyollohu Taolo anhu debdurlarki: «Janob Rasuli akram sallollohu alayhu vassalam na ko'p uzun qomatli zot erdilar va na past qadlik erdilar. Balki o'rta bo'ylik, qomatlari nihoyatda mahzun bir zot edilar, ranglari na nihoyatda oq erdi va na to'q bug'doyrang erdi. Balki oq qizillik ichirulgan, malohatli, o'n to'rt kechalik oy kabi nurlik erdi. Muborak sochlari va nihoyatda buralgan va na nihoyatda yozilgan edi, balki o'rta bir holda o'zlariga yarashgan erdi. Olloh taolo ul janobni qirq yosh ustida payg'ambarlik maqomi ila sarafroz etdi».
Payg'ambarimizning muhri nubuvvat, ya'ni Payg'ambarlik belgisi haqida (16-hadisda): «Hazrat Jobir ibn Samra roziyollohu anhu debdurlar: Men muhri nubuvvatni janob Rasululloh sallolohu alayhi vassalamning ikki kiftlari o'rtasida ko'rdim, kabutarning tuxumi kabi bir ziyoda go'sht bor ekan. Rangi qizilga moyil ekan». Zikr etilgan hadislarning har biri Imom at-Termiziy tomonidan bir necha bor chuqur o'rganilib, Payg'ambarimiz shaxsi, uning ibratli fazilatlari haqida musulmonlarga bayon etilgan.

Комментариев нет:

Отправить комментарий